Kitabı oku: «PEDAGOGIKA», sayfa 5
Fanlardan o‘zlashtira olmagan o‘quvchilarni qobiliyatsiz deyish xato, o‘qituvchining birinchi galdagi vazifasi, har bir o‘quvchining yoshini va psixologik xususiyatini chuqur o‘rganishi, uning qiziqishi va istaklarini aniqlashi, ularni hisobga olgan holda pedagogik chora-tadbirlarni qo‘llashdir. Umuman, pedagogik jihatdan to‘g‘ri uyushtirilgan har qanday faoliyat bola shaxsining aqliy, axloqiy, estetik, jismoniy hamda irodaviy rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi.
Xulosa qilib aytganda, rus pedagogi K.D.Ushinskiy ta’kidlaganidek, pedagogika fanining eng muhim vazifasi – shaxs rivojlanishini har jihatdan o‘rganishdir va o‘qituvchining ishda muvaffaqiyat qozonish sharti – o‘z o‘quvchilarining xislat va xususiyatalirini bilish.
3.3. Shaxs shakllanishining yosh davrlari va ularning o‘ziga xos xususiyatlari
Shaxsning shakllanishida unga berilayotgan ta’lim-tarbiyaning mazmuni, metodlari va vositalari bolaning yosh xususiyatlariga muvofiq kelishi muhim sanaladi. O‘qituvchi o‘quvchilarning ruhiy xususiyatlarini bilishi, ma’lum yoshdagi o‘quvchilarning diqqat, xotira, tafakkur layoqatlarini inobatga olishi asosida faoliyat tashkil etishi lozim. Shaxsning aqliy va jismoniy kamolotida doimo ilgariga qarab rivojlanish ro‘y beradi. Bolaning jismoniy va ruhiy kamoloti qaror topib borar ekan, bir qancha bosqichlarni bosib o‘tadi.
Shaxsning rivojlanib, kamol topishi. hayotning hamma bosqichida bir xil bo‘lmay, balki yosh xususiyatlari va hayot tajribalariga qarab har xil bo‘ladi. Tarbiya jarayonida o‘sayotgan yosh avlod o‘ziga xos xususiyatlarini bilishi juda zarur. Ma’lumki, bir xil yoshdagi bolalar- ning. O‘quvchi – tarbiyalanuvchilarning har birining o‘ziga xos xususiyatlari, psixik jarayonlari mavjud.
Bu o‘ziga xoslik rivojlanish jarayonida yaqqol namoyon bo‘ladi. Yosh xususiyatlarni hisobga olish, bola xususiyatiga moslashish emas, balki shu yosh davrida bola imkoniyatlarini hisobga olgan holda ta’lim va tarbiya ishlarini tashkil etish demakdir. Shundagina shaxs rivojlanishiga tarbiyaning ta’siri samarali bo‘ladi.
Tibbiyot, odam anatomiyasi. yosh fiziologiyasi va maktab gigiyenasi va psixologiyasi hamda pedagogika fanlari asoslariga ko‘ra, bolaning yosh davrlarini quyidagi guruhlariga bo‘lish mumkin (3.3.1- shakl).
3.3.1-shakl
Yosh davrlari shartli ravishda guruhlanadi. Unda muayyan yosh davrining guruhlanishi bolaning rivojlanish xususiyatlardagi o‘zgarishlarga qarab ajratiladi. Quyida yosh davrlariga qisqacha to‘xtalamiz.
Go‘daklik davri. Yangi tug‘ilgan bolada barcha sezgi turlari mavjud bo‘ladi. Ushbu sezgilar murakkab bo‘lmay, oddiy holatdadir. Chaqaloq bir holat faol bo‘lib, bu faollik, avvalo. qo‘l va oyoqlarning refleks yo‘li bilan harakatlanib turishida ko‘rinadi. Xuddi shunday reflektor harakatchanlik bolaning chinqiriqlarida ham namoyon bo‘ladi. Bolada vujudga keladigan shartli reflekslar 5–6 haftalarda yaqqol namoyon bo‘la boshlaydi. Masalan, u onasining ovozini taniydi, uni eshitsa, tinchlanadi. Begona odamlarni «yoqtirmay» bezovtalanadi.
Go‘daklik davrida bola birmuncha tajriba to‘plashi bilan uning idrok va tasavvurlari tarkib topa boshlaydi. Odatda, besh-olti oylik bola o‘tiradigan bo‘ladi, so‘ngra emaklab, tik yurishga harakat qila boshlaydi, 1–2 yoshda qadam qo‘yib, yura boshlaydi.
Bola yarim yoshdan oshgach, «g‘uldirab» so‘zlaydi hamda atrofdagilarning gaplarini tushuna boshlaydi va unda asta-sekin passiv nutq o‘sadi, ikki yoshga qadam qo‘ygach, faol nutqni o‘zlashtirib, gapira boshlaydi. Nutq va tafakkurning o‘sishi bilan bolaning atrof- dagi kishilarga munosabati murakkablashib, o‘ziga xos mazmunga ega bo‘la boshlaydi. Ushbu holat bola ruhiyatining o‘sishiga yordam beradi. Yasli davriga qadar bola aniq gapiradigan va o‘zi mustaqil yura oladigan bo‘ladi. Shuningdek, bolaning harakatchanligi, tafakkur va nutqi zo‘r berib taraqqiy etadi. Bu davrdagi bola tafakkuri «predmet tafakkuri» bo‘lib, u o‘zi idrok qilgan, ko‘rgan narsalar haqida fikr yuritadi. Uning tafakkuri predmetlarga munosabatida ko‘rinadi.
So‘z yuritilayotgan davrda, bolaning hissiy kechinmalari yuzaga kela boshlaydi. Dastlab ta’m bilish hamda teri sezgilari orqali qabul qilishlarga nisbatan organik hislar namoyon bo‘ladi. Keyinchalik ehtiyoj, erkalanish va yaqinlariga mehribonlik sezgilari, g‘azablanish, qo‘rqish hamda zavqlanish kabi sezgilar namoyon bo‘ladi.
Maktabgacha tarbiya davri. Ushbu yoshdagi bolaning emotsionalligi (hissiy beriluvchanligi) uning faolligida, harakatchanligida ko‘rinadi. Bu yosh davrida bolalar hayotida o‘yin o‘ziga xos o‘rin
tutadi, o‘yinlar, asosan, katta yoshdagi kishilar yoki bolalarning harakatlariga nisbatan taqliddan iborat bo‘ladi. Bolani o‘yinning mazmunidan ko‘ra o‘ynalayotgan buyumlar (o‘yinchoq va qo‘g‘irchoqlar) hamda o‘zining harakatlari ko‘proq zavqlantiradi.
Mazkur yosh davrida. bola faoliyatida ixtiyorsiz faollik bilan bir qatorda, ixtiyoriy diqqat ham o‘sa boshlaydi. Bu davr bola «men» ligining vujudga kelishi bilan ham xarakterlidir. U tevarak-atrofdagi bolalar bilan o‘zini solishtiradi, o‘zining ulardan ustun jihat- larini qidira boshlaydi. Bunday holatlar uning «men, o‘zim» so‘zini keng qo‘llashda seziladi.
Olti yoshga qadar bola dunyoni. ijtimoiy borliqni to‘laligicha idrok etadi. Uning atrofdagilar bilan munosabat doirasi kengayib boradi. Bu esa uning nutqi va tafakkurini yanada o‘stiradi. Munosabatlar doirasining kengayib borishi, unga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini oshiradi.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolaning tafakkuri aniq tafakkur bo‘lib, u nimalarni idrok etsa yoki tasavvur qilsa, o‘sha narsalar haqida fikr yuritadi. Shu bois bola uchun mavhum voqea-hodisalarga qiyoslab. tushuntirish maqsadga muvofiqdir. Atrorfdagilar bilan muomalada bo‘lish asosida bolada ma’naviy qarash shakllanadi, endilikda u turli harakatlarni «yaxshi». «yo‘lon» deya baholab boradi. Bu davrda bola hayotda o‘yin bilan birga faoliyatning boshqa turlari ham ahamiyatli bo‘lib boradi, dastlabki mehnat ko‘nikmalari hosil bo‘ladi: rasm chizadi, loydan, qumdan shakllar yasavdi. Shuningdek, ular kattalar tomonidan berilgan oddiy topshiriqni bajarib boradilar. Ularni kuchlari etadigan ishlarga jalb qilish yaxshi samara beradi.
Kichik maktab yoshi. 7 yoshga to‘lgan bola (ushbu yosh qator mutafakkirlar tomonidan dastlabki «yetuklik yoshi» sifatida e’tirof etilgan) jismoniy va ruhiy xususiyatlarga ko‘ra maktabga, ta’lim olish- ga to‘la tayyor bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida» gi Qonuniga muvofiq respublikamizdagi bolalarning barchasi 6–7 yoshdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tahsil ola boshlaydi. Shu davrga qadar bola hayotida muhim o‘rin tutgan o‘yin faoliyati o‘z o‘rnini tizimli, uzluksiz ravishda amalga oshiriladigan va majburiy vaqt asosida tashkil qilinadigan o‘qish faoliyatiga bo‘shatib beradi. Yosh bola uchun bunday «mas’uliyatli mehnat» ga o‘tish qiyin kechsa-da, u asta- sekin bunday sharoitga ko‘nika boradi.
Kichik maktab yoshi o‘quvchilari ijtimoiy borliq haqida muayyan tasavvurga ega bo‘lsalar ham ro‘y berayotgan voqea-hodisalarning mohiyatini bilishga qiziqadi. Maktabda tashkil etilayotgan ta’lim jarayoni bolaning aqliy faoliyati uchun zarur bo‘lgan fazilatlarning tarkib topishini ta’minlaydi. Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar jismoniy jihatdan bir maromda o‘sadi, o‘g‘il va qizlar gavda tuzilishi jihatdan bir-birlaridan deyarli farq qilmaydi. Ularning bo‘yi o‘rtacha 120 sm, og‘irligi 22 kg atrofida bo‘ladi. Suyaklarda tog‘aylik holati o‘sadi. Naysimon ilik suyaklari, asosan, eniga o‘sadi, tuzilishi takomillashib boradi va 12 yoshda bu suyaklar kattalarnikiday qiyofaga ega bo‘ladi. Lekin bo‘g‘inlar, umurtqa pog‘onasi, tos suyaklari hali elastik holatda bo‘ladi. Ko‘krak qafasi va umurtqa pog‘onasi suyaklari yetarlicha qotmaganligi tufayli ular tez shikastlanishi mumkin. Ularda muskul paylari va bo‘g‘inlar tez rivojlanadi. Muskul kuchining ortib borishi tufayli bu davrda o‘quvchilar g‘oyat harakatchan bo‘ladi.
Kichik maktab o‘quvchilarining bosh miyasi o‘sib borib, uning tuzilishida o‘zgarishlar ro‘y beradi. Ularda o‘pka rivojlangan, lekin nafas yo‘li hamda diafrag‘la bo‘sh rivojlangan bo‘ladi, shu tufayli kichik yoshdagi o‘quvchilar ko‘p vaqt harakatsiz qolsalar organizmning kislorod bilan ta’minlanishi yo‘lonlashadi.
Kichik yoshdagi o‘quvchilarning yuragi, qon aylanish tizimi va nafas olish organlari o‘sishda davom etadi. Ularning yuragi kattalarnikiga nisbatan ikki marta ko‘p qon ishlab chiqaradi. Shu bois ularning yurak urishi tez bo‘lib, har daqiqa 90–92 martaga yetadi. Qonning tarkibida oq qon tanachalari ko‘p bo‘ladi. Jismoniy o‘sishning bu kabi xususiyatlari kichik yoshdagi o‘quvchilarga nisbatan o‘qituvchilar tomonidan ehtiyotkorona yondashuvni talab qiladi. Ularni asabiy- lashishdan saqlash lozim. Bu yoshdagi o‘quvchilar ko‘proq harakat qilishi, ochiq havoda bo‘lishi, yetarli darajada dam olishi, uxlashi ta’lab etiladi. Atrofdagilar buning uchun g‘amxo‘rlik qilishlari lozim. Ularning stol atrofida, partada to‘g‘ri o‘tirishiga, o‘rnida tekis (o‘rin
yumshoq bo‘lmagani ma’qul) yotishiga, qomatlarini tik tutib yurishiga e’tiborli bo‘lish kerak. O‘yin vaqtida, qaltis harakat qilishdan ularni saqlash zarur.
Kichik maktab o‘quvchilarida ixtiyoriy diqqat, xotira va idrok, tafakkur, ixtiyoriy idrok qilish, nutq, his-tuyg‘u, iroda kabi ruhiy jarayonlar rivojlanadi. Shu bois ular bilim olishga va o‘rganishga intiluvchan bo‘ladi. Atrofda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarning barchasi ularni qiziqtiradi. O‘qituvchi ularning qiziqishlarini qondirishga harakat qilishi va shu asosda qiziqishlarini rivojlantirib borishi kerak.
Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar uchun eng ideal shaxs – o‘qituvchi bo‘lib, bolalar uning talablarini dildan bajarishga urinadi. Ular orasida o‘qituvchining obro‘si o‘z ota-onasidan ham baland bo‘ladi.
Kichik maktab yoshi o‘quvchilarining fikrlashi obrazli bo‘ladi. Shu bois, ularga kinoya, kesatik hamda qochiriqli gaplarni gapirish samara bermaydi. O‘qitish ko‘rgazmali qurollar, vositalar yordamida tashkil etilishi kerak. Materialni tushuntirishda uning obrazli, ifodali bo‘lishiga erishish lozim. Ularning kayfiyatiga o‘qishdagi yutuqlari, olgan baholari, shuningdek, amalga oshirgan ijobiy ishlari ta’sir qiladi. Shu bois o‘qituvchi tomonidan unga berilayotgan e’tibor alohida qiymatga ega. Bolaning har bir harakati o‘qituvchining e’tiroziga sababchi bo‘lsa, unda o‘qish istagi yo‘qoladi, maktab ta’limidan ko‘ngli soviydi. O‘qituvchidan qo‘rqqanidan yolg‘on gapira boshlaydi. Bu hol doimiy takrorlanaversa, qo‘rqoqlik va yolg‘onchilik uning asosiy xislati bo‘lib qoladi. O‘qituvchi tanbehi oqilona bo‘lib, bola sha’nini yerga urmasligi, shaxsini kamsitmasligi kerak.
O‘smirlik davri. Kichik maktab yoshidan o‘tgach, o‘smirlik davri boshlanadi. Bunda bola shaxsi rivoj lanishining murakkab davri boshlanib, bu «o‘tish davri» deb ataladi. O‘tish davri bolalikdan balog‘at davriga o‘tishni ifodalaydi. O‘smirlik yoshining murakkabligi uning anatomik-fiziologik va psixologik xususiyatida ro‘y berayotgan kuchli o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
O‘smirlik yoshida jismoniy jihatdan sekin o‘sish davri tugaydi. Jismoniy o‘sish tezlashadi. O‘smirlar 31 yil ichida 20–25 sm o‘sadilar (qizlarning o‘sishi 18–25, o‘g‘il bolalar 25–30 sm ni tashkil etadi). Bo‘yiga o‘sish, ilik suyaklarining uzayishi va umurtqa suyagining kattalashishi hisobiga ro‘y beradi, ammo ilik suyaklarining oxirgi qismlarida ham tog‘aylik holati ustun bo‘lib turadi. Shu sababli, ularga jismoniy topshiriqlar berishda bu holat inobatga olinishi kerak. Ushbu holat tufayli o‘smirning qaddi-basti beso‘naqay bo‘lib ko‘rinadi. O‘z navbatida suyakning tez o‘sishi, muskullar rivojining ortda qolishi sababli, o‘smir baland, oyoq-qo‘li uzun, ozg‘inday ko‘rinadi. Bu esa uning yurishiga, gavdasini tutishiga ta’sir etadi.
O‘smirning ko‘krak qafasi ham bo‘yiga nisbatan sekin o‘sadi. Shu sababli ko‘pchilik o‘smirlarning ko‘krak qafasi tor bo‘ladi. Bu holat organizmning kislorod bilan to‘yinishiga to‘sqinlik qiladi. Ta’lim-tarbiya jarayonida mazkur holatni inobatga olish maqsadga muvofiqdir. Qon aylanishida ham katta o‘zgarishlar yuz berib, yurak hajmi ortadi, ammo qon tomirlarining rivoji bir oz ortda qoladi. O‘smirlik yoshida jinsiy yetilish davri boshlanadi. Ularda ayollik va erkaklikning tashqi belgilari (ovozning do‘rillashi, mo‘ylovining sabza urishi, ko‘krak qafasi va ko‘krak bezlarining, o‘g‘il va qiz bolaning nafas olishidagi tafovut) paydo bo‘la boshlaydi. O‘zgarishlar ta’sirida ro‘y bergan erotik sezgilar ularni tashvishga soladi. Bularning barchasi ichki va tashqi tafovutlarni kuchaytiradi. Organizmdagi o‘zgarishlar o‘smirning atrofdagilar bilan munosabati mazmuniga ta’sir etadi. O‘smir tabiati tundlasha boradi, kayfiyati tez o‘zgaradi. Uyda, oila a’zolari davrasidagina o‘zini erkin sezadi. Shu bois, ko‘proq ular bilan bo‘lishni istaydi.
O‘smirning faoliyatida o‘qish muhim o‘rin tutadi. O‘qish ishga aylanib qolgani uchun talablarning ortib borayotganligiga o‘smir befarq munosabatda bo‘ladi. Fanlarni o‘zlashtirishda qisman «pastlashish» holati kuzatiladi. Ammo mustaqil topshiriqlarni bajarishda faol bo‘ladi. O‘smir intizomida salbiy holatlar ko‘rina boshlaydi, bu hol uning mustaqil bo‘lishga intilishi asosida yuzaga keladi. Agar o‘qituvchi o‘quvchi xususiyatini yaxshi bilmasa, qo‘yilayotgan talablarda birlik, yaqinlik bo‘lmasa hamda ular asoslab berilmasa, o‘smir xulqida kattalarga bo‘ysinmaslik kabi salbiy xususiyatlar qaror topadi va uning xatti-harakatida bu xususiyatlar ko‘rinadi.
O‘smir o‘quvchining e’tiborini o‘qishdan tashqari ishlarni ham o‘ziga jalb qiladi. O‘smirda muayyan yo‘nalishga ega harakatli o‘yinlar qiziqish uyg‘otadi. Bu xildagi ishlarda u o‘zining shaxsiy sifatlarini namoyish qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Jamoat ishlariga o‘smirlarni jalb etish, ularda ijtimoiy faollik. tashabbuskorlik kabi tazilatlarni shakllantiradi. O‘smir uchun tengdoshlarining e’tibori. jamoaning fikri ota-ona va o‘qituvchi fikridan ham ko‘proq ta’sir qiladi. Shuning uchun u tengdoshlari o‘rasida obro‘ orttirishga, liderlikka intiladi. Agar o‘zini o‘qish va jamoa ishlarida ko‘rsata olmasa, yo‘lon xulqli o‘quvchi bo‘lib tanilishi mumkin. Bu esa aksariyat hollarda o‘smirni «kriminogen» mikromuhitga tomon yetaklab boradi. Bu kabi holatlarni oldini olishda, eng to‘g‘ri yo‘l har bir o‘smir uchun o‘z kuchi va imkoniyatlariga loyiq jamoa topshirig‘ining berilishidir. Shundagina o‘smir jamoa uchun kerakli ekanligini anglaydi.
O‘smirda his-tuyg‘ularni idora qilish layoqati endi-endi shakilana boradi. Bu uning xulqida namoyon bo‘ladi. O‘zining har narsaga jahli chiqishi, qo‘pollik holatlari tez-tez yuz beradi. O‘smirlarning bu xususiyati ko‘proq bahs-munozara jarayonida ko‘zga tashlanadi. Garchi, o‘z fikri asosli bo‘lmasa-da, uni ma’qullashga urinadi.
13-14 yoshlarda o‘smirlarda burch hissi, mas’uliyat tuyg‘usi o‘sadi. birmuncha vazminlik paydo bo‘la boshlaydi. Bu davrda o‘smirda maqsadga intilish, o‘zi uchun ideal tanlash boshlanadi. O‘smirlarda axloqiy e’tiqod shakllanib, o‘ziga xos qarashlar tarkib topa boradi.
Demak, o‘smir bilan munosabatda sabr-toqat, vazminlik zarur. Unga mustaqillik berish. buyruq emas. aksincha, maslahat berish bu yoshdagi o‘quvchilarni to‘g‘ri tarbiyalashning garovidir.
O‘spirinlik davri. O‘spirinlik davri jismoniy o‘sishning tinch davri sanaladi. Shu boisdan, o‘smitiardan farqli ravishda o‘spirinlar faoliyatida romantik his-tuyg‘ulardan ko‘ra ko‘proq realizm muhim o‘rin tutadi.
O‘spirinning tana tuzilishidagi organlarning (qo‘l, oyoq, ko‘krak qafasi, yelka) bir-biriga muvofiqsizligi o‘spirinlik davriga kelib, asta-sekin yo‘qola boradi. ularning qomatlari shakllanadi. Tana massasi bilan yurakning hajmi o‘rtasidagi munosabatda uyg‘unlik, orqa umurtqa suyaklari bilan tananing tuzilishida muvofiqlik vujudga keladi. Muskullarning kuchi va ish qobiliyati ortadi. Ichki sekretsiya bezlarining faoliyati muvozanatlashadi. Jinsiy yeti 1 ish, asosan, tugaydi. Ba’zi o‘spirinlarda bunday yetilish ortda qoladi. Bunga sabab, bolalikda kechirgan og‘ir kasalligi, organizmning kuchsiz, nimjon yoki dardchilligi bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda o‘smirlar rivojlanishi (tezlashish) tufayli o‘spirinning yetilishi ham tezlashadi va yuqorida qayd etilgan holat deyarli kuzatilmaydi.
O‘spirinlarda organlarning tarkib topishi va organizm to‘qimalaridagi takomillashish nihoyasiga yetadi. Ular jismoniy kuchli, xushbichim va sog‘lom bo‘lganliklari tufayli tetik va quvnoq hayot kechiradilar. O‘spirinlar miya hujayralarining tuzilishida ro‘y bergan takomillashish, asab tizimi va faoliyati mazmunining o‘zgarishiga olib keladi.
O‘spirin faoliyatining asosiy turi o‘qish bo‘lib qolaveradi. Bilimlar hajmi kengayadi. Ular ijtimoiy munosabatlar, xususan oila, moliyaviy, me’yoriy, ma’muriy, xo‘jalik, mehnat hamda jismoniy faoliyatlar mohiyatini teran tushunishga intila boshlaydi. Shu sababli, mazkur yosh davrida ularga ijtimoiy-ma’naviy bilimlarni berish maqsadga muvofiqdir. O‘spirin nazariy ma’lumotlar mazmunini tahlil eta olish imkoniga ham ega bo‘ladi. Oilaviy, xo‘jalik, oldi-sotdi xususidagi munosabatlarni tashkil etish, maishiy va aloqa xizmatlari, shuning- dek. jamoat transportidan foydalanish chog‘ida, ularda ijtimoiy bilimlarni egallashga nisbatan ehtiyoj va qiziqish hosil bo‘ladi. Ehtiyoj hamda qiziqish o‘z-o‘zidan ijtimoiy faoliyatni tashkil etishga bo‘lgan rag‘batni yuzaga keltiradi.
O‘spirin ijtimoiy munosabatlar mohiyatini anglashga, ular haqida chuqur mulohaza yurgizishga intilar ekan, ularda axloqiy (ma’naviy) tasavvur va idrok hosil bo‘ladi. Ixtiyoriy va barqaror diqqat esa, ularning ma’naviy tafakkurining shakllanishiga imkon yaratadi, natijada, ular ijtimoiy munosabatlar borasida mantiqiy asosli fikr yurita boshlaydilar.
O‘spirin yoshda o‘quvchilar turli o‘quv fanlarining nazariy va metodologik asoslarini egallashga intiladi, fanlararo aloqadorlik va bog‘liqlik xususida fikr yurita boshlaydi. Shu bois. ta’lim va tarbiyani tashkil etishda fanlararo aloqadorlikdan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Iqtisodiyot va ekologiya asoslari, mehnat hamda harbiy ta’lim kabi fan va maxsus kurslar doirasida iqtisodiy, ekologik, mehnat va harbiy faoliyatlarning ma’naviy asoslari, oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlaming berilishi o‘spirinlarda ma’naviy savodxonlikning vujudga kelishini ta’minlaydi.
O‘spirinlarda shaxsiy faoliyatni tashkil etishda mustaqillikka intilish yaqqol ko‘zga tashlanadi, bu esa ularda ijtimoiy, xulqiy munosabatlar mazmunini o‘zlashtirishda ijtimoiy faollik ko‘rsatish ehtiyojini yuzaga keltiradi. Ularning o‘quvchilar o‘z-o‘zini boshqarish organlari, jamoatchilik tashkilotlari faoliyatidagi ishtiroki ana shu ehtiyojni qondirish yo‘lida muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
O‘spirinlarning ilm-fan, siyosat. texnik. sport, san’at olami bilan bog‘liq qiziqishlari darajasini inobatga olib, ommaviy axborot vositalari sahifalarida yoritilgan. yuqorida qayd etilgan sohalarga oid ijtimoiy mazmundagi axborot, eshittirish va ko‘rsatuvlar tayyorlash o‘quvchilar ma’naviy madaniyatini shakllantirishda yaxshi samara beradi. O‘spirinlardagi qiziqishni inobatga olgan holda ijtimoiy mazmundagi, xususan, «Biznes faoliyatini tashkil etishning ma’naviy asoslari», «Oldi-sotdi munosabatlarning axloqiy negizlari», «Yoshlar jinoyatchiligi va uning oqibatlari» «XXI asrga narkotiklarsiz qadam tashla!», «Sening huquqiy burchlaring», «Yoshlar ijtimoiy mehnatini tashkil etish shartlari», «Nikoh – muqaddas bitim», «Tabiatni muho- faza qilishning ma’naviy asoslari», «Terrorizm – mudhish jinoyat», «Qonuniy harakat va harakatsizlik nima?» kabi mavzularda ma’ruza va seminarlar tashkil etish, mustaqil ravishda ijtimoiy adabiyotlar bilan ishlashga o‘rgatish, noaxloqiy xatti-harakatlar va uning oqibatlari xususida davra suhbati, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan uchrashuv va anjumanlar o‘tkazish, shuningdek, ijtimoiy mavzudagi kinofilmlar namoyish etish g‘oyat muhimdir.
O‘spirin yoshida o‘quvchilar o‘zlari uchun ideal tanlashga inti- ladilar. Ushbu istakni rag‘batlantirish maqsadida ular o‘rtasida adolat, erk, odillik timsoli bo‘lgan, elu yurt tinchligi, vatan xavfsizligi yo‘lida qurbon bo‘lgan kishilar to‘g‘risidagi ma’lumotni berishga qaratilgan faoliyatni tashkil etish, o‘quvchilarning huquqiy madaniyatini shakllantirish yo‘llaridagi muhim omil bo‘ladi. O‘z ideallari shaxsidan namuna o‘zlashtirish o‘spirinlarda ijtimoiy mas’ullik xislatlarining shakllanishiga. jamiyatda erk va adolat. Qonun ustuvorligiga erishish uchun kurash g‘oyalariga sodiqlik hissining uyg‘onishiga olib keladi.
O‘spirin yigit-qizlarda bir-birlariga nisbatan qiziqishning vujudga kelishi, ikki jins orasidagi do‘stlik-o‘rtoqlik tuyg‘ularini shakllanishiga zamin hozirlaydi. Ba’zi o‘spirinlarning do‘stligi zamirida haqiqiy sevgi-muhabbat qaror topadi. Shu sababli, ularda oila va nikoh masalalariga nisbatan jiddiy munosabatni tarkib toptirish, voyaga yetmaganlarning nikohga kirishlari, shuningdek, ular o‘rtasidagi jinsiy yaqinlikning oldini olish maqsadida, ular orasida oila va nikohning ma’naviy asoslari borasidagi targ‘ib ishini kuchaytirish, bu borada o‘ta ehtiyotkorona yondashuvni tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
O‘spirinlarning barcha intilishlari muayyan maqsad bilan bog‘lanadi. Ularning ko‘pchiligi yaxshi xulqli inson bo‘lish, vatanga, xalqqa xizmat qilishga intiladi. Ammo, ayrim o‘spirinlar nosog‘lom muhit ta’siriga tushib qoladi, natijada ular shaxsiy manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘ya boshlaydi. Ularning xarakteridagi bu kabi salbiy holatlarining oldini olish uchun tarbiya ishida o‘spirinning ijobiy fazilatiga tayanib ish ko‘rish, ularga ishonch bildirish, ularni qo‘llab-quvvatlash samarali natija beradi. O‘spirinlarga axloqiy-huquqiy me’yorlar mohiyatini to‘g‘ri anglatish, ularning shaxs erki va huquqlarining kafolatli ekanligiga ishonch hosil qilishlarini ta’minlash, fuqarolik erkinliklari o‘spirin uchun ijtimoiy hayot- da o‘z o‘rnini topa olish garovi ekanligiga ishonch hosil qilishlarini ta’minlash, axloqiy-me’yorlar mohiyatini to‘g‘ri talqin etishlari- ga erishish mazkur yosh vakillari hayotining ayanchli, fojiaviy yakun topmasligiga olib keladi.
O‘spirin shaxsining rivojlanishida jamoa muhim o‘rin tutadi. Jamoa o‘spirinni o‘ziga jalb etar ekan, uning fikri o‘spiringa nisbatan ko‘rsatilayotgan e’tibori katta ahamiyatga ega. Shu sababli, sinfdan tashqari sharoitda tashkil etilayotgan ijtimoiy mazmundagi tarbiyaviy tadbirlarni jamoa ishtirokida tashkil etish. O‘quvchilarning birgalikdagi harakatlari kuchiga tayanib, o‘spiringa ta’sir ko‘rsatish yaxshi natijalar beradi. Shuningdek, o‘spirin shaxsiga katta yoshdagi, tajribali hamda bilimdon kishilar muloqotiga intilishi kabi xususiyatni inobatga olib. ana shunday kishilar bilan uchrashuvlar. Suhbatlar tashkil etish lozim. Huquqiy tadbirlarni uyushtirishda jamoaning bu boradagi imkoniyatini hisobga olish ko‘p foyda keltiradi.
O‘spirin o‘quvchilar o‘rtasida ijtimoiy bilimlarni targ‘ib etishda erkin muloqot, bahs tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Chunki ular o‘z fikrlarini ilgari surish, uni himoya qilish layoqatlarini namoyon etishga intiladi. Ular ham o‘smirlar kabi gohida fikrlari to‘g‘ri, asosli bo‘lmasa-da, unda qat’iy turib olishga urinadi. Ushbu kamchi- likka barham berish maqsadida sinf rahbari, o‘qituvchilar tomonidan o‘spirin fikri, uning pozitsiyasini diqqat bilan kuzatish. tahlil qilish hamda o‘spiringa o‘z vaqtida yordam berishga urinish – eng maqbul pedagogik chora hisoblanadi.
3.4. Barkamol shaxs tarbiyasining ma’naviy-ma’rifiy asoslari. Shaxs kamolotining yoshlar dunyoqarashidagi ahamiyati
Ma’lumki, barkamol avlodni tarbiyalash g‘ovasi ham milliy, ham umuminsoniy xarakterga ega bo‘lib, U bashariyatni ma’naviyat va ma’rifatga, ezgulik va yuksaklikka olib boruvchi komillik sari yo‘ldir. Shu sababli ham insoniyat paydo bo‘libdiki, tarbiya masalasi kishilar, oilalar, jamoalar, davlatlar oldida muhim muammo bo‘lib kelmoqda va ular ko‘p variantli yo‘llar, vositalar bilan turlicha shakllarda, uslublarda amalga oshirilmoqda.
Aslida bola tarbiyasi ona qornidaligi paytidayoq boshlanmog‘i lozim. Shu sababli ham jismonan baquvvat, ma’nan yetuk insonlar doimo ulug‘lanib kelingan va hattoki. Jismonan baquvvat insonlarga polvon hamda jismonan, ma’naviy yetuk insonlarga pahlavon deb nom berilgan.
Insonni ezgulik sari yetaklash haqidagi ta’limotlar muqaddas kitoblarimiz (Qur’oni Karim, Hadisi sharif, Avesto va shu kabilar)da doimo ulug‘lanib kelingan.
Barkamol shaxsni tarbiyalash, o‘zining ma’naviy, ma’rifiy, tashkiliy-uslubiy, ijtimoiy-iqtisodiy jihatlari bilan murakkab va mas’uliyatli dinamik jarayondir.
Mustaqillik xalqimizning turmush tarzini, ya’ni umr mazmunini belgilash imkoniyatini berdi va ular milliyligimizga xos turmush kechira boshladi. Bunda Prezident tomonidan olib borilayot- gan milliy davlat siyosati asosiy omil bo‘ldi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tomonidan 2008-yilning «Yoshlar уiIi» va 2010-yilning «Barkamol avlod yili» deb e’lon qilinishi hamda ushbu yillar bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoyishlarning qabul qilinishi yoshlarni har tomonlama yetuk, jismonan va ma’nan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalashni maqsad qilib, belgilab berdi. Bunda «Sog‘lom hayot», «Sog‘lom turmush tarzi», «Sog‘lom avlod», «Sog‘lom millat», «Sog‘lom e’tiqod», «Sog‘lom xalq», «Sog‘lom ong», «Sog‘lom muhit», «Barkamol avlod», «Komil inson» va shu kabi tushunchalarning mazmun-mohiyati ifodalanib, hozirda xalqi- miz turmush faoliyatining asosiga aylana boshladi. Bular Vatanimiz ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini yuksaltirishda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Xalq sog‘lom turmush tarzi muhiti yaratilganligini quyidagi omillar orqali anglash mumkin:
– milliy qadriyatlarga sadoqat ruhining mavjudligi;
– jamiyatdagi tinchlik, xotirjamlikni saqlashga ongli munosabat-
ning mavjudligi;
– tinch va farovon hayot yaratishga intilish;
– ijtimoiy ma’naviyatni yuksaltirishga intilish;
– sihat-salomatlik («Umid nihollari», «Barkamol avlod», «Uni- versiada» va boshqa shu kabi respublika miqyosidagi musobaqalar) masalalarining doimiy ravishda davlat va jamiyat e’tiborida turishi;
– sog‘lom muhitning har bira’zosi o‘zsog‘ligi haqida qayg‘urishni kundalik vazifasi deb bilishligi va boshqalarni ham ushbu yo‘nalishga da’vat eta olish qobiliyatiga egaligi;
– sog‘lom muhit a’zosi o‘z qadriga yetishni bilsin, ya’ni bunda «Kecha – > Bugun —> Ertaga» degan tizim asosida fikr yurita olishi;
– sog‘lom muhitning har bir a’zosi ortiqcha, reaksion, mantiqsiz fikrlardan xoli boimog‘i lozim, ya’ni ular ongida g‘oyaviy bo‘shliq bo‘lmasligi lozim.
Bu omillar inson ongi, dunyoqarashi va munosabatlarini muntazam ravishda takomillashib borishini baholay olish imkoniyatini beradi. Bunda «Kecha – > Bugun—> Ertaga» tizimining uzluksizligi va uzviyligi bor. Bu yerda «Kecha» so‘ziga o‘tmishdagi boy merosimiz haqidagi ma’lumotlar to‘g‘ri keladi, ya’ni buyuk qomusiy olimlarimiz va hadis ilmi sohiblarining ijodi, faoliyatini ibrat- namuna qilib ko‘rsatish hamda tarixiy-badiiy adabiyotlardagi, jumladan, «Alpomish». «Go‘ro‘g‘li», «Avazxon» va boshqa dostonlardagi botir pahlavonlarning odamiyligi, insonparvarligi, mehnatkashligi, do‘stlik va muhabbatga sadoqatlari ham shu yo‘nalishdagi ma’lumotlardir.
Yuqoridagi tizimning «Bugun» so‘ziga barkamol avlod tarbiyasiga hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘ri keladi. Jumladan, «Ta’lim to‘g‘risida» gi Qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «Davlat ta’lim standartlari», «O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limini tubdan isloh qilish», «O‘rta umumiy ta’limni rivoj lantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi tadbirlarning qabul qilinishi, shuningdek, yoshlarimizga bugungi kunda rivojlangan xorijiy davlatlarda o‘z intellektual salohiyatini rivojlantirib kelishiga yaratilayotgan imkoniyatlar hamda turli yoshlarimiz kamolotiga mos sport musobaqalarining tashkil etilishi yoshlarimizning har tomonlama kamol topishiga keng imkoniyatlardir.
Hozirgi kundagi yoshlarimizda o‘z ma’naviy yetukligini oshirish yo‘lida keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar mavjud. Shu sababli ham ularning zimmasida o‘zlarini ma’naviy sog‘lom qilish evaziga jamiyatda sog‘lom turmush tarzini yanada yuksaltirishga muhim hissa qo‘shishdek muqaddas burch turibdi. Ana shundagina bugungi yoshlarimizning kamoloti va unga mos dunyoqarashi muntazam ravishda takomillashib, rivojlanib boradi. Bu o‘z navbatida ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot yaratuvchilarining ongli a’zolarini tay- yorlashni kafolatlaydi.
Mavzularni miistahkamlash uchun savol va topshiriqlar:
1. «Shaxs» tushunchasiga ta’rif bering.
2. «Shaxsning rivojlanishi» deganda nimani tushunasiz?
3. Shaxsni rivojlantiruvchi asosiy omillar nimadan iborat?
4. Shaxsning shakllanishiga muhit qanday ta‘sir ко‘rsatadi?
5. Shaxsning rivojlanishida tarbiyaning rolini tushuntiring.
6. Bola shaxsining yosh davrlari qanday guruhlarga bo‘linadi?
7. Nima uchun o‘smirlik davr ini «bola shaxsi rivojlanishining murakkab davri» deyiladi?
8. О‘smirlik davrida bola shaxsining rivojlanish jarayonini izohlang.
9. Barkamol shaxs tarbiyasi deganda nimani tushunasiz?
10. Barkamol avlod tarbiyasini amalga oshirish bosqichlarini tushuntiring.
11. Barkamol shaxs tarbiyasida g‘ovaviy bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslik nimani anglatadi?
12. Barkamol shaxs tarbiyasining та‘naviy-marifiy asoslarini izohlang.
Test savollari 1. Shaxs bu…
A) Ijtimoiy va shaxslararo munosabatlarning mahsuli ongli faoliyatning subyekti bo‘lmish induvid
B) Ongli mavjudot
D) Nutqi va ongli rivojlangan insonlar
E) Hamma javoblar to‘g‘ri
2. Shaxsning rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar…
A) Biologik omil, muhit, tarbiya
B) Inson faoliyatini boshqarish
D) Tarbiya
E) Biologik omil, muhit
3. Go‘daklik davriga qaysi davr kiradi?
A) Bir yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan davr
В) Chaqaloqlik, tug‘ilgandan to bir yoshgacha bo‘lgan davr
D)Maktabdagi tarbiya yoshi
E)Barcha javoblar to‘g‘ri
4. Bolaning 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan davri qanday davr deb ataladi?
A) Bolalik davri
B) Maktabgacha tarbiya davri
D) o‘smirlik davri
E) Balog‘at davri
5. «Inson tarbiya predmeti sifatida» asarining muallifi kim?