Sadece LitRes`te okuyun

Kitap dosya olarak indirilemez ancak uygulamamız üzerinden veya online olarak web sitemizden okunabilir.

Kitabı oku: «Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари», sayfa 8

Yazı tipi:

– Ajoyib bola… – dedi mister Braunlou qat’iy. – Biron nima berdingizmi unga, Beduin? Suyuqqina sho‘rva-po‘rva ichirdingizmi?

– Ser, u hozirgina kobili qaynatma sho‘rvadan bir taqsimchasini ichib oldi, – missis Beduin qaddini g‘oz tutib javob berarkan, suyuqqina sho‘rva pazandalik ila tayyorlangan qaynatma sho‘rva bilan ikki dunyoda ham tenglasha olmasligiga shama qildi.

– Uh! – deb qo‘ydi mister Braunlou yelkalarini uchirib. – Yaxshi portveyndan ikki qadahginasi undan ko‘ra ko‘proq foyda qilgan bo‘lardi bolaga. To‘g‘rimasmi, Tom Uayt?

– Mening ismim Oliver, ser, – dedi kichkina bemor hayron bo‘lib.

– Oliver, – takrorladi mister Braunlou. – Oliver, xo‘sh, u yog‘i-chi? Oliver Uayt, shundaymi?

– Yo‘q, ser, Tvist; Oliver Tvist.

– G‘alati ismi sharif! – deb qo‘ydi keksa jentlmen. – Nimaga unda sudyaga Uayt deding?

– Men unga bunday deganim yo‘q, ser, – e’tiroz bildirdi Oliver esankirab.

Uning bu gapi shunchalik yolg‘onga o‘xshab ketdiki, oqibatda keksa jentlmen nihoyatda jiddiy tikildi. Bolaga ishonmaslik aqlga to‘g‘ri kelmasdi shu tobda: etsiz, latif chehrasida rostgo‘ylik aks etib turardi.

– Qandaydir tushunmovchilik bo‘libdi-ku! – dedi mister Braunlou.

Uning Oliverga tikilib turish uchun boshqa asosi qolmagandi, biroq shu tobda bolaning qaysidir tanish chehraga o‘xshashligi haqidagi fikr keksa jentlmenni qaytadan shunday bir kuch-la band etib olgandiki, qariya sira undan ko‘z uzolmasdi.

– Mendan jahlingiz chiqmayotgan bo‘lsa kerag-a, ser? – so‘radi Oliver unga iltijo-la javdirab.

– Aslo! – dedi keksa jentlmen. – Bu qanaqasi bo‘ldi?.. Beduin, bir qarang-a!

Shunday derkan, u shosha-pisha bolaning tepasidagi suratni, keyin Oliverning basharasini ko‘rsatdi. Quyib qo‘ygandek o‘zginasi. O‘sha suratdagi yuz bichimi, o‘sha ko‘z, o‘sha manglay, o‘sha og‘iz. Yuz ifodasi naq o‘zginasi, bamisoli har bitta chiziq zargarona san’at bilan ko‘chirib qo‘yilganday!

Oliver bunday tasodifiy xitobning boisini bilolmadi, zero, buning oqibatida kelib chiqqan asabiy hayajonga dosh beradigan quvvati yo‘q edi hali, shul sabab u hushdan ketdi.

Unda namoyon bo‘lgan zaiflik hozircha bolani xoli qoldirib, kitobxonning quvnoq keksa jentlmenning ikki o‘spirin shogirdiga bo‘lgan qiziqsinishini qondirib, Tullak va uning muhtaram do‘sti yosh Beytsning yuqorida tavsif etganimizdek, mister Braunlouga qarashli xususiy buyumni g‘ayriqonuniy ravishda o‘zlariniki qilib olganlari oqibatida boshlangan ta’qibda qatnashib, Oliver ketidan quvayotgan paytlarida o‘z jonlari g‘amini yeyishdek maqtovga loyiq tuyg‘u izmida bo‘lganlari to‘g‘risida hikoya qilish imkonini beradi. Bashartiki, haqiqiy ingliz eng avvalo va nihoyatda mag‘rurlanib, o‘z grajdanlik erk-ixtiyori-yu shaxs erkinligi bilan maqtanib yurar ekan, u chog‘da Tullak hamda yosh Beytsning xatti-harakati (o‘z tinchligi-yu halovati tashvishini chekayotganining ushbu rad etib bo‘lmas dalil-isboti, ba’zi teran fikrli faylasuflar tabiat deb atalmish farishtaning butun faoliyat-qilmishlarini asos qilib olgan mo‘jazgina qonunlar majmuasi qayd va tasdiq etgani kabi) jamiki jamoat arboblari-yu vatanparvarlar ko‘zi o‘ngida oshnalarning mavqe-e’tiborini bir pog‘ona ko‘tarishi lozim ekaniga kitobxon diqqatini tortib o‘tirishning hojati bo‘lmasa keragov! Hozirgina zikr etib o‘tganimiz faylasuflar o‘sha saxiy farishtaning faoliyatini nazariya va tartib-qoidalarda g‘oyatda donishmandlarcha mujassam etib, uning teran dahosi, oqil-u fozilligiga seriltifot, xushyoqar hamd-u sano o‘qiganlar-u, ammo unga yurakka, olijanob tilag-u maylga hamda his-tuyg‘ularga dohil jamiki narsani mutlaqo yo‘latmaganlar. Zotan, ushbu sifat-u fazilatlarni umumning rizoligi-la o‘z jinsiga xos behisob mayda-chuyda qusur-u ojizliklardan ustun turadi, deb tan olingan farishta uchun mutlaqo nomunosib hisoblaganlar.

Mabodo, kaminalari uchun falsafiy jihatdan bu yosh jentlmenlarning xulq-atvorlariga nafi tegadigan birorta dalil-isbot zarur bo‘lganidami, kamina shu zamonoq (ushbu hikoyatimizning oldingi bobida aytib o‘tilgan) bir dalilni, ya’ni hammaning diqqat-e’tibori Oliverga qaratilgach, ularning ta’qibni bas qilib, darhol eng qisqa yo‘l bilan uyga qaytganlarini misol keltirgan bo‘lardim. Kamina ma’lum-u mashhur, hamma narsadan boxabar donolar buyuk fikr-xulosalarga eltguvchi so‘qmoqlarni qisqartirish odatiga egalar, deb da’vo qilmoqchi emasman-u (aslida, ular ko‘proq mavzudan chalg‘ituvchi turlicha ezmalik va ikkilanishlar yordamida, qorishib, g‘ujg‘on o‘ynab ketgan fikr-o‘ylari tazyiqi ostida qolgan mast kishilarday, masofani uzoqlashtirishga moyildirlar), biroq shuni aytish niyatidaman va buni ishonch bilan qayd etamanki, talay buyuk faylasuflar nazariyani rivojlantira turib, o‘zlari uchun zarracha bo‘lsin xavf tug‘diradigan jamiki tasodiflarga qarshi oldindan chora ko‘rib qo‘yadilar va bu bilan beqiyos donishmandlik va tadbirkorliklarini namoyon etadilar. Shu tariqa, ulug‘vor ezgulik yaratmoq uchun siz kichkinagina yomonlik qilish huquqiga egasiz, oldingizga qo‘ygan niyat-maqsadingiz pirovardida bemalol oqlay oladigan har qanday tadbir-u usulni qo‘llasangiz bo‘laveradi. Yaxshilik darajasi bilan yomonlik darajasini, hatto ular orasidagi tafovutni aniqlash butunicha bundan manfaatdor faylasufning inon-ixtiyoriga berib qo‘yiladi, zotan u har bir ayrim voqea-hodisani oqilona, aniq hamda xolisanlillo tahlil-u tadqiq yo‘li bilan aniqlayversin.

Ikkala bola tor hovli-yu jinko‘chalardan g‘izillagancha o‘tib borib, pastak va g‘ira-shira darvozaxonaga yetganlaridagina to‘xtashga jur’at etishdi. Bu yerda nafasni rostlab yana gapira oladigan holatga kelgunlaricha qancha vaqt zarur bo‘lsa, roppa-rosa shuncha vaqt miq etmay turishdi, keyin yosh Beyts sho‘xligi tutib, qiyqirib kulgancha, o‘zini tappa pillapoyaga tashladi-yu, zavqi jo‘shib u yoqdan-bu yoqqa ag‘anayverdi.

– Nima bo‘ldi? – surishtirdi Tullak.

– Xa-xa-xa! – xaxolardi Charli Beyts.

– Yum og‘zingni, – buyurdi Tullak ehtiyotkorlik bilan atrofga alanglab. – Nima, ilintirib ketishlarini xohlayapsanmi, ahmoq?

– Hech o‘zimni to‘xtatolmayotibman, – dedi Charli, – o‘zimni to‘xtatolmayotibman. Qandoq juftakni rostlaganini qara, muyulishdan burildi-yu, yo‘l chetidagi ustunga urilib ketdi, o‘ziyam xuddi ustunga o‘xshab temirdan yasalganday, yana o‘pkasini qo‘ltiqlagancha tuyog‘ini shiqillataverdi, ro‘molcha bo‘lsa mening kissamda, o‘zim bo‘lsam ketidan, ushlanglar, deb baqirib yotibman. E xudoyim-ey!

Yosh Beytsning tasavvuri butun manzarani haddan ziyod yorqin bo‘yoqlarda jonlantirgan edi. Shunday deya xitob qilgach, u yana pillapoyada u yoqdan-bu yoqqa dumalaganicha, battarroq xaxolayverdi.

– Fedjin nima deydi endi? – deb so‘radi Tullak sherigi kulaverib nafasi tiqilib qolgan paytdan foydalanib.

– Nima? – qaytarib so‘radi Charli Beyts.

– Xuddi shu – nima bo‘ldi deyishini aytyapman-da, – takrorladi Tullak.

– Xo‘sh, u nima deyishi mumkin? – so‘radi Charli xursandchiligi birdan ichiga tushib ketib, nega deganingizda, Tullakning avzoyi jiddiy edi. – Nima deyishi mumkin?

Mister Daukins bir-ikki daqiqa hushtak chalib turdi, so‘ngra shlyapasini yechib, boshini qashib, uch karra bosh irg‘ab qo‘ydi.

– Nima demoqchisan o‘zi? – so‘radi Charli.

– Tarallabedod! Bema’ni gap bo‘ldi-ku, jin urgur! – dedi Tullak. Shu asnoda uning aqlli basharasida istehzoli kulgi paydo bo‘ldi.

Bu – odamni qanoatlantirmaydigan sharhlov bo‘ldi. Yosh Beyts aynan shunday deb topdi va takroran so‘radi:

– Nima demoqchisan o‘zi?

Tullak javob bermadi; shlyapasini kiyib, uzun kamzuli barini balandroq ko‘tardi-da, odaticha tili bilan lunjini olti martacha g‘urra qilib shishirib keyin ma’nodor qilib qanshariga sharaq etkizib tushirdi-yu, tovonida chir aylanganicha hovliga urib ketdi. Yosh Beyts o‘ychan qiyofada orqasidan ergashdi.

Ana shu suhbatdan bir necha daqiqa o‘tgach, g‘ijildoq zinapoyadan kelayotgan odim sharpalari o‘choq oldida chap qo‘lida arzon kolbasa bilan non, o‘ng qo‘lida esa buklama pichoqni ushlab o‘tirgan keksa quvnoq jentlmenning diqqatini tortdi; uchoyoqda qalayi kostryulka turardi. U qayrilib qarab qo‘ydi, keyin baroq malla qoshlari ostidan sergaklik bilan tikilgan ko‘yi eshik tomon burilib, quloq sola boshlaganida zahil yuziga jirkanch bir irshayish qalqdi.

– Qanaqasi bo‘ldi bu? – ming‘irladi juhud avzoyi o‘zgarib. – Ikkitasi qaytibdimi? Uchinchisi qayoqda qoldiykin? Ishlari pachava bo‘lishi mumkinmasdi-ku.

Odim sharpalari tobora yaqinlashib kelardi; mana, deyarli zinapoyaning tepadagi maydonchasidan eshitilyapti. Eshik astagina ochildi, Charli Beyts bilan birga ichkari kirgan Tullak uni yopib qo‘ydi.

O‘N UCHINCHI BOB
ZIYRAK KITOBXONNI YANGI SHAXSLAR BILAN TANISHTIRADI; SHU MUNOSABAT BILAN MAZKUR HIKOYATGA TAALLUQLI TURLI QIZIQARLI NARSALAR HAQIDA HIKOYA QILADI

– Oliver qani? – dag‘dag‘ali qiyofada so‘radi juhud o‘rnidan sapchib turarkan. – Bola qani?

Yosh o‘g‘rivachchalar o‘z ustozlariga, uning keskin harakatlaridan tahlikaga tushib tikilishar ekan, xavotirda bir-birovlariga qarab qo‘yishdi. Ammo ular churq etib javob qaytarishmadi.

– Bolaga nima bo‘ldi? – deya qichqirdi juhud Tullakning yoqasiga chang solib, keyin kurakda turmaydigan haqoratli so‘zlar bilan so‘ka ketdi. – Javob ber, bo‘lmasa bo‘g‘ib o‘ldiraman!

Mister Fedjin mutlaqo hazillashmayotgandi, shunda o‘z xavfsizligi g‘amini yeyishni ma’qul bilgan va keyin o‘zining ham bo‘g‘ilib o‘lish navbati kelishi tayin ekanini ko‘rib turgan Charli Beyts tiz cho‘kdi-yu, quturgan buqa bilan karnayning o‘kirig‘i oralig‘idagi o‘kiriqqa o‘xshash ovozda qattiq, to‘xtamay bo‘kiraverdi.

– Gapirasanmi, yo‘qmi? – ovozi boricha baqirdi juhud, Tullakni u shunday kuch bilan silkirdiki, bolaning nega keng kamzuli ichidan otilib chiqib ketmayotgani bir mo‘jizadek tuyulardi.

– Iskovuchlar ilintirib ketishdi, bor gap shu! – dedi Tullak zarda bilan. – Qo‘yvoring meni, eshityapsizmi?

Tullak bir yulqinib, keng kamzulini juhudning qo‘lida qoldirgancha ichidan sirg‘alib chiqdi-yu, bo‘g‘irsoq qovuradigan sanchqini ola solib, keksa quvnoq jentlmenning nimchasini mo‘ljallab turib daf qildi; mabodo, bu hamlasi muvaffaqiyatli chiqqanida bormi, qariya ancha-muncha quvnoqligidan ayrilishi turgan gap edi, keyin uning o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmasdi.

Aynan shu tahlikali lahzada juhud bunday zaif va to‘kilib turganday ko‘ringan odamdan kutish qiyin bo‘lgan bir chaqqonlik bilan chetga sapchidi-yu, ko‘zani ola solib, raqibi boshini mo‘ljallab baland ko‘tardi. Biroq xuddi shu soniyada Charli Beyts rostdan ham odamning kapalagini uchirib yuboradigan bo‘kirig‘i bilan diqqatini tortib qoldi-yu, chol to‘satdan fikridan qaytib, ko‘za bilan yosh jentlmenlardan o‘shanisini tushirdi.

– Bu qanaqangi mashmasha! – deya to‘ng‘illadi kimdir. – Buni kim uloqtirdi? Yaxshiyamki ko‘zaning o‘zimas, ichidagi pivosi tegdi menga, bo‘lmasa, birortalaringni abjaqlaringni chiqarib qo‘yardim-a!.. Xuddi shundoq! Bu jin chalib, jabbor urgur boy, talonchi, qari juhuddan boshqa kim ham shundoq ichimlikni uvol qilardi? Ehtimol, suvni to‘kar, o‘shandayam mabodo, har uch oyda Vodoprovod kompaniyasini aldab tursagina… Nima gap, Fedjin? Obbo, sharfim pivo tegib shiltayi shalabbo bo‘ldi-da!.. Beri kel, hoy pastkash maxluq, xuddi o‘z egangdan uyalayotganday, nimaga eshikning orqasida o‘ralashyapsan. Kir, bu yoqqa!

Bu so‘zlarni aytayotgan nusxa o‘ttiz besh yoshlar chamasidagi qora chiyduxoba kamzul, isqirt kalta cholvor, tizimchali boshmoq va kulrang ip paypoq kiygan barvasta yigit bo‘lib, paypog‘i ostidan boldiri bo‘rtib turardi – basharti, uni kishan bezab turmagan bo‘lsa, bunday kiyinilganda unaqangi oyoqqa nimadir yetishmayotganday tuyuladi hamisha. Yigitning boshida jigarrang shlyapa; bo‘yniga o‘rab olgan olachipor sharfining uzun uchi bilan esa pivo sachragan aftini artardi. Bu ishini tugatarkan, dag‘al, yapasqi yuzi ko‘rindi, soqoli esa bir necha kundan buyon ustara ko‘rmagan; ko‘zlari g‘amgin; bir ko‘zi tegrasini yaqindagina yegan zarbasidan dalolat beruvchi rang-barang dog‘-dug‘lar qurshab olgan.

– Bu yoqqa deyapman, eshityapsanmi? – to‘ng‘illadi bu yoqimtoy nusxa.

Xonaga tumshug‘i tirnalgan, oppoq baroq junli it jilpanglab kirib keldi.

– Nega oldinroq kirmading? – dedi yigit. – Men bilan odamlarning ko‘ziga ko‘rinishdan or qiladigan bo‘lib, juda-a dimoqlari shishib ketibdi-da, a? Yot!

Buyruq tepki hamrohligida yangradi, jonivor it xonaning narigi burchagiga borib tushdi. Lekin it bunga ko‘nikib ketgan shekilli: jimgina, g‘ing demay, sovuq ko‘zlarini har daqiqada yigirma martalab pirillatib yumib-ochgancha burchakda pusibgina yota qoldi, u go‘yo xonani nazardan o‘tkazishga jazm qilganga o‘xshardi.

– Nimalar qilyapsiz bu yerda: qurumsoq, ochofat, yebto‘ymas chol, o‘g‘rilik mollar gumdonchisi, bolakaylarni qiynab yotibdilarmi deyman-a? – so‘radi barvasta yigit, xotirjamgina kursiga cho‘kar ekan. – Bularning shu paytgacha sizni gumdon qilib qo‘ya qolishmaganiga hayronman! Ularning o‘rnida bo‘lsam, albatta, shundoq qilardim! Ha, allaqachon shundoq qilgan bo‘lardim, sizning shogirdingiz bo‘lganimda… va… e-yo‘q, sotolmasdi sizni, nimagayam yarardilar o‘zlari?! Faqat noyob bedavo nusxa sifatida shisha bankada asrasa bo‘larku-ya, lekin bunaqangi katta shisha bankalarni yasashmaydi chog‘i.

– Sekinroq, – dedi juhud qaltirab. – Mister Sayks, bunaqangi shang‘illamang.

– Qo‘ying o‘sha mister-pisterlaringizni! – javob qaytardi barvasta yigit. – Mana shunaqangi balandparvoz gapira boshladingiz deguncha doim dilingizda bironta shum niyat bo‘ladi. Mening ismi sharifimni biladilar o‘zlari, shundoq ekan, o‘z otimni aytavering-da! Vaqti-soati yetganda unga dog‘ tushirmayman, ishonavering!

– Barakalla, ayni haq gap, Bill Sayks, – dedi juhud qabihona yaltoqilik bilan. – Kayfiyatingiz buzuq ko‘rinadimi, Bill?

– Balkim shundaydir, – javob qildi Sayks. – Men sizga aytsam, o‘zlariniyam kayfiyatlari joyidamasroq shekilli yoki ko‘zani uloqtirganda hech kimga ziyon keltirmayman, deb hisoblaydilarmi, yoki…

– Esingiz joyidami o‘zi? – ovozini xiyol balandlatdi juhud yigitning yengidan ushlab, bolalar tomonga ishora qilib.

Mister Sayks chap qulog‘i ostida xayoliy tugunni tugib qo‘ygandek bir harakat bilan kifoyalanib, boshini o‘ng yelkasiga qiyshaytirdi, juhud bu so‘zsiz ishorani juda yaxshi tushundi chamasi. Keyin mister Sayks butun gap-boshi tushunib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan to‘lib-toshgan lahjada – agar bu so‘zlarni shu yerda keltiradigan bo‘lsak, baribir mutlaqo tushunilmay qolishi turgan gap – bir qadahgina ichimlik talab qildi.

– Lekin zahar solishni xayol qilib o‘tirmasinlar-a, – dedi u shlyapasini stolga qo‘yar ekan.

Bu gap hazil tariqasida aytilgan edi, ammo u juhudning darg‘azab chimirilib, qoni qochgan labini tishlagancha bufetga qarab o‘girilib olganini ko‘rganida bormi, ehtimol, kallasiga, ehtiyotkorlik keksa quvnoq jentlmen uchun ham ortiqchalik qilmaydi, har qalay, ichimlik quvvatini oshiraman, deb yanglishib ketishi ham mumkin-ku, degan o‘y kelarmidi?

Mister Sayks ikki-uch qadah otib olgach, yosh jentlmenlarga e’tibor qilishdek iltifot ko‘rsatdilar; u kishi tomonlaridan ko‘rsatilgan iltifot shunday suhbatga olib keldikim, oqibatda Oliverning qo‘lga tushishining barcha sabab-u tafsilotlari – faqat Tullak mazkur sharoitda zarur va o‘rinli deb sanagan ba’zi qo‘shib-chatishlar-u o‘zgartirishlar bilan, bittama-bitta, batafsil bayon qilindi.

– Ishqilib, og‘zidan biron nimani gullab qo‘yib, falokat orttirib o‘tirmasin, deb cho‘chiyapman-da… – dedi juhud.

– Har balo bo‘lishi mumkin, – javob berdi Sayks zaharxanda tirjayib. – Sizni sotishlari turgan gap, Fedjin.

– Keyin, yana shundan cho‘chib turibmanki, bilsangiz, – so‘zini davom ettirdi juhud gapini bo‘lganlariga e’tibor bermayotganday va ayni paytda suhbatdoshidan ko‘zini uzmay, – shundan cho‘chiymanki, agar ishimiz orqaga ketadigan bo‘lsa, unda boshqa ba’zi birovlar ham chetda qolmas, o‘zlariga esa, chamamda, mendan ko‘rayam chatoqroq bo‘lsa ajab emas, azizim.

Barvasta yigit bir seskanib tushib, shartta juhud tomon o‘girildi. Shunda keksa jentlmen kiftlarini naq quloqlarigacha uchirib qo‘ydi, ko‘zlari bo‘lsa qarshi tomondagi devorga parishonhol tikilgandi.

Oraga uzoq jimlik cho‘kdi. Aftidan, bu e’tiborli shirkatning har qaysi a’zosi o‘z o‘y-xayollariga cho‘mgandi, go‘yo it ham bundan mustasno emasday, xuddi ko‘chaga chiqqanida dastlab uchraydigan jentlmen yoki xonimning oyog‘iga tashlanishi ustida bosh qotirayotganday badxohlik bilan yalanib-tamshanardi.

– Birov borib, u yoqda, sudyaning xonasida nima bo‘lganini bilib kelishi kerak, – dedi mister Sayks xiyla bosiq ohangda.

Juhud, ma’qul, deganday bosh irg‘ab qo‘ydi.

– Agar u sotmagan va turmaga tushgan bo‘lsa, to uni qo‘yib yuborgunlaricha qo‘rqadigan joyi yo‘q, – dedi mister Sayks, – keyin esa uni ko‘zdan qochirmaslik kerak. Siz uni bir amallab yana qo‘lga olishingiz zarur.

Juhud yana bosh irg‘adi.

Bunday harakat qilish rejasi oqilona edi-yu, lekin baxtga qarshi, bitta g‘oyatda jiddiy vaj monelik qilib turardi. Gap shundaki, Tullak ham, Charli Beyts ham, Fedjin-u mister Bill Sayks ham, har qanday asos-u har qanday bahonalari bo‘lgan taqdirda ham, politsiya mahkamasi atrofida o‘ralashishni jin-jinlaridan xushlamasdilar.

Bundayin ko‘ngilsiz holatda, bir-birovlariga tikilgan ko‘yi yana qancha o‘tirishlari mumkinligini aytish mahol edi. Darvoqe, biror taxmin-u chama qilib o‘tirish zaruriyati ham qolmadi, negaki, to‘satdan Oliver ilgari ko‘rgan ikki navqiron xonimchalar kirib kelishdi-yu, suhbatga jon kirdi-qo‘ydi.

– Mana, o‘zi yetkazdi bizga kerak odamni! – dedi juhud. – Bet boradi. Borasan-a, qizalog‘im?

– Qayoqqa? – surishtirdi yosh xonim.

– Bor-yo‘g‘i, shu, politsiya mahkamasiga, xolos, azizim, – dedi juhud yaltoqlanib.

Yosh xonimga tan berish kerak: u to‘g‘ridan-to‘g‘ri bormayman, deb shartta aytmadi-yu, biroq «u yoqqa borgandan ko‘ra baloginaga yo‘liqib qo‘ya qolgani» yaxshi ekanligini ayon qildi kuyib-pishib. Bu xushmuomalalik bilan, muloyimgina qilib gapni chalg‘itish yosh xonimning o‘z yaqinlarini betgachoparlik va shartakilik bilan ranjitishga yo‘l qo‘ymaydigan chinakam boodob qiz ekanining dalolati edi.

Juhudning afti cho‘zilib ketganday bo‘ldi. U, bashang deb bo‘lmasa hamki, rang-barang qilib – qizil ko‘ylak, yashil tufli, sariq papilyotka25 – kiyingan bu navqiron xonimdan yuzini burib, boshqasiga murojaat etdi:

– Nensi, qizginam, – xushomad qildi qizga, – sen nima deysan?

– Bunday qilish yaramaydi, deyman, shundoq bo‘lgach, majbur qilishning hojati yo‘q, Fedjin, – javob berdi Nensi.

– Bu bilan nima demoqchisan? – gapga aralashdi mister Sayks qizga xo‘mrayib qararkan.

– Hozir aytganimni, Bill, – javob qildi xonimcha sovuqqonlik bilan.

– Hammadan ko‘proq sen bopsan-ku bunga, – dedi mister Sayks. – U yerda sen to‘g‘ringda hech kim hech nima bilmaydi.

– Shuning uchun ham hech nima bilmay qo‘ya qolishsin, deyman-da, – dedi Nensi boyagiday bosiqlik bilan, – shuning uchun «xo‘p» demay, «yo‘q» deganday qilyapman-da, Bill.

– Boradi u, Fedjin, – dedi Sayks.

– Yo‘q, u bormaydi, Fedjin, – dedi Nensi.

– Boradi u, Fedjin, – takrorladi Sayks.

Mister Sayks yanglishmagan edi. Do‘q-po‘pisa, va’da-yu xayr-sadaqalar yordamida nomi zikr etilgan xonimchani oxir-pirovardida bu vazifani ado etishni o‘z zimmasiga olishga majbur qildilar. Darhaqiqat, jonajon dugonasiga monelik qilib turgan mulohazalar unga xalal berolmasdi: chekkaroqdagi, biroq Retklif katta yo‘li26 yaqinidagi aslzodalar dahasidan Fild-Leynga yaqinginada ko‘chib kelgani sababli behisob tanish-bilishlaridan birortasi ko‘rib qolishidan xavotir qilmasa ham bo‘lardi.

Axiyri, ko‘ylagi ustidan oppoq, chinniday peshband tutib, papilyotkasini poxol shlyapa ostiga yashirgan – bu buyumlar juhudning bitmas-tuganmas bisotidan tanlab olingandi – miss Nensi topshiriqni bajarishga otlandi.

– Birpasgina shoshma, qizginam, – dedi juhud unga qopqoqli savatni uzatarkan. – Buni ko‘tarib ol. Ma’sumaroq ko‘rsatadi seni.

– Fedjin, uyning kalitini ham bering unga, qo‘lida ko‘tarib olsin, – dedi Sayks. – Bu yanayam tabiiy va ishonchliroq ko‘rinadi.

– Haq gap, azizim, – dedi juhud kattakon eshik kalitini yosh xonimning o‘ng qo‘lining shahodat barmog‘iga ilib qo‘yarkan. – Mana mundoq! Qoyil! Juda antiqa bo‘ldi, qizalog‘im! – dedi u qo‘llarini bir-biriga ishqab.

– Voy ukajonim-a! Zig‘irchayam gunohi yo‘q, farishtadekkina, sho‘rlik ukajonginam-a! – obidiyda qilardi Nensi ko‘ziga yosh olib, alamidan savat bilan kalitni g‘ijimlagan bo‘lib. – Ahvoli nima kechdiykin? Qayoqlarga olib ketishdi uni? Voy, rahmlaring kelsin menga, jentlmenlar, bola sho‘rlikni nima qilganlarini aytinglar, iltijo qilaman sizlardan, jentlmenlar!

Miss Nensi tinglovchilarni benihoya qoyil qoldirib, nihoyatda mungli, yurakni ezadigan hazin tovush bilan shu so‘zlarni aytdi-da, keyin jim bo‘lib, butun jamoatga ko‘z qisib qo‘yib, iljaygancha chiqib ketdi.

– Eh, azizlarim, qanday oqila qiz-a! – xitob qildi juhud yosh do‘stlariga o‘girilib, go‘yo hozirgina ko‘rganlaring ajoyib qizdan ibrat olinglar, deganday g‘olibona bir qiyofada.

– U o‘z jinsi toifasiga shon-sharaf keltiryapti, – deya gap qistirdi mister Sayks qadahini to‘latib, gurziday mushti bilan stolga bir tushirarkan. – Uning sog‘lig‘iga ko‘taraman va barcha xotinlarning unga o‘xshashini tilayman!

Muhtarama Nensining sha’niga ushbu madhiyalar yog‘ilayotgan bir paytda bu navqiron xonim politsiya mahkamasi sari shoshilib borardi, ko‘chako‘ydan hamrohsiz yolg‘iz o‘zi borayotgani sababli ko‘nglida hadik tug‘ilganiga qaramay, hash-pash deguncha u yerga eson-omon yetib ham keldi.

U orqa eshikdan kirib borib, qo‘lidagi kalit bilan kameralardan birining eshigini astagina taqillatib, quloq solib turdi. Ichkaridan tiq etgan tovush eshitilmadi; shunda u bir yo‘talib oldi-da, tag‘in quloq sola boshladi. Javob bo‘lmadi, shundan keyin tilga kirdi.

– Noli, jonginam! – muloyimgina shivirladi u. – Noli!

Kamerada sibizg‘a chalgani uchun hibsga olingan aftodahol, yalangoyoq jinoyatchidan bo‘lak kimsa yo‘q edi; jamoatchilikka qarshi qilgan jinoyati to‘la isbot etilgani tufayli mister Feng uni axloq tuzatish uyiga uch oy muddatga hukm etarkan, g‘oyatda o‘rinli hamda hajviya tarzida, agar nafasi shunaqangi o‘pkasiga sig‘may ketayotgan bo‘lsa, uni nag‘madan ko‘ra charxpalak-g‘ildirakka sarflagani foydaliroq, deb qo‘ygandi. Jinoyatchi hech nima deb javob qaytarmagandi o‘shanda, zero, uning fikr-yodi graflik foydasiga musodara qilingan sibizg‘asiga aza tutish bilan band edi. Shundan so‘ng Nensi navbatdagi kameraga yaqinlashib, eshigini taqillatdi.

– Nima kerak? – deya javob berdi birov past va zaif tovush bilan.

– Bu yerda bir bolakay yo‘qmi? – so‘radi Nensi oldindan xo‘rsinib olib.

– Yo‘q! – javob qildi mahbus. – Xudo saqlasin!

Bu sibizg‘a chalmagani uchun – boshqacha qilib aytganda, ko‘cha-ko‘yda tilanchilik qilib yurgani va tirikchiligini o‘tkazmoq uchun hech nima qilmay sandiroqlab yurgani uchun – qamoqqa hukm etilgan oltmish besh yashar sayoq edi. Qo‘shni kamerada beijozat uyma-uy qalayi kostryulka sotib yurgani – bo‘lakcha qilib aytganda, soliq to‘lashdan qochib, tirikchilik o‘tkazish uchun nimadir qilgani vajidan xuddi o‘sha turmaga jo‘natiladigan odam o‘tirardi.

Bu jinoyatchilardan hech qaysisi Oliver deb so‘ralganida javob bermagani va uning to‘g‘risida hech nima bilmagani sababli Nensi bevosita yo‘l-yo‘l nimchali soddadil cholga murojaat etdi va nola-yu fig‘on bilan – qo‘lidagi savat bilan kalitni mohirona yulqib-silkitganidan uning afg‘oni ayniqsa mahzun chiqayotgandi – ukajonisini talab qildi.

– Bu yerda yo‘q u, azizam, – dedi chol.

– Qayoqda bo‘lmasa? – chinqirib yubordi Nensi.

– Uni anavi jentlmen olib ketdi, – javob berdi chol.

– Qanaqa jentlmen? Voy Xudoyim-ey! Qaysi jentlmen? – chiyilladi Nensi.

Chol vahima bosgan «opa»ning bu majmag‘il savoliga javoban Oliverni sudyaning xonasida mazasi qochib qolganini, uni oqlaganlarini, negaki, bir guvoh bergan shohidlikka qaraganda go‘yoki o‘g‘rilikni u emas, balki qochib qutulib qolgan boshqa ikki bola qilganini va da’vogarning hushidan ketgan Oliverni uyiga, o‘z uyiga olib ketganini gapirib berdi. Bu uy xususiga kelganda Nensining suhbatdoshi u qayerdadir Pentonvilda ekanligini bilar ekan, xolos; bu so‘z izvoshchiga buyruq berayotganlarida cholning qulog‘iga chalinib qolgandi.

O‘zini yo‘qotib qo‘yayozgan va bag‘oyat iztirobga tushgan yosh juvon kalovlangancha darvozaga qarab surgalib bordi, so‘ngra hurkak odim tashlashdan yugurishga o‘tib, qo‘lidan kelganicha alkash-chalkash yo‘l-u ko‘chalardan juhudning uyiga yetib keldi.

Mister Bill Sayks uning safari hisobotini eshitib bo‘lar-bo‘lmasdan shosha-pisha oq itni chaqirdi-yu, qolayotganlar bilan xayr-ma’zur qilishdek rasmiyatchilikka vaqtini sarflab o‘tirmay, shlyapasini boshiga qo‘ndirgancha zing‘illab chiqdi-ketdi.

– Azizlarim, uning qayerdaligini bilishimiz shart… Uni topishimiz zarur! – dedi juhud haddan ziyod hayajon-la. – Charli, sen hozircha hech nima qilmay tur, toki u to‘g‘risida biron darak topmaguningcha hamma yoqni izg‘ib chiq. Nensi, azizam, uni qanday bo‘lmasin topishim kerak. Senga butunlay inonaman, azizam, sen bilan Tullakka! Shoshmanglar, shoshmanglar, – qo‘shib qo‘ydi juhud titrayotgan qo‘llari bilan stol g‘aladonini ochayotib, – mana sizlarga pul, azizlarim. Men buguncha do‘konni yopa turaman. Meni qayerdan topishni o‘zlaring bilasizlar! Qani, biron daqiqayam fursatni boy bermanglar. Biron lahzaniyam, azizlarim!

U shu so‘zlar bilan yoshlarni xonadan itarib chiqarib, qulf kalitini ikki marta burab, eshik lo‘kidonini surib qo‘ygach, Oliver bexosdan ko‘rib qolgan qutichani xufiya joydan oldi. Keyin hovliqib soat-u qimmatbaho buyumlarni qo‘yni-qo‘njiga yashira boshladi.

Shu asnoda eshikning taqillashi uni cho‘chitib yubordi va bu yumushidan chalg‘ishga majbur etdi.

– Kim u? – deya qichqirdi u naq quloqni teshgudek.

– Men! – kalit solinadigan teshikdan Tullakning ovozi eshitildi.

– Ha, nima deysan yana? – baqirdi juhud toqatsizlanib.

– Nensi so‘rayapti, u qayoqqa olib kelinadi – boshqa uygami? – surishtirdi Tullak.

– Ha! – javob qildi juhud. – Qidiringlar uni, izlab topinglar, gap tamom! U yog‘iga nima qilishimni o‘zim bilaman. Qo‘rqmanglar!

Bola, tushundim, degandek g‘o‘ldirab, o‘rtog‘i ketidan yugurdi.

– Hozircha u sotgani yo‘q, – dedi juhud boyagi yumushiga kirisharkan. – Bordi-yu, yangi oshnalariga biz to‘g‘rimizda valdirash xayolida bo‘lsa, giribonidan olishga ulguramiz hali.

25.Papilyotka – sochni jingalak qilish uchun ishlatiladigan qog‘oz. (Tarj.)
26.Retklif katta yo‘li – Londonning ulkan doklaridan shimol tomonda joylashgan ishchilar dahasidagi uzundan-uzun ko‘cha qadimda shunday atalgan.

Türler ve etiketler

Yaş sınırı:
0+
Litres'teki yayın tarihi:
03 kasım 2023
ISBN:
978-9943-27-701-4
Telif hakkı:
Kitobxon
Metin
Ortalama puan 4,4, 7 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Ses
Ortalama puan 4, 1 oylamaya göre
Ses
Ortalama puan 4, 2 oylamaya göre
Metin PDF
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre
Metin PDF
Ortalama puan 5, 3 oylamaya göre