Kitabı oku: «Tom Soyerning boshidan kechirganlari», sayfa 2
Uchinchi bob
URUSH VA SEVGI BILAN MASHG‘UL BO‘LISH
Tom Polli xolaning oldiga kelganida, xolasi ham yotoqxona, ham ovqatxona, ham ishxona bo‘lib xizmat etadigan orqa tomondagi bejirim bo‘lmaning lang ochiq derazasi yonida o‘tirar edi.
Barakali yoz havosi uyda hukm surgan jimjitlik, gullarning xushbo‘y hidlari, asalarilarning allalovchi g‘o‘ng‘irlashlari Polli xolaga o‘z ta’sirini o‘tkazar edi: u to‘qib o‘tirgan ishi ustidan mudrab o‘tirar, birdan-bir sherigi bo‘lgan mushuk ham uning tizzasida pinakka ketgan edi. Uning ehtiyotdan peshonasiga ko‘tarib qo‘ygan ko‘zoynagi ustiga oq sochlari tushib turar edi. Tomning allaqachon qochib ketganiga u albatta ishongan va Tomning qachon qo‘lga tushishini bilgisi kelardi. Birdaniga Tomning ovozi eshitilib qoldi:
– Men endi o‘ynagani borsam maylimi?
– Nima uchun? Darrov-a? Xo‘sh, qancha joyni oqartirding?
– Hammasi bo‘ldi, xola.
– Tom! Aldama! Men yolg‘onni yomon ko‘raman!
– Yolg‘on so‘zlayotganim yo‘q, xola, buyurganishingizning hammasi tamom bo‘ldi.
Polli xola ishonmadi.
U borib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rib kelish uchun ketdi; u, Tom aytgan so‘zning loaqal yigirma foyizi rost chiqsa ham juda xursand bo‘lur edi. U borib ko‘rarkan, devorning hammasi boshdan oyoq juda yaxshilab – qalin qilib oqlanganiga, hatto devorning ostidagi yerga ham ko‘ndalangiga oq tasma tushirilganiga juda hayron qoldi.
– Obbo, azamatey, men hecham bunday bo‘lar, deb o‘ylamagan edim… Tom, men senga insof bilan aytishim kerak, agar sen sidqidil ishlasang, har qanday ishni ham eplay olar ekansan. – Shu yerda u, maqtovning hovrini biroz pasaytirmoqchi bo‘ldi va ilova qildi: – Lekin bu g‘ayratingni kamdan kam ko‘rsatasan. Buni aytib o‘tish kerak. Bor, o‘yna, faqat shuni bilgin, uyga kech qolmay, vaqtida yetib kel, bo‘lmasa men seni…
Polli xola uning g‘ayratidan shunday shodlangan ediki, uni qaznoqqa olib kirib, halollik bilan ishlashning o‘z lazzati bo‘lishi haqida uzoq so‘zlab, unga eng yaxshi olmadan bittasini tanlab berdi. Tom esa shu orada xolasiga ko‘rsatmay, shirin nondan bittasini o‘g‘irlab oldi.
U yugurganicha tashqariga chiqqan edi, Sidni ko‘rib qoldi. Sid endigina zinadan chiqib bormoqda edi. Bu zina binoning tashqarisida bo‘lib, yuqori qavatning orqa tomonidagi uylarga olib chiqardi. Tomning qo‘lida otishga chog‘langan bir qancha kesak bo‘lib, darhol ularni ota boshladi. Bu kesaklar Sidning ustiga do‘ldek yog‘ildi. Polli xola kelib ajratib olguncha, Tomning kesagi Sidga kelib tegdi, Tom esa devordan oshib, qochib qoldi. Hovlidan chiqadigan kichkina eshik ham bor edi, lekin unga tezda yetib olishga Tomning fursati bo‘lmadi. Endi u Sidni urib, bir vaqtlar Polli xolaga yoqasidagi qora ipni ko‘rsatib chaqqani uchun qasdini olganidan yuragi quvonch bilan to‘ldi.
Tom butun binoni aylanib o‘tib, bir iflos yo‘lga chiqib oldi. Bu yo‘l Polli xolaning molxonasi orqasida edi. Endi u tamom xotirjamlik bilan borar, chunki bu yerda uni yana tutib olish xavfi yo‘q edi. Shuning uchun u shahar bozoriga, ya’ni o‘z o‘rtoqlari bilan ilgaridan maslahatlashib qo‘ygan yerga qarab jo‘nadi; bu joyda hozir mushtlashish uchun bolalarning jangovar ikki otryadi to‘plangan edi. Bu armiyalardan biriga Tom, ikkinchisiga esa uning qadrdon do‘sti Jo Garper degan bola qo‘mondonlik qilardi. Bu ikkala ulug‘ harbiy boshliq bir-birlari bilan shaxsan olishmaguncha, bir-birovlariga yo‘l bermas edilar, ko‘pincha mayda askarlar olishar, komandirlar esa ikki tepaning ustida o‘z yordamchilari orqali buyruqlar berib turar edilar. Ancha uzoq va og‘ir olishuvlardan keyin, Tomning askari yengib chiqdi.
So‘ngra ikkala qo‘shin ham o‘z askarlari orasidan «o‘lgan»larni sanab chiqdilar, asirlarni ayirboshladilar, kelgusi ixtiloflar to‘g‘risida yangi bitimga keldilar va keyingi, qat’iy jang kunini belgiladilar. Keyin jangchilar saflarga tizilishib, tantanali marsh bilan jang maydonidan chiqib ketdilar. Tom uyga yolg‘iz o‘zi ketdi.
Jeff Techer yashab turgan uyning yonidan o‘tib borar ekan, Tom shu yerdagi bog‘ ichida notanish bir qizga ko‘zi tushdi. Bu qiz – oltindek sap-sariq sochlarini ikki o‘rim qilib, orqasiga tashlagan, ko‘k ko‘zli, yozlik oq nafis ko‘ylak va guldor ishton kiygan chiroylik bir qizaloq edi.
Hozirgina shuhrat qozongan qahramon uning qarshisida jangsiz yengildi. Emmi Lorensin degan qiz uning qalbida hatto iz ham qoldirmasdan shu soatdayoq yodidan ko‘tarildi. U esa Emmi Lorensin haddan tashqari sevaman, hurmatlayman, deb faraz qilar edi! Bu yerda haddan tashqari aldanishdan boshqa narsa yo‘q ekan. Bir necha oy urinib Tom, uning sevgisiga muvaffaq bo‘ldi. Qiz bundan faqat bir hafta burungina unga muhabbat qo‘yganiga iqror bo‘ldi. Shu qisqagina muddat – yetti kun ichida u, o‘zini mag‘rurlik bilan dunyoda eng baxtli bola, deb hisoblab yurdi, mana, endi ularni bir lahza tasodifiy mehmondek uning xotiridan ko‘tarildi.
Tom sekin-asta, sezdirmasdan bu qizga mahliyo bo‘lib tikilib qaray boshladi. Bir vaqt uning ham o‘ziga ko‘zi tushganini payqab qoldi. Shunda Tom, go‘yo bu qizni ko‘rmagandek bo‘lib va o‘z ko‘nglida bu qizga o‘z «epchilligi»ni ko‘rsatish niyatida har xil o‘xshovsiz qiliq va harakatlar qila boshladi. Odatda, bolalar birovga yoqmoqchi bo‘lganlarida, shunday harakatlar qiladilar. Shunday ajoyib fokuslarni birmuncha vaqt davom etdirgandan keyin, Tom o‘zining qandaydir xavfli gimnastika harakatlari orasida qiz tomonga ko‘z tashlab uning burilib ketayotganini ko‘rdi.
Tom bundan xafa bo‘lib, devor yoniga yaqinlashib keldi; u qizning biroz bo‘lsa ham shu yerda, bog‘da yurishini istar edi. Qiz chindan ham ostona oldida biroz to‘xtab turdi-da, keyin eshikka tomon yo‘naldi. Qiz, oyog‘ini eshik ostonasiga qo‘yar ekan, Tom og‘ir bir xo‘rsinib qo‘ydi, biroq birdan uning yuzini yana shodlik qopladi. Qiz eshik orqasiga o‘zini olmasdan burun, u yoq-bu yoqqa alanglab qaradi-da, qo‘lidagi gulni devordan oshirib unga tashladi. Tom yugurganicha borib, gul yotgan yerdan ikki qadam berida to‘xtadi va qo‘lini ko‘zlari ustiga tutib, biror qiziq narsa ko‘rgandek, ko‘cha tomonga tikilib qaray boshladi. Keyin u yerdan bir cho‘pni olib, burni ustiga qo‘ydi va uni tushirmaslik uchun boshini orqasiga tashlab, gavdasini uyoq-buyoqqa tebratdi-da, sekin-asta gulga yaqin bora boshladi. U shu tariqa yurib borarkan, gulga yondashib, uni oyog‘i bilan bosib oldi va gulni sekingina oyoq panjalari orasiga qisib, bir oyoqlab sakray-sakray, qimmatli hadyasini oldi va burchakdan burilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Uning ko‘zdan yo‘qolishi uzoq davom etmadi; u burchak orqasiga o‘tib, nimchasining tugmalarini yechib, gulni ko‘kragiga, ya’ni yuragiga, balki qorniga yaqinroq yerga (chunki u anatomiya bilimidan xabarsiz edi) yashirish uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha vaqt ko‘rinmay turdi.
Keyin u yana qaytib kelib, o‘sha kuni kechgacha har xil nayrangbozliklar ko‘rsatib yurdi. Garchi Tom: «Qiz biror derazadan bekinib qarab turgandir», degan umid bilan o‘zini ovitib, har xil o‘yinlar ko‘rsatsa hamki, qiz qaytib ko‘rinmadi. Nihoyat, Tom bechora tamom umidsizlanib, boshi har xil shirin xayollar va orzular bilan to‘lgani holda, noiloj uyiga qaytib keldi.
Kechki ovqat ustida u butunlay xayolga cho‘mib, shunday hayajonli bir holatda o‘tirdiki, xolasi uning ahvolini ko‘rib: «Bu bolaga nima bo‘ldi ekan?» – deb hayron qoldi. Sidga kesak otgani uchun uni juda qattiq koyidi biroq, u bundan sira xafa bo‘lmagandek ko‘rinar edi. U xolasining ko‘zi oldida bir bo‘lak qandni sekingina ilib olmoqchi bo‘lgan edi, xolasi uning qo‘liga bir urdi. Tom, xafa bo‘lmadi, faqat:
– Xola, Sid ham qandingizdan oldi-ku, uni nega urmaysiz? – deb qo‘ydi.
– Sid senga o‘xshab, hadeb boshqalarni qiynay bermaydi. Agar men bo‘lmasam, sen qantdonning ichidan qo‘lingni olmas eding.
Xolasi oshxonaga qarab ketdi, Sid esa, o‘zining jazolanmaganidan xursand bo‘lib, shu zamon Tomning g‘ashiga tegdi-da, qo‘lini qanddonga cho‘zdi. Tom uchun bu chidab bo‘lmaslik bir hol edi! Biroq, shu vaqt Sidning qo‘lidagi qanddon yerga tushib chil-chil bo‘ldi. Tom shunday suyunib ketdiki, shodligidan biror so‘z ham aytolmay, jim bo‘lib qoldi. U, xolasi kirib kelguncha, hatto xolasi kirib kelgandan keyin: «Buni kim qildi», deb so‘ragunicha ham indamay qarab o‘tirmoqchi va xolasi ko‘rgandan keyingina aytmoqchi bo‘ldi. U, endi odobli, «erka bola»ning kaltak yeyishini avvaldan sezib, shodlanib o‘tirar edi. Kampir qaytib kirdi-da, singan qanddonning tepasiga kelib, ko‘zoynaklari ustidan g‘azab bilan qaradi va qo‘llarini yozganicha hayron bo‘lib qotib qoldi. Tom ichida: «Ana endi ish boshlandi-ku!» deb turar edi. Biroq oradan bir nafas o‘tmay, Tomning o‘zi yerga ag‘darilib, kaltak ostida qoldi. Xolasi uni yana qayta-qayta urmoqchi bo‘lib turar edi, Tom yig‘i aralash:
– To‘xtang! To‘xtang, xola! Siz meni nima uchun urayotirsiz? Qanddonni sindirgan men emas, Sid-ku! – dedi.
Polli xola hayron bo‘lib, qarab qoldi. Tom endi achinar, rahmi kelar, deb o‘ylagan edi. Biroq xolasi o‘zini tutib oldi-da, faqat:
– Ha, ha. Shundaymi? Har holda bu kaltak senga o‘rinsiz tegmagandir, deb o‘ylayman. Men yo‘q vaqtimda sen ham anchagina sho‘xlik qilgandirsan, – dedi.
U vijdonan azoblana boshladi. U, bolaga uch-to‘rt og‘iz bo‘lsa ham yaxshi so‘zlar aytib, uni yupatib ko‘nglini olmoqni juda istar edi, lekin qo‘rqardi, basharti, erkalatsa, xola o‘zini gunohkordek hisoblar, bu esa tartib-intizomga xilof bo‘lar edi. Shu sababli kampir churq etmay, o‘zining odatdagi ishlari bilan shug‘ullanaverdi. Tom burchakka borib o‘tirib oldi, u go‘yo o‘z yarasiga malham qo‘yar edi. U, xolasining chin yurakdan afsusda ekanini bilar va shu xayol uning ko‘nglini ozgina bo‘lsa ham shodlantirgandek bo‘lar edi. Tom sirini boy bermaslikka, murosasozlikka tomon bir qadam ham qo‘ymaslikka va xolasining ko‘nglidagi o‘kinchini bilmagandek bo‘lishga tirishar edi. Xolasining unga o‘qtin-o‘qtin, yoshlangan qayg‘uli ko‘z bilan qarashini bilar, lekin buni sezishni istamas edi. U o‘z xayolida qattiq kasal bo‘lib, o‘lim oldida yotgandek, xolasi kelib undan bir og‘iz bo‘lsa ham kechirim so‘rashini kutgandek, o‘zi esa, bunga e’tibor qilmay, yuzini devor tomonga o‘girib olib, jon bergandek bo‘lar edi. Shunday bo‘lsa, xolasi qanday ahvolda qolar edi? U yana o‘zicha xayol surar: go‘yo u suvga cho‘kkan, uning o‘ligini suvdan topib olganlar, jingalak sochlari butunlay ho‘l, ma’sum qo‘llari ko‘ksiga qovushtirilgan holda, yuragi abadiy urmay qo‘ygan. Shunda xolasi uning o‘ligi ustiga tashlanib, ko‘z yoshlarini duv-duv to‘kib yig‘lar va xudodan o‘z bolasini qaytarib berishni so‘rar, agar qaytarib bersa, uni hech vaqt xafa qilmaslikka so‘z berar edi. Lekin u rangi o‘chgan, tanasi muzlagan holda, tiriklik alomatini bildirmasdan, xuddi g‘am-g‘ussalardan abadiy qutilgan ma’sum bola singari qimirlamay yotmoqchi bo‘lar edi. Bu manzaradan uning yuragi shunchalik siqildi va ta’sirlandiki, ko‘zlari jiq yoshga to‘lib va sekin-asta sirqib, burnining uchidan tomib tushib turdi. O‘z xafachiligini qadrlash uning uchun shunchalik lazzatli ediki, u o‘z yonida bo‘layotgan shodlik va kulgilarga chidab turolmas edi. Shuning uchun ham u, Meri degan qizning yosh qarindoshi eshikdan o‘ynab-sakrab, ashula aytib kirgan vaqtda, xafachilikdan qovoqlari soliq holda hovlidan chiqib ketdi. U, o‘rtoqlaridan uzoqda, yuragidek g‘am va anduhlarga to‘la kimsasiz yerlarda tentirab yurdi.
Xariga o‘xshagan sol uni qiziqtirdi; u solning eng chekkasiga o‘tirib olib, daryo yuzini tomosha qilib bordi. Shu bilan birga hech bir sezmasdan va hech qanday o‘ng‘aysizlikka uchramasdan bir lahzada g‘arq bo‘lib ketishni orzu qilar edi. So‘ngra, u gulini esladi. Nimchasining ichidan uni oldi, – gul so‘ligan va ezilgan edi, – bu hol uning qayg‘usini yana ham kuchaytirdi. U o‘z-o‘ziga: «Agar u qiz ichimdagi qayg‘ularimni bilsa, meni ayarmidi, yig‘larmidi va bo‘ynimga osilib, meni yupatarmidi? Yoki hozir takabbur odamlar menga qayrilib qaramaganlaridek, u ham qayrilib qaramasmidi?» degan so‘roqlarni bera boshladi. Shu haqda fikr uni shunday bir yengilgina g‘am bilan o‘rab oldiki, u tarqalib ketgunicha, har maqomga solib ko‘rdi. Nihoyat, o‘rnidan turdi va og‘ir bir nafas olib, qorong‘u ko‘chaga yo‘l oldi. Soat to‘qqiz yarim yoki o‘nlarda u, odamlar juda kam qatnaydigan bir ko‘chaga kirib keldi; bu ko‘chada uning sevgani – begona qiz turardi, u bir nafas to‘xtadi-da, atrofga quloq sola boshladi – churq etgan ovoz eshitilsa-chi! Ikkinchi qavatdagi uyning derazasidan miltillab yonib turgan shamning shu’lasi pardaga tushib turardi… Qiz shu bo‘lmada emasmikin? U xarilardan oshib o‘tib, chakalakzor orqali yurib sekin-asta naq deraza tagiga borib to‘xtadi. Uzoq vaqt mehr bilan derazaga qarab turdi, keyin so‘ligan gullarini qo‘llari bilan ko‘kragiga bosgani holda, shu yerda chalqanchasiga yotib oldi. Mana shu ahvolda u, ochiq havoda o‘lib ketishni, bevafo dunyodan ko‘z yumishni istar edi; hech kimning jon berish oldidan chiqqan peshona terini artmaydi, so‘nggi nafasini olayotgan chog‘larda hech kim uning oldiga bosh egmaydi. Ertaga, ko‘ngilli tong paytida qiz uyg‘onib, mazkur derazadan qaragan vaqtida, uni shu ahvolda ko‘radi, – nahotki, shu choqda uning jasadiga bir dona ham ko‘z yoshini tomizmasa, o‘ndan bir guli endigina ochilgan yosh bolaning juda bevaqt o‘lganini ko‘rganida, nahotki, ko‘kragidan aqalli biron marta og‘ir xo‘rsinish chiqmasa?
Birdan deraza ochildi. Qandaydir xizmatchi xotinning ko‘targan shovqini qorong‘u kechaning sukunatini buzdi va bir paqir suv bolaning ustiga ag‘darildi. Hayron bo‘lgan qahramon, yotgan joyidan irg‘ib turib, ust-boshini silkishga kirishdi. Shu vaqt havodan bir narsaning uchib o‘tayotgani sezildi, qulog‘iga birovlarning so‘kishayotgan ovozi va oynaning jaranglab singani eshitildi-da, ko‘ziga panjara ustida bilinar-bilinmas bir narsaning qorasi ko‘rinib, shu onda ko‘zdan yo‘qoldi.
Oradan bir necha vaqt o‘tgandan keyin Tom, ho‘l bo‘lgan kiyimlarini yechib, sham yorug‘ida ko‘zdan kechira boshladi. Sid uyg‘onib qoldi. Sid balki Tom oldida o‘z aybini yopib ketmoqchi bo‘lgandir, ammo u, o‘zining bu fikrini tezlik bilan o‘zgartib, jimgina uxlagan bo‘lib yota berdi, chunki Tomning ko‘zlarida yaxshilik alomatlari ko‘rinmas edi. Tom kechki ibodatini ham qilib o‘tirmasdan, uxlamoq uchun o‘rniga borib yotdi. Sid esa buni fahmlab ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
To‘rtinchi bob
YAKSHANBA KUNGI MAKTABDA «CHIRANISH»
G‘ala-g‘ovursiz, tinchgina shaharcha ustidan ko‘tarilgan quyosh o‘zining yorqin nurlari bilan shaharchani go‘yo yupatib turgandek bo‘lar edi. Nonushtadan keyin Polli xola ko‘ngliga mustahkam joylab olgan Tavrot oyatlariga asoslangan duolarini o‘qidi. Sinay cho‘qqisiga o‘xshagan mehrobdan turib, u, Muso payg‘ambar hayotidan dahshatli bir bobni o‘qidi.
So‘ngra Tom belini mahkam bog‘lab olib, miyasini Tavrot oyatlari bilan to‘ldira boshladi. Sid esa darsini allaqachon tayyorlab qo‘ygan. Tom, Tavrotning besh oyatini o‘z xotirasida saqlab qolish uchun butun kuchini sarf qildi. U jo‘rttaga oson oyatlarni tanlab olar edi, chunki butun Tavrot ichida bo‘lgan suralarning eng qisqalari shular edi.
Yarim soatdan keyin Tom o‘z saboqlaridan uncha-munchasinigina zo‘rg‘a eslab oldi, chunki shu vaqt ichida uning fikri-yodi turli xayol bilan, qo‘llari esa boshqa ish bilan band edi. Meri, Tomning qo‘lidan kitobni olib, darslarini so‘ray boshladi, Tom esa o‘z yo‘lini go‘yo tuman orasidan paypaslab topib olmoqchi bo‘lar edi.
… Meri tomonidan berilgan savollarga javob berishda qiynalgan Tom, nima deyishni bilmasdan, Meridan o‘pkalay va Merini koyiy boshladi.
– Shularni o‘zing aytib beraqolsang nima bo‘lardi, insofing bormi?
– Oh, Tom bechora, kallavaram, men sening jahlingni chiqarmoqchi emasman, yaxshisi, borib diqqat bilan o‘qib darsingni bilib olishing lozim. Chidamli bo‘l, Tom, shunda ishing o‘nglanib qolsa zora agar sen darsingni yaxshi bilib olsang, men senga g‘alati narsalarni sovg‘a qilaman. Bor, aqlli bola bo‘l, saboqlaringni takrorla!
– Xo‘p… Nima sovg‘a qilmoqchisan, Meri? Aytib qo‘yaqol.
– Yaxshi narsa deb aytdim-ku, demak, yaxshi narsa.
– Bilaman, Meri, bilaman. Xo‘p, sabog‘imni takrorlayman!
Chindan ham u saboqlarini zo‘r berib takrorlashga kirishdi, astoydil diqqat qilishi orqasida va sovg‘ani tezroq qo‘lga kiritish maqsadida saboqlarini juda yaxshi o‘zlashtirib oldi.
Buning uchun Meri o‘zining yangigina, o‘n ikki yarim sent5ga sotib olgan qalamtaroshini Tomga hadya qildi. Tom esa, buning uchun o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi. Qarindoshining shafqatliligi yuragining eng chuqur yerlarigacha ta’sir qildi: chindan ham bu qalamtarosh «rostakam» Berlou firmasining pichog‘i bo‘lib, shu sababli unga mahobatli bir hadya bo‘lib ko‘rinar edi. Tom shu pichoq bilan darhol bufetni yo‘nib, endi komodni yo‘nmoqchi bo‘lib turganida, birdan uni maktabga borish uchun kiyinishga chaqirib qoldilar.
Meri unga suv quyilgan tos bilan bir bo‘lak sovun berdi; u eshikdan tashqariga chiqib, tosni kichkina kursi ustiga qo‘ydi-da, sovunni suvga botirib olib, joyiga qo‘ydi. Keyin yenglarini shimarib, suvni sekingina yerga to‘kdi va oshxonaga kirib, eshik orqasiga ilig‘lik turgan sochiq bilan yuz-qo‘llarini yaxshilab arta boshladi. Biroq, Meri uning qo‘lidagi sochiqni tortib oldi.
– Tom, uyalmaysanmi, – deb qichqirdi Meri. – Bunday yomon bola bo‘lish yaxshimas! Yaxshilab yuvinib olsang bir narsa bo‘ladimi?
Tom biroz uyaldi, Tosga yana qaytadan suv to‘lg‘azdilar. Bu gal Tom Tosning tepasiga borib, go‘yo jur’at va botirlik bilan bir dam qarab turdi-da, og‘ir nafas olib, yuvinishga tutindi. U ko‘zlarini ocholmay, oshxonaga ikkinchi marta kirib, devorda osig‘lik turgan sochiqni qo‘li bilan paypaslab axtara boshlaganida, yuzidan oqib turgan suv va sovun ko‘piklari uning chinakam yuvinganligiga shubha qoldirmas edi. Shunday bo‘lsa ham, uning sochiq bilan artilgan basharasi kutilganidek natijani bermas edi, chunki, yuzining toza bo‘lgan qismi, go‘yo niqob kiygandek, peshonasidan iyagigacha bo‘lib, undan yuqorisiga va pastiga, ya’ni peshonasining ustiga hamda bo‘yniga suv tegmay, xuddi qora halqadek bilinib turardi. Meri uni o‘z qo‘li bilan yuvintirishga kirishdi, shundan keyingina u, ko‘chaga chiqsa kishi uyat qilmaydigan ozoda bola bo‘ldi. Sochlari moylanib, taralib, silliq qilib qo‘yilgan, sochlarining uchidagi jingalaklari esa chiroylik va mutanosib ravishda ko‘rinar edi. (U o‘zi har qa-chon sochlarini diqqat bilan silar va uni tep-tekis, xuddi boshiga yopishib turgandek qilib, qo‘li bilan yotqizishga tirishardi: uning fikricha, sochlari jingalak bo‘lib ko‘tarilib tursa, qiz bolaga o‘xshab qolgandek bo‘lar, bu hol butun umr bo‘yi baxtsizlikka duchor qilar emish). Shundan keyin Meri uning ikki yildan beri faqat yakshanba kunlarigina kiyib yuradigan toza kostumini olib berdi. Kostum: «u-bu» deb atalar edi. Bu so‘z, unga tegishli kiyim shkafida kiyimlarning qanchalik ko‘pligini bildiradi. Kiyinib bo‘lgandan keyin, xolasi uning uyoq-buyog‘ini tuzatib, nimchasining hamma tugmalarini qadarkan, ko‘ylagining yelkaga tushib turadigan keng yoqasini sirtga chiqarib qo‘ydi. Ustini cho‘tka bilan tozaladi-da, boshiga savat qalpog‘ini ham kiygizib qo‘ydi.
Bu ishlarning hammasi, uning tashqi qiyofasini ancha bezagan bo‘lsa-da, u uyalib, o‘zini o‘ng‘aysiz holatda his qilayapti, deb o‘ylash mumkin edi. Haqiqatan ham shunday bo‘lib chiqdi: chunki u hech vaqt o‘zini bunchalik yuvingan, ozoda holda ko‘rgan emas edi, – mana shuning uchun bu hol uni qiynar va hayajonlantirardi. U: «Shoyad, Meri etigimni unutsa», deb umid qilgan edi, lekin uning bu umidi puchga chiqdi. Meri, odat bo‘yicha etikni moylab kiydirmoqchi bo‘lib, uning oldiga olib keldi. Shundan keyin u chidolmasdan: «Meni doim o‘zim istamagan ishlarni qilishga majbur etadilar», – deb zorlana boshladi. Meri unga nasihat qilib:
– Kel endi, Tom, sen ham aqlli bola bo‘l! – dedi.
Keyin Tom ming‘illay-ming‘illay etigini kiya boshladi. Meri ham tez vaqt ichida kiyinib olganidan keyin, uchovlari birgalashib yakshanba kunlik maktabga qarab jo‘nadilar. Tom bu maktabni jon-u dili bilan yomon ko‘rar, Meri bilan Sid esa uni yaxshi ko‘rar edilar.
Maktabda saboq soat to‘qqizdan o‘n yarimgacha davom etib, keyin cherkov ibodati boshlanar edi. Meri bilan Sid ikkalasi po‘pning va’z-nasihatlarini eshitishga o‘z xohishlari bilan qolganlaridan Tom ham noiloj qolishga majbur bo‘lar edi.
Cherkovning kursilariga uch yuzga yaqin odam sig‘ardi; bu kursilarga yostiq qo‘yilmas edi. Cherkov binosi – kichkina, ko‘rimsizgina bo‘lib, tomi ustida qarag‘ay taxtalardan qilingan va ingichka quvurga o‘xshagan narsa cho‘qqayib turardi; bu – cherkov qo‘ng‘irog‘i edi. Tom, cherkov eshigi oldiga yetganida, sheriklaridan bir qadam keyinda qolib, o‘ziga o‘xshash yasangan o‘rtog‘iga qarab:
– Hoy, Bill, sariq bileting bormi? – dedi.
– Bor.
– Qanchaga berasan?
– Qanchaga olasan?
– Bir parcha lakritsa6 va qarmoq beraman.
– Qani, ko‘ray-chi.
Tom buyumlarni ko‘rsatdi. Bu narsalar bolaga yoqqandan keyin, u, sariq biletni shularga ayirboshladi. So‘ngra Tom ikkita katta marmar soqqani uchta qizil biletga va yana bir necha arzimas narsalarni ikkita zangori biletga ayirboshladi. Tom ko‘chadan o‘tib boruvchi harbiy bolani to‘xtatib, har xil rangdagi biletlarga yonidagi bor narsalarini alishmoqchi bo‘lganligini aytdi. Bu hol o‘n-o‘n besh minut davom etdi. So‘ngra u, yasangan bir to‘p sho‘x bolalar bilan birga cherkovga kirib o‘z joyiga o‘tirib oldi-da, birinchi uchragan bola bilan janjallasha boshladi. Ularning bu janjaliga jiddiy qiyofali keksa muallim aralashdi; muallim orqasini o‘girishi bilanoq Tom oldingi safda o‘tirgan bolaning sochidan tortdi. U bola orqasiga qayrilib qaraganida, Tom qo‘lidagi kitobi bilan uning burniga turtdi. Bir minut o‘tar-o‘tmas Tom qo‘lidagi to‘g‘nog‘ichini ikkinchi bir bolaga suqib oldi va uning «voy!» deb dodlashini eshitmoqchi bo‘ldi, lekin buning uchun muallimdan yana tanbeh eshitdi.
Buning ustiga, Tomning sinfidagi bolalarning hammasi terilib olingandek nuqul sho‘x, notinch va odobsiz bolalar edi. Saboqlarni so‘rashga kirishganlarida, bolalarning hech biri ham tayyorlanmagani ma’lum bo‘ldi. Bolalarning har biri saboqni boshdan oyoq so‘zlab berishga to‘g‘ri kelar edi.
Ular u-bu qilib valdirash bilan bir amallab saboqni o‘tkazdilar va har biri mukofot tariqasida bittadan ko‘k bilet oldi; ko‘k bilet Tavrotdan yod olingan ikki suraning haqi edi. O‘nta ko‘k bilet bir qizil biletga to‘g‘ri kelar va shunga alishtirib olish mumkin edi; o‘nta qizil bilet esa bir sariq biletga to‘g‘ri kelar, o‘nta sariq biletga ega bo‘lgan alohida o‘quvchiga esa, direktor sodda muqovalik Tavrot berardi. (U vaqtda shu Tavrotning bahosi 40 sent turar edi).
Mukofot tarzida rassom Dorening rasmlari bilan bezalgan Tavrot va’da qilinganida ham, ikki ming satr oyatni yod olish uchun kitobxonlarimizdan qanchasining kuchi yetar edi? Meri esa astoydil diqqat bilan shu xilda ikki yil o‘qib mukofot tariqasida ikkita Tavrot oldi. Bir nemis bolasi esa shunday Tavrotdan to‘rtta yoinki beshtasini oldi. Bir vaqt u, sidirg‘asiga uch ming satr oyatni o‘qib chiqdi; ammo bunday zo‘r berishlik uning uchun foydali bo‘lmadi va o‘sha kundan boshlab u qariyb aqldan ozib qolgan edi, bu esa maktab uchun katta baxtsizlik bo‘ldi, chunki avvallari tantanali voqealarda, ya’ni xalq ko‘p yig‘ilgan vaqtlarda direktor bu bolani chaqirib olib, Tomning so‘zi bilan aytganda «safsata sotdirar» edi. Boshqa o‘quvchilardan faqat kattalarigina o‘z biletlarini saqlar va Tavrot olish uchun o‘z saboqlarini uzoq vaqtlar takrorlar edilar. Chunki bu mukofot kamdan-kam berilar va uning berilishi katta hodisa hisoblanar edi. Tom, ehtimol, bunday mukofotni xohlamayotgandir, lekin shunisi aniqki, uning butun vujudi shu mukofotni olish bilan bog‘liq bo‘lgan shuhrat va obro‘ni istar edi.
Xuddi belgilangan soatda kafedra oldida duo kitobini ushlagan direktor paydo bo‘ldi. U shahodat barmog‘ini kitobning betlari orasiga kiritib olgan edi. U o‘z so‘zining diqqat bilan tinglanishini talab qildi.
Konsert beriladigan sahnada ashulachining qo‘lida notasi bo‘lganidek, maktab direktori odatda o‘zining qisqa nutqini so‘zlaganda, ham qo‘liga duo kitobini albatta ushlab chiqar edi. Biroq ashulachining qo‘lida nima uchun nota bo‘lishi va direktorning qo‘lida duo kitobi bo‘lishi ma’lum emas, chunki ulardan hech biri na notaga va na duo kitobiga qarar edi.
Direktor o‘ttiz besh yoshlar chamasidagi, qizg‘ish yuzli, echki soqolli, kalta qilinib olingan haligiday qizg‘ish sochli jirkanch bir odam edi. Kraxmallangan tikka yoqasining ustki qirrasi qariyb qulog‘iga tegib turar, qirrali uchlari esa oldinga egilib, qariyb og‘ziga yetar va xuddi devordek bo‘lib, direktorni doim oldinga qarab turishga majbur etar, yon tomonga qaragan chog‘larida esa u butun gavdasini burishga majbur bo‘lar edi. Bo‘ynidagi galstugi esa baqbaqasini tirab turish xizmatini bajarar, galstugining o‘ng va chap tomonga ayrilib turgan uchlari uzun popuklar bilan bezatilgan edi; etiklarining uchlari o‘sha zamondagi modaga muvofiq konki uchi singari yuqori qarab turardi, – o‘sha vaqtdagi yoshlar ham bunga erishish uchun etiklarining uchlarini bir necha soatlab devorga tirab o‘tirar edilar. Mister Uoltersning afti haddan tashqari jiddiy, ko‘ngli sof va ochiq edi; muqaddas narsa va muqaddas joylarga u shu tariqa yaxshi iltifot bilan qarar va bularni oddiy narsalardan shunday ajratar ediki, yakshanba kungi maktabda so‘zga chiqqan mahalida ovozi odatdan tashqari ohangdor eshitilardi. Direktor so‘zni shu taxlitda boshladi:
– Endi, bolalar, men sizlardan ikki daqiqacha to‘g‘ri va jim o‘tirishlaringizni hamda mening so‘zimga zo‘r diqqat berishlaringizni so‘rar edim. Ha, balli! Yaxshi o‘g‘il va qiz bolalar o‘zlarini shunday tutishlari kerak. Men kichkina bir qiz bolaning derazadan qarab turganini sezayotirman; uning xayolida men, daraxt tepasiga chiqib olib, kichkina qushchalarga so‘zlayotgandek bo‘lsam kerak! (Bolalar uning so‘zini ma’qullab kulishdilar). Men sizga ezgulik va haqiqatni o‘rganish uchun bu muqaddas joyga to‘plangan, yasangan, ozoda yosh bolalarni o‘z oldimda ko‘rishdan xursandchiligimni bildirmoqchiman.
Hokazo va boshqa shunga o‘xshash gaplar. Bundan boshqalarini so‘zlab o‘tirishga hojat yo‘q. Direktorning butun nutqi o‘zgarmas bir nusxada tuzilgan, demak, u bizlarning hammamizga ma’lum.
Bu nutqning so‘nggi uchdan bir qismini yaramas bolalar o‘rtasida dam-badam bo‘lib turgan urushlar qorong‘ulashtirar edi. Bundan boshqa hangomalar ham ozmuncha emas edi. Bolalar turgan joylarida ijirg‘anib shivirlashar va bunday yaramas xulq to‘lqinlari vaqti kelganda Meri bilan Sid kabi tebranmas qoyalarga ham kelib urilar edi. Biroq direktorning tovushi pasaya boshlashi bilan hamma gap-so‘zlar tindi va nutqning xotimasi esa so‘zsiz tashakkur bilan qarshi olindi.
Gap-so‘z va shivir-shivirlarning qo‘zg‘alishiga ko‘pmi-ozmi, sabab bo‘lgan narsa – kishilarning kelib qolishi bo‘ldi; bedarmon bir mo‘ysafid chol bilan advokat Techer, ko‘rkam o‘rta yoshli bir olifta kishi va mahobatli bir xotin kirib keldi. Bu xotin albatta haligi oliftaning xotini bo‘lsa kerak. Xotin bir qiz bolani yetaklab kelgan edi. Tom, o‘z ayblarini sezgani va nomusiga chidamagani uchun, bir joyda tinch o‘tirolmas edi. U Emmi Lorensga tik qarolmas, uning latif va sabrli ko‘z qarashlariga chidab turolmas edi. Biroq u, eshikdan kirib kelgan qizni ko‘rishi bilanoq butun qalbi sevinchlarga to‘lib ketdi. U darhol kuchining boricha «nayrangbozlik» qila boshladi: O‘g‘il bolalarni tepasidan mushtlar, sochlaridan tortar, aftini burushtirib masxara qilar, xullas, qizni o‘ziga maftun qilib, unga ma’qul bo‘lish yo‘lida hamma hunarlarni ko‘rsata boshlardi. Uning shunday shodliklariga bir narsa xalaqit berib turar, u ham bo‘lsa bog‘da shu malikaning derazasi ostida xo‘rlanishini eslash edi, biroq bu voqea to‘g‘risidagi xotira xuddi ko‘chma qum ustiga chizilgan narsadek tuyular edi. Tomning hozirgi damda sezayotgan rohatlari bunday xo‘rlik va ko‘ngilsizliklarni butunlay yuvib ketardi.
Mehmonlarni to‘rga o‘tqizdilar, mister Uolters o‘z nutqini tamomlashi bilanoq ularni maktab ahliga tanishtirdi.
O‘rta yoshlardagi erkak kishi juda bir muhim shaxs – xuddi okrug sudyasining o‘zi bo‘lib chiqdi. Bunday yuqori mansabli kishini bolalar hali sira ko‘rmagan edilar, ular bu kishiga hayron bo‘lar va o‘z-o‘zlariga savol berib: boshqa kishilar qanday materialdan ishlangan bo‘lsa, bu kishi ham o‘shanday materialdan ishlaganmikin? – deb so‘rar va yoinki uning bir bo‘kirishini orzu qilar va yoxud, aksincha, uning bo‘kirib yuborishidan qo‘rqar edilar. U Peterburgdan yigirma mil uzoqlikda bo‘lgan Istambul shaharidan kelgan, demak, xo‘p yaxshi sayohat qilib dunyoni ko‘rgan kishi; u kishilarning aytishicha, tunuka tomi bo‘lgan okrug sudi binosini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Shunday fikrlar natijasida kelib chiqqan maftunlik, tantanali sukunat va bir qator baqrayib qarab turgan ko‘zlar bilan ifoda etilar edi. Bu kishi o‘z shaharlarida advokat bo‘lib turgan Techerning akasi buyuk sudya Techer edi. Jeff Techer butun maktabni hayratda qoldirish uchun o‘ziga amaki bo‘lgan buyuk odam bilan kibrlanish maqsadida, oldinga qadam tashlab chiqdi. Agar shu vaqtda u o‘z o‘rtoqlarining shivir-shivir qilayotganlarini eshitsa, ularning bunday shivirlashlari Jeff uchun yoqimli bir muzikadek tuyular edi.
– Uni qara, Jim, u o‘shayoqqa ketayapti-ya! Uni ko‘rsang-chi! Ana u qo‘lini berib so‘rashayotir… Qanday gap-a!
– Qo‘lini berdi-ya! Jin ursin seni! Hozir sen ham o‘sha Jeff bo‘lishni istardingmi?
Mister Uolters behuda shoshqoloqlik bilan o‘zini korchalon qilib ko‘rsatish uchun o‘zicha «chiranar», har bir kuchi yetgan kishiga uning maslahat, buyruq va farmoyishlari yog‘ilib turar edi.
Quchoq-quchoq kitoblarni ko‘tarib, u yoqdan bu yoqqa yugurib, o‘zining pala-partish shovqin-suronlari bilan g‘ayrat qilgandek kutubxonachi ham chiranib yurar edi.
Yosh-yosh muallimalar esa hozirgina o‘zlari chimchilab, quloqlarini cho‘zib yurgan bolalarga muloyim so‘zlar aytib, engashib qarar, bular ham «chiranar», o‘zlarining chiroyli barmoqlarini silkitib, itoatsizlik qilgan bolalarni qo‘rqitishar, itoatli bolalarni esa erkalatib boshlarini silar edilar.
Yosh muallimlar ham chiranishib, o‘zlarining kichkina-kichkina tanbehlari bilan maqtovga sazovor intizom joriy qilib, o‘z hukmronliklarini ko‘rsatar edilar. Umuman muallim va muallimalardan ko‘pchiligi asosan kafedra oldidagi kitoblar ustida urinib yurar edilar.
Qiz bolalar ham turli maqomlarda «botirlik» ko‘rsatar, o‘g‘il bolalar esa bu yo‘lda shunchalik qunt qilar edilarki, butun havo jangovar tovushlar va chaynalgan qog‘oz soqqalari bilan to‘lib ketar edi.