Sadece LitRes`te okuyun

Kitap dosya olarak indirilemez ancak uygulamamız üzerinden veya online olarak web sitemizden okunabilir.

Kitabı oku: «Заҳарли газандалар»

Yazı tipi:

KIRISH

Ko‘pchilik hayvonlarning (hasharotlar, reptiliyalar, baliqlar, amfibiyalar) zahari tarkibiga ko‘ra odam organlari sistemasi faoliyatini izdan chiqazadi va ko‘pincha ko‘ngilsiz oqibatlarga olib keladi. Hayvonlar zahari ba’zi hollarni istisno etganda oqsil tabiatli biologik faol komponentlardan iborat. O‘rgimchak, chayon asalari, qovoqari, baliq, va ilon zaharida o‘ziga xos toksinlar va birqancha fermentlar mavjud. Zahar tarkibi va uning ta’sir etish xarakteri biologik turning o‘ziga xosligi bilan belgilanadi, shuningdek, zahar tarkibining o‘zgaruvchanligi sabablarini sharxlashda tur ichidagi alohida guruhlarning, ya’ni populyatsiyalarning o‘ziga xosligini hisobga olmoq zarur.

Sayyoramizda hammasi bo‘lib, 5000 ta zaharli hayvonlar turi mavjud. Shulardan o‘ta sodda hayvonlar 21 turni tashkil etadi, bo‘shlikichlilar – 93, parazit chuvalchanglar – 16, halqali chuvalchanglar – 50, bo‘g‘imoyoqlilar – 4000 taga yaqin, mollyuskalar – 91, ninatanlilar – 26, baliqlar – 500, amfibiyalar – 40, reptiliyalar – 102, sutemizuvchilar – 1. Ana shulardan zaharli ilonlar, chayonlar, o‘rgimchaklar, ba’zi qo‘ng‘izlar ekologiya va toksikologiya nuqtai-nazaridan birmuncha yaxshi o‘rganilgan. Zaharli amfibiyalar, ko‘pchilik baliqlar, mollyuskalar va chirrilloq hayvonlar nisbatan kam o‘rganilgan.

Zaharli ilonlar barcha mamlakatlarda keng tarqalgan bo‘lib, odam uchun katta xavf tug‘diradi. Butun Dunyo sog‘liqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra dunyoda ilon chaqishidan har yili 500 000 ga yaqin odam aziyat chekadi, shulardan 40 000 tasi halok bo‘ladi. Birgina Hindistonning o‘zida har yili 100 mingta ilon chaqqan odamdan 1500–2000 kishi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlarning qolgan qismi Osiyo, Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Osiyoda bir yilda hammasi bo‘lib 30 ming odam, J.Amerikada 3000-4000, Sh.Amerikada 300–500 va Evropada 50 ta odam halok bo‘ladi.

Ilon chaqishidan halok bo‘lgan odamlarni 100 ming aholiga nisbatan olganda quyidagi manzarani ko‘ramiz. Birmada – 15,4, Hindistonda – 5,4, Seylonda – 4,3, Tayvan orolida – 0,6, Rodeziyada –0,4, Avstraliyada – 0,2. Odamlarning ilon chaqishidan halok bo‘lishi nafaqat ilonlarni keng tarqalishidan, balki qishloq aholisining zich joylashganidan, uning mehnati va turmush tarzining o‘ziga xosligiga ham bog‘liq. Bundan tashqari tropik mamlakatlarda ilonlar yil bo‘yi faol hayot kechiradi. O‘rtacha va salqin iqlimli joylarda ular faqat bahor faslida xavfli bo‘ladi. Masalan, AQSH da har yili ilon chaqishidan aziyat chekkanlar taxminan 2000 (100 ming aholiga 1,2)ni tashkil etadi, G‘arbiy Evropa va MDH da bu ko‘rsatgich yanada past.

Ushbu qo‘llanmani tayyorlashda asosan O‘rta Osiyo va Kavkaz orti respublikalarida tarqalgan zaharli gazandalarga urg‘u berildi, Shuningdek, dunyo ummon va dengizlarida yashaydigan umurtqasiz zaharli hayvonlardan o‘ta muhimlari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirildi. Qo‘llanmaning hajmi va tizimi cheklanganligi birinchi manbalar ro‘yxatini keltirishga imkon bermadi. Shu munosabat bilan mualliflar quyidagilarni ta’kidlashni o‘zlarining burchi deb biladi. Ko‘pchilik mutaxassis olimlar, zoolog, toksikolog, bioximiklarning tinimsiz mehnatlarisiz ushbu kitobni yozilishini tasavvur qilish qiyin bo‘lardi.

I BOB. ZAHARLI DENGIZ UMURTQASIZLARI (INVERTEBRATA)

Dengizda yashovchi jonivorlarning anchagina biomassasi umurtqasizlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Ular orasida zaharlilari ham kam emas, ular turli taksonlarga: g‘ovaktanlilar (bulutlar), bo‘shliqichlilar, chuvalchanglar, mollyuskalar va ninatanlilarga mansub. Dengiz mahsulotlaridan har tomonlama foydalanishda an’anaviy ovlanadigan turlar bilan birgalikda zaharli umurtqasizlarga ham katta ahamiyat beriladi, ularning ko‘pchiligi nisbatan foydali xususiyatga ega bo‘lgan biologik aktiv modda ishlab chiqaradi.

Olimlarni qiziqtiradigan tomoni shundaki, suvda yashovchi mazkur jonivorlar quruqlikda yashovchi zaharli hayvonlar ishlab chiqaradigan birikmalarga o‘xshamaydigan o‘ziga xos tizimli birikmalar ishlab chiqaradi.

1.1. G‘OVAKTANLILAR (SPONGIA YOKI PORIFERA) TIPI

Bulutlar o‘ta sodda tuzilgan bo‘lib, ko‘pchiligi dengiz hayvoni hisoblanadi, ba’zilari chuchuk suvlarda ham yashaydi. Bulutlar o‘troq hayot kechiradi, dengiz ostida tosh qoyalar, chig‘anoqlar hamda balchiqlarga yopishib olib yashaydi.

Bulutlar haqiqiy bo‘shang – zaharli hayvonlar bo‘lib, dushmandan himoyalanishda o‘zlarining zaharli metobalitlaridan foydalanadi. Bulutlarning zaharliligi skeletini qattiq bo‘lishi, binobarin, oziqabob bo‘lmasligi mazkur o‘ta sodda ko‘phujayrali jonivorlarni bizgacha saqlanib qolishini ta’minlagan.

Hozirgi hayvonot olamida 10 000 dan ziyodroq bulut turlari mavjud. Ularning juda katta qismi suv hayvonlari hisoblanadi. Turlarning ko‘pchilik qismi iliq dengizda litoralidan 6000 m chuqurlikkacha tarqalgan. Bulutlar faol biofiltirchilar, ba’zi turlari o‘zining tanasidan o‘n, va bir necha yuz litr suvni o‘tkazib yuboradi, og‘zidan otilib chiqqan suv bir necha o‘n santimetr masofaga borib yetadi. Bulutlarning ana shunday xususiyati dushmandan himoyalanishida ma’lum rol o‘ynaydi. Chunki suv bilan birgalikda ko‘pincha zaharli metobalitlar ham otiladi. Ma’lumki, mayda umurtqasizlar bulutlarga yaqinlashganda harakatdan to‘xtaydi va bulutga yem bo‘ladi. Bulutlar ajratib chiqazadigan zaharli moddalar o‘zlarini nafaqat mikroorganizmlardan himoyalaydi, balki ko‘p miqdordagi yirtqichlarni ham daf qiladi.

Bulutlar tarkibida bir qancha biologik aktiv antibiotik, sitostatik va zaharli xususiyatli moddalar mavjud. O‘zining kimyoviy tarkibiga ko‘ra bulutlarning fiziologik aktiv moddalari juda turli-tumandir. Ular orasida sterinlar, biogen aminlar va toksik oqsillar, jumladan suberitin degan oqsil modda Suberites domuncula, ya’ni po‘kak bulutidan ajratib olingan. Mazkur bulutning ajoyib xususiyatlaridan biri uning zohid qisqichbaqa bilan hamkorlikda bir butun organizm bo‘lib yashashidir.

Suberitin gomogen oqsil modda bo‘lib, M-28 000, u neyrotoksik aktiv modda, uning faolligi oqsil tarkibida triptofan qoldig‘ini mavjudligiga bog‘liq. Suberitin eritrotsitlarni gemoliz etadi, ATFni gidroliz qiladi. Dengiz qisqichbaqasini shol qilib qo‘yadi. It va quyon qon tomiriga yuborilganda ular qayt qiladi, oshqozon-ichak tizimi ishdan chiqadi, nafas olish va harakat muvozanati buziladi, og‘iz orqali yuborilganda suberitin salbiy ta’sir etmaydi.

1.2. BO‘SHLIQICHLILAR YOKI KUYDIRUVCHILAR (COELENTERATA) TIPI

Hayvonot dunyosida ilk bor achituvchi zaharlovchi apparat eng oddiy hayvonlarda paydo bo‘lgan. Masalan, infuzoriyaning ustida kuydiruvchi tolalar (trixosistlar) joylashgan bo‘lib, jonivor bezovta bo‘lganida uni kuch bilan tashqariga chiqarib tashlaydi va dushmanni zaharlaydi. Meduza, gidra yoki akteniyalarning ana shunday qurollari yanada kuchliroq zaharlash xossasiga ega. Bo‘shliqichlilarning terisi qichituvchi hujayralar bilan qoplangan bo‘lib, o‘ljaga tashlanishga doimo tayyor turadi. Odam yoki hayvonga hujum qilganida qichituvchi hujayralar ta’siridan o‘sha joylar kuyadi va vaqtinchalik shol bo‘lish alomatlari kuzatiladi.

Mazkur tip 9000 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Ular asosan dengizda hayot kechiradi, faqat ba’zi turlarigina chuchuk suvda yashashga moslashgan. Ularning o‘ziga xos xarakterli belgisi kuydiruvchi hujayralarining bo‘lishidir (knidoblastlar yoki nematositlar). Bu hujayralar dushmandan himoyalanish va o‘ljani qo‘lga olish uchun xizmat qiladigan zaharli suyuqlik ishlab chiqaradi. Bo‘shliqichlilarning rivojlanish siklida ikkala bo‘g‘ini – polip va meduzada ham zaharli apparati bo‘ladi. Poliplar ko‘pincha uncha chuqur bo‘lmagan yerlarda, o‘troq hayot kechirsa, meduzalar erkin suzuvchi hisoblanadi. Bo‘shliqichlilarning barchasi yirtqich hayot kechiradi, ular turli-tuman hayvonlar – mayda plankton qisqichbaqalardan tortib baliqlargacha bo‘lgan hayvonlar bilan oziqlanadi.

Bo‘shlikichlilarning boshqa bir vakili chaqadigan dengiz o‘ti meduzalarning lichinkalaridan iborat, ularga tegib ketsangiz o‘sha joyni kuchli darajada kuydiradi.

Butli meduza (Gonionemus vertens). Yosh meduzalar silindr shaklida, voyaga yetganlari esa yarim zoldirga o‘xshash bo‘ladi, o‘ta yiriklarining o‘lchami 40 mm gacha yetib boradi. 4 ta shulasimon kanalning pastki qismida o‘ta qavat-qavatlangan jinsiy bezlar joylashgan bo‘lib, meduzaning tepasidan qaraganda but shaklini eslatadi. Sayaloni atrofida 80 donaga yaqin har xil darajada rivojlangan paypastlagichlari bo‘ladi. Zoldirning pastki tomonida yaxshigina ko‘zga tashlanadigan keng halqali bo‘rtma yelkani bor. Zoldir yaltiroq sarg‘ish yashil shulasimon kanallari to‘q jigarrang, jinsiy bezlar qizg‘ish jigar rang. Yapon dengizida, tatar bo‘g‘ozida hamda Janubiy Kuril orollarida uchraydi.

Suv o‘simliklari orasida cho‘milayotgan odamlar ko‘pincha zaharlanadi. Badanini kuygan joyida kuchli og‘riq va toshmalar paydo bo‘ladi. Muskullarning tarangligi tezkorlik bilan tushib ketadi, bunday holat nafas olish mushaklariga ham tarqaladi, qisqa muddatga ko‘rish va eshitish xususiyati yo‘qoladi, taxikardiya, arterial bosmining qisman ko‘tarilishi kuzatiladi, zaharlanish alomatlari besh kungacha saqlanib turadi. Zaharning tarkibi yetarli darajada o‘rganilmagan. Zahar neyro-muskul sinapslarini-xolino reaktiv sistema va parasimpatik asab tugunchalarini bo‘g‘ib qo‘yadi, simpatik nerv tugunlari zahar ta’siriga ancha chidamli. Zaharning antixolinesteraza ta’siri zaharning asab tizimiga ta’sirini kuchaytirishi mumkin. Zahar ta’siri ostida organizmda gistamin va serotaninni bo‘shatilishi jadallashadi, oxirgisi aftidan organizmni ruhiy zaharlanish belgilarini yuzaga kelishiga sababchi bo‘lsa kerak.

Sianeya yoki qutb meduzasi (Cyanea capillata). Meduzalar orasida o‘ta yirigi bo‘lib, zoldirining aylanasi 2 m, paypaslagichlarining uzunligi 20-40 m, rangi ko‘pincha qizg‘ish-sariq yoki oq rangda, zoldirining atrofida 16 ta yirik parraklari mavjud. Sovuq suvda yashashni xush ko‘radi, Barens va Oq dengizlarda tarqalgan. Sianeyaning paypaslagichlariga tegib ketsangiz, bir, necha soniyadan keyin achituvchi og‘riq paydo bo‘ladi, 10-20 daqiqalardan so‘ng terida jarohat kuzatiladi. Turli kattalik va rangga ega bo‘lgan dog‘lar paydo bo‘ladi, shish ikki kungacha saqlanib turadi. Hayvonlarga nematosist ekstraktidan subletal miqdorda yuborganda jonivorning ichki a’zolari hamda yurakda qonning dimlanib qolishi kuzatiladi. Nematosistlardan ajratib olingan toksik fraksiya oqsillar aralashmasidan iborat bo‘lib, M-7000, sichqonga yuborganda nafas olish qiyinlashadi, changak bo‘lib qoladi va nihoyat u halok bo‘ladi, 0,7 mg/kg yuborganda 30 daqiqadan so‘ng, 0,3 mg/kg da esa 24 soatdan keyin hayvon o‘ladi.

Zahar qaytmas gipotenziv ta’sir ko‘rsatadi, yurak mushaklarining o‘tkazuvchan tizimini shikastlaydi, silliq muskullarga qaytmas spazmatik ta’sir ko‘rsatadi.

Dengiz arisi meduzalar orasida eng xavflisi hisoblanadi, uning o‘ta zaharli paypaslagichlari (kapsulalari)da kongestin, tallasin va genotoksin kabi maxsus moddalar topilgan, jonivorning hajmi 45 mm bo‘lib, suvda cho‘miladigan bolalar uchun akuladan ko‘ra havliroqdir.

Atlantika okeanida dengiz morvani degan mahobatli meduza yashaydi, uning kattaligi ikki metrga yetadi, chaqishidan odam terisi kuyadi. Odam uchun dengiz anemonlari aktiniyalar hamda korallar ham xavflidir. Grek bulutlarini tutadigan ovchilar kasb kasalligiga chalinadilar: qo‘l terilari dag‘allashadi, achituvchi qichitma paydo bo‘ladi. Bunday kasal bulutlarning dastidan emas, balki ularga yopishib olgan uncha katta bo‘lmagan aktiniyalar ta’siridandir: keyinchalik barmoq to‘qimalari sarg‘ayadi, so‘ngra qorayadi va nihoyat barmoq to‘qimalari jonsizlanib qoladi.

Ildizog‘izli meduzalar (Rhizostoma pulmo). Mazkur meduzalarda paypaslagichlari bo‘lmaydi, og‘zida ko‘p miqdorda parraksimon taramlashib ketgan bo‘rtmalari o‘zaro chatishib ketgan. Og‘iz parraklarining oxiri bo‘rtmalar hosil qilmaydi, balki ildizga o‘xshash o‘simtalar bilan tugaydi. Qora va Azov dengizlarida ildizog‘iz meduza rizistoma uchraydi u kuydiruvchi og‘riq chaqiradi. Rizistomaning nematosistlarida toksik peptid rizostomin mavjud bo‘lib, hayvonlarning nafas olish tizimini ishdan chiqazadi va hayvon nobud bo‘ladi.

Oddiy aktiniya (Actinia equina). Korall poliplari meduzaga aylanmaydi, shuning uchun ham polipoid holda yashaydi. Mazkur sinfga taalluqli aktiniya ko‘pincha yakka yashaydigan dengiz hayvoni bo‘lib, tashqi ko‘rinishidan mo‘‘jaz gulga o‘xshaydi. Oddiy aktiniya qizil, jigarrang yashil rangga bo‘yalgan bo‘lib, kamdan kam hollarda rangsizlari uchraydi. Balandligi 3-4 sm, kattaligi 4-6 sm, ichki paypastlagichlarining uzunligi 2 sm dan oshmaydi. Paypaslagichlarining umumiy soni 192 taga yetadi, hayvon bezovta bo‘lganida ular kuchli ravishda qisqaradi. Qora dengizda, shuningdek, shimoliy dengizlarda tarqalgan.

Aktiniyaning achituvchi hujayralari odam terisini kuydiradi va achituvchi qichitma paydo bo‘ladi. Jarohatlangan joyda tuguncha paydo bo‘lib, keyinchalik u to‘qimani chirishiga olib kelishi mumkin. Og‘ir hollarda isitma ko‘tariladi, bosh og‘riydi, holsizlik alomatlari kuzatiladi. Aktiniya bilan doimiy munosabatda bo‘ladiganlar, masalani, ilmiy xodimlarda eshakemiga o‘xshash allergiya chaqirishi mumkin.

Paypaslagichlarning tozalanmagan ekstrakti sichqon qorin bo‘shlig‘iga yuborilganda LD50 13,8 mkg/kg, ekstraktdan ajratib olingan oqsil ekvinotoksinning M-20000, uning zaharlash kuchi sichqon tomiriga yuborilganda 33,3 mkg/kg ekvinotoksin gipotenziv ta’sir ko‘rsatadi, qon bosimini tushuradi hamda eritrotsitlarni gemoliz qiladi.

Tealiya (Tealia felina). Mazkur aktiniyaning o‘lchami paypaslagichlari bilan birga 30 sm ga yetadi, rangi har xil qizg‘ish sariq, qizg‘ish dog‘lari bor. Paypaslagichlarning soni 80-100 taga etadi. Keng tarqalgan arktik-boreal tur. Barens, Qora hamda Bering dengizlarida, shuningdek, Sibir qirg‘oqlari bo‘ylab uchraydi. Paypaslagichlaridan ajratib olingan suyuqlik, sichqon qon tomiriga yuborilganda LD50 124 mg/kg, zaharning qisman tozalangani 6 mg/ kg ga teng. Zaharlangan odamda gipotermiya, badanning titrashi, tortishishi kuzatiladi. Ekstraktdan ajratib olingan tealiatoksinning M-7800. Toksin gistominolitik va gemolitik aktivlikka ega. Shuningdek, arterial bosimni ko‘taradi, yurak urishini kamaytiradi hamda nafas olish qiyinlashadi. Toksinning kardiotoksik ta’siri salbiy ino va xranotrop tasirining rivojlanishida, yurakni to‘la-to‘kis to‘xtab qolishida o‘z aksini topadi.

Vajohatli meduzalar. Amerikada chiqadigan jurnallardan birining xabar berishicha Bermud orollarida vajohatli meduzalar paydo bo‘lgan. Ularning tana uzunligi 60 metrgacha yetadi. Bir necha hafta ichida ana shunday meduzalar 27 kishini zaharlab o‘ldirgan, shulardan 8 kishining murdasi meduza paypaslagichlari bilan o‘ralgan holda topilgan, qolgan murdalar suvning betida suzib yurgan. Mutaxassislarning fikricha mazkur meduzalar radioaktiv nurlar ta’siri ostida mutatsiyaga uchrab ana shunday mahobatli jonivorlarga aylangan. Radioaktiv moddalar esa halokatga uchragan sobiq sovet suv osti kemasidan tarqalgan. Hisob kitoblarga ko‘ra ana shu orolda 200 ta irsiyati o‘zgargan vajohatli meduzalar borligi aniqlangan. Ular dengiz hayvonlariga, suv osti kemalariga va kichikroq kemalarga ham hujum qilishga qodir bo‘lgan.

Suvga kemadan turib nazar tashlaganda juda qiziq manzarani, g‘aroyib organizmlarni ko‘rish mumkin. Ko‘z ilg‘amas beqiyos ummonlarda yashovchi bu jonivorlar o‘z yelkanlarini ochib shamol va suv oqimi tomon suzadilar. Bu yelkanli meduzalarning bir turi – fizali nomli jonivar bo‘lib, uning yelkani suzgich pufagidan iborat. Bu jonivar o‘ta chiroyli bo‘lib turli hil ranglarga tovlanadi. Tashqi ko‘rinishidan fizali o‘ta nozik xushbichim mavjudotdir. Bordi-yu ana shu jonivorga yaqin kelib qolish nasib etsa, unga qo‘lingizni tekiza ko‘rmang, yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Uning yelkani yoki pufagi murakkab gidrostatik moslama bo‘lib, jonivorning tana vaznini o‘zgartirib turadi. Pufakcha havo bilan to‘lganda fizali shamol esgan tomonga qarab suzadi. Shamol kuchayib suv to‘lqinlasha boshlagach, pufakcha devorlari siqilib, ortiqcha havo tashqariga chiqariladi va meduza ummon qa‘riga sho‘ng‘ib ketadi. To‘lqin tinchigandan so‘ng maxsus hujayralar yana gaz ishlab chiqaradi va meduza yana suvning betiga ko‘tariladi.

Odatda havo pufagining tagida bir metrcha uzunlikda paypaslagichlari bo‘lib, unda juda ko‘p miqdorda kuydiruvchi hujayralar joylashgan. Ana shu paypaslagichlar baliq yoki boshqa bir jonivarga tegib ketsa, uni shol qilib qo‘yadi, ya’ni bunday hujayralar xavfli qurol hisoblanadi, unda o‘ta kuchli va tez ta’sir etadigan zaharli modda bo‘ladi. Fransuz olimlari fizali zaharini dengiz cho‘chqasi, kaptar va itlar ustida sinab ko‘rgach ana shunday xulosaga keldilar, ya’ni muskullar orasiga yuborilgan zahar eritmasi hayvonni so‘zsiz halok qiladi. Meduza zahari barcha ichki organlar hujayralarini nobud qiladi, o‘pka, jigar va taloqda shish paydo bo‘ladi, natijada jonivor halok bo‘ladi.

Amerika, Afrika va Avstraliya qirg‘oqlariga fizali guruhlarining bostirib kelishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Voqeani kuzatgan kishilarning hikoya qilishlaricha, cho‘milishga suvga tushgan kishilar orasida fizali dastidan qurbon bo‘lganlar bor. Suvga tushganlardan biri qirg‘oqda cho‘mila turib birdaniga qichqirib yuboradi va muvozanatini yo‘qotayozib suvdan chiqadi, uning badanida meduza paypaslagichlari ko‘rinib turardi, uch daqiqa o‘tar o‘tmas chorasiz qolgan kishi dunyodan ko‘z yumadi.

So‘nggi yillarda boshqa bir meduza turi Xiradropus bilan zaharlanish hollari kuzatilmoqda. Meduza tanasi yaltiroq bo‘lgani uchun suvni ichida uni ko‘rish ancha qiyin. Albatta bu jonivorning zaharli hususiyati yaqinda paydo bo‘lgan emas, faqatgina shu paytgacha unga e’tibor berilmagan xolos. Mazkur meduzani zaharli hususiyati Avstraliyaga yevropaliklar ko‘chirilgandan keyin ma’lum bo‘ldi. Ko‘p vaqtlardan beri suvdan topilgan murdalarning halokat sababi aniqlanmas edi. Va nihoyat sirli jumboq yechildi, ya’ni suvga tushgan odamlar faqat ana shu meduza tomonidan zaharlanishi aniqlandi. Meduza chaqqan kishilar odatda qattiq og‘rik dastidan tovush chiqazishga ham ulgurmasdan suvga g‘arq bo‘larkan. Aniqlanishicha yevropaliklar bunday jonivorlardan ko‘proq talofat ko‘rganlar. Mahalliy xalq, xususan avstraliyaliklar go‘yo meduza zahariga qarshi immuniteti bordek qo‘rqmasdan cho‘milaveradi.

Meduzalarning gonionemus degan turi ham anchagina zaharli bo‘lib faqat omadi kelgan kishilargina kuyish (achish) kabi holatlar bilan cheklanishi mumkin, aks holda zaharli ilonga ro‘para kelgandek bo‘lasiz.

Dunyo ummonlarida kalmarlarning zaxirasi bitmas-tuganmasga o‘xshaydi, mutaxassislarning fikricha, buning sabablaridan biri ular nihoyatda serpusht bo‘lib, bir yilda ikki marta bahorda va yoz faslining oxirida tuxum qo‘yish yo‘li bilan ko‘payadi. Kalmarlarni ovlash katta iqtisodiy ahamiyatga ega, har yili yaponlarning o‘zi 650 million tonna kalmar ovlaydi, AQSHda 10 ming tonna va hokazo. Bunday ov yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Kalmarlarni ko‘pchiligi uncha katta bo‘lmaydi, lekin o‘ta yiriklari ham uchrab turadi. Og‘irligi ikki tonna, uzunligi 18 metr keladiganlari ham bor. Bunday mahobatlilari odamga to‘g‘ri kelib qolsa yaxshilikka olib kelmaydi, albatta.

Ikkinchi jahon urushi kezlarida halokatga uchragan suv kemasidagi odamlardan bir nechasini mahobatli kalmarlar kemadan olib ketgan, bunday yiriklari kashalot kabi yirtqichlar bilan ham yakkama-yakka olishadi.

1.3. O‘GARAK CHUVALCHANGLAR (NEMATHELMINTHES) TIPI (PLATHELMINTHES)

Odam organizmida parazitlik qilayotgan yassi va to‘garak chuvalchanglarning zaharli xususiyati borgan sari dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Askaridalarning odam uchun ancha zararli, ya’ni zaharli ekanligi haqida adabiyotlarda ma’lumotlar ko‘p. Ular oshqazon-ichak tizimi vazifasini izdan chiqazadi, buyrakka salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ba’zan tutqanoq kasalini chaqiradi. Shuningdek, ichki sekresiya bezlariga ham ta’sir etadi. Askarida tanasida askaron degan xavfli zahar bo‘lib, uni parazit bo‘shlig‘idagi suyuqlikdan ajratib olinadi. Ana shu suyuqlikning bir tomchisi otning qon tomiriga yuborilsa, uni halok etadi. Askarida o‘zining hayoti davomida har kuni odam ichagiga ana shu zahardan ajratib turadi. Bu zahar ichakdan qonga so‘rilib asosan nerv sestemasini zaharlaydi. Ichakdagi askarida halok bo‘lganida esa undan ajralib chiqqan suyuqlik – zahar odamning tana haroratini ko‘tarilishiga, meningit xastaligi belgilarini namoyon qiladi.

Yana bir nematoda – ankilistoma kishilarning o‘nikki barmoqli ichagida parazitlik qiladi, undan ajralib chiqqan zahar qizilqon tanachalarini eritib yuboradi va kam qonlilik kasaliga olib keladi. Mazkur chuvalchangni lichinkalari tuproqni ifloslantiradi. Tuproqdan odamning oyog‘i (tovoni) orqali qonga o‘tadi, keyin o‘n ikki barmoqli ichakka ko‘chadi.

Hayvonot olamida to‘garak chuvalchanglar turlari soni jahatidan bo‘g‘imoyoqlilardan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Ammo individlar soni jahatidan birinchi o‘rinni egallasa kerak. Chuvalchanglarning taxminan 500 mingta turi mavjud, shulardan 15 mingtasi tavsiflangan. Bundan tashqari boshqa ko‘p hujayrali hayvonlar guruhiga qaraganda mazkur chuvalchanglar son jaxatidan nihoyatda ko‘p bo‘lib, yashash joylari ham xilma-xildir. Bu chuvalchanglar qayerda yashamasin, ularning soni nihoyatda yuqori. Masalan, bitta chiriyotgan olmada 90 000 dona, bir kurak ozuqaga boy tuproqda bir milliongacha, va bir gektar lavlagizorda 600 million chuvalchang bor. Butun yer yuzi va suv hamda barcha tirik va o‘lik narsalar – hammasi to‘garak chuvalchanglar bilan to‘lib toshgan. Shunga qaramasdan ko‘pchilik odamlar buni deyarli tan olishmaydi.

Ba’zi bir to‘garak chuvalchanglar parazit hisoblanadi. Odam tanida 50 tacha chuvalchang turlari yashashi mumkin, masalan, odamning limfatik qon tomirlarida juda ko‘p miqdorda o‘ta mayda chuvalchang bolalari bo‘ladi. Ular odam perifirik qonida har kuni tunda faqat soat 22 dan to 2 gacha faollashadi. Xuddi ana shu vaqtda odamni chaqadigan pashshalar ham o‘ta faol bo‘ladi. Ana shu biologik ritm chuvalchang bolalarini ikkinchi xo‘jayinga – pashshaga o‘tishiga imkon beradi. Pashsha tanida voyaga yetgach, chuvalchanglar pashsha chaqishi tufayli odamga o‘tadi.

Yaş sınırı:
0+
Litres'teki yayın tarihi:
25 ekim 2023
Hacim:
5 s. 9 illüstrasyon
ISBN:
978-9943-4113-6-4
Telif hakkı:
Kitobxon
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre