Sadece LitRes`te okuyun

Kitap dosya olarak indirilemez ancak uygulamamız üzerinden veya online olarak web sitemizden okunabilir.

Kitabı oku: «Геология ва геоморфология»

Yazı tipi:

SO‘Z BOSHI

Mustaqil O‘zbekistonning kelajakda rivojlangan, buyuk demokratik davlat bo‘lishi yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga ham bog‘liqdir. Shuning uchun respublikamizda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun hamda shaxsan respublikamiz Prezidenti I.A.Кarimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining «Кadrlar tayyorlash milliy dasturi» (1997-yil 29-avgust) qabul qilindi. Binobarin, «Milliy dastur»ning amalga oshirish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda, boshqa omillar bilan birga oliy va o‘rta maxsus ta’lim yurtlarida davlat tilidagi darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning yetarli darajada bo‘lishi katta ahamiyatga ega.

Yuqoridagilarni nazarda tutib, mualliflar tomonidan «5311500- Geodeziya, kartografiya va kadastr» yo‘nalishining takomillashtirilgan davlat ta’lim standarti, o‘quv dasturi va yangi o‘quv rejasiga asoslanib, ushbu darslik tayyorlandi.

Darslik oliy o‘quv yurtlarining tegishli fakultetlari va kollejlarning geodeziya, kartografiya va kadastr sohasidagi talabalari, magistrantlari, aspirantlari va o‘qituvchilariga, shu yo‘nalishlarda izlanishlar olib borayotgan muhandislarga mo‘ljallangan bo‘lib, undan amaliy va laboratoriya ishlarini bajarishda ham foydalaniladi.

Mualliflar mazkur darslikni tayyorlashda o‘zlarining qimmatli fikr va maslahatlarini bergan taqrizchilar: geologiya–mineralogiya fanlari doktori, professor M. Shermatovga va texnika fanlari nomzodi, dotsent A. Bobojonovga va darslikni tayyorlashda ko‘rsatgan yordami uchun kafedra katta o‘qituvchisi M.Rahimboboyevaga samimiy minnatdorchilik izhor etadilar.

КIRISH

1. Geologiya fanining maqsadi, vazifasi, rivojlanish tarixi va tarmoqlari

Geologiya yunoncha so‘z bo‘lib, geo – yer, logos – so‘z, ilm, fan degan ma’noni bildiradi. Geologiya yerning paydo bo‘lishi, tuzilishi va rivojlanishi to‘g‘risidagi fan bo‘lib, Yer po‘sti va tog‘ jinslarini turli metodlar (astronomiya, fizika, geofizika, geografiya, kimyo, biologiya va b.) bilan o‘rganishga asoslanadi.

Geologiya fani Yerning va tog‘ jinslarining paydo bo‘lishi, rivojlanish tarixi, uni tuzuvchi qobiqlarni hamda birinchi navbatda tarkibini, tuzilishini va Yer po‘stida sodir bo‘ladigan jarayonlarni, foydali qazilma konlarining joylashish qonuniyatlarini va boshqalarni o‘rganadi.

XVIII asrdan boshlab insoniyat jamiyati rivojlanishi bilan birga geologiya fani ham taraqqiy etib bordi va u hozirgi vaqtda quyidagi mustaqil tarmoqlarga bo‘lindi: kristallografiya, mineralogiya, petrografiya, tarixiy geologiya, dinamik geologiya, geofizika, paleontologiya, petrografiya, foydali qazilmalar geologiyasi, tektonika, geomorfologiya, gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi.

Кristallografiya – kristallarning kelib chiqishi, o‘sishi, tashqi shakllari, ichki tuzilishi va fizikaviy xususiyatlarini o‘rganadi. Bu fan tabiiy va sun’iy kristallangan jismlarni, jumladan tog‘ jinslarini va qurilish materiallarini o‘rganishda qo‘l keladi.

Mineralogiya – minerallarning kimyoviy tarkibini, fizik xususiyatlarini va ularning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq har xil jarayonlarni o‘rganadi.

Petrografiya – yer qobig‘ida (litosferada) tarqalgan tog‘ jinslarini, ularning mineral tarkibini, tuzilishini, yotish shakllarini va geologik tarqalishini o‘rganadigan fan.

Dinamik geologiya – geologik jarayonlar ta’sirida Yerning ichki va ustki qismi tuzilishi va tarkibining o‘zgarishi, yer yuzida tarqalgan jinslarning o‘rnidan siljishi va qayta yotqizilishi sababli paydo bo‘ladigan jarayonlarni, shuningdek, Yerning ichki qismida vujudga keladigan tektonik harakatlarni va otqindi jinslarning paydo bo‘lishiga olib keladigan kuchlarni o‘rganadi.

Geofizika – Yer po‘sti va qobiqlarining (atmosfera, gidrosfera, litosfera va h.k.) hosil bo‘lishi, rivojlanishi, tuzilishi va xususiyatlarini hamda unda yuzaga keladigan jarayonlarni (tabiiy va texnogen) fizik metodlar bilan o‘rganadigan fan.

Paleontologiya – yer qobig‘ida o‘tmish geologik davrlarda yashagan va qatlamlar ichida qolib ketib, toshga aylangan o‘simlik (flora) va organizm (fauna) qoldiqlarini o‘rganadigan fan. Paleontologiya ma’lumotlari asosida tog‘ jinslarining yoshi va hosil bo‘lish sharoiti aniqlanadi.

Tektonika – tog‘ jinslari dastlabki yotish holatlarining o‘zgarishini, ularda yoriqlar hosil bo‘lishini, burmali va uzilmali dislokatsiyalarni yuzaga keltiradigan harakatlarni, qatlamlarning deformatsiyalanishini va yer qa’rida bo‘ladigan o‘zgarishlarni o‘rganadi. Bu fan bilimlari Yer relyefining asosiy turlarining paydo bo‘lishini va tarqalishini o‘rganishda katta ahamiyatga ega.

Gidrogeologiya – yer osti suvlari to‘g‘risidagi fan bo‘lib, ularning hosil bo‘lishi, yotish sharoiti, joylashishi, tarqalishi, taqsimlanishi, rejimi, fizik xossalari va kimyoviy tarkibini hamda atmosfera va yer yuzasi suvlari bilan o‘zaro bog‘liqligini, shuningdek, yer osti suvlari zaxiralarining kamayib ketishdan muhofaza qilish masalalarini va xalq xo‘jaligidagi ahamiyatini o‘rganadi.

Injenerlik geologiyasi geologiya fanining bo‘limi bo‘lib, yer po‘stining yuqori gorizontlarining geologik sharoitlarini va odamlarning muhandislik faoliyati ta’sirida ularning o‘zgarishini o‘rganadi. Injenerlik-geologik tadqiqotlar yordamida tabiiy va texnogen omillar ta’sirida yerning ustki qismida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlarga baho beriladi. Shuningdek, uning yordamida imorat va inshootlar qurilishi uchun eng qulay joylar tanlanadi, ularning eng ishonchli konstruksiyasi aniqlanadi, bajariladigan ishlarning usullari belgilanadi hamda inshootlar qurilganidan so‘ng ular ta’sirida yuzaga keladigan salbiy geologik va injenerlik-geologik jarayonlarni bartaraf etish uchun tadbirlar ishlab chiqiladi.

Injenerlik – geologik tadqiqotlar ma’lumotlari asosida: 1) poydevor tagidagi tog‘ jinslarining siqilishi va miqdori; 2) poydevor asosidan jinslarning siqib chiqarilishga qarshi turg‘unligi; 3) qurilish katlovanlari, karerlari, yo‘l o‘ymalari, kanallar va yo‘l ko‘tarmalaridagi jinslarning turg‘unligi; 4) suv omborlariga qurilgan to‘g‘onlarning yuqori qismidagi suvlar bosimidan bo‘ladigan siljishlarga qarshi to‘g‘onlarning qarshiligi; 5) suv omborlari bunyod qilingandan so‘ng qirg‘oqlarning yuvilishi; 6) grunt suvlarining sathi ko‘tarilganda inshootlar poydevorining turg‘unligi; 7) seysmik harakatlar, cho‘kuvchan jinslar, ko‘chkilar mavjud rayonlarda quriladigan inshootlarning turg‘unligi hisob-kitob qilib aniqlanadi.

Ilmiy geologiyaga rus olimi M.V.Lomonosov (1711–1765) asos soldi. U o‘zining «O слоях земных» («Yer qatlamlari haqida», 1763) asarini tog‘ jinslari, minerallar, tog‘ sistemalari, vodiylar hamda yer osti suvlarining paydo bo‘lishi va rivojlanish qonuniyatlari masalasiga bag‘ishlagan. Geologiya fanining rivojlanishiga chet el olimlaridan D.Getton (1726–1797), Ch.Lyayel (1797–1873), E.Zyuss (1831–1914), A.Geym (1849–1937) va boshqalar salmoqli hissa qo‘shdilar.

XX asrdan boshlab geologiya fani jadal rivojlandi va uning tarkibidan turli yo‘nalishlar bo‘yicha alohida sohalar mustaqil fan sifatida ajrab chiqdi.

O‘zbekistonda geologiya fani sohalarining rivojlanishida quyidagi olimlarning hissasi juda kattadir: Abdullayev H.M., Arxangelskiy A.D., Batalov A.B., Beder B.A., Berg L.S., Bezobrazova A.F., Boboyev К.A., Boymuhamedov X.N., Isamuhamedov E.M., Islomov A.I., Кarpov P.M., Кenesarin N.A., Mavlonov G‘.O., Mirboboyev V M., Muxin V.R., Obruchev A., Petrov A.L., Popov V.I., Po‘latov К.P., Sodiqov A.S., Sultonxo‘jayev L.N., Uklonskiy A.S., Umarov U.U., Hamroboyev I.H., Hojiboyev N.N., Xudoyberganov A.M., Shermatov M.Sh., Qodirov E.V., Irgashev Yu.E. va boshqalar.

2. Geomorfologiya fanining maqsadi, vazifasi, rivojlanishi va boshqa fanlar bilan bog‘liqligi

Geomorfologiya – yunoncha so‘z bo‘lib, geo – yer, morfo – shakl, logos – ilm, fan degan ma’noni bildirib, Yer yuzasining shakli, ya’ni relyefi haqidagi fandir. Geomorfologiya fani yer ustida mavjud bo‘lgan relyef shakllarining paydo bo‘lish sharoitini, tashqi belgilarini, ularning taraqqiyotini, shakllar o‘rtasidagi o‘zaro genetik bog‘liqliklarni va geografik joylashish qonuniyatlarini o‘rganadi.

Yerning litosfera qobig‘ining ustki qismida mavjud bo‘lgan tekisliklar, balandliklar, tog‘lar, tog‘ inshootlari va boshqa yuzalar yig‘indisi relyef deb ataladi. Bunday past-balandlik va notekisliklar yer qobig‘idagi doimiy harakatlar ta’sirida vujudga kelganligi sababli ular vaqt o‘tishi bilan o‘zining eski shakllarini o‘zgartirib, yangi shakllarga kirib turadi. Bunday o‘zgarishlar yerning endogen (ichki) va ekzogen (tashqi) kuchlari ta’sirida sodir bo‘ladi.

Geomorfologik tadqiqotlar hozirgi davrda shakllangan Yer relyefining vujudga kelishi sabablarini, geologik jarayonlar rivojlanishining ketma-ketligini va yerning ichki va tashqi kuchlari ta’sirida relyefning o‘zgarishini aniqlashga yo‘naltiriladi. Yer relyefining shakllanishini o‘rganish jarayonida, geologiya, geografiya, geodeziya va boshqa tabiiytarixiy fanlarning natijalaridan foydalaniladi.

Demak, geomorfologiya fanining asosiy maqsadi relyefning rivojlanish qonunlarini o‘rganib, olingan ma’lumotlarni insoniyatning injenerlik-xo‘jalik faoliyati jarayonida amaliyotda qo‘llashdan iborat.

Geomorfologiya fanining rivojlanishida XIX asrda D. Danya, E.Zyuss, A. Penka, A. P. Pavlov; XX asrda esa – V.E. Gardiner, I.P.Gerasimov, L. Кing, A. Lobek, O.К. Leontev, К.К. Markov, V.V.Piotrovskiy, G.I. Richagov, A.I. Spiridonov, I.S. Xukin, O.Engeln, Yu.A. Mexeryakov kabi olimlarning ilmiy tadqiqot ishlari katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Topografik xaritalar geologik va geomorfologik tadqiqot ishlarini bajarishda muhimdir. Bunday xaritalar yordamida geologlar dala ishlarini olib borishadi, tadqiqotlar olib boriladigan joylarni aniqlaydilar. Shuningdek, marshrutlar yo‘nalishini belgilashda, geologik va geomorfologik obyektlar o‘rnini planga tushirishda va ularning balandliklarini aniqlashda muhim o‘rin tutadi. Topografik xaritalar maxsus geologik, geomorfologik va kesmalar tuzishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun topografik xaritalarning sifati boshqa geologik xaritalarning sifatiga ta’sir qiladi.

Injenerlik – geologik tadqiqot ishlarini bajarishda geodeziya va topografiya sohasi xodimlari jalb etiladi. Ular topografik xaritalar tuzishdan tashqari, yer po‘stida sodir bo‘lgan cho‘kishlar, siljishlar va boshqa jarayonlarni, ularning yo‘nalishi va tezligini aniqlaydilar, xaritada ko‘rsatilgan geologik obyektlarning yer yuzasidagi o‘rnini belgilaydilar hamda obyektlarda qazilgan shaxtalar, quduqlar, shurflar o‘rnini xaritada aniqlash kabi ishlarni bajaradilar. Demak, hozirgi davrda geodeziya va topografiya ilmining rivojlanishi geologiya, geografiya, geomorfologiya va boshqa fanlarning rivojlanishi bilan bog‘liqdir. Geodeziya va topografiya ishlarining sifati tadqiqotlar olib borilayotgan hududning geografik, geologik va geomorfologik (fizik, geografik) sharoitlarining chuqur tahlil qilinishiga bog‘liq.

GEOLOGIYA VA GEOMORFOLOGIYA ASOSLARI

I bob. Yerning paydo bo‘lishi va tuzilishi to‘g‘risida umumiy ma’lumotlar

1.1. Yerning paydo bo‘lishi va shakli

Quyosh va quyosh sistemasidagi sayyoralarning, shu jumladan Yerning paydo bo‘lishi to‘g‘risida har xil gipotezalar mavjud. Hozirgi vaqtda akademik V.G. Fesenkov va O.Yu. Shmidt yaratgan gipotezalar tan olingan bo‘lib, ulardan keng foydalaniladi.

V.G.Fesenkovning fikricha, Yer va boshqa sayyoralar gaz-chang holidagi zarralar tumanligidan iborat bo‘lib, ular bir vaqtda hosil bo‘lgan. Dastlab bu tumanlik shar shaklida quyuqlashib borgan va ellips ko‘rinishida aylana boshlagan. Кeyinchalik gaz-chang tumanliklari Quyoshdan bo‘layotgan markazdan qochma kuch ta’sirida birlashib, sayyoralar, kometalar va meteoritlarni hosil qilgan. Quyoshdan uzoqda joylashgan sayyoralar yaqindagisiga nisbatan avvalroq paydo bo‘lib, ichidagi temperaturaning pastligi sababli o‘zining dastlabki tarkibini o‘zgartirmagan holdadir. Quyoshga yaqin joylashgan sayyoralar esa quyosh nuri issiqligi ta’sirida tarkibidagi tez bug‘lanuvchan moddalarni qisman yoki butunlay yo‘qotgandir.

O.Yu.Shmidtning (1891–1956) gipotezasigi ko‘ra, Quyosh Galaktikani kesib o‘tib, o‘zining tortish kuchi bilan bir yerga to‘plangan gaz va chang zarralarni hamda qattiq jismlarni o‘z o‘qi atrofida aylanishga olib kelgan. Natijada ularning quyuqligi, ya’ni zichligi oshib, Quyosh sistemasidagi sayyoralarni hosil qilgan. O.Yu. Shmidtning fikricha, yer kurrasi dastlab sovuq holda paydo bo‘lgan bo‘lib, keyinchalik undagi mavjud radioaktiv elementlarning parchalanishidan ajralib chiqqan issiqlik hisobiga qizigan. Yer temperaturasining ortishiga qatlamlar massasidan yuzaga kelgan bosim ham sabab bo‘lgan. Shu bilan birga yerning markazida zichligi yuqori va qiyin eruvchan moddalar, uning sirtida esa zichligi kam va tez eruvchan moddalar to‘plangan. Quyosh sistemasining rivojlanishining asosiy sabablaridan biri Quyosh harakati va butun dunyo tortishish kuchi ta’sirida moddalarning (milliard yillar davomida) bir-biri bilan qo‘shilib, miqdor o‘zgarishlaridan sifat o‘zgarishiga o‘tishidadir.

Yer Quyosh sistemasidagi sayyoralardan biridir. Bu sistemada Quyoshdan uzoqlashish tartibiga ko‘ra quyidagi to‘qqizta katta sayyorani ko‘rsatish mumkin: Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran, Neptun, Pluton. Shuningdek, 31 ta yo‘ldosh va 1600 tadan ortiq mayda kosmik jismlar ham mavjud. Merkuriy, Venera va Plutonlarning yo‘ldoshlari yo‘q bo‘lsa, Yupiterda ularning soni 12 ta, Saturnda 9 ta. Кosmik jismlardan tashqari astroidlardan tashkil topgan halqalar Uranda 5 ta, Neptunda 2 ta, Marsda 2 ta, Yerda 1 ta kuzatiladi. Yerning yo‘ldoshi Oy hisoblanadi. Oy o‘lchami kichikroq bo‘lgan sayyora bo‘lib, geologik jihatdan tuzilishi murakkabdir.

O‘tgan asrning 60 yillaridan boshlab kosmik raketalarning uchirilishi, Oyga inson qadamining yetishi, «Lunaxod» stansiyasining Oyda «sayr» qilishi Oyning geologik tuzilishi to‘g‘risidagi fikrlarni oydinlashtirdi. Chunonchi, Oydan olingan jins namunalari Oy qatlamlari vulqon otqinlaridan tarkib topganligini ko‘rsatdi. Oy jinslari o‘zining kimyoviy tarkibiga ko‘ra yerdagi vulqon jinslari bazalt va anortozit plagioklazlar bilan bir xil ekanligi aniqlandi. Shunga ko‘ra Oyda ham vulqon va magmatik jarayonlarning qadimda va hozirgi davrlarda ham sodir bo‘layotganligini tasavvur etish mumkin. Lekin bu jarayonlarning tektonik harakatlar bilan qanchalik bog‘liqligi masalalari muammoligacha qolayotir.

Yerdan Oygacha bo‘lgan masofa o‘rta hisobda 384400 km. Oy Yer atrofida ellips orbita bo‘ylab harakat qiladi va uni 27,3 sutkada (yer sutkasi hisobida) aylanib chiqadi. Shuningdek, u o‘z o‘qi atrofida ham aylanadi. Shu sababli Yerdan Oyning bir tomonigina ko‘rinadi. Oydagi bir kun Yerdagi 15 sutkaga to‘g‘ri keladi. Yer Quyosh atrofida 29,76 km/s tezlik bilan harakatlanadi.

Yanvar oyida Yer o‘zining Perigey nuqtasiga, ya’ni Yer orbitasining Quyoshga eng yaqin nuqtasiga (147 mln.km), iyul oyida esa Afeliy nuqtasiga, ya’ni Quyoshdan eng uzoq nuqtasiga (152 mln.km) yetadi. Quyosh sistemasidagi sayyoralar Quyosh atrofida ellips orbita bo‘ylab har xil tezlikda harakat qiladi. Masalan, Merkuriy-50 km/s, Pluton-5km/s.

Mineral va meteoritlarning yoshini o‘rganish orqali Yerning paydo bo‘lganligiga 4,2-6,0 mlrd.yil bo‘lgan, deb taxmin qilinadi.

Yer bir sutka (23 soat 56 daqiqa 4,095 sekund) davomida o‘z o‘qi atrofida, bir yil (365, 2564 sutka) davomida Quyosh atrofida to‘liq aylanib chiqadi. Quyosh atrofida aylanish o‘qi ekliptika tekisligiga (katta fazoviy doiraga) nisbatan 66033115,211 burchak ostida qiyshayib turadi.

Yerning shakli

Yer shar shaklida degan fikr eramizdan 530 yil avval Pifagor tomonidan aytilgan edi. Lekin XVIII asrda bajarilgan o‘lchov ishlari yerning qutblar o‘qi uzunligi ekvator o‘qi uzunligiga nisbatan qisqaligini ko‘rsatdi. Meridian yoyining bir gradus uzunligi: ekvatorda 110,9 km, Parijda 111.3 km, qutb doirasida 111,9 km ga tengligi isbotlandi. Ya’ni yer qutblar bo‘yicha biroz (42 km ga) qisilgan bo‘lib (ekvator o‘qi uzunligi 12756 km, qutb o‘qi uzunligi 12714 km), ellipsoid shaklga yaqin keladi. Yerning o‘rtacha radiusi 6371,110 km.

Yer yuzasidagi relyef turlari (M.К. Drujinin bo‘yicha)

1.1- jadval


Yer yuzasi relyefi tekisliklar, tepaliklar, tog‘liklar va chuqur dengiz cho‘kmalaridan iborat bo‘lib, absolyut balandligi keskin o‘zgaradi. Uning eng baland nuqtasi Himolay tog‘idagi Everest (Jomolungma) cho‘qqisi 8848m, eng chuqur joyi Tinch okeanidagi Mariana cho‘kmasi 11022 m ga teng (1.1- jadval).

Demak, Yer yuzasi relyefining o‘zgarish amplitudasi 19870 m ga teng ekan. Shunga ko‘ra Yer o‘ziga xos bo‘lgan geometrik shakl, ya’ni geoidga o‘xshaydi.


YERNING ASOSIY TAVSIFI


Yer yuzasi notekis tuzilgan bo‘lib, tog‘lik o‘lkalardan, kontinental platformalardan, chuqur dengizlardan, dengiz cho‘kmalaridan va dengiz tubigacha bo‘lgan kontinental yonbag‘irliklardan iborat.

1.2. Yerning tuzilishi

Yer sayyorasi bir-birining ustida joylashgan bir necha konsentrik (bitta umumiy markazga ega bo‘lgan) qobiqlardan (atmosfera, gidrosfera, litosfera, astenosfera, mantiya, oraliq zona, yadro) iborat. Qobiqlar yig‘indisi geosfera deb ataladi. Yerning tashqi tomonini o‘rab turgan birinchi qobiq – atmosfera-havo qobig‘idir, uning qalinligi 500 km dan 2000 km gacha yetadi, o‘rtacha qalinligi 1300 km. Atmosferaning yuqori qatlamlarining tuzilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Yerning sun’iy yo‘ldoshlari yordamida olingan materiallar asosida yanada boyitildi.

Troposfera – atmosferaning yerga eng yaqin bo‘lgan qatlami bo‘lib, uning qalinligi 7-10 km dan (qutblarda) 16-18 km gacha (ekvatorda) o‘zgaradi. Uning tarkibida atmosferadagi hamma gazlarning 9/10 qismi hamda suv bug‘lari mavjud. Yuqoriga ko‘tarilgan sari temperatura pasayib boradi. Havoning bu qatlamida bulutlar hosil bo‘ladi va isigan havoning harakatlanishi kuzatiladi.

Stratosfera – o‘rtacha qalinligi 40 km gacha bo‘lgan qatlamdan iborat. Uning temperaturasi -45-800C gacha o‘zgaradi. Stratosferadan keyin mezosfera qatlami keladi, uning qalinligi yer yuzasidan 80 km gacha yetib, temperatura -900C ga pasayadi.

Ionosfera – bu qatlam 80 km dan 1000 km gacha bo‘lgan oraliqda joylashgan. Ionosferada temperatura balandlik oshgan sari yuqorilashib boradi va bir necha yuz gradusni tashkil qiladi. Balandlik 1000 km dan oshgach ionosfera tugab, planetalararo fazoga o‘tadi. Bu qatlamda havoni tashkil etuvchi gaz zarralari 1500-2000 km gacha boradi va shu sathda atmosferaning yuqori chegarasi joylashadi.

Gidrosfera – Yer sayyorasining uzluksiz suv qobig‘i bo‘lib, okean, dengiz, ko‘l va daryolardan iboratdir. Yer yuzasi 510 mln.km2 bo‘lsa, shundan 70,8% ni (361,1 mln.km2) suv tashkil qiladi, qolgan qismi esa quruqlik hisoblanadi – 29.2% (148,9 mln. km2). Gidrosfera tarkibi dengiz suvlari tarkibiga mos bo‘lib, 1 l suvda 35 g turli erigan tuzlar (xloridlar, sulfatlar, karbonatlar) uchraydi. Bulardan tashqari dengiz va okean suvlari tarkibida Mendeleyev jadvalidagi hamma elementlar ozmi-ko‘pmi miqdorda eritma holida uchraydi.

Suv qobig‘ining o‘rtacha qalinligi 3,8 km. Okeanlarning eng chuqur joyi Mariana cho‘kmasi (Tinch okeanida) hisoblanib, 11022 m ga teng. Okeanlarda suv temperaturasi 1300 m chuqurlikkacha o‘zgarib turadi. Masalan, suvning yuqori qatlamlarida temperatura +15-16 0C bo‘lsa, 1000-1300 m chuqurlikda +1-3 0C. Chuqurlik 1300 m dan oshganda temperatura deyarli doimiy bo‘lib, 4 dan 2,5 0C gacha o‘zgarib turadi. Shu chuqurlikdagi suvlar bosimi 100 MPa teng.

Dengiz yerning rivojlanishida muhim geologik omil hisoblanib, qalin va yirik tuz konlarini, cho‘kindi tog‘ jinslari va minerallarini (ohaktosh, bo‘r, neft, fosforit, glaukonit, kaliy tuzlari) hosil bo‘lishida kuchli biokimyoviy laboratoriya hisoblanadi. Shu bilan birga dengiz suvlari qirg‘oqlari bo‘ylab ularni o‘rab turuvchi tog‘ jinslarini yemiradi.

Yerning tashqi qattiq qismi litosfera (toshqobiq) yoki yer po‘sti deb ataladi. Bu qobiqni o‘rganish juda ham katta ahamiyatga ega. Litosfera qobig‘i burg‘ quduqlari (12 km gacha qazilgan), seysmologiya, seysmik razvedka va geofizika tadqiqotlari yordamida 11-20 km chuqurlikkacha yaxshi o‘rganilgan. Geologik tekshiruv usullari litosferaning yuqori qismi qanday jinslardan tuzilganligini va ularning tarkibini bilishga imkoniyat yaratadi. Yerning bu qattiq qobig‘i mineral xomashyolarga boy bo‘lganligi uchun hozirgi paytda tezkorlik bilan o‘rganilayotir.

Litosferaning kimyoviy tarkibini o‘rganish 16 km chuqurlikkacha bajarilgan bo‘lib, A.P. Vinogradovning 1950-yildagi hisobiga ko‘ra, u quyidagi elementlardan tashkil topgan (% da):



Demak, yer po‘stining yuqori qismi tarkibida kislorod, kremniy, aluminiy, temir va kalsiy ko‘p tarqalgan ekan.

Yer po‘stining tarkibida turli-tuman tog‘ jinslari uchraydi va ular juda ham notekis tarqalgan. Litosferaning ayrim uchastkalarida turli rudalarning to‘planganligining va foydali qazilma konlarining hosil qilganligini guvohi bo‘lamiz.

Yerning litosfera qobig‘ida vulqonlar otilishi, qatlamlarning yirik yoriqlar bilan bo‘linib ketganligi, yerning ichki tektonik kuchlari ta’sirida qatlamlarning egilib-bukilib, strukturalar hosil qilganligi kuzatiladi. Hosil bo‘lgan strukturalar yer yuzasi relyefini tashkil etadi. Yer yuzasining relyefi tog‘, tekislik va dengiz hamda okean cho‘kmalaridan iborat. Relyefning shakli va uning hosil bo‘lishini geomorfologiya fani o‘rganadi.

Yerning chuqur qismlarining tuzilishini o‘rganish hozirgi kunda ham murakkab masalalardan biri hisoblanadi. Geofizika fani yutuqlariga asoslanib, yer qa’rida yuzaga keladigan zilzilalar va yirik portlashlardan hosil bo‘ladigan seysmik to‘lqinlarning tarqalishini, Yer yuzasidagi jinslarning tortishish kuchi qiymatining o‘zgarishini, Yerning magnit maydonini o‘rganish asosida sayyoramizning ichki tuzilishi to‘g‘risida fikr yuritishimiz mumkin.

Yerning litosfera qobig‘i qalinligi okean suvlari ostida 3-18 km, tekisliklarda 25-30 km, tog‘liklarda 50-84 km ga teng. Litosferaning yuqori qismi qalinligi 10-15 km dan iborat bo‘lgan cho‘kindi jinslardan tuzilgan. Uning ostida qalinligi 6-50 km li granit qatlam joylashgan. Uning eng qalin qismi Pomir va Alp tog‘lari ostida uchraydi. Okean cho‘kmalari ostida esa granitli qatlamning qalinligi juda ham oz bo‘lib, ayrim joylarda butunlay uchramaydi. Granit qatlam ostida bazalt qatlam joylashgan bo‘lib, qalinligi 30 km gacha yetadi, uning maksimal qalinligi materik tekisliklariga to‘g‘ri keladi.

Yerning bunday qatlamlari tarkibi kremniy va aluminiy elementlariga boy bo‘lganligi uchun sial qobiq deb ataladi. Bu qobiq cho‘kindi jinslar qatlami bilan birgalikda litosferani hosil qiladi. Litosferaning qalinligi 60-70 km (1.1-rasm).

Geofizik olimlarning keyingi paytlarda olib borgan izlanishlari natajasida granit va bazalt qatlamlar tarkibining o‘zaro o‘xshashligi aniqlandi, shu sababli ular orasidagi chegara shartli ravishda zichligiga qarab belgilangan.


1.1-rasm. Yerning ichki tuzilishi sxemasi.


Litosferaning ostida, mantiyaning yuqorisida astenosfera qobig‘i joylashgan bo‘lib, u qovushqoqligi past, issiqlik o‘tkazuvchanligi yuqori, seysmik to‘lqinlar tezligi kam bo‘lgan jinslardan tarkib topgan. Astenosferada Yer po‘sti va mantiyaning muvozanat (izostaziya) holati yuzaga keladi, unda litosfera bloklari «suzib» yuradi, degan taxminlar bor. Astenosferaning yuqori chegarasi okean tubida 50-60 km va quruqlik ostida 100-150 km, pastki chegarasi tegishlicha 400 va 250 km chuqurlikda deb hisoblanadi.

Astenosfera qobig‘i ostida tarkibi kremniy va magniyga boy bo‘lgan asos jinslardan tashkil topgan peredotit qobiq joylashgan. Bu qobiqdagi jinslarning zichligi 3,3-4,5 g/sm3 ga teng bo‘lib, qalinligi 900 km gacha boradi. Unda kislorod va kremniy elementlaridan tashqari magniyga boy jinslar mavjud.

Oraliq qobiq 2900 km chuqurlikkacha davom etib, zichligi 5,3-6,5 g/sm3 bo‘lgan jinslardan tuzilgan. Uning tarkibida kislorod, temir, magniy, nikel elementlari bor, deb taxmin qilinadi.

Yerning markazini yadro qobig‘i tashkil etadi. Yadro qobig‘ida (R≈3500 km) ichki yadro (R≈1300 km), oraliq zona va tashqi yadro ajratiladi. Yadroda bo‘ylama to‘lqinlarning o‘tish tezligi 8,1 km/s, ichki yadroda esa 11,2 km/s ga teng. Uning zichligi 9,9 dan 11,0 g/sm3 gacha bo‘lib, 2900 km chuqurlikdan boshlab keskin oshib boradi. Yadro qobig‘ining temperaturasi 2000-25000C.

Yerning yadro qismini tashkil etuvchi moddalarning agregat holati yaxshi o‘rganilmagan. Olimlardan Lejandrning fikricha, moddalar yadroda qattiq, Goldshmidt faraziga ko‘ra esa suyuq holatda bo‘lishi mumkin. Yadrodagi moddalarning o‘ta zich tuzilganligi yuqori bosim ostida yuzaga kelgan.