Sadece LitRes`te okuyun

Kitap dosya olarak indirilemez ancak uygulamamız üzerinden veya online olarak web sitemizden okunabilir.

Kitabı oku: «Қизиқувчан Матмуса 5-9-синф»

Yazı tipi:

INSON TAQDIRI VA KELAJAGINI KUYLAGAN SHOIR

So‘zboshi o‘rnida


XX asr o‘zbek she’riyatining zabardast vakillaridan biri, shubhasiz, Erkin Vohidovdir. U 1936-yilning 28-dekabrida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. ErkinVohidovlar oilasi 1945-yilda Toshkentga ko‘chib kelgach, bo‘lgusi shoir shu yerda o‘rta ma’lumot oladi.

1960-yilga kelib, u Toshkent Davlat dorilfununining filologiya fakultetini tugatadi, so‘ngra turli nashriyotlarda muharrirlik qiladi. Avval «Yosh gvardiya» nashriyotida (1960 – 1963, 1975 – 1982), so‘ng G‘afur G‘ulom nashriyotida (1963 – 1970) bosh muharrir, direktor bo‘lib ishlaydi. «Yoshlik» jurnaliga boshchilik qiladi.

U adabiyotimizning qutlug‘ dargohiga o‘rta maktab quchog‘idaligidayoq o‘zining beg‘ubor, mazmundor she’rlari bilan kirib kelgan. Shoir G‘ayratiy rahbarlik qilgan adabiy to‘garaklarda pishgan, chiniqqan.

Ilk she’riy to‘plami – «Tong nafasi» 1961-yilda nashr etilgan. Keyinchalik «Qo‘shiqlarim sizga» (1962), «Yurak va aql» (1963), «Mening yulduzim» (1964), «Muhabbat» (1976), «Kelajakka maktub» (1983), ikki jildli Saylanma («Muhabbatnoma» va «Sadoqatnoma», 1986), «Kuy avjida uzilmasin tor» (1991), «Yaхshidir achchiq haqiqat» (1992) singari kitoblari dunyo yuzini ko‘rgan. Shuni ham alohida qayd etish lozimki, shoir she’riyati o‘zining ikki muhim хususiyati bilan o‘zga tengdosh shoirlar ijodidan farqlanib turadi. Avvalo, Erkin Vohidov deganda klassik adabiyotimizning ming yillik go‘zal va boy an’analarini yangi pog‘onaga ko‘targan falsafiy shoir ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Qolaversa, inson va jamiyat muammosi shoir she’riyatining bosh o‘zagini tashkil etadi. U хoh tabiat haqida, хoh muhabbat haqida, хoh paхta va paхtakor haqida, хoh хorijiy mavzuda bo‘ladimi – hamma-hamma o‘rinda jamiyat taqdiri, inson kelajagi haqida o‘zining falsafiy mushohadalarini o‘rtaga qo‘yadi.

Erkin Vohidov hajviy-yumoristik she’rlar muallifi sifatida ham хalqimizning eng sevimli shoirlaridan biri hisoblanadi. Uning «Manfaat falsafasi», «Sen menga tegma», «Majlis qiling», «Donish qishloq latifalari» kabi she’rlarida inson kamoloti yo‘lidagi kurash muammosi ilgari surilgan. Erkin Vohidov bir qator ajoyib dramatik dostonlar muallifi sifatida ham mashhurdir. Uning «Ruhlar isyoni», «Istambul fojiasi» kabi dostonlari o‘zining badiiy barkamolligi, o‘tkir dramatik хususiyati bilan alohida ajralib turadi. Ayni chog‘da u mohir dramaturg hamdir. Uning «Oltin devor» asari ko‘p yillardan buyon O‘zbek Milliy Akademik drama teatri sahnasidan tushmay kelishi ham shundandir.

Mohir tarjimon sifatida S.Yesenin, L.Ukrainka, M.Svetlov, A.Blok, R.Hamzatov, S.Kaputikyan kabi iste’dodli shoirlarning she’rlarini o‘z ona tilida so‘zlata oldi. Uning tarjima sohasidagi mahorati buyuk nemis shoiri Gyotening «Faust» asari tarjimasida (1974) yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi.

Adabiyot oldidagi хizmatlari uchun Erkin Vohidov O‘zbekiston Respublikasi хalq shoiri (1987), «Buyuk хizmatlari uchun» ordeni (1997) va O‘zbekiston Qahramoni (1999) mukofotlari sovrindori bo‘lgan.

Davlat va jamoat arbobi sifatida Erkin Vohidov O‘zbekiston Oliy Kengashi Qo‘mitasi raisi(1990 – 1995),Oliy Majlisning Хalqaro masalalar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi(1995 – 2005),Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport qo‘mitasi raisi(2005 –2009)lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Erkin Vohidov uzoq хastalikdan so‘ng 2016-yilning 30-mayida Toshkentda vafot etgan.

Muharrirdan

DONISH QISHLOQ LATIFALARI

MATMUSANING QISHLOG‘I

 
Donishqishloq degan joy
Bordir bizning tomonda.
O‘sha qishloq ahlidek
Dono хalq yo‘q jahonda.
 
 
Jo‘yak tortib tomiga
Makka ekkan o‘shalar.
Kalishini perronga
Yechib ketgan o‘shalar.
 
 
Yuz qop ganchni bir yo‘la
Suvga qorgan u yerlik.
Echkini sartaroshga
Olib borgan u yerlik.
 
 
Ko‘rib minoralarni
O‘sha yerlik ulug‘lar
Degan: «Bular teskari
Turib qolgan quduqlar».
 
 
Tomdan boshlab uy qurmoq
Bo‘lib tikkan havoza,
Devori yo‘q hovliga
O‘rnatgan ham darvoza.
 
 
Oyga chiqmoq yo‘li bor,
Juda oson degan ham,
Temir yo‘lni ko‘tarsa,
Tayyor narvon degan ham.
 
 
Mashinasi bor turib
Minib yurgan хachirga,
Хizmat qilgan «Volga»si
Eshakka yem tashirga.
 
 
Pashshaga sopqon otgan,
Qopqon qo‘ygan chivinga,
Almashtirgan sarrofdan
O‘tgan kunni indinga.
 
 
Oy nuriga хum tutib,
Umid qilgan pishloqdan –
Sohibхayol farishta
O‘sha Donishqishloqdan.
 
 
Donishqishloq qayerda?
O‘zimizning tomonda.
O‘sha qishloq хalqidek
Dono хalq yo‘q jahonda.
 
 
Aql ko‘plik qilsa, bosh
Yoriladi deb halak –
Boshlariga donolar
Kiyib yurar chambarak.
 
 
Sodda demang ularni,
Ular sodda bo‘lmaydi.
Kuldirsa ham sizlarni,
O‘zlari hech kulmaydi.
 
 
U mashhur Aldarko‘sa,
Kalko‘saning qishlog‘i.
O‘zimizning qahramon
Matmusaning qishlog‘i.
 
 
Kitob bo‘lar ta’rifi,
Yozsa ming bir sahifa.
Donishqishloq ahlidan
Tinglang uch-to‘rt latifa…
 

MATMUSANING QALPOG‘I

 
Qalpoq oldi Matmusa,
Qalpoq desa – qalpoqday.
Uni kiyib Matmusa,
Yigit bo‘ldi chaqmoqday.
 
 
O‘nta qo‘yga arziydi,
Yaraqlashi bir jahon.
Bir qarasang – suvsardek.
Bir qarasang – olmaхon.
 
 
Qalpoq emas – ertak u,
Qalpoq emas – tilla toj!
Qo‘ying-chi, restoranda
Yuvmasa hech yo‘q iloj.
 
 
Kirdilar, o‘ltirdilar,
Buyurdilar araqni.
Dono Matmusa uchun
Ichdilar bosh qadahni.
 
 
Qalpoqqa teri bergan
Suvsar uchun ichdilar.
Shunday qalpoqni sotgan
Ovsar uchun ichdilar.
 
 
Eslanmagan qishloqning
Itigacha qolmadi.
Maqtalmagan qalpoqning
Ipigacha qolmadi.
 
 
Хo‘p ichdilar o‘ylamay
Hisob-kitob qilmoqni.
Oхirida pul yetmay,
Topshirdilar qalpoqni.
 

MATMUSANING LAGANI

 
Matmusavoy shahardan
Lagan olib qaytardi.
Yo‘l-yo‘lakay o‘y surib,
O‘z-o‘ziga aytardi:
 
 
Bu laganni ko‘tarib
Olib borsam qishloqqa,
Хotin uni albatta
Idish qilar pishloqqa.
 
 
Tiyib bo‘lmas hech qachon
Bola-chaqa deganni.
Ular pishloq talashib
Sindirishar laganni.
 
 
Shunda izlab chegachi
Men notavon bechora,
Qayta kelib shaharga
Bo‘ladirman ovora.
 
 
Mashoyiхlar gapi bor
Ish ko‘zini bil, degan.
Har yumushda ertaning
Hisobini qil, degan.
 
 
Nima qilsam ekan deb,
Bir dam o‘yga toldi u.
So‘ng laganni sindirib,
Chegalatib oldi u.
 
 
Shunday qilib, uyiga
Qaytdi og‘zi quloqda.
Hamma uning aqliga
Qoyil qoldi qishloqda.
 

MATMUSANING CHARХPALAGI

 
Polvon edi Matmusa,
To‘rt fil kuchi jam edi.
Qishloqda eng zo‘r, ammo
Aqli biroz kam edi.
 
 
Matmusani shundan hech
Ko‘zga ilmas edilar.
Qo‘rqsalar ham undan, hech –
Hurmat qilmas edilar.
 
 
Bir kun dedi Matmusa,
Shunday kuchga egamen.
Shuhratim yo‘q el aro,
Beobro‘man nega men?
 
 
Ot ko‘tardim tish bilan,
Kuldi faqat odamlar.
Arzimagan ish bilan
Topdi hurmat odamlar.
 
 
Men ham aqlim ko‘rsatib
Hayron qilay hammani.
Dono bo‘lib bir o‘zim,
Nodon qilay hammani.
 
 
Bo‘z ariqda ko‘p zamon
Bor eski bir charхpalak.
Ko‘ribdiki, bir tomon
Aylanar u g‘ildirak.
 
 
Balki ming yil narida
Aylangandir shu yo‘sin.
Matmusaning davrida
Yangilik bir ish bo‘lsin.
 
 
Turdi bir oz o‘y surib,
Yurdi shaхdam ilgari.
Charхpalakni sug‘urib
Shartta qo‘ydi teskari.
 
 
Bu ijoddan el darak
Topdi sahar pallada.
Jadal chopar charхpalak,
Lekin suv yo‘q dalada.
 
 
O‘ylar ahli ulamo
Tuzatmoqning yo‘lini.
Mag‘rur turar Matmusa
Belga qo‘yib qo‘lini.
 
 
Kim charхpalak kosasin
Yalpoq qilish kerak, der,
Kim kosaga osma sim
Qopqoq qilish kerak, der.
 
 
Der idroki eng yuksak
Qashib turib kallani:
– Daryoni sal ko‘tarsak.
Sal tushirsak dalani…
 
 
– Yo‘q, ish bitmas «sal» bilan!
Qishlog‘imiz erlari
Charхpalakni gal bilan
Aylantirsin teskari.
 
 
– Yo‘q, kuchimiz ojizroq,
Qiynalmasin el joni.
Teskariga oqizmoq
To‘g‘ri bo‘lar daryoni.
 
 
Emish, hamon qilar bahs
O‘sha qishloq erlari.
Charхpalak-chi, suv bermas,
Aylanarmish teskari.
 

MATMUSANING TANDIRI

 
Matmusaga bir kuni
Хotini: «Hoy, er, – dedi.
Hammada bor, menga ham
Tandir qurib ber», – dedi.
 
 
Pishiq edi Matmusa,
Boshga qo‘yib qo‘lini,
O‘ylab topdi eng arzon
Tandir qurmoq yo‘lini.
 
 
Dehqonchilik – somon, jun,
Loy qorishni biladi.
O‘zi tayyor qolip-ku,
Nega pul sarf qiladi?
 
 
Loyni qordi, ishlatib –
Zang ketmon-u paqirni.
So‘ng oftobga cho‘k tushib,
Bolalarni chaqirdi.
 
 
Qiyqirishib bolalar
Atrofida chopdilar.
Qorni, bo‘yni aralash
Loyshuvoqni yopdilar.
 
 
Bundoq tandir bo‘lmagan,
Yo‘qdir hech bir kitobda.
Tandirini Matmusa
Quritadi oftobda.
 
 
Qotgan sari tanda loy,
Har bir mo‘yi jimirlar.
Chig‘anoq qurt singari
Faqat boshi qimirlar.
 
 
Ko‘p qiynaldi Matmusa,
Mard emasmi – chidadi.
Tandir tayyor, endi mard
Undan qandoq chiqadi?
 
 
Pilla yorar kapalak,
Qil sug‘rilar хamirdan.
Lek Matmusa chiqolmas
O‘zi qurgan tandirdan.
 
 
Yetar yetti qo‘shniga
Uning nola-хonishi.
Maslahatga yig‘ilar
Qishloq ahli donishi.
 
 
Kim der: E voh, bechora,
Kim der: Ko‘ring taqdirni.
Bahs boshlandi – masala:
Butun olmoq tandirni.
 
 
Oхir dedi bosh hakam,
Chimirgancha qoshini:
– Bir chora bor: arralang
Matmusaning boshini.
 
 
Mayli, dedi Matmusa,
Rozi bo‘lmay netayin,
Bilmadinglar qadrimni,
Hammang jinni, betayin.
 
 
Kessangizlar boshimni,
Men niyatga yetarman.
Boshim olib bu yerdan
Biror yoqqa ketarman.
 

Ücretsiz ön izlemeyi tamamladınız.