Kitabı oku: «Oltin yurakli Avtobola»
SEHRLI SARTAROSHXONA
Ajdodlarimizning donishmandligidan faxrlanib yuruvchi o‘qimishli bolalar yaxshi bilishadi – Sherdor madrasasini tiklashga o‘n ikki yil, dunyoda qiyosi yo‘q Oqsaroyni bitkazishga qariyb chorak asr vaqt sarflangan. Peshtoqiga «Qaychi xola» deb yozib qo‘yilgan yog‘och do‘koncha esa, shahrimizning qoq o‘rtasida bir kechadayoq paydo bo‘ldi-qoldi.
Xo‘sh, nima qipti, dersiz. Gap shundaki, o‘sha do‘koncha qurilmaganda, ushbu qissa ham bitilmagan bo‘lardi.
Xullas, usta Toshmat degan tinib-tinchimagur chol nafaqaga chiqqanidan so‘ng uyda uymalanishdan zerikib, bolalar uchun alohida sartaroshxona ochdi. Balki bunaqa maxsus sartaroshxona jahonda yakka-yu yagonadir-u, olamshumul yangilik yaratganidan cholning o‘zi ham bexabar yurgandir.
Sartaroshxona bolalarniki bo‘lishiga qaramay, u yerdan na qiy-chuv, na araz-duraz, na yig‘i-sig‘i eshitilar, tabiiyki bu hol o‘tkinchilarni taajjubga solar edi. Hatto ilgarilari ustaning qo‘lidagi mo‘ykesarni temir yalmog‘iz deb o‘ylaydigan kenja o‘g‘lim ham endi miq etmay o‘tirib soch oldiradigan bo‘ldi.
Buning sababi bor. Usta Toshmat juda ko‘p ertaklarni bilar, «Avazxon», «Kuntug‘mish», «Go‘ro‘g‘li» singari dostonlarni yoddan aytar, «mish-mish» gaplarga o‘xshab ketuvchi sirli voqealarni hayajonli tarzda hikoya qilib berardi. Bunaqa vaqtda bolalardan tortib, mittivoylarni yetaklab kelgan ota-onalargacha navbat kutib zerikmas, ayrimlar soch oldirib bo‘lganidan keyin ham usta buvaning so‘zi tugashini poylab, ketolmay turishardi.
Buniyam o‘sha sartaroshdan eshitganman. Bo‘lib o‘tgan ishlarga oz-moz qo‘shib-chatib gapirganmi, Marchello bilan Gabriella ertagiga qiyosan o‘zi ichidan to‘qiganmi, aniq bir narsa deyishim qiyin. Umuman, buning unchalik ahamiyati ham yo‘q. Biz uchun muhimi shuki, bu juda qiziq voqea.
* * *
Shahrimiz o‘zining ulug‘vorligi bilan emas, ko‘rkam va sarishtaligi tufayli og‘izga tushgan. Bir-birini shaxmat kataklariday kesib o‘tuvchi ravon ko‘chalari ulkan chinorlarning tarvaqaylagan shoxlari ostiga ko‘milib yotadi. Markazdagi o‘rmonsimon bog‘ga kirsangiz, yurtimizda o‘stiriladigan gullardan istalgan namunani topishingiz mumkin. Bog‘ yonidan oqib o‘tadigan soyning uloqchi suvi saratonda ham tishingizni qaqshatadi. Shahar shimol yoqdan yaydoq dashtga borib taqalsa, g‘arbi – tog‘ etaklariga, sharq tarafi chuchmoma-yu yakkam-dukkam giyohlargina o‘sadigan sertosh adirlarga tutashgan. Janubiy qismini esa o‘rkachdor yaylovlar, buloqlarga boy chakalakzorlar tashkil etadi.
Adirga yondosh tomondagi chakalakzor tepasidan o‘tuvchi soyning shoxobchasi hisoblanmish kichik anhor yoqasida baland tosh devor bilan qurshalgan mo‘jazgina qo‘rg‘on bor. Bu qo‘rg‘on bir davrlarda paxtachi boyning chorbog‘i bo‘lgan ekan.
Aytishlaricha, paxtachi boy hokimiyat «qizillar» qo‘liga o‘tgandan keyin bor bisotini tuyalarga ortibdi-yu, to‘ng‘ich xotini va bolalarini ergashtirib, uzoq yurtga bosh olib ketibdi. Kenja xotini qattiq shamollashdan betob yotgani sababli olti oylik o‘g‘li Bekxo‘ja bilan shaharda qolibdi. Boyning paxta zavodi, dang‘illama uylari, qolgan-qutgan mol-mulki davlat tomonidan musodara qilingan bo‘lsa-da, shahar chetidagi kichik chorbog‘i kenja xotiniga xatlab berilibdi.
Bekxo‘janing onasi savodxon ayol bo‘lib, hamma uni Otin bibi deb atardi. Otin bibi o‘g‘lini bilimdon, tadbirkor, so‘zamol qilib tarbiyalay boshladi. Bekxo‘ja yoshi yetib maktabga tortilgach, dunyoviy ilmlarni egallashda ham zo‘r ishtiyoq ko‘rsatib, e’tibor qozondi.
Lekin hayotda tasodif ko‘p. Bekxo‘ja o‘n to‘rt yoshga qadam qo‘yganida to‘satdan shol bo‘lib qoldi. Shundan keyin G‘ani zargar degan tog‘asi uni tarbiyasiga olib, tirikchilikka yarab turar degan maqsadda o‘z kasbini o‘rgata boshladi. Zehni o‘tkir Bekxo‘ja to‘rt-besh yildayoq zargarlikda tog‘asidan ham o‘tib ketdi, yasagan taqinchoqlarining ta’rifi butun shaharga yoyildi.
O‘g‘lining ishlari rivoj topayotganidan Otin bibi qanchalar quvonmasin, baribir ko‘nglining bir chekkasi doimo xijil yurardi. Ayniqsa, qarindosh-urug‘lari to‘y-hashamga aytganida, kelin ko‘rdiga borganida mung‘ayib qolar edi.
Keyinchalik bir dardi ikki bo‘ldi. Bekxo‘ja tunlari oldiga keladigan qandaydir shubhali kimsalar bilan gohida sahargacha gurunglashadigan qiliq chiqardi.
Otin bibi sil kasalligidan vafot etgach, shahar chetidagi osoyishta chorbog‘ Ko‘rshapalak laqabli mashhur qulfbuzar to‘dasining bosh maslahatxonasiga, paxtachi boy qurdirgan sirli yerto‘lalar o‘g‘irlangan mol saqlanadigan omborlarga aylandi.
Ishlar yurishib turgan bir pallada G‘ani zargar yashirincha tilla sotayotib qo‘lga tushib qoldi. Qariyaning salgina tildan toyishi butun to‘daning fosh etilishi degan gap edi. Shundayin ham bir cho‘qib, yetti alanglab yashayotgan Bekxo‘ja bu voqeadan so‘ng butkul oromini yo‘qotdi. Qanday bo‘lmasin, G‘ani zargarni qamoqdan qutqarib olish lozim edi. Lekin qanday qilib? Qaysi kalit bilan?
Kalitning daragi mutlaqo kutilmagan joydan chiqdi. Bekxo‘ja bir kuni yangi gazetlarni apil-tapil ko‘zdan kechirayotib sobiq sinfdoshi, endilikda dovrug‘dor olim Kamol Kamtariy haqidagi maqolani o‘qib qoldi-yu, yarasiga malham topilgandek sevinib ketdi.
– Avvalroq esimga kelmaganini qarang-a, – deya qo‘llarini bir-biriga ishqab qo‘ydi u. – Mana, kalitniyam topdik hisob. Endi bahosini insof bilan chamalab ko‘raylik.
PISMIQ ZARGAR
Kamol navbatdagi tabriknomani ochib, odatiga ko‘ra oldin imzoga ko‘z tashladi: «Bekxo‘ja». Kim bo‘ldi bu?
Uzoq o‘ylanib o‘tirmay, xatni o‘qiy boshladi.
«Azizginam Kamol! Texnika fanlari nomzodi unvonini olganing bilan chin yurakdan tabriklayman. Martabang bundan ham ulug‘ bo‘laversin, biz faxrlanib yuraveraylik.
Ko‘rishmaganimizgayam ancha bo‘ldi. Dam olish kuni qittak fursat topib, biz g‘ariblardan hol-ahvol so‘rab o‘tsang, boshim osmonga yetardi. Harqalay, chorbog‘imni unutmagandirsan?
Hozircha xayr. Seni sog‘inib kutuvchi:
Bekxo‘ja».
Xatni o‘qib bo‘lib, muallifning kimligi nihoyat yodiga tushdi-yu, lov etib yuziga qon tepdi. Kamol yoshligida dimog‘dor Bekxo‘ja bilan hech qachon yaqin tutinmagandi. Shunga qaramay, nogiron bo‘lib qolgan maktabdoshini kiroyi odamgarchilik yuzasidan yo‘qlab qo‘yish biron marta esiga kelmaganidan uyalib ketdi, do‘ngalak peshanasini kaltabaqay barmoqlariga tiraganicha xayolga cho‘mdi…
Kamol muallimlardan kamdan kam tanbeh eshitardi. O‘sha kuni tarix o‘qituvchisi uni tergab qoldi:
– Oxirgi vaqtlarda susayib ketyapsan. O‘z yurtining tarixini bilmaslik… bu endi…
– Bunga matematika bo‘lsa bas.
– Sendan so‘rayotganim yo‘q, Bekxo‘ja!
– Hm… xullas, endi yosh bola emassan, Kamol. Muqannani Torobiy bilan adashtirib o‘tiribsan-a.
– Qo‘yib bersangiz, bu afandim Jaloliddinni Qo‘qon xoni bo‘lgan deyishdanam toymaydi.
– Bekxo‘ja! Jim tur deyapman!
– To‘g‘ri-da, – baribir tiyilmadi Bekxo‘ja. – Kallavaramligini betiga aytib qo‘yish kerak.
Endi Kamolning ham sabri tugadi.
– Og‘zingni yumib o‘tir, sarqit!
Dars tugab, uyga qaytishayotgan chog‘da ortdan Bekxo‘janing: «Ho‘, yalangoyoq!» degan tovushi eshitildi. Bu gapning go‘yo unga aloqasi yo‘qdek, indamay yo‘lida davom etayotgan Kamol, «yurak bormi o‘zi», deya ikkinchi marta murojaat qilingandan keyin nomus kuchi to‘xtab, ortga o‘girildi. Bekxo‘ja kela solib, hech bir «muqaddima»siz uning ko‘kragiga kalla qo‘ydi. Kutilmagan zarbadan yumalab tushgan Kamol o‘zini o‘nglab ulgurmay, Bekxo‘ja uning ustiga minib olib, ayovsiz do‘pposlay ketdi…
Oynavand ayvon ichida zirillab yurgan chumakari «chars-churs» qilganicha o‘zini u derazadan bu derazaga ura boshladi.
– Kallavaram deb anavini aytsa bo‘ladi, – qo‘lidagi xatni biqqi kursi yonidagi tokchaga qo‘yarkan, ariga tikilib miyig‘ida jilmaydi Kamol. – Qaytay desa, o‘zi kelgan yo‘lni o‘zi topolmay sarson.
* * *
Bekxo‘janing tap-taqir boshga sholchado‘ppi kiygan shaxsiy xizmatchisi dasturxonni bir zumda tansiq ne’matlarga to‘ldirib tashladi. Sobiq sinfdoshlarning suhbati tezda qizib ketdi.
Zargarning mehmonxonasi aralash mollar do‘konini eslatardi. Eshikning chap biqinida tizilgan past-baland naqshindor javonlar tokchasidagi chinni-yu billur, kumush-u tilla idish-buyumlar marjondor qandil nurini qaytarib, ko‘zni qamashtirayotgandi. Oyoq ostiga to‘shalgan momiq turkman gilamlarining eng chiroylisi to‘ridagi devorni yoppa egallab turar, uning u yer-bu yeriga qadimiy qurol-yarog‘lar did bilan ilib qo‘yilgandi. Eshikning qarshi tomonidagi baxmal pardali derazalarda bo‘ychan xitoyi ko‘zalar. Poygakdagi yog‘och taxmon esa kitoblar bilan liq to‘la. Ularning talay qismi «noyob»lardan ekanini Kamol bir qarashdayoq sezib ulgurdi.
O‘ho‘! Yusuf Xos Hojibdan tortib Spenser-u Gegelgacha! Hozirgi baldoqfurushlar bilan ham hazillashib bo‘lmaydi shekilli?
Hm… pastga ko‘ndalang taxlanganlari… Bular eskicha kitoblar bo‘lsa kerak.
Kamol zeb-hashamlarni alohida diqqat bilan ko‘zdan kechirayotganini sezib, Bekxo‘janing ko‘kragi kerildi.
– Bular shunchaki yupanchga o‘xshagan narsalar, – deya mag‘rur qo‘l siltab qo‘ydi u. – To‘rt muchang sog‘ ekan, o‘ttiz yoshda el og‘ziga tushding. Men kandikka biqinvolib, sirg‘a-uzuk «kashf» qilib yotibman.
«To‘rt muchang sog‘…» degan gapning tagida, «agar nogiron bo‘masam, dovrug‘ solish nimaligini ko‘rsatib qo‘yardim», qabilidagi ta’na yashiringanini anglagan Kamol bir lahza o‘ng‘aysizlanib qoldi.
– Iye, ayollarimizni chiroyli qilib ko‘rsatish mayda ish bo‘ptimi? – mezbonning ko‘nglini ko‘tarishga tirishdi u. – Buniyam jamiyatga nafi katta.
Bekxo‘ja yuzaga kelgan har qanday qulay vaziyatdan ustalik bilan foydalana bilardi. Bu safar ham shunday qildi.
– Odamni juda quvontirib yubording, – dedi u ortidagi javonga uzalganicha g‘aladonni tortayotib. G‘aladondan duxoba quticha olib, uni Kamolning oldiga surdi. – Gaplaring rost bo‘lsa, jamiyatga yana bir marta foyda keltirishimga to‘sqinlik qilma.
Kamol qutichani qo‘liga olib, asta qopqog‘ini ochdi. Unda bir juft tilla baldoq va yoqut ko‘zli uzuk charaqlab turganini ko‘rib, ikkilangan siyoqda zargarga yuzlandi.
– Xijolatpazlikni yig‘ishtirib qo‘y, azizginam, – arvoh rolida o‘ynayotgan artistdek qat'iy va dona-dona so‘zladi Bekxo‘ja. – Bular menga dehqonchilikdek gap.
– Axir…
– O‘zingga oro berishga vaqt topmayotgan ekansan, loaqal xotiningga parvo qiptursang yomon bo‘lmasdi.
Bekxo‘ja yosh olimning tartibsiz to‘zg‘ib turgan sochlari, egnidagi odmigina kostumiga istehzoli ko‘z yugurtib chiqqach, «erib turganimda opqolsang-chi», degan ma’noda kiprik qoqib, muloyim jilmaydi.
Kamol favqulodda o‘tkir did bilan yasalgan taqin choqlarni qiziqib ko‘zdan kechirarkan, ora-sira zargarga sinovchan ko‘z tashlab qo‘yar, Bekxo‘ja yuziga samimiy tus berishga urinib, unga jim tikilib turardi.
« – Qanchalar bebaho bo‘lmasin, bu dahmazalar baribir meni butunlay rom qilolmaydi, – derdi go‘yo Kamol. – Saxovatli tabiat menga g‘ayrat va iste’dod shavqini berdi. Yana nima kerak?».
« – Sho‘ring qursin, shippaksiz Aristotel, – deb javob qilayotganga o‘xshardi Bekxo‘ja. – Bilmaysanki, ayni paytda mislsiz zahmat, bir umr o‘z-o‘zidan qoniqmaslik azobiga mahkum etilgansan».
« – Tabiat menga zehn va idrok berdi, bu bilan olam qalbini tinglay olishdek ulkan saodat in’om etdi. Yana nima kerak?».
« – Bilmaysanki, ayni paytda o‘sha dardmand olamning dod-faryodlariga parvosiz boqishdek cheksiz halovatdan mahrum qilingansan… Ha, tabiatda adolat bor, tarozining posangisini doim teng ushlaydi. Birovni nimalargadir yolchitgan ekan, shak-shubha yo‘qki, nimadandir kamsitadi ham».
« – Shaxsan men na kecha, na bugun biron-bir narsadan kamsitilganimni sezmaganman».
« – Biz g‘ofillar turmushga o‘zimizga o‘ng turgan tomondan qarab o‘rganganmiz. Sen o‘zingga o‘xshagan xayolparastlarning olqishidan sarxushlangan chog‘ingda allaqachon cho‘ntakni qappaytirib ulgurgan uddaburonlar orqangdan bearmon mazax qilishayotganini sezmaysan. Mening ahvolim, balki buning aksidir. Lekin nima bo‘lgandayam, ustunlik baribir men tarafda – menda pul bor. Pul kishining hamma nuqsonini yashiradi: nodonni donodan hurmatliroq qiladi, nimjonni polvon ustidan hukmron etadi, sichqonni qoplonga aylantiradi. Bilimda bunaqa imtiyoz yo‘q, aqalli kamxarjligingniyam begona ko‘zdan berkitolmaydi».
« – Nahotki, kamxarjlikni nuqson deb o‘ylasang?»
« – Har holda, u fazilat ham emas. Shunday ekan, kaftingda omonat turgan o‘ljani mahkamroq changallashning payida bo‘l. Tirikchilik bozori shunchalar ur-to‘polonki, qo‘ldan tushirgan narsangni qaytib topolmaysan. Ol, olaver, birinchisi odatda qiyinroq bo‘ladi, keyin binoyidek ko‘nikib ketasan…».
Hatto raqiblar iste’dodini ham tan olib, qadrlab o‘rgangan Kamol ustasi farang zargarning mahoratiga tahsin o‘qigandek hayratomuz bosh tebratib, qutichaning qopqog‘ini yopdi. Uni stol chetiga qo‘yarkan, nima deyishni bilmay, biroz paysallanib qoldi. Chamasi, o‘ta saxovatpesha mezbonning qo‘lini dilga og‘ir botmaydiganroq tarzda qaytarish chorasini izlar, durustroq bahona esa hadeganda kallasiga kelmayotgan edi.
SOVG‘A KO‘LANKASIDAGI JODU
Garchi Bekxo‘ja xotirjam ko‘rinsa-da, aslida nigohini o‘qdek qadab, Kamolning qiyofasidagi har bir o‘zgarishni ziyrak kuzatib o‘tirardi. Uning ingichka qoshiga rangdosh tim qora ko‘zlari qadimiy sharqona suratlardagidek qiyiq va jozibali edi. Bir qarashda bu ko‘zlar egasi biron-bir kimsaga ozor yetkazishi mumkin emasdek tuyulardi.
– Dehqonchiligim ko‘nglingga o‘tirmadi shekilli? – deya qisqa jimlikni buzib, afsusnamo ohangda gap tashladi Bekxo‘ja.
– Aksincha… – bu gal ham uning ko‘nglini ko‘tarishga tirishdi Kamol. – Qo‘ling gul ekan, tan berdim.
– Senki tan bergan ekansan, endi kelin haqida gap-so‘z yo‘q…
– Ming attang! – kulimsirab boqdi Kamol. – Xotinim bu masalada juda qoloq. Zeb-ziynat desang, qirq qadam naryoqdan aylanib o‘tadi. Yurist xalqi ham oddiy, ham jiddiy bo‘lishi kerakmish.
Bekxo‘ja uning oilaviy tomoni haqida hech narsa bilmaydigandek, o‘zini taajjublanganga soldi.
– Yurist? Anavini qarab qo‘y!
– U tirrancha… shahar prokurori hozir.
– Yo‘g‘-e, nimalar deyapsan! Bundan chiqdiki, tog‘amni ishiyam…
Bekxo‘ja beixtiyor o‘rinsiz gap aytib yuborgandek, tilini tishladi. Kamol unga hushyor tortib qaradi.
– Tog‘ang?
– Bema’ni odatim bor-da, – o‘zini koyigan bo‘ldi Bekxo‘ja. – Ko‘ngilga yaqin kishim bilan gaplashsam, tilimni tiyolmay qolaman.
– Hartugur… nima gap o‘zi?
– Shu desang, menga ota yo‘llik bo‘lib qolgan tog‘am qamoqda yotibdi. Arzimagan ishga.
Kamolning yuragi nimadandir bezillab, Zargarga tiyraklanib boqdi.
– Agar… chindanam arzimagan ish bo‘lsa…
– Senga o‘xshagan donolar hozir tanqisroq, – deb hasratlandi Bekxo‘ja. – Arziydigani qaysi-yu, arzimaydigani qaysi – buni ortiqcha surishtirib o‘tirishmaydi. Ayniqsa, gap tillaga borib taqaldimi, tamom – ellik gramm pullaganniyam, ellik kilo o‘marganniyam bir xil tayoqda savalashadi. Shu insofdanmi?
Qimmatbaho sovg‘aning zig‘irttak ko‘lankasida ulkan iltimos yashirinib yotganini nihoyat anglab yetgan Kamol tuyqus noqulay ahvolga tushdi. Chaynayotgani bo‘g‘ziga qadalib, qo‘lidagi shingil uzumni qaytarib idishga tashladi.
– Sen aytmoqchisanki… Kechirasan-u, xotinimning ishiga sira aralashmaganman.
– Juda to‘g‘ri qilasan, – Bekxo‘ja kutilmaganda uning gapini ma’qullab, ta’zimnamo bosh qimirlatdi. – Hadeb xotin kishining ishiga suqilaverish – bachkanalik. Ammo… zarur bo‘pqolsa…
Zargar etsiz jag‘ini silaganicha bir muddat kalovlanib turdi. Keyin Kamolning ko‘ziga, «na iloj, umidim bitta sendan», degandek iltijoli boqib, davom etdi:
– Umuman… xotiningga hech narsa dema. Mabodo, taqinchoqlarni qayerdan olganingni surishtirib qolsa, mayli, unda meni to‘g‘rimda ozgina gapirib berarsan. Gap orasida tog‘amning musibatidan azoblanayotganimni qistirib o‘tsang, yomon bo‘lmasdi.
Kamolning tili tutilib, ensasi qotganicha turib qoldi. Bekxo‘ja ichimlik quyilgan qadahni unga uzatayotib, ochiqdan ochiq yalinchoqlikka o‘tdi:
– Jon do‘stim, yordamingni ayama. O‘zim yarimjon odamman. Tog‘amsiz yanayam og‘ir kunga qolaman. Xudo xayringni bersin.
«Xudo xayringni bersin…» Haliyam o‘sha-o‘sha Bekxo‘ja!
… O‘qituvchi o‘sha kuni uning javobidan uncha qoniqmadi:
– Mazang yo‘q, Bekxo‘ja. Bu safarcha «to‘rt» qo‘yaman.
– Shoshmang! Bitta «besh» qarz qipturing. Mana ko‘rasiz, kelasi gal…
– «Besh»niyam o‘shanda olaverasan!
– Jo-o-n, domlajon… Xudo xayringizni bersin…
– Iye! Sovet maktabini machit qilvording-ku! «Ikki» senga!
– Shoshmang! Uzr… Bilasiz-ku, ayam kichkinaligimda eskicha o‘qitgan. Til qurg‘ur o‘rganib qolgan bo‘lsa, nima qilay? Ana, hammadan so‘rang, o‘zim xudoga qarshiman. Xohlasangiz, avliyolarni ahmoq deyishim mumkin. Hukumatimiz bor, nimadan qo‘rqaman?
… Ha, bu baribir o‘sha Bekxo‘ja!
Kamol qadahni ixtiyorsiz ravishda qo‘lga oldi-yu, barmoqlari kuya boshlagandek, yana stolga qo‘ydi. Bekxo‘jadagi tullaklikni bolalikdayoq ko‘p marta ko‘rib-kuzatgan Kamol uning surbetlarcha yaltoqlanishidan ortiqcha ranjib o‘tirmadi. Ammo uni oddiy molparastlar safiga qo‘shib, laqillatish uchun eng siyqa va arzon tuzoqdan foydalanayotgani juda alam qildi.
– Demak, bu… xamir uchidan patir ekan-da? – shunday deya, u minnatli sovg‘ani zargarning oldiga tashladi. – Olaqol, og‘ir kuningga yarab qolar.
Himoyasizdek shumshayib ko‘ringan «parranda» bir siltanishdayoq tuzoqni uzib yuborganidan Bekxo‘janing ko‘ngli zil ketdi. Shunday bo‘lsa-da, qiyofasidagi osoyishtalikni saqlab qolishga erishib, xotirjam qosh chimirdi.
– Bo‘pti, unda ochiqchasiga gaplashaylik, – Bekxo‘ja jilla xijolat tortmay, g‘ariblik niqobini yechdi. – Senda aql ko‘p, menda – pul. Ikkalasini birlashtirolsak, juda uzoqqa borardik.
– Falsafangga tushunmadim.
– O‘zingni go‘llikka solma.
Bekxo‘ja fikrini biroz jamlab olmoqchi bo‘ldimi, sixdan tishida kabob sidirib, erinchoqlik bilan chaynashga tushdi.
– Sen iste’dodlisan, – nihoyat luqmani yutib, falsafasini sharhlashga kirishdi u. – Iste’dodli odamning dushmani ko‘p bo‘ladi. Bugungi qarsaklar tez orada orqadan tushadigan tarsaklarga aylanishi turgan gap. Aks holda, mantiq izdan chiqadi.
Bekxo‘ja Kamolning ko‘zlariga bir daqiqa dohiyona tikilib turgach, bir-ikki tamshanib qo‘yib, so‘zida davom etdi:
– Sen intiluvchansan. Intiluvchan bo‘lgandayam – besabrsan, tezkorsan. Yo‘l tekis bo‘lsa, o‘lguningcha yuguraverasan. Afsuski, hayotda to‘siq ko‘p. Ulardan birma-bir oshib o‘tishga bardoshing yetgandayam, ancha narsani yutqazasan: vaqting ketadi – bir, holdan toyasan – ikki, asosiy maqsaddan chalg‘iysan – uch. Lo‘nda qilib aytganda, orzu shohsupasiga eltuvchi pillapoyaning oxirgi uch-to‘rt pog‘onasini boy berasan. Ammo qo‘lingda bir tutam pul ko‘rindi deguncha, g‘animlaring homiylarga, to‘siqlar ko‘priklarga aylanadi. Pul shunaqa kuchli narsa. Istasang, o‘sha qudratni senga men beraman. Qulay tomoni shundaki, qarzga emas.
– Birinchidan, hech qanaqa dushmanim yo‘q, – bu safar jahlini yutib, sokin so‘z qotdi Kamol. – Bo‘lgandayam, erkakchasiga kurashgan yaxshi.
Bekxo‘ja gavdasini ortga tashlab, hafsalasi pir bo‘la boshlagandek, shipga bo‘zrayib boqdi, uzun barmoqlarini o‘ynatib, stolni tiriqlatishga tutindi.
Hali, kelib-kelib, senga kuyinib o‘tiribmanmi? Go‘dak ekansan-ku! Qiziq, so‘rg‘iching qaysi cho‘ntagingda turganikin?
Gerdayib o‘tirishini ko‘ring. Pokizaman demoqchimi? O‘lsam, haykal qo‘yishadi, deb o‘ylaydi-da. Kimning go‘ri hashamatliroq bo‘lishini hech kim oldindan aytolmaydi.
Bekxo‘ja labini himarib qo‘yib, “chirmandasi”ni to‘xtatdi.
– Bilaman, halol yigitsan, – endi nodon do‘stga achinayotgan alpozda hazin so‘zlay boshladi u. – Lekin boshqalar-chi? Bugun sen olmagan pul ertaga birovning qo‘liga o‘tib, o‘zingga qarshi ishlatilishiyam hech gapmas. Pul degan maraz dev kim haq-u, kim nohaqligini surishtirib o‘tirmaydi, kimga tobe bo‘lsa, o‘shanga xizmat qiladi.
– Qora xizmatlarni bajaradi! Ezgulikka devning nima aloqasi bor?
– Nega bo‘lmasin? – birdan jonlanib ketdi Bekxo‘ja. – Ezgu ishlar qilmoqchi ekansan, bemalol qilaver. Ezgulik dushmanlarini devlaring bilan Sulaymondek yanchib o‘t, demoqchiman xolos. Bu dunyo shunaqa, g‘aflatda qoldirmasang, g‘aflatda qolasan.
Bekxo‘ja bilan butunlay boshqa-boshqa o‘zanlar ekanligiga endi batamom iqror bo‘lgan Kamol suhbatni ortiq davom ettirgisi kelmadi. Ketishga shaylanib o‘rnidan turarkan, zargarga dimog‘dor boqib dedi:
– Pul guldor qog‘oz xolos. Ilm-u fan o‘tdayam kuymaydi.
Kamol hech bir mulozamatsiz «xayr» deb qo‘ygach, salmoqli odimlab eshik tomonga yo‘naldi. Ostonadan hatlayotgan damda ortidan Bekxo‘janing dag‘dag‘ador tovushi eshitildi:
– Ilm-u fan yaratgan mo‘jizalar pulga sotib olinadi. Pul kuchli!
* * *
Oradan ikki kun o‘tgach, Bekxo‘janing Supersur laqabli shaxsiy xizmatchisi taqir boshini qashlab xonaga kirib keldi.
– Chatoq bo‘pti-ku, xo‘jayin.
– Gapni o‘sha «chatoq» deyilgan joyidan boshla.
– Tog‘angiz G‘ani zargarni aytaman-da, – bezrayib gapni chuvaladi xizmatchi.
– Dimlanma, Supersur, – toqatsizlandi Bekxo‘ja, – yorilib ketasan.
– Xullasi kalom, qamoqda yurak o‘ynog‘i tutibdi.
Bekxo‘ja ovsar xizmatchisining bo‘g‘zidan asosiy gapni sug‘urib olishga oshiqdi:
– O‘libdimi?!
– Tinchibdi chol, – deya pinak buzmasdan barmog‘ini shiqirlatdi Supersur.
Bu Bekxo‘ja uchun so‘nggi haftalardagi eng quvonchli daqiqa edi. Yengil tortib, kresloga yastandi.
– Menga qo‘shilib aza tutayotganingdan minnatdorman, azizginam Supersur, – qup-quruq ko‘zlariga shunchaki ro‘molcha surtayotib, odob yuzasidan mungliroq ovozda gapirdi u. – Nachora, shaxsan yuqoridagi zotga tog‘amizdek oddiy zargar kerak bo‘pqolgan ekan, sen bilan men o‘rtaga tusholmaymiz.
Ücretsiz ön izlemeyi tamamladınız.