Kitabı oku: «Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари», sayfa 3
TO‘RTINCHI BOB
OLIVERGA BO‘LAK JOYNI TAKLIF ETADILAR, SHUNDAY QILIB U ILK BORA TIRIKLIK MAYDONIGA QADAM QO‘YADI
Basharti, aslzoda xonadon namoyandasi bo‘lmish o‘g‘lonni hadyanoma yoxud vasiqaga binoan biron qulay va manfaatli lavozim ila ta’min eta olmasalar, uni dengiz safariga yo‘llash odat tusiga kirgan. Kengash a’zolari shundayin oqilona hamda xalosko-rona taomildan ibrat olib, Oliver Tvistni sog‘liqning zavoli bo‘lgan biror ajoyib bandargoh sari safarga otlangan mo‘jazgina tijorat kemasida jo‘natib yuborilgani maqbul emasmikan, degan fikrni mulohaza-yu munozara qilishga tushdilar. Undan qutulishning jamiki usuli-yu choralari ichida xuddi ana shunisi eng a’losi bo‘lib tuyulardi: ehtimolki, biror kuni fe’li aynib turgan yoxud xushkayf darg‘a tushlikdan so‘ng uni o‘lasi qilib savalar yoki temir misrang bilan boshini urib yorar; unisi ham, bunisi ham shu toifadagi jentlmenlarning yoqtiradigan va kundalik ermaklari ekanligi ko‘pchilikka ayon edi. Kengash a’zolari bu holni yuqorida zikr etilgan nuqtayi nazardan qanchalik chuqurroq va kengroq mushohada etganlari sayin qarshilarida o‘ylagan rejalarining rang-barang afzallik jihatlari shunchalik ko‘proq namoyon bo‘la bordi; xullasi kalom, Oliverga lutf-u karam ko‘rsatishning birdan-bir usuli – uni darhol dengiz safariga jo‘natish, degan to‘xtamga keldilar.
Shunday qilib, ular tanish-bilishi yo‘q, kayut-yunga kerak biror darg‘ani izlab topish niyatida mister Bamblni so‘rab-surishtirgani jo‘natdilar. Mister Bambl zimmasiga yuklangan bu topshiriqning natijalari borasida axborot bermoq uchun mehnat uyiga qaytayotib, ittifoqo darvoza oldida mister Sauyerberi – qavm tobutsozini uchratib qoldi.
Eski qora kamzul, xuddi o‘shanday qora, yamoq ip paypoq bilan qora boshmoq kiygan mister Sauyerberi baland bo‘yli, qotma, suyagi buzuq odam bo‘lib, tabiatan turqi-tarovati tabassum uchun yaratilmagan edi-yu, lekin umuman olganda, kasbi koriga xos quvnoqlik ham begona emasdi unga. U yengil odim tashlab, mister Bamblga yaqinlasharkan, chehrasida chinakam mamnuniyat aks etdi va bidl bilan samimiy qo‘l olishdi.
– Mister Bambl, bugun tunda ko‘z yumgan ikki ayolni o‘lchab kelyapman, – dedi tobutsoz.
– Xullasi, boylik to‘plab yotibsiz-da, mister Sauyerberi, – javob qildi bidl bosh hamda shahodat barmog‘ini tobutsoz tutgan tamakidonga suqarkan; bu mahorat bilan yasalgan kichkinagina tobut nusxasi edi. – Sizni ishontirib aytamanki, siz boylik orttirib yotibsiz, mister Sauyerberi, xuddi shundoq! – takrorladi mister Bambl hassasi bilan tobutsozning yelkasiga do‘stona qoqib qo‘yarkan.
– Shunday deb o‘ylaysizmi? – deya javob qildi tobutsoz, go‘yo u shunday ekanini ham tan olayotgan va ayni chog‘da ham rad etayotganday bir ohangda. – Qavm kengashi narxni judayam past belgilaganda, mister Bambl.
– Qo‘ying-e, tobutlaringiz ham katta emas-ku unaqangi… – javob berdi bidl o‘zi kabi e’tiborli lavozimdagi shaxsgagina munosib tarzda jilmayib.
Mister Sauyerberiga bu nihoyatda yoqib tushdi (bunisi mutlaqo tushunarli edi) va u uzoq, qotib-qotib kuldi.
– Nimayam derdim, mister Bambl, – dedi u nihoyat, – yangi ovqatlanish tartibi o‘rnatilganidan beri tobutlarim ilgarigilariga qaraganda sal torroq va sayozroq bo‘layotganini inkor qilishimning o‘rniyam, imkoniyam yo‘q. Lekin mister Bambl, biz ham foyda ko‘rishimiz kerak-ku, axir! Yaxshilab quritilib, chiniqtirilgan taxta-yog‘och arzonmas, ser, temir tutqichlarni bo‘lsa, Birmingemdan kanal orqali jo‘natishadi.
– Shundoqlikka shundog‘-a, – dedi mister Bambl, – har bir kasbning o‘ziga yarasha sarf-xarajati bor. Albatta, halol foyda ko‘rishga ijozat etiladi.
– Albatta-da! – tasdiqladi tobutsoz. – Mabodo, men u yoki bu jihatdan foyda ko‘rolmayotgan bo‘lsam, nimayam derdim, baribir pirovardida hissasini chiqarib olaman, hi-hi-hi!
– Ha, barakalla, – dedi mister Bambl.
– Lekin bir narsani aytib qo‘yay… – deya so‘zini davom ettirdi tobutsoz bidl bo‘lib qo‘ygan o‘y-xayollariga qaytib, – bir narsani aytib qo‘yay, mister Bambl, bitta juda mushkul tomoni bor. Bilasizmi, ba’zida to‘la odamlar o‘lib turishadi. O‘ziga to‘q va talay yillar davomida soliqlarni to‘lab kelganlar mehnat uyiga tushib qolishganda hammadan oldinroq o‘lishadi. Shunday qilib, ijozatingiz bilan aytsam, mister Bambl, lozim bo‘lganidan ortiqcha ishlatiladigan uch-to‘rt enlikkina taxta hazilakam zarar emas, ser, ayniqsa oilali odamga.
Mister Sauyerberi bu so‘zlarni ranjitilgan odam singari alamzadalik bilan (batamom kechirarli hol edi bu) aytdi va ushbu so‘zlar zamirida qavm sha’niga teguvchi nomunosib shama yashirinib yotganini payqagan mister Bambl gapni boshqa yoqqa burib yuborishni lozim topdi. Uning fikr-yodi Oliver Tvist bilan band edi, shu boisdan ham o‘shandan og‘iz ochdi.
– Darvoqe, – dedi mister Bambl, – bolakay kerak bo‘lgan biror kimsani bilmaysizmi? Shu kunlarda qavmning yelkasiga ortiqcha yuk bo‘lib turgan shogird bolakay bor edi, menga qolsa, uni qavmning yelkasiga ortilgan tegirmon tosh derdim… Shartlari qulay, mister Sauyerberi, ha, shartlari juda qulay.
Mister Bambl shunday deya hassasi bilan tobutsozning tepasida osig‘lig‘ turgan e’lonni ko‘rsatdi-da, romancha alifboda o‘qlovday-o‘qlovday qilib yozilgan «besh funt» degan joyini uch marta taqillatib urib qo‘ydi.
– Yo Tangrim-a! – xitob qildi tobutsoz mister Bambl shinelining zarhal uqali yoqasidan ushlab. – O‘zim ham siz bilan xuddi shu to‘g‘risida gaplashmoqchiydim-da! Bilasizmi… Yo Parvardigor, tugmangiz qanday chiroyli-ya, mister Bambl! Shu paytgacha e’tibor bermagan ekanman-a.
– Ha, menimcha ham chakkimas, – deb qo‘ydi bidl shinelini bezab turgan yirik-yirik jez tugmalarga g‘ururlanib ko‘z tashlab qo‘yar ekan. – Bulargayam qavm muhridagi surat: bemor va darmonsiz odamga tabobatdan madad ko‘rsatayotgan tabib tasviri tushirilgan. Qavm kengashi bu shinelni menga, mister Sauyerberi, yangi yilga tortiq qilgan. Esimda, uni birinchi marta yarim kechada eshigi oldida o‘lib qolgan anavi singan savdogarning ishi yuzasidan olib borilgan tergovda qatnashgani borganimda kiygandim.
– Ha, ha, esimda, – dedi tobutsoz. – Maslahatchilar: «Sovuq va hayotini saqlab qolish uchun eng zaruriy narsalari yo‘qligi sababli o‘lgan», deb hukm chiqarishgan edi, to‘g‘ri emasmi?
Mister Bambl bosh irg‘adi.
– O‘shanda ular yana go‘yoki maxsus hukm chiqarishgandiki, – so‘zini davom ettirdi tobutsoz, – qo‘shimcha qilib, haligi, bordi-yu, kambag‘allarni nazorat qiluvchi amaldor13…
– Bo‘lmag‘ur gap! Safsata! – uning gapini bo‘ldi bidl. – Kengash agar o‘sha nodon maslahatchilarning bema’ni, ahmoqona gaplariga quloq soladigan bo‘lsa, unda boshi-yu qulog‘igacha ishga ko‘milib yotardi.
– G‘irt haqiqatni aytdingiz, – qo‘shilishdi tobutsoz, – boshigacha botib yotardi.
– Maslahatchilar, – va’zxonligini davom ettirdi mister Bambl asosini mahkam siqimlab, uning jahli chiqqanda shunday qiladigan odati bor edi, – maslahatchilar johil, pastkash, jirkanch, yaramas nusxalar!
– To‘ppa-to‘g‘ri, – tasdiqladi tobutsoz.
– Falsafa hamda siyosiy iqtisod bobida hech baloning fahmiga bormaydi ular! – dedi bidl nafrat-la barmoqlarini shiqirlatib.
– Xuddi shundoq, – ta’kidladi tobutsoz.
– Ulardan hazar qilaman! – dedi bidl qizaribbo‘g‘riqib.
– Men ham, – qo‘shib qo‘ydi tobutsoz.
– Qani endi, o‘sha maslahatchilar bir-ikki haftagina bizning uyimizga tushib qolishsa, – dedi bidl. – Kengash joriy etgan qoida va tartiblar darrovgina ko‘zlarini ochib, popuklarini pasaytirib qo‘yardi-ya.
– Keling, tinch qo‘ya turaylik o‘shalarni, – dedi tobutsoz.
Shu so‘zlarni aytarkan, u jazavaga tushgan qavm xizmatchisining g‘azabini jilovlash niyatida iljayib qo‘ydi.
Mister Bambl uch qirra qalpog‘ini yechdi, uning qaytarmasi qatidagi ro‘molchasini olib – achchig‘i kelganidan peshonasini ter bosgandi – manglayini artdi, keyin qalpog‘ini yana kiydi-da, tobutsozga yuzlanib, xiyla bosiq ohangda dedi:
– Xo‘sh, bola xususida nima deysiz?
– O‘, bilasizmi, mister Bambl, – javob berdi tobutsoz, – qashshoqlar manfaati yo‘lida ozmuncha soliq to‘lamayman.
– Hm! – deb qo‘ydi mister Bambl. – Xo‘sh, u yog‘i-chi?
– U yog‘imi, mana bunday, – javob qildi tobutsoz, – o‘ylaymanki, basharti, qashshoqlarning manfaati uchun shuncha soliq to‘layotgan ekanman, unda, bundan chiqadiki, ulardan iloji boricha ko‘proq naf chiqarib olishga haq-huquqim bor, mister Bambl. Shu… shu… shundoq ekan, nazdimda, o‘sha bolakayni o‘zim ola qolay deyman.
Shunda mister Bambl tobutsozni qo‘ltig‘idan olib, ichkariga boshladi. Mister Sauyerberi kengash a’zolari bilan besh-olti daqiqa mobaynida kelishib bitishdi va Oliver shu kuni kechqurunoq unikiga «sinovga» boradigan bo‘ldi. Bu bitimga muvofiq, qavm shogirdi masalasida quyidagicha kelishib olingandi: agar xo‘jayin sinov muddati davomida bolakayning qornini to‘ydirishning unchalik tashvishini chekmay, uni tuzukkina ishlashga majbur eta olishiga ishonch hosil qilsa, u chog‘da xo‘jayin bolani ma’lum bir muddatga o‘z ixtiyorida qoldirish va undan istaganicha foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
O‘sha kuni oqshom mitti Oliverni yana «jentlmenlar» huzuriga olib kirib, shu bugundan boshlaboq uning tobutsoz xizmatiga borajagini, mabodo, o‘z ahvoli sharoitidan shikoyat qilishni yoki qachondir qavm uyiga qaytishni xayoliga keltiradigan bo‘lsa, dengiz safariga jo‘natajaklari, yoxud urib po‘la qilajaklarini aytishganda Oliver xiyolgina hayajonlandi, buni ko‘rib hammalari bir og‘izdan, ikki dunyoda o‘nglanmaydigan yaramas bola ekan, deb tan berishib, mister Bamblga uni tezda tobutsoznikiga olib borishni buyurdilar.
Kimning tomonidan bo‘lmasin, zarracha beparvolik va loqaydlik asorati namoyon etilsa, boshqa har qanday odamdan ko‘ra ko‘proq kengash a’zolarining beqiyos taajjub hamda dahshatga tushishlari mutlaqo tabiiy edi, biroq mazkur holatda ular picha yanglishgandilar. Gap shundaki, Oliver aslo hissiz-u loqayd emasdi; balki u hatto haddan ziyod ta’sirchanligi bilan ajralib turar edi, ammo u hadeb qo‘pol muomala qilaverilgani oqibatida bir umrga tund, to‘porilik va g‘ambodalig-u hazinlik tuzog‘iga ilinay-ilinay deb turardi. O‘zining qanday xizmatga jo‘natilayotganiga churq etmay quloq osib turdi, bor bisotini ko‘tarib – buni ko‘tarib borish unchalik qiyin emasdi, negaki buyumlari narsa o‘raydigan qalin qog‘ozdan tikilgan mo‘jazgina xaltaga jo bo‘lgandi – qalpog‘ini ko‘zigacha bostirib kiydi-da, mister Bamblning qaytarma yengidan ushlagancha, ushbu mansabdor shaxs bilan birgalikda yangi qiynog‘-u iztiroblar maskani sari jo‘nadi.
Oldiniga mister Bambl Oliverga e’tibor ham qilmay, hech qanday tanbeh ham bermay yetaklab boraverdi, zotan, u bidlga xos tarzda boshini g‘oz tutib odimlayotgandi, shamol esib turgani sababli esa zarrin uqali nimchasi bilan kalta jigarrang ishtonini ko‘z-ko‘z qilib shamolda hilpirayotgan shinelining bari jimitdekkina Oliverni batamom to‘sib qo‘yayotgan edi. Biroq tayinlangan joyga yaqinlashar ekanlar, mister Bambl pastga nazar tashlab, bolakayning yangi xo‘jayini ko‘rsa ko‘rgudek bir qiyofada ketayotganiga qanoat hosil qilishni zarur deb topdi; basharasiga xayrixohona hamda homiyona tus berib, shunday qildi ham.
– Oliver! – dedi mister Bambl.
– Labbay, ser! – sekingina, titroq ovoz bilan javob berdi Oliver.
– Qalpoqni balandroq suring, ser, boshingizni ham ko‘taring!
Garchi Oliver shu zahotiyoq buyruqni ado etgan va bo‘sh qo‘li bilan ko‘zini siypab qo‘ygan bo‘lsa-da, boshini ko‘tarib, yo‘l boshlovchisiga qaraganida ko‘zlarida yosh miltilladi. Mister Bambl Oliverga o‘qrayib qo‘ydi, biroq bolaning yonog‘idan yosh yumaladi. Ketidan yana bitta tomchi, so‘ng tag‘in bitta. Bola ko‘z yoshini tiyishga chandon urinmasin, nafi bo‘lmadi. U mister Bambldan qo‘lini bo‘shatib oldi-da, ikki qo‘llab aftini berkitib, yig‘lab yubordi, yoshlari bo‘lsa iyagi bilan qoqsuyak barmoqlari orasidan sizib chiqa boshladi.
– Hali shunaqami! – hayqirdi mister Bambl to‘xtab, shogirdiga xo‘mrayib qararkan. – Shunaqa degin! Umrim bino bo‘lib ko‘rgan eng nonko‘r, eng buzuq bolalar orasida sen, Oliver, eng yaramasi…
– Yo‘q, yo‘q, ser! – xitob qildi Oliver piqillab, o‘ziga yaxshi tanish hassani tutib turgan qo‘lga yopishgancha. – Kerakmas, ser! Men tuzalaman, rost aytyapman, tuzalaman, ser! Men hali juda kichkinaman, ser, keyin haligidaqa, haligidaqa…
– Xo‘sh, qanaqa – haligidaqa? – so‘radi mister Bambl ajablanib.
– Haligidaqa… yoppa-yolg‘izman, ser. Judayam yolg‘iz! – tavallo qildi bolakay. – Meni hamma yomon ko‘radi. Jo-on, ser, mendan jahlingiz chiqmasin!
Bolakay qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ko‘zlarida chinakam alam sitib chiqargan yoshlar halqalanib, javdirab hamrohining betiga tikildi.
Mister Bambl Oliverning iltijoli va nochorona nigohini bir qadar hayrat-la qarshi oldi, uch-to‘rt marta xir-xir yo‘talib qo‘ydi-da, bu «jonga tegadigan yo‘tal» xususida allanimalar deb g‘o‘ldiragach, Oliverga ko‘z yoshini quritish va yaxshi bola bo‘lishni buyurdi. Keyin u yana bolaning qo‘lidan yetaklagan ko‘yi yo‘liga ravona bo‘ldi.
Mister Bambl kirib borganida hozirgina do‘koni darchalarini yopgan tobutsoz ushbu maskanga g‘oyatda yopishib tushgan xira sham yorug‘ida kirim-chiqim daftariga nimalarnidir bitmoqda edi.
– E-ha! – dedi tobutsoz yozuvini chala qoldirib, daftardan boshini ko‘tarar ekan. – Bu o‘zlarimi, Bambl?
– Xuddi o‘zlari-da, mister Sauyerberi, – javob qaytardi bidl. – Mana! Bolakayni o‘zlariga olib keldim.
Oliver ta’zim qildi.
– Bu o‘sha bolakaymi? – so‘radi tobutsoz Oliverni tuzukroq ko‘rish uchun shamni boshi uzra ko‘tarib. – Missis Sauyerberi, baraka topkur, bu yoqqa birrovgina kirgin-a, azizam.
Do‘konning orqa tomonidagi katalakdekkina hujradan missis Sauyerberi chiqib keldi. Bu past bo‘yli, so‘lg‘in, burnidan zahar tomib turadigan qoqsuyak ayol edi.
– Jonginam, – dedi mister Sauyerberi takalluf-la, – bu hali men senga aytgan mehnat uyidagi o‘sha bola.
Oliver yana bir bor ta’zim bajo keltirdi.
– Voy Xudoyim-ey! – xitob qildi tobutsozning ayoli. – Jimitdekkinaligini qara-ya!
– Ha, bo‘yi xiyla pastroq, – uning gapiga qo‘shildi mister Bambl Oliverga bo‘yi o‘smay qolganiga go‘yo uning o‘zi aybdorday bir qiyofada o‘qrayib. – U chindan ham kichkina. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin hali o‘sadi, missis Sauyerberi, bo‘yiga o‘sadi u.
– Nimasini aytasiz, bo‘lmasam-chi! – deya jahl bilan javob qaytardi xonim. – Bizning nonimizni tuya qilib o‘sadi. Qavm bolalaridan biron manfaat ko‘rishga sirayam ko‘zim yetmaydi: ulovidan tushovi qimmat deganlariday, ularning o‘zlaridan ko‘ra yemishlari qimmat tushadi. Lekin erkaklar hamisha o‘zlarini bizdan ko‘ra aqlliroq, deb o‘ylashadi… Qani, pastga tusha qol, bir qop so‘ngakvoy!
Tobutsozning xotini shunday deb biqin tomondagi eshikni ochdi-da, Oliverni sahniga tosh yotqizilgan, ko‘mir saqlanadigan qaznoqning dahlizi vazifasini o‘tovchi, oshxona deb ataluvchi, zax va zimiston yerto‘laga olib tushadigan tik zina tomon itarib yubordi; bu yerda ust-boshi kir-chir, oyog‘ida titig‘i chiqqan boshmoq va yirtiq-yamoq zangori jun paypoq kiygan bir qiz o‘tirardi.
– Sharlott, – dedi Oliverning ketidan tushib kelgan missis Sauyerberi, – Tripga olib qo‘ygan yaxna go‘shtning qolgan-qutganini manavi bolaga bering. Trip ertalabdan beri uyda qorasini ko‘rsatgani yo‘q, busiz ham bir amallar. Ishonamanki, bu bola uni yemayman deydigan injiqlardan emas… To‘g‘rimi, bolakay?
«Go‘sht» deganini eshitganida Oliverning ko‘zlari chaqnab, uni tezroq yeyish ishtiyoqida vujudi titrab ketdi-yu, ha, deya javob qildi, shundan so‘ng uning oldiga qolgan-qutgan ovqat solingan taqsimchani qo‘yishdi.
Istardimki, biron-bir qorni to‘q, boquvi zo‘r, me’dasida et bilan sharob qo‘shilib safroga aylanuvchi, qoni muz yanglig‘ sovuq, yuragi esa tosh-metin biror faylasuf, istardimki, ana o‘shanday odam hatto it ham hazar qiladigan laziz taomga Oliver Tvistning tashlanganini bir ko‘rsa! Istardimki, dahshatli ochlik azobi sillasini quritgan Oliverning qandayin ochko‘zlik bilan etni tilka-pora qilayotganining shohidi bo‘lsa! Xuddi shunday taomni o‘sha faylasufning xuddi mana shunday huzur bilan yeyayotganini ko‘rishni esa chandon bora ko‘proq istardim.
– Xo‘sh, qalay? – so‘radi tobutsozning xotini Oliver kechki ovqatni tugatgach; u nafasi ichiga tushib, bolaning ishtahasi qanday karnay bo‘lib ketishini oldindan tasavvur qilib, vahimaga tushib g‘iq etmay kuzatayotgandi.
– Yeb bo‘ldingmi?
Oliver yaqin atrofda tishga bosgulik hech nimani ko‘rmagach, ha, deya bosh irg‘adi.
– Bo‘lmasa, orqamdan yur, – dedi iflos, xira chiroqni ko‘tarib, zinadan chiqa boshlagan missis Sauyerberi. – Peshtaxta tagida yotasan. Tobutlar orasida uxlolsang kerag-a? Aytmoqchi, uxlay olasanmi yo uxlay olmaysanmi – buning ahamiyati yo‘q, chunki boshqa sen yotadigan joyning o‘zi yo‘q. Yura qol! Men bu yerda tun bo‘yi qololmayman-ku, axir!
Oliver ortiq hayallamay, itoatkorlik bilan yangi bekasi ortidan yo‘naldi.
BESHINCHI BOB
OLIVERNING HAMKASABA O‘RTOQLARI BILAN TANISHUVI VA ILK BORA DAFN MAROSIMIDA QATNASHIB, O‘Z XO‘JAYININING KASBI HAQIDA NOXUSH XULOSAGA KELISHI
Tobutsozning do‘konida yolg‘iz qolgach, Oliver chiroqni moslama-dastgoh ustiga qo‘ydi-da, o‘zidan yoshi xiyla kattaroq odamlarga yaxshi oshno bo‘lgan ehtirom va qo‘rquv tuyg‘usi bilan tevaragiga alangladi. Do‘konning o‘rtasidagi qora chorpoya ustida turgan chala tobut ko‘ziga shunchalar mudhish hamda vahimali ko‘rindiki, bu sovuq narsaga tikilarkan, Oliverning yuragi muz tortib, eti jimirlab ketdi: nazarida qandaydir dahshatli jasad hozir asta boshini ko‘taradi-yu, o‘zi bo‘lsa qo‘rquvdan aqldan ozib qoladiganday tuyuldi. Devor tagiga tobut yasaladigan qayrag‘och taxtalari hafsala bilan, risoladagiday qilib terib-taxlab qo‘yilibdi; g‘ira-shira yorug‘da ular qo‘lini cho‘ntagiga tiqib olganicha, bukchayib turgan ajina-arvohlarga o‘xshab ketardi. Yerda tobutlarning belgi-yozuvlari, taxta qirindilari, yaltiroq qalpoqli mixlar va qora matoning parcha-purchalari ayqash-uyqash sochilib yotibdi, peshtaxta orqasidagi devorni esa rasm bezab turibdi; rasmda to‘rtta qorabayir qo‘shilgan katafalk14 kelib to‘xtayotgan uyning eshigi oldida qotirib ohorlangan galstukli ikki nafar soqov yig‘ichi-giryanda tasvirlangandi. Do‘kon issiq va dim edi. Chamasi, havoni tobut hidi tutib ketganday edi. Poxol to‘shak tashlab qo‘yilgan peshtaxta ostidagi joy xuddi go‘rga o‘xshab ketardi.
Oliverni ezayotgan narsa nafaqat ushbu manzara-vaziyat edi. U notanish joyda yolg‘iz qolgandi, bundayin shart-sharoitda esa har birimiz ham o‘zimizni qanchalik bekas-u g‘arib hamda bebaxt his etajagimiz barchamizga ayondir. Bolakayning apoq-chapoq do‘sti yo‘q edi. Bir faslgina muqaddam boshiga tushgan judolikdan o‘kinmasdi, zero, juda-juda ko‘rgisi keladigan qadrdon, yaqin kishisi yo‘q edi-da. Ammo shunga qaramay, ko‘ngli g‘ash tortgan, xomush edi; shu boisdan ham u tor-u tanqis o‘rniga joylashar ekan, ushbu o‘rni tobut bo‘lib qolishini, qimir etmay, tosh qotib uyquga ketgan o‘zini esa o‘t-o‘lanlar mayin shitirlaydigan, ko‘hna qo‘ng‘iroqning jarangi allalaydigan qabristonga eltib ko‘mishlarini istab qoldi.
Ertalab Oliver do‘kon eshigi gurs-gurs tepilgan ovozdan uyg‘onib ketdi; to u apil-tapil kiyinguncha shiddatli tepki ovozi yigirma besh martacha takrorlandi. U eshik zanjirini tushirayotganda eshikni tepkilayotgan oyoq tiyilib:
– Oching, eshityapsizmi? – deya oyoq egasining baqirgan ovozi eshitildi.
– Hozir ochaman, ser, – dedi Oliver zanjirni tushirib, kalitni burar ekan.
– Sen yangi bola bo‘lsang kerag-a? – so‘radi o‘sha ovoz qulf teshigidan.
– Ha, ser, – javob berdi Oliver.
– Yoshing nechada? – surishtirdi ovoz.
– O‘nda, ser, – javob qaytardi Oliver.
– Ichkariga kiray, bir ta’ziringni bermasammi, – dedi o‘sha ovoz, – shoshmay tur, qavmning ko‘ppakchasi!
Ana shunda iltifotli va’da ketidan hushtak eshitildi.
Oliverni bot-bot hozirgina tilga olingan ma’nodor so‘z ifoda etguvchi «siylovga» musharraf etib turar edilar, shu sababdan ham u ovoz egasining o‘z tahdidini astoydil ado etishiga zarracha shubhalanmadi. U qo‘llari qaltirab lo‘kidonni surdi-da, eshikni ochdi.
Oliver qulf teshigi orqali o‘zi bilan gaplashgan notanish odamni sovqotmaslik uchun yurib turgan bo‘lsa kerak deb o‘ylab, bir yoxud ikki lahzagina ko‘chani ko‘zdan kechirdi, o‘ngga qaradi, keyin so‘lga. Gap shundaki, u qarshisida, uy oldidagi ustunchaga o‘tirib olib, qo‘lidagi qalamtarosh bilan non va moyni naq og‘ziga mos qilib kesib, og‘ziga epchillik bilan tashlagancha kavshanib o‘tirgan naynov yetimxona bolasidan bo‘lak hech zog‘ni ko‘rmayotgan edi.
– Kechirasiz, ser, – dedi Oliver boshqa hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilib, – siz taqillatdingizmi?
– Oyog‘im bilan tepkiladim, – javob berdi yetimxonalik bola.
– Tobut kerakmidi, ser? – so‘radi Oliver soddadillik bilan.
Bu so‘zlarni eshitib, yetimxonalik bolaning avzoyi dag‘dag‘ali tus olib, agar o‘zidan kattalarga shunaqangi hazil qiladigan bo‘lsa, tez orada Oliverning o‘ziga tobut kerak bo‘lishini aytdi.
– Qavm itvachchasi, mening kimligimni bilasanmi o‘zing? – dag‘dag‘asini davom ettirdi yetimxonalik bola vajohat-la ustunchadan turarkan.
– Bilmayman, ser, – javob berdi Oliver.
– Men mister Noe Kleypol bo‘laman, – dedi yetimxona boqimandasi, – sen bo‘lsang mening qo‘l ostimdasan. Darchalarni och, ishyoqmas gazanda!
Shu so‘zlar jo‘rligida mister Kleypol Oliverni tepki bilan siylab, izzat-e’tiborini bir pog‘ona balandlatadigan tarzda savlat to‘kib do‘konga kirib keldi. Har qancha uringanida ham bu kallador, ko‘zlari jimit, to‘qimtabiat, befarosat turqli yigitchaning salobatli qiyofaga kirishi mushkul edi, buning ustiga zikr etilgan husnga qip-qizil burni va kalta sap-sariq ishtoni qo‘shilsa, bu amrimahol edi.
Oliver darcha qopqoqlarini oldi va ularni kunduzi chiqarib qo‘yiladigan uyning orqa tomonidagi hovliga tashimoqchi bo‘ldi, biroq birinchi qopqoqni ko‘tarishdayoq og‘irligidan gandiraklab ketdi-yu, deraza oynasini sindirib yubordi, shundan keyin Noe, «ta’ziringni yeysan», deb go‘yoki taskin berdi-da, muruvvat ko‘rsatib, unga yordamlashishga kirishdi. Hademay do‘konga mister Sauyerberi tushib keldi. Uning ketidan missis Sauyerberi ko‘rindi. Noe bashorat qilganidek, Oliverning «ta’zirini berishdi», so‘ngra u nonushta qilgani yosh jentlmen bilan pastga tushdi.
– O‘choqqa yaqinroq o‘tiring, Noe, – dedi Sharlott. – Men sizga xo‘jayinlarning nonushtasidan – dudlangan to‘shdan ajoyib bir bo‘lagini olib qo‘yganman… Oliver, mister Noe ketidan eshikni zichlab yopgin-da, anavi kostryulka qopqog‘iga qoldiq ovqatlarni solib qo‘yibman, olib ye. Mana senga choy. Uni yashik ustiga eltgin-da, o‘sha yerda ich, tezroq qimirla, nega desang, hozir do‘konga chaqirib qolishadi. Eshitdingmi?
– Eshityapsanmi, qavm ko‘ppakchasi? – dedi Noe Kleypol.
– Voy xudoyim-ey! – dedi Sharlott. – Noe, juda g‘alati yigitsiz-da! Bolani tinch qo‘ysangiz bo‘lmaydimi-ya?
– Tinch qo‘y deng-a! – takrorladi Noe. – Shundoq ham uni hamma tinch qo‘yib qo‘yibdi. Na otasi, na onasi hech qachon hech nimada xalaqit berishmaydi. Hamma urug‘-aymoqlari, bilganingni qil, deb o‘z holiga tashlab qo‘yishgan. To‘g‘ri emasmi, Sharlott? Hi-hi-hi!
– Juda g‘alatisiz-da shunaqa! – xitob qildi Sharlott va xandon otib kula boshlagan edi Noe ham jo‘r bo‘ldi unga.
So‘ngra har ikkalalari yerto‘laning burchagidagi yashikda qalt-qalt titrab, o‘zi uchun ajratib qo‘yilgan qo‘lansa bo‘yli ovqat qoldig‘ini yeb o‘tirgan Oliver Tvistga irganib qarab qo‘yishdi.
Noe mehnat uyida tug‘ilgan yesir bola emas, bolalar uyidan chiqqan edi. U tashlandiq emasdi, zotan, u yaqingina yerda turadigan ota-onasidan tortib yetti ota-bobosigacha sanab berishi mumkin edi; onasi kir yuvuvchi, otasi bo‘lsa kuniga ikki yarim pens nafaqa tayinlangan, iste’foga chiqqan yog‘ochoyoq piyonista askar edi. Noeni ko‘chada uchratganlarida «teri ishton», «g‘aribxonalik» va shunga o‘xshagan laqab qo‘yib, masxara qiladigan qiliq chiqarishgandi. Noe ham bunga churq etib qarshilik bildirmasdi. Ammo mana endi taqdir uning yo‘liga hatto eng past, bir paqirga qimmat odam ham nafrat-la qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatadigan tubsiz-nasabsiz yetimchani ko‘ndalang qilgach, u butun alamini o‘shandan ola boshladi.
Bu narsa tafakkur-u mushohadamiz uchun antiqa ozuqa beradi. Inson zotining fe’l-atvori qanchalik go‘zal bo‘la olishi va olihimmat lordda ham, eng iflos g‘aribxona bolasida ham aynan bir xildagi xush fazilatlar taraqqiy eta olishining shohidi bo‘lamiz.
Oliver tobutsoznikiga joylashganiga ham uch-to‘rt hafta o‘tgandi. Do‘kon yopiq bo‘lib, mister va missis Sauyerberilar orqa tomondagi choqqina mehmonxonada kechki ovqatni tanovul qilib o‘tirishgan edi. Shunda mister Sauyerberi xotiniga ehtirom bilan nigoh tashlab qo‘ygach:
– Azizam… – dedi.
U so‘zini davom ettirmoqchi edi, biroq missis Sauyerberi yoqtirmay xo‘mrayib qo‘ygandi, nafasi ichiga tushib ketdi.
– Xo‘sh? – so‘radi missis Sauyerberi to‘rsillatib.
– Hech nima, jonginam, hech nima! – dedi mister Sauyerberi.
– Uf, yaramas-e! – deb qo‘ydi missis Sauyerberi.
– Rostdan, hech gap yo‘q, azizam, – yuvoshgina javob qaytardi mister Sauyerberi. – Jonginam, nazarimda quloq solishga hushing yo‘q ko‘rindi. Men faqat shuni…
– Ke, o‘sha nima demoqchi bo‘lganingni aytmay qo‘ya qol, – gapini bo‘ldi missis Sauyerberi. – Men kim bo‘libman; qo‘y, baraka topkur, mendan maslahat so‘ramay qo‘ya qol. Sening sir-asroringni bilib olishni istamayman.
Shu so‘zlarni aytarkan, missis Sauyerberi telbalarcha asabiy qah-qah urdi, bu suhbat oqibati xunuk tugashidan dalolat edi.
– Lekin jonginam, – dedi mister Sauyerberi, – sen bilan maslahatlashmoqchiman.
– Yo‘q, yo‘q! Men bilan maslahatlashmay qo‘ya qol! – dedi missis Sauyerberi zorlangannamo. – Boshqa birorta begonadan maslahat so‘ra.
Shu payt yangitdan yangragan asabiy qahqaha mister Sauyerberining o‘takasini yorib yubordi. Aksar holda istalgan samarani beradigan, er bilan muomala qilish bobida juda keng tarqalgan hamda tavsiya etiladigan tartib ana shunday. Bu hol mister Sauyerberini darhol iltijoga o‘tishga, missis Sauyerberidan gapiga quloq solib, alohida iltifot ko‘rsatishini o‘tinib so‘rashga undadi. Aslida esa xotinining nima gap borligini bilgisi kelib, ichi pishib ketayotgan edi. Shunday qilib, oz bo‘lmasa chorak kam bir soatga cho‘zilgan «qisqagina» tortishuvdan so‘ng, u nihoyat ruxsat olish baxtiga muyassar bo‘ldi.
– Gap yosh Tvist to‘g‘risida, jonginam, – dedi mister Sauyerberi. – U judayam yoqimtoy bola, azizam.
– Bo‘lmasam-chi, shuncha ovqat yegandan keyin yoqimtoy bo‘lmay qayoqqa borardi! – luqma tashladi xonim.
– Chehrasi g‘amgin, jonginam, – so‘zini davom ettirdi mister Sauyerberi, – bu uni judayam ta’sirli qilib ko‘rsatadi… Undan, azizam, qoyilmaqom giryanda chiqardi-da.
Missis Sauyerberi unga oshkora hayrat-la tikilib qoldi. Mister Sauyerberi buni payqab, saxovatli xonimning e’tiroz bildirishini kutib o‘tirmay, so‘zini davom ettirdi:
– Men kattalarning dafn marosimida qatnashadigan chinakam gung giryanda to‘grisida emas, go‘daklarning gung giryandasi haqida gapiryapman, xolos, jonginam. Bo‘y-basti shundoq gung giryandamiz bo‘lganida bormi, antiqa yangilik bo‘lardi-da, jonim. Gapimga ishonaver, bu judayam ajoyib taassurot qoldiradi.
Gap dafn marosimi masalasiga taqalganida g‘aroyib did-farosatini namoyon etadigan missis Sauyerberi ushbu yangi fikrni eshitib lol qoldi; ammo ayni vaziyatda buni tan olish izzat-nafsini yerga urish degan gap edi, shu boisdan ham u eridan xiyla to‘ng ohangda, nima uchun bu jo‘ngina fikr xayolingga ilgariroq kelmagandi, deb so‘rash bilan kifoyalandi, xolos.
Mister Sauyerberi xotinining bu so‘zlarini o‘z taklifiga berilgan rozilik ekanini to‘gri fahmladi. Shunday qilib, o‘sha yerning o‘zidayoq fursatni o‘tkazmay, Oliverni bu kasb-korning jamiki sir-u asroridan voqif etishga ahd qildilar, toki u xizmatiga zarurat tug‘ildi, deguncha xo‘jasi bilan birgalikda yo‘lga tushishga shay bo‘lib tursin.
Bunday voqea kuttirib qo‘ymadi. Ertasiga ertalab, nonushtadan so‘ng yarim soatcha fursat o‘tgach, do‘konga mister Bambl kirib keldi, asosini peshtaxtaga suyab qo‘yib, kattakon kartmonini chiqardi-da, ichidan bir parcha qog‘oz olib, mister Sauyerberiga uzatdi.
– O‘-ho‘! – dedi tobutsoz qog‘ozga ko‘z tashlarkan, chiroyi ochilib. – Tobutga buyurtmami?
– Oldiniga tobut yasaysiz, keyin qavmda dafn marosimi bo‘ladi, – javob berdi mister Bambl xuddi o‘ziga o‘xshagan tiqmachoqday kartmonining tasmachasini mahkamroq tortayotib.
– Beytonmi? – dedi tobutsoz ko‘zini qog‘ozdan uzib, mister Bamblga qadar ekan. – Bunaqangi ismni sira eshitmagandim.
Bambl boshini sarak-sarak qilgan ko‘yi javob qildi:
– Qaysar xalq ekan, mister Sauyerberi, o‘larday qaysar. Buning ustiga desangiz, takabbur ham deb cho‘chib turibman.
– Takabbur dedingizmi? – xitob qildi tobutsoz tirjayib. – Bunisi endi ortiqcha-ku.
– Eh, qanchalik jirkanchli-ya! – javob qildi bidl. – Bu beodoblik, betavfiqlik, mister Sauyerberi.
– Ayni haq gap, – uning gapiga qo‘shildi tobutsoz.
– Bu oila to‘g‘risida o‘tgan kuni kechqurungina eshitdik, – so‘zini davom ettirdi bidl, – basharti, o‘sha uyda turadigan ayol qavm sho‘basiga murojaat etib, bemorning ahvoli og‘irligini aytib, qavm hakimini yuborishlarini iltimos qilmaganida hech nimani bilmas ham ekanmiz. Bu paytda hakim o‘zi taklif qilingan tushlik ziyofatga ketgan ekan, shunda uning shogirdi (juda farosatli yigitcha-da) darrov bo‘shagan etik moyi qutisiga allaqanday doridan solibdi-yu, ularga berib yuboribdi.
– Tezkorligini qarang, qoyil-e! – dedi tobutsoz.
– Balli, xuddi shundoq! – takrorladi bidl. – Lekin oqibati qanday bo‘lgani, o‘sha nonko‘r, isyonkor shakkoklar o‘zlarini qanday tutishganini aytmaysizmi! Eri odam yuborib, bu dori uning xotini chalingan dardga davo bo‘lmasligini va demakki, xotini buni ichmasligini ayttiribdi. U buni ichmaydi, deb-di-ya, ser! Bor-yo‘g‘i bir haftagina muqaddam ikki irland ishchi bilan ko‘mir tashiydigan hammolga judayam kor qilgan o‘tkir, foydali, ajoyib doriniya… O‘sha dorini tekinga, bo‘sh moy qutisida ikki qo‘llab berib yuborishsa-yu, u bo‘lsa, buni xotinim ichmaydi, deb noz qilsa-ya, ser!
Ushbu nonko‘rona qilmishning dahshatli mohiyatini butunicha idrok etarkan, mister Bambl hassasi bilan peshtaxtani taraqlatib urdi va g‘azabidan qizarib ketdi.
– O‘! – dedi tobutsoz. – Xayolimga ikki dunyodayam…
– Ha-ha, ikki dunyodayam, ser, – xitob qildi bidl. – Hech qachon hech kimning xayoliga kelmasdi, deyavering! Lekin mana endi bo‘lsa, o‘lganidan keyin uni biz dafn etishimiz kerak! Mana, qog‘ozda turarjoyi ko‘rsatilgan, qanchalik tezroq bajarilsa, shunchalik yaxshi.