Kitabı oku: «Suv ostida sakson ming kilometr», sayfa 6
– Dengizni sevasizmi, kapitan?
– O‘-o‘, nimasini aytasiz, sevganda qandoq. Dengiz – bu men uchun hamma narsa. U yer sharining o‘ndan yetti qismini egallab turibdi. Suvi toza va hayotbaxsh. Uning bepoyon kengliklarida odam o‘zini sira yolg‘iz his etmaydi, chunki hamisha atrofida hayot nafasi ufurayotganini sezib turadi. Chindan ham, axir dengizda tabiatning har uchala dunyosi – minerallar, o‘simliklar va hayvonlar bor. So‘nggisiga zoofitlarning37 juda ko‘p namoyandalari, bo‘g‘inoyoqlarning ikki sinfi, molluskalarning besh sinfi, umurtqalilar, sutemizuvchilar, sudraluvchilarning uch sinfi va son-sanoqsiz baliqlar kiradi. Hayvonot olamining juda ko‘p sinflari o‘n uch mingdan ortiq turlarga egaki, bularning o‘ndan bir qismigina chuchuk suvlarda yashaydi. Dengiz – tabiatning ulkan rezervuari. Yer sharida hayot dengizdan boshlangan, kim bilsin, balki u vaqti kelib yana dengizda tugar? Dengizda – o‘ta osoyishtalik… Dengiz zo‘ravonlarniki emas. Ular dengiz sathida jang qilib, bir-birlarini qirishlari, quruqlikdagi hayot qabohatlarini qaytarishlari mumkin. Ammo o‘ttiz fut chuqurlikdagi suv ostida ularning hukmronliklari tugaydi. Eh, professor, dengiz qa’rida yashang! To‘la mustaqillik faqat shu yerda, faqat shu yerda inson chinakamiga ozod, shu yerdagina uni hech kim ezolmaydi!
Kapitan Nemo to‘satdan o‘zining otashin so‘zlarini to‘xtatdi. U odatdagi vazminligini buzganiga pushaymon bo‘lmadimikin? Ortiqcha so‘zlab qo‘y-ganidan cho‘chimayotganmikin?
Bir necha minut davomida ovqatxonada hayajonlanib yurdi. So‘ngra asablarini jilovlab oldida, yuziga odatdagi sovuq ulug‘vorlik ifodasini berib, menga quyidagi so‘zlar bilan murojaat qildi:
– Endi, professor, «Nautilus»ni ko‘rib chiqmoqchi bo‘lsangiz, xizmatingizga tayyorman.
O‘n birinchi bob
«NAUTILUS»
Kapitan Nemo eshik tomon yurdi. Men uning orqasidan bordim. Ovqatxonaning oxiridagi ikki tavaqali eshik ochilib, biz qo‘shni xonaga kirdik. Bu uy kattaligi jihatidan ovqatxonadan qolishmaydigan kutubxona edi. Palisandr38 yog‘ochidan qilinib, oltin suvi yugurtib pardozlangan baland, shiftga yetgan shkaflarda bir xil muqovali juda ko‘p kitoblar saqlanardi. Shkaflar uy devorlarini qoplab olishgan. Keng, jigarrang charm sirilgan divanlar kishini dam olishga chorlardi. Ularning yaqinida kitob ostiga qo‘yiladigan yengil ko‘chma chorpoyachalar turardi.
Ustiga bir quchoq kitob uyib qo‘yilgan katta stol xonaning o‘rtasini egallab turar edi. Uning ustida eski gazetalarning bir necha nusxalari ham bor edi.
Bu hashamatli zalni shiftga o‘rnatilgan to‘rtta yarim shar shaklidagi elektr lampalar yoritib turar edi.
Chiroyli jihozlangan juda qulay bu xonani zavq bilan ko‘zdan kechirdim.
– Kapitan Nemo, – dedim men, – mana bu kutubxona bilan yerdagi har qanday saroy faxrlansa arziydi. Okean qa’rida shunday ajoyib kutubxonangizning borligi meni hayratga solmoqda!
– Ishlash uchun bundan qulayroq sharoitni qayerdan topasiz, professor? – dedi kapitan. – Parij muzeyidagi kabinetingiz shunchalik osoyishta bo‘ladimi?
– Yo‘q, albatta… Ochig‘ini aytsam, bu zal oldida u juda qashshoq. Bu yerda kamida olti-yetti ming kitob bordir?
– O‘n ikki ming, janob Aronaks. Meni yer bilan bog‘lab turgan yakka-yu yagona narsa shu. Biroq «Nautilus» birinchi marta suvga sho‘ng‘igan kundan e’tiboran men uchun dunyo yo‘qoldi. O‘sha kuni men so‘nggi kitob va risolalarni, gazetalarning so‘nggi nusxalarini sotib olgan edim. O‘shandan beri men uchun insoniyat o‘ylashdan va yozishdan to‘xtadi. Bu kitoblar, professor, butunlay sizning ixtiyoringizda – ulardan istagan vaqtingizda xohlaganingizcha foydalanavering.
Kapitan Nemoga minnatdorchilik bildirgach, kutubxona tokchalariga yaqinlashdim. Men u yerda aniq fanlarning turli sohalariga doir, falsafa, adabiyotga doir barcha tillarda yozilgan kitoblarni ko‘rdim.
Qiziq bir narsa diqqatimni o‘ziga tortdi: hamma kitoblar qaysi tilda yozilganidan qat’i nazar, alfavit tartibida turardi. Bu kapitan Nemoning hamma tillarni yaxshi bilishidan dalolat berardi.
Men kutubxonaga inson tafakkuri yaratgan eng ajoyib narsalarni – fan sohasida ham, badiiy proza va poeziyada ham: Gomerdan tortib Viktor Gyugogacha, Ksenofontdan Mishlegacha, Rabledan Jorj Zandgacha qadimiy va hozirgi zamon avtorlarining asarlarini ko‘rdim. Ammo bu kutubxonada ilmiy kitoblar har holda ko‘proq edi. Bilishimcha, kapitanning ilmiy mashg‘ulotlarining asosiy predmeti tabiiyot tarixi bo‘lishiga qaramay, ballistika39 mexanikasi, gidrologiya40, meteorologiya, geografiya, geologiya va hokazolarga oid kitoblar ham kam emasdi. Tokchalarda Gumboldt, Aragoning barcha asarlari, Fuko, Anri Sen Kler-Devil, Shasl, Miln-Edvards, Katrfaj, Tindal, Faradey, Bertello, Abbat Sekki, Petermann, Mori, Agasits asarlari, akademiyalarning «Solnoma»lari, turli geografik jamiyatlarning bulletenlari va hokazolar, xuddi shu faxrli jamoa yonida kapitanning menga ko‘rsatgan hurmatidan minnat-dor bo‘lishim kerakdir, mening o‘sha ikki tomligim ham turar edi. Jozef Bertranning «Astronomiya asoslari» kitobi menga bir sanani aniqlab olish imkonini berdi: bu kitob 1865-yilning o‘rtalarida chiqqanini bilardim; bundan chiqdi, «Nautilus» shundan oldin suvga tushmagan.
Demak, kapitan Nemo ko‘pi bilan bundan uch yil muqaddam suvosti sayohatiga chiqqan!
Bordi-yu, bundan ham keyinroq chiqqan kitoblar topilib qolsa, suvosti kemasining dengizga tushirilgan vaqtini yanada aniqroq belgilab olish mumkin, deb o‘yladim o‘zimcha. Ammo bu masalalarni bilib olish uchun hali oldinda yetarli vaqt bor, hozir esa «Nautilus» mo‘jizalarini ko‘rib chiqishni kechiktirgim kelmadi.
– Kutubxonangizdan foydalanishga ruxsat berganingiz uchun rahmat, kapitan. Bu chinakam fan xazinasi va men undan foydalanaman.
– Bu uy faqat kutubxona bo‘libgina qolmay, balki chekadigan joy ham.
– Chekadigan joy?!– qichqirib yubordim men.–«Nautilus»da chekishadimi?
– Albatta.
– Unday bo‘lsa, kapitan, siz Gavana bilan aloqa bog‘lab turar ekansiz-da?
– Mutlaqo, – javob berdi kapitan Nemo. – Mana bu sigarani chekib ko‘ring, professor, u Gavananiki emas, ammo kashanda bo‘lsangiz sizga ma’qul tushadi.
Men ko‘rinishdan eng yaxshi Gavana sigaralariga o‘xshagan, ammo rangi ochroq, oltinrang yaproqlardan o‘ralgan sigarani olib, bronza shamdondagi shamdan tutatdim. Ikki kun tamakidan mahrum bo‘lgan ashaddiy kashandaday ochko‘zlik bilan tutundan tortdim.
– Juda zo‘r sigara, ammo… demak, bu tamaki emas ekan-da?
– Yo‘q, – deb javob berdi kapitan. – Bu, tarkibida nikotin ko‘p bo‘lgan turli xil dengiz o‘tlari. Endi Gavana sigaralariga qalaysiz?
– Shu daqiqadan boshlab men ulardan irganaman.
– Unday bo‘lsa, sigaraning qayerdan kelib chiqqanini surishtirmay, istaganingizcha chekavering. Bular uchun hech qanaqa tamaki monopoliyasi soliq olgani yo‘q. Ammo bu bilan sigaralar bemazaroq bo‘lib qolmadi, shunday emasmi?
– Juda to‘g‘ri.
Shu payt kapitan Nemo biz boyagina kutubxonaga kirgan joyning ro‘parasidagi eshikni katta ochdi va biz ulkan, yaxshi yoritilgan salonga kirdik.
Bu burchaklari kesik, uzunligi o‘n, eni olti va balandligi besh metr keladigan katta zal edi. Shift sathi bilan bir tekisda bo‘lgan chiroyli jimjimador naqshli lampalar bu muzeydagi mo‘jizalarga yorqin, ammo ko‘zni qamashtirmaydigan yog‘du sochardi. Ha, bu chinakam muzey edi! Epchil va saxiy qo‘llar bu yerga tabiat va san’at xazinasini rassom xonasidagiday tartibsiz holdagi go‘zalligi bilan yiqqan edi. Buyuk rassomlarning bir xil ramkalardagi o‘ttizga yaqin asarlari odmi gulli mato tortilgan devorlarni bezab turardi. Rasmlar oralig‘ida qalqon va qurollar hamda barcha ritsarlik yarog‘-aslahalarini taqib olgan haykalchalar turardi.
Men ilgari Yevropa vistavkalarida hamda shaxsiy rasmlar galereyasida tomosha qilib yurganimizda juda bebaho asarlarni ko‘rdim. Qadimgi san’atkorlar mahorati bu yerda Rafaelning «Ma’budasi», Leonardo da Vinchining «Qiz bola»si, Korredjioning «Gung»i, Titsianning «Ayol»i, Veronezening «Sehrgarlar sajdasi», Muriloning «Maqtov»i, Golbeynning «Portret»i, Velaskezning «Monax»i, Riberning «Jafokash»i, Tenersning «Yarmarka»si, Rubensning Flamandiyaning ikki peyzaji, Jerar-Dou, Metsu, Pol Potterlar uslubidagi uchta kichik-kichik asar, Jeriko va Pryudonning ikki kartinasi, Bakyuyzen va Vernening bir necha dengiz manzaralari orqali namoyish qilingan edi. Hozirgi zamon rassomchilik san’ati namunalari orasida men Delakrua, Engr, Dekan, Truayn, Meyssone, Do-bini va boshqalar yaratgan asarlarni uchratdim.
Antik haykaltaroshlarining marmar va bronzadan ishlagan haykallarining bir necha maftunkor nusxalari bu ajoyib muzeyning burchaklaridagi baland tagliklarda turardi.
Kapitan Nemoning oldindan aytib qo‘ygan so‘zlari to‘g‘ri chiqa boshladi: «Nautilus»ni ko‘rib chiqish uchun qo‘yilgan dastlabki qadamlardayoq men hayratga tushdim.
– Mulozamat ko‘rsatmay, yig‘ishtirilmagan, tartibsiz xonaga sizni boshlab kelganim uchun meni kechirarsiz, degan umiddaman, professor, – dedi bu g‘alati odam.
– Kapitan,– deya javob berdim men,– ochig‘ini aytsam, siz haqiqiy artist ekansiz!
– O‘-o‘, yo‘q, havaskorman, xolos, – e’tiroz bildirdi u. – Inson tafakkuri yaratgan bu ajoyib asarlarni yig‘ish menga quvonch baxsh etardi. Men hormay-tolmay izladim, xarid qilishga o‘ch edim. Shuning uchun bu bir qancha juda qimmatbaho narsalarni qo‘lga kiritdim. Bu – men uchun o‘lgan yerdan so‘nggi xotiralardir. Nazarimda, hatto hozirgi zamon rassomlaringiz ham qadimiy san’atkorlardir. Buyuk iste’dod egalarining hozirgi-si, qadimgisi bo‘lmaydi.
– Mana bu musiqachilar-chi? – so‘radim men Veber, Rossini, Motsart, Betxoven, Gaydn, Meyerber, Vagner, Ober, Guno va boshqalarning ikki eshik oralig‘idagi joyni egallab turgan katta pianino-organning ustida sochilib yotgan partituralariga ishora qilib.
– Bu musiqachilar men uchun Orfey41 zamondoshlaridir. O‘lganlar xotirasida vaqt tafovuti qolmaydi, professor, men esa o‘sha sizning tuproq ostida yotgan yor-birodarlaringiz singari o‘lgan odamman…
Kapitan Nemo jim qolib, chuqur o‘yga toldi. Men unga katta qiziqish bilan indamay qarab turib, yuz tuzilishining o‘ziga xos belgilarini qidirardim. U qimmatbaho stolchaga suyangan, meni ko‘rmas va aftidan, yonidaligimni ham tamoman unutgan edi.
Men uning xayolini bo‘lmaslik uchun bu salonga to‘plangan mo‘jizalarni ko‘rishni davom ettirdim.
San’at asarlari bilan bir qatorda tabiat yaratgan nodir narsalar ham kattagina o‘rin egallab turardi. Bular asosan o‘simliklar, chig‘anoqlar va okeanning boshqa o‘simlik va hayvonot dunyosining mahsulotlari bo‘lib, aftidan, kapitan Nemo o‘z qo‘li bilan yig‘ganga o‘xshardi.
Salonning o‘rtasida ostidan elektr chirog‘i bilan yoritilgan favvora bor edi; suv zarrachalari tridaknaning juda katta chig‘anog‘idan qilingan hovuzga tushib turar edi. Tridaknaning aylanasi olti metrcha kelardi. Binobarin, u hatto Venetsiya Respublikasi qirol Fransisko I ga tuhfa etgan mashhur chig‘anoqdan ham katta edi.
Hovuz atrofidagi mis bilan pardozlangan chiroyli oynaband vitrinalarga tabiatshunos yetti uxlab tushida ham ko‘rmagan eng nodir dengiz mo‘jizalari qo‘yilgan. Bir qarashdayoq qanchalik quvonib ketganimni tasavvur qila olsangiz kerak.
Zoofitlar bo‘limi bu yerda poliplar42 va tikanterililar orqali namoyish etilgan edi. Birinchilari orasida yelpig‘ichsimon gorgoniylar, dengiz organchalari, suriya bulutlari, moluk marjonlari, alsioniyning ajoyib nusxasi, odamni hayratga soladigan yelpig‘ich yaproqlar, Reyunyon orolidan ko‘zchalar va madreporlarning juda katta kolleksiyasi bor ediki, bular orasida Antil orollaridan olingan «Neptun aravachasi» ayniqsa diqqatni o‘ziga tortardi. Bu yerga marjonlarning turli xillari yig‘ilgan bo‘lib, odatda, ularning to‘dalari butun-butun orollarni, asrlar o‘tishi bilan esa ehtimol qit’alarni ham vujudga keltirishi mumkin bo‘ladi. Dengiz yulduzlarining bir necha turlari, dengiz ko‘zachalari (goloturiy), dengiz tipratikanlari, ilondumlilar va boshqalar bu yerga kosasi tikanaklar hamda nayzachalar bilan qoplangan tikanterililarning namoyandalari sifatida qo‘yilgan.
Mening o‘rnimda asablari zaifroq konxiolog bo‘lganida, molluskalar kolleksiyasi o‘rin olgan narigi vitrinani ko‘rishi bilanoq yuragi yorilib o‘lardi. Bu eksponatlar bebahodir va ularni tavsiflash uchun butun bir tomni bag‘ishlash lozim bo‘lur edi. Shuning uchun ham eng diqqatga sazovorlarini sanab o‘tish bilan kifoyalanaman. Kapitan Nemo kolleksiyasida Hind okeanining sidirg‘a qizg‘ish jigarrang ustiga mutanosiblik bilan joylashgan oq dog‘li chiroyli bolg‘asi; hamma yog‘i mayda donachalar bilan qoplangan va yaltillab turadigan «imperator spondiliysi», bunga istagan Yevropa muzeyi yigirma ming frankni ayamasdi; topilishi deyarli mumkin bo‘lmagan avstraliya bolg‘asi; nafas tegsa sochilib ketadigan darajada mo‘rt senegal yuraksimonlari – qo‘sh-tabaqa, oq ohak naychalarining chetlari jimjimador va ishqibozlar yuksak baholaydigan bir necha Yavana dengiz leykalari; Amerika suvlarida uchraydigan sariq-yashil, Yangi Zelandiya sohillarida yashaydigan to‘q kulrang, Meksika qo‘ltig‘ida uchraydigan toshbaqasimon chig‘anog‘i bilan ajraladigan bo‘g‘inoyoqlilarning juda ko‘p xillari; bulardan tashqari, oltingugurtli juda g‘alati tellinlar, siter va venuslarning qimmatbaho navlari, sadaf tangachali marmar kubarna; yana Hindistonda tanga o‘rnida ishlatiladigan «ilonboshi» chig‘anoqlarining hamma turlari; Sharqiy Hindistonning «dengizga shon-sharaf» degan eng qimmatbaho chig‘anog‘i; nihoyat, olimlar juda chiroyli nomlar bilan atashgan nafis va mo‘rt chig‘anoqlar – minorachalar, yantinlar, mitrlar, kaskalar, bagretslar, arfalar, tritonlar, pterotserlar, patellalar, gialeylar, kleodorlar bor edi.
Ayrim vitrinalarda elektr yog‘dusida chaqnab turgan mislsiz chiroyli marvarid shodalari: Qizil dengiz qa’ridan olinadigan pushti rang marvarid, turli molluskalar badanidan chiqadigan va deyarli barcha dengiz hamda okeanlarda uchraydigan yashil, sariq, ko‘k, qora marvaridlar turardi.
Bu marvaridlardan ba’zilari kaptar tuxumidan kattaroq edi. Ular sayyoh Tavernening Eron shohiga uch millionga sotgan marvarididan ham qimmatroq, chiroyda esa men dunyoda eng chiroyli deb hisoblaganim imom Masqatiyning marvarididan ham afzalroq edi.
Xullas, bu kolleksiyani baholash sira mumkin emas edi. Kapitan Nemo bunday kolleksiya uchun millionlarni sarf etgan bo‘lishi kerak.
Bu quloq eshitmagan boyliklar qayerdan olingan ekan deb o‘ylayotganimda birdan kapitan menga murojaat qilib qoldi:
– Kolleksiyalarimni ko‘ryapsizmi, professor?
U chindan ham naturalistning diqqatini jalb etishga molikdir. Ammo men uchun ular yanada qadrliroq, negaki, bularning har birini o‘z qo‘llarim bilan yig‘ganman va yer yuzida bu vitrinalar uchun biror narsa bermagan dengiz yo‘q.
– Kapitan, bu boyliklarni har ko‘rganda quvonishingizning sababini yaxshi tushunaman. Yevropa muzeylaridan birontasida ham bunaqa kolleksiya yo‘q! Ammo men zavqlanishimning hammasini muzeyni ko‘rishga sarflasam, unda kemani ko‘zdan kechirganda nima qilaman? Men odob va kamsuqumlikni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, sirlaringizni bilib olishga harakat qilaman, ammo oldindan aytib qo‘yay, «Nautilus»ning o‘zi, uni harakatga keltirayotgan kuch, kemaning shu qadar tez yurishini ta’minlayotgan mexanizmlar meni ko‘proq qiziqtirmoqda. Bu salon devorida qanday xizmatni o‘tashi menga noma’lum bo‘lgan asboblarni ko‘rib turibman. Men so‘ramoqchi bo‘lgan…
– Janob Aronaks, – deya mening so‘zimni bo‘ldi kapitan, – men sizning bu kemada erkin odam ekanligingizni ilgaridan aytib qo‘ydim, binobarin, «Nautilus»da sizning borishingiz man etilgan bironta burchak yo‘q. Kemani istaganingizcha ko‘rishingiz mumkin va men bajonidil sizga hamroh bo‘lib, uni ko‘rsatishga tayyorman.
– Sizga qanday minnatdorchilik bildirishga ham hayronman, kapitan. Iltifotingizni suiiste’mol qilmaslikka harakat qilaman. Bir narsani bilib olishimga ijozat bersangiz, fizikaga doir mana bu asboblar nimaga ishlatiladi?
– Xuddi shunday asboblar, professor, kayutamda ham bor, bularning nimaga ishlatilishini o‘sha yerda aytib beraman. Ammo hozir sizga ajratilgan kayutaga boraylik. Axir siz «Nautilus»da qanday sharoitda yashashingizni bilishingiz kerak-ku.
Men kapitan Nemoga ergashib tor yo‘lakdan ketaverdim. Kema tumshug‘iga yetgach, kapitan Nemo meni kayutaga, to‘g‘rirog‘i, karavot, tualet stolchasi, kreslolar va boshqalar bilan jihozlangan juda chiroyli keng xonaga boshlab kirdi.
Benihoya minnatdorchilik bildirdim.
– Sizning kayutangizdan menikiga o‘tish mumkin, – dedi kapitan eshikni ocha turib, – meniki-dan esa biz hozirgina chiqib kelgan salonga kirsa bo‘ladi.
Biz kapitanning kayutasiga kirdik. Temir karavot, ish stoli, bir necha stul, umivalnik – butun jihoz shundan iborat edi. Eng zarur narsalar, ortiqcha hech nima yo‘q.
Kayuta nim qorong‘i edi. Kapitan Nemo stulga ishora qildi:
– Marhamat, o‘tiring.
Men o‘tirdim. U biroz indamay turdi-da, so‘ng so‘zlay ketdi.
O‘n ikkinchi bob
HAMMA NARSA ELEKTR VOSITASIDA
– Mana bu yoqqa qarang, professor, – deb so‘z boshladi kapitan Nemo xona devorlarida osig‘liq turgan asboblarga ishora qilib. – Bular «Nautilus»ni boshqarishga xizmat qiladigan apparatlar. Bu yerda ham salondagiday bular hamisha mening ko‘z oldimda bo‘ladi va «Nautilus»ning okeanning qayerida turganini va yo‘nalishini aniq ko‘rsatadi. Mana bu «Nautilus»dagi havo haroratini ko‘rsatadigan termometr; bunisi barometr, u havo bosimini aniqlaydi va bu bilan havoning o‘zgarishini oldindan aytib turadi, gigrometr atmosferada namlik miqdorini ko‘rsatadi; kema yo‘nalishini ko‘rsatadigan kompas, quyosh balandligiga qarab joyning kengligini aniqlaydigan sekstant; geografik uzunlikni belgilaydigan xronometrlar; nihoyat, kunduzgi va tungi kuzatuv trubalari, «Nautilus» suv sathiga chiqqanda, men bular yordamida ufqni kuzataman.
– Bu asboblarning hammasi, – deb javob berdim men, – kemachilikda ishlatib kelinmoqda va bularning hammasi menga ilgaridan tanish. Biroq mana bu yerda menga ma’lum bo‘lmagan allaqanday asboblar bor. Ehtimol «Nautilus»ni boshqarishning o‘ziga xos xususiyatlari ana shularga bog‘liqdir. Mana bu harakat qilib turadigan milli katta siferblat manometr emasmi?
– Ha, bu manometr. U kema tashqarisidagi suv bosimini o‘lchaydi va bular «Nautilus»ning suvga qancha cho‘kkanini ko‘rsatib turadi.
– Mana bular zondlarmi?
– Ha, faqat yangi konstruksiyadagisi. Bular turli suv qatlamlaridagi haroratni o‘lchaydigan termometrik zondlar.
– Mana bu asboblar-chi? Bularning nimaga ishlatilishiga aqlim yetmay turibdi.
– Buning uchun, professor, oldin sizga ba’zi bir narsalarni tushuntirishga to‘g‘ri keladi, – deb javob berdi kapitan Nemo.
U birpas jim turdi-da, keyin so‘z boshladi:
– Tabiatda itoatkor, tezkor va ishlatilishi qulay kuch bor. Mening kemamdagi hamma ishlarni shu kuch bajaradi: u yog‘du beradi, isitadi, mashinalarni harakatga keltiradi. Bu kuch – elektr.
– Elektr deysizmi?!– ajablanib xitob qildim men.
– Ha.
– Biroq sizning kemangiz g‘ayritabiiy tezlik bilan suzadi-yu, kapitan. Elektr to‘g‘risida bizga ma’lum tushunchalar sizning gaplaringiz bilan sira qovushmaydi. Hozircha uning mexanik kuchi juda cheklangan.
– Bilasizmi, professor, – deb javob berdi kapitan Nemo, – mening elektr quvvatidan foydalanish usulim hamma foydalanayotganidan boshqacha. Xafa bo‘lmasangiz, bu borada shu gapning o‘zi bilan cheklansam.
– Sizning bu gaplaringiz meni qanchalik taajjublantirgan bo‘lmasin, zo‘rlamayman, kapitan. Aybga buyurmasangiz faqat birgina savolim bor. Axir bu aql bovar qilmaydigan kuchni olish manbayiga xizmat etadigan elementlar, ayniqsa, rux juda tez tugab qoladi-ku. Yer bilan aloqa qilib turmaganingizdan keyin ularning o‘rnini qanday to‘ldirasiz?
– Bu savolga jonim bilan javob beraman, – dedi kapitan Nemo. – Avvalo shuni bilib qo‘yingki, dengiz qa’rida rux, temir, kumush, oltin va boshqa metallarning koni bor, ularni qayta ishlash esa unchalik og‘ir emas. Ammo men yerda ishlatiladigan bu metallardan foydalanmayman. Men kerakli miqdordagi energiyani dengizdan olaman.
– Dengizdan?
– Ha, professor, dengizdan. Dengizdan elektr energiyasi olishning yo‘llari ko‘p. Chunonchi, men turli chuqurlikka tushirilgan o‘tkazgichlar orqali ularni o‘rab turgan suv qatlamlaridagi har xil suv haroratidan tok olishim mumkin. Ammo men boshqa qulayroq usuldan foydalanishni afzal ko‘rdim.
– Qanaqa usuldan?
– Siz dengiz suvi tarkibini bilasiz-a? Uning yuzdan to‘qson olti yarim qismi sof suv, taxminan ikkiyu uchdan ikki qismi natriy xloriddir43. Bundan tashqari, uning tarkibida biroz magniy xlorid va kalsiy xlorid, bromli magniy sulfat, sulfat kislotasi va uglekalsiy tuzi bo‘ladi. Ko‘rib turibsizki, xlorli natriy dengiz suvida juda ko‘p. Men o‘z elementlarimga xuddi mana shu xlorli natriyni ishlataman.
– Xlorli natriyni deysizmi?
– Ha. U simob bilan birikkach, Bunzen elementlarida ruxning o‘rnini bosa oladigan amalgama44 hosil etadi. Simob elementlarda parchalanmaydi. Shunday qilib, faqat natriy sarflanadi, uni esa menga dengiz beradi. Sizga yana shuni ham aytib qo‘yayki, nima bo‘lganda ham natriy elementlari ruxnikidan ikki baravar kuchliroq.
– Sizning sharoitingizda natriyning afzalligini tushunib turibman, kapitan. Dengizda uni istagancha topish mumkin. Bu juda soz. Biroq oldin natriyni xlorli birikmadan ajratib sof holga keltirish kerak-ku! Buni qanday amalga oshirasiz? Shubhasiz, batareyalaringiz xlorli natriyni elektroliz45 qilishga xizmat eta oladi, biroq adashmasam, elektrolizga undan olinadigandan ko‘ra ko‘proq natriy sarflanadi. Binobarin, siz yangi olganingizdan ko‘proq natriy sarflaysiz-ku!
– Xuddi mana shuning uchun ham, professor, natriyni elektroliz yo‘li bilan olmayman, balki toshko‘mir yoqib, uning energiyasidan foydalanaman.
– Toshko‘mir? Demak, siz baribir yer bilan aloqa bog‘lab turar ekansiz-da?
– Yo‘q. Istasangiz uni dengiz ko‘miri deb atashimiz mumkin.
– Demak, siz suvosti konlaridan toshko‘mir olish yo‘lini topibsiz-da?
– Siz buni o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rasiz, professor. Faqat biroz sabr qiling: vaqt bemalolligi ham bardoshli bo‘lishingizni taqozo etadi. Faqat bir narsani unutmang: men mutlaqo hamma narsani okeandan olaman. U menga elektr beradi, elektr esa «Nautilus»ga issiqlik, yorug‘lik, harakat – xullas, bir so‘z bilan aytganda, hayot beradi!
– Ammo nafas olish uchun havodan boshqa hamma narsani.
– O‘-o‘, kerak bo‘lsa, yetarli miqdorda havo olishim ham oson edi, ammo bunga hojat yo‘q, chunki men istagan vaqtimda okean sathiga ko‘tarilishim mumkin. Sirasini aytganda, elektr maxsus rezervuarlarga havo berib turuvchi kuchli nasoslarni harakatga keltiradi, zarurat tug‘ilganda shulardan foydalanib, uzoq muddat suv ostida turishim mumkin.
– Kapitan, – dedim men, – sizning oldingizda faqat bosh egishim mumkin. Aftidan, siz odamlar ancha keyinroq kashf etishi mumkin bo‘lgan elektrning juda katta mexanik kuchini oldinroq ochishga muvaffaq bo‘lganga o‘xshaysiz!
– Bilmadim, odamlar buni umuman kashf eta olarmikin, – deya sovuqqonlik bilan javob berdi kapitan Nemo. – Ammo nima bo‘lsa ham men bu hayratomuz kuchdan qanday foydalanayotganimni bilib oldingiz. Ana shu kuch kemaga doimiy va uzluksiz yorug‘lik berib turadi, bu imkoniyat hatto quyoshda ham yo‘q. Endi mana bu soatni qarang – u elektr soat, to‘g‘ri yurishda eng yaxshi xronometrlardan qolishmaydi. Uning siferblatini italyan soatlari singari yigirma to‘rtga bo‘ldim, chunki men uchun kunduzi ham, kechasi ham, quyosh ham, oy ham yo‘q, faqat dengiz qa’rida ortimdan qoldiradigan sun’iy yog‘du bor. Qarang, ertalabki soat o‘n.
– Juda to‘g‘ri.
– Mana bunisi elektrdan foydalanishning boshqa yo‘li. Ko‘z oldingizda osig‘liq turgan siferblat «Nautilus»ning tezligini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Lag vintidan siferblatga sim tortilgan, uning mili menga kema qanday tezlikda ketayotganini aytib turadi. Ko‘ryapsizmi, hozir biz ancha sekin – soatiga o‘n besh milya bosyapmiz.
– Qoyil! – xitob qildim men. – Tabiiy kuchni tanlab to‘g‘ri ish qilganingizni endi ko‘rib turibman, kapitan. Bug‘ kuchining elektr bilan almashtirilganidan kemangiz faqat yutgan.
– Biz hali kemani tamoman ko‘rib bo‘lganimiz yo‘q, professor, – dedi kapitan Nemo stuldan turar ekan. – Charchamagan bo‘lsangiz «Nautilus»ning quyruq tomoniga yuring.
Darhaqiqat, suvosti kemasining tumshuq qismini ko‘rib bo‘lgan edim. Kemaning o‘rtasidan tumshug‘igacha joylashgan xonalar o‘z tartibi bilan quyidagicha edi: kutubxonadan suv o‘tkazmaydigan to‘siq bilan ajratilgan uzunligi besh metrli oshxona; uzunligi besh metrli kutubxona; kapitanning xonasidan suv o‘tkazmaydigan, ikkinchi to‘siq bilan ajratilgan uzunligi o‘n metrli katta salon; kapitanning uzunligi besh metrli xonasi; ikki yarim metrli mening xonam va nihoyat forshtevengacha cho‘zilib borgan uzunligi yetti yarim metrli havo saqlaydigan rezervuar.
Umuman, kemaning bu qismining uzunligi o‘ttiz besh metr edi. Suv o‘tkazmaydigan to‘siqlarning eshiklari mahkam yopiladigan qilib ishlangan bo‘lib, bu «Nautilus»ning biron yeri teshilgan taqdirda ham uni suv bosish xavfidan saqlar edi.
Men kapitan Nemoning ortidan yo‘laklar bo‘ylab kemaning o‘rtasiga keldim. U yerda suv o‘tkazmaydigan ikki to‘siq orasida torgina chuqurlik bor edi. Devorga vint bilan mahkamlangan temir narvon shiftga olib chiqar edi. Men kapitandan bu chuqurlikning nimaga kerakligini so‘radim.
– Eshkakli qayiq turgan joyga olib chiqadi, – deb javob berdi u.
– Nima! Sizda qayiq bormi? – taajjublanib qayta so‘radim men.
– Bo‘lmasam-chi. Juda ajoyib, yengil, cho‘kmaydigan qayiq bor. Unda sayr qilamiz, baliq oviga chiqamiz.
– Qayiqni chiqarish uchun siz suv sathiga ko‘tarilishingiz kerakmi?
– Yo‘q, bunday qilmayman. Qayiq «Nautilus» palubasining maxsus uyasida turadi. Uning suv o‘tkazmaydigan mahkam qopqog‘i bo‘lib, uyada uni mustahkam boltlar tutib turadi. Bu narvon palubaga, qayiq tagidagi ensizgina tuynukka olib boradi. Qayiq ostida ham xuddi o‘shanday tuynuk bor. Ana shu ikki tuynuk orqali qayiqqa o‘taman. Men kirib olgach, «Nautilus»dagi tuynukni yopishadi. Qayiq ostidagi tuynukni maxsus qopqoq bilan o‘zim yopaman. Shundan so‘ng boltlarni burab chiqaraman va qayiq juda katta tezlik bilan dengiz sathiga ko‘tariladi. Men yig‘ma qopqoqni ochib machtani qo‘yaman va yelkanni ko‘taraman yoki eshkaklarni olaman.
– Kemaga qanday qilib qaytasiz?
– Men o‘zim qaytmayman. «Nautilus»ning o‘zi keladi.
– Sizning buyrug‘ingiz bilanmi?
– Ha, mening buyrug‘im bilan. Men u bilan elektr simi vositasida aloqa bog‘layman. Kemaga qaytmoqchi bo‘lganimda telegramma beraman.
– Darvoqe, – deya xitob qildim men bu mo‘jizalardan hayratga tushib,– bundan osonroq yo‘l yo‘q.
Kema ustiga olib chiqadigan trap katagining oldidan, uzunligi ikki metr keladigan kayuta yoniga o‘tdik, u yerda Ned Lend bilan Konsel lunjlarini to‘ldirib, ajoyib nonushtani tushirayotgan edilar. Bu kayutaning yonida uzunligi uch metrli oshxona joylashgan edi. Shu yerning o‘zida keng omborxonalar bor edi.
Oshxonada elektr bilan ovqat pishirilar edi. Platina taxtachalarga parchinlangan simlar qizib, oqish rang bo‘lib, yopish, qaynatish va qovurish uchun plitalarga kerakli miqdorda harorat berib turar edi. Elektr dengiz suvini qayta ishlab, kemaga yetarli miqdorda juda ajoyib, ichishga yaroqli suv beradigan destillyatsiya apparatlarini ham qizitar edi.
Oshxonaning yonida vannaxona joylashgan edi.
Undan narida kubrik – komanda uchun xona bo‘lib, uzunligi besh metr edi; ammo eshigi berk bo‘lganidan men u yerdagi ahvolga zimdan qarab «Nautilus»ning ekipajida necha kishi borligini aniqlay olmadim.
Xuddi shu yerda kubrikni mashina bo‘lmasidan ajratib turgan suv o‘tkazmaydigan to‘rtinchi to‘siq bor edi. Biz to‘siqdagi eshikdan o‘tib, yuksak malakali injener kapitan Nemo «Nautilus»ni harakatga keltiradigan mashinalarni o‘rnatgan zalga kirdik.
Juda yaxshi yoritilgan zalning uzunligi kamida yigirma metr kelardi. Zal ikkiga bo‘lingan edi. Birinchisida elektr energiya hosil etadigan elementlar, ikkinchisida kema parragini harakatga keltiruvchi mashinalar turar edi.
Zaldagi allaqanday g‘alati bir hid meni taajjubga soldi.
Kapitan Nemo sarosimaga tushib qolganimni sezdi.
– Bu natriy olganda ajraladigan gazning hidi, – dedi u. – Hechqisi yo‘q, arzimagan noqulaylik. Biz baribir har kuni ertalab butun kemani shamollatib olamiz.
Men «Nautilus» mashinalarini qiziqib tomosha qildim.
– Ko‘rib turibsizki, – dedi kapitan Nemo, – men Rumkorf elementlaridan emas, balki Bunzen elementlaridan foydalanyapman. Rumkorf elementlari menga kerakli quvvatni berolmasdi. Bunzen batareyalari menda ko‘p emas, ammo har biri ham juda kuchli. Batareyalar hosil etgan elektr zalning qarama-qarshi tomoniga uzatiladi va u yerdagi ulkan elektr motorlarni harakatga keltiradi. Bular esa o‘z navbatida transmissiyalarning juda murakkab sistemasi orqali eshkak valini aylantiradi. Bu valning diametri oltmish santimetr, uzunligi yetti yarim metr. Shunday katta bo‘lishiga qaramay, val aylanishining tezligi sekundiga bir yuz yigirmataga yetadi.
– Siz tezlikni…
– Soatiga ellik milya.
Bu yerda allaqanday sir bor edi, ammo surishtirib olishga yuragim dov bermadi. Qanday qilib elektr shu qadar kuchli energiya berishi mumkin? Bu misli ko‘rilmagan, deyarli cheklanmagan kuchning manbayi qayerda? Buning siri yuqori tok beriladigan katushkalarning yangi namunalaridamikin yoki transmissiyalar sistemasidami?
Bunga sira aqlim yetmasdi.
– Kapitan Nemo, – dedim, – men muvaffaqiyatlar oldida bosh egaman va bunga qanday erishganingizni o‘ylab ham o‘tirmayman. Men «Nautilus»ning «Avraam Linkoln» atrofida manyovr qilganini ko‘rdim va u naqadar katta tezlik bilan suza olishini bilaman. Ammo birgina tezlikning o‘zi bilan ish bitmaydi-ku. Qayoqqa borayotganingni ham ko‘rib turish kerak-ku. Kemani yuqoriga, pastga, chapga, o‘ngga yo‘naltirish imkoniyati ham bo‘lishi kerak-ku. Siz bularning hammasini bosim yuzlab atmosferaga yetadigan juda chuqur yerlarda qanday boshqarasiz? Qanday qilib okean sathiga ko‘tarilasiz? Nihoyat, o‘zingiz tanlab olgan suv qatlamida kemaning to‘g‘ri harakat qilishiga qanday erishasiz? Bu qadar ko‘p savol berib, odobsizlik qilmadimmikin?
– Mutlaqo, professor, – deb javob berdi kapitan biroz ikkilanishdan keyin. – Axir siz bu suvosti kemasidan hech qachon ketmaysiz-ku. Qani, salonga yuring. Mening ishlaydigan xonam o‘sha yerda. Ana o‘sha yerda «Nautilus» haqida bilishingiz kerak bo‘lgan hamma narsani aytaman.