Kitabı oku: «Tom Soyerning boshidan kechirganlari», sayfa 3
Bulardan ham balandroqda esa – oliy martabali sudyaga xos tabassumi bilan maktabni jonlantirib yumshoq o‘rindiqda o‘tirgan, ya’ni o‘z mahoratining shu’lalarida isinayotgan ulug‘ odam qiyofasi ko‘zga baralla tashlanib turar, chunki u ham o‘z maqomicha chiranar edi.
Mister Uoltersning shodlik va mamnuniyatining xotimalanishi uchun birgina narsa yetishmas edi: u o‘zining oliyjanob mehmonlariga tirishqoqlik mo‘jizasini ko‘rsatib, so‘zquvar bo‘lganlarga Tavrotni topshirmoqchi edi. Biroq maktab bolalaridan ba’zi birovlari uncha-muncha sariq bilet to‘plagan bo‘lsalar ham, bu oz, – u eng yaxshi o‘quvchilarni so‘roq qilib o‘tkazgan edi.
Ana shu paytda, ya’ni u butun umidini uzgan bir vaqtda, Tom Soyer oldinga chiqib, bir dasta biletni: to‘qqizta sariq, to‘qqizta qizil va o‘nta ko‘k biletni taqdim etdi hamda mukofot uchun o‘ziga Tavrotning berilishini talab qildi.
Tomning bu harakati go‘yo havo ochiq kunda momaqaldiroq guldirashini eslatar edi. Mister Uolters esa Soyerdan allaqachon qo‘l siltagan va yaqin o‘rtadagi o‘n yil ichida undan bir ish chiqmasligiga ishongan edi. Biroq, haqiqatga qarshi chiqib bo‘lmaydi: mana xazinaning muhri bosilgan cheklari turipti, ularga pul to‘lash kerak. Tomni sudyaning o‘zi va boshqa saylangan odamlar o‘tirgan baland taxta ustiga olib chiqdilar hamda bunday katta yangilikni boshliqlarning o‘zlari ma’lum qildilar. Bu ajoyib, hayron qolarlik bir voqea edi. So‘nggi o‘n yil ichida maktab bunday hodisani ko‘rmagan edi; buning natijasida vujudga kelgan dahshat shunchalik chuqur ediki, yangi qahramon, mashhur sudya bilan baravar yuksaklikka ko‘tarilgandek bo‘ldi va endi maktab bir hikmat o‘rniga ikkitasini birvakayiga ko‘rib turar edi. Bolalarning hammasi rashkdan o‘rtanar va Tomga devor oqlab yurgan vaqtda to‘plagan narsalari badaliga qizil va sarig‘ biletlarni sotib, bu soxta martabaga o‘zlari yordam berganliklarini fahmlagan bolalar hammadan ko‘proq kuyib-pishar edilar. Bu makkor va aldoqchi ularni osongina ahmoq qilib ketgani uchun o‘zlariga-o‘zlari jirkanch va nafrat bilan qarardilar.
Direktor o‘ziga xos tantana bilan Tavrotni Tomga topshirdi, biroq, uning nutqi unchalik qizg‘in chiqmadi: allaqanday notayin bir hissiyot u bechoraga bunda qandaydir bir sir bor va unga balki tegmaslik yaxshiroqdir, deb xabar bergandek bo‘lardi. Bu bolaning miyasiga Tavrot suralaridan aqalli o‘n ikkitasi ham sig‘magani holda, u o‘zining miyasida ikki ming bog‘ Tavrot hikmatlarini to‘plaganligi to‘g‘risida faraz qilish ham to‘g‘ridan to‘g‘ri bema’ni bir narsa bo‘lar edi. Emmi Lorens baxt va kibr bilan yashnamoqda edi. U Tomning nazarini o‘ziga qaratish va o‘z shodligini unga bildirish uchun butun choralarni ko‘rsa hamki, Tom unga qaramas edi. Bu hol Emmi Lorensga qiziq tuyuldi va biroz hayron bo‘ldi, so‘ngra ko‘nglida shubha tug‘ildi, shubha tug‘ildi-yu, yana tarqadi. Yana yangidan shubha tug‘ildi: u tikilib qaray boshladi, juda sinchiklab qarab ko‘p narsalarni sezdi va ko‘ngli sovudi. U ho‘ngrab yig‘lar, butun dunyoni va ayniqsa Tomni juda yomon ko‘rar hamda Tomni yomon ko‘rib qolganiga qattiq ishonar edi.
Tomni sudyaning oldiga olib kirdilar, biroq baxtsiz bola zo‘rg‘a nafas olar, uning tili tanglayiga yopishib qolgan, qisman bu kishining dahshatli mahobati oldida qo‘rqishidan va, asosan, bu kishi o‘sha qizning otasi ekanligidan uning yuragi orqasiga tortib ketar edi. Agar shu yer qorong‘u bo‘lganida, Tom uning oldida tiz cho‘kib ta’zim qilishga tayyor edi. Sudya qo‘lini Tomning boshiga qo‘yib, uni yaxshi bola, deb atadi va otini so‘radi. U tutilib qoldi va og‘zini ochib, otini aytdi:
– Tom.
– Yo‘q, Tom emasdir, balki…
– Tomas.
– Ha, Tomas. Men sening biror narsa qo‘shishingni bilgan edim. Yaxshi, yaxshi! Har holda sening boshqa oting ham bo‘lsa kerak, sen menga aytasan, to‘g‘rimi?
Uolters so‘zga aralashdi:
– Tomas, sen bu boyvachchaga familiyangni ayt, kattalar bilan gapirishganingda «ser» so‘zini qo‘shishni unutma. Jamoat orasida o‘zingni tuta bilishing kerak.
– Tomas Soyer, ser.
– Balli! Qanday aqlli bolasan-a! Juda yaxshi, azamat bola bo‘lding, ko‘p yasha! Ikki ming sura – juda ko‘p narsa! Sen shuni o‘rganishni ustingga olganingga hech o‘kinmaysan, chunki bilim dunyodagi hamma narsadan afzalroq. Bilim odamning shuhratini oshiradi va muloyim qiladi. Tomas, sen ham vaqti kelib, shuhratli odam bo‘lasan va o‘sha vaqtda ketingga qayrilib: men bular uchun bolaligimda o‘qigan yakshanbalik maktabdan minnatdorman; bular uchun men, mehnatga o‘rgatgan qimmatli ustozlarimdan minnatdorman: bularning hammasi uchun men, chiroyli muqovalik Tavrotni taqdim qilgan, «hammavaqt yoningda saqla!» deb menga ta’kidlagan, meni qiziqtirgan va menga suyanchiq bo‘lgan direktordan minnatdorman; bularning hammasi uchun men, to‘g‘ri tarbiyalanganimdan minnatdorman, – dersan. Sen, Tomas, shu so‘zlarni aytarsan va bu ikki ming bayt uchun hech qanday pul ham olmassan! Endi sen menga va bu xonimga o‘rganganlaringdan biror narsa aytib bera olmaysanmi? Men bilamanki sen aytib berasan, chunki biz o‘qishni yaxshi ko‘rgan bolalar bilan faxrlanamiz, Sen o‘n ikkita sahobaning otlarini bilasan albatta, qani, ayt-chi, shulardan dastlabki ikkitasining oti nima?
Tom nimchasining tugmalangan yeridan ushlab, o‘zini oldinga tortdi va sudyaga ho‘mrayib qaradi; so‘ngra qizarib ketib, undan ko‘zini oldi. Mister Uoltersning ko‘ngli sovidi. Axir, bola eng oddiy so‘roqqa ham javob berishga qodir emas-ku, sudya nima qilib unga savol beradi? Har holda, u bunga aralashishni lozim topdi:
– Boyvachchaga javob ber, Tomas, qo‘rqma!
Tom goh o‘ng, goh chap oyog‘ini ko‘tarib qo‘yar edi.
– Menga-ku albatta javob berasan-a, – dedi xonim so‘zga aralashib. – Isoning dastlabki ikki shogirdining oti nima edi?…
– David va Goliaf!7
Sahnaning shu yeriga alam pardasini tushiramiz.
Beshinchi bob
CHAQAG‘ON QO‘NG‘IZ VA UNING O‘LJASI
Soat o‘n yarimga yaqinlashganida, kichkina cherkovning darz ketgan qo‘ng‘irog‘i birdan jarangladi va o‘sha zamon ertalabki ibodat uchun kishilar yig‘ilisha boshladilar. Yakshanba kungi maktab shogirdlari cherkovning burchaklariga joylashib oldilar; ular har qachon kattalarning nazorati ostida bo‘lishlari uchun o‘z ota-onalari o‘tirgan kursilarga borib o‘tirdilar. Ana, Polli xola ham keldi; Tom, Sid va Meri uchchalasi Polli xolaning oldida o‘tirdilar. Shuning bilan birga Tomni ochiq deraza yonidan nariroqqa, ya’ni derazadan ko‘rinib, uni qiziqtiruvchi yozgi manzaralardan uzoqroq yerga o‘tqazdilar. Cherkov sekin-sekin kishilar bilan to‘lib bormoqda. Bir zamonlarda yaxshi turmush kechirgan, endi qaribroq qolgan bechora pochta xizmatchisi ham keldi, o‘z xotini bilan birga shahar boshlig‘i ham kirib keldi, – boshqa foydasiz narsalar qatorida shu kichkina shaharchada shahar boshlig‘i bilan sudya ham bor edi; undan keyin Duglas degan beva xotin keldi. Bu xotin qirq yoshlar chamasida, juda yaxshi kiyingan, ancha chiroyli, xushmuomala, yaxshi, badavlat ayol edi; uning tepalik ustidagi uyi, oddiy uy emas – saroy, ya’ni shu shaharchadagi birdan bir saroy edi; shuning bilan birga bu saroy hamma vaqt mehmonlar bilan to‘lib-toshar, Sankt-Peterburg maqtana olishga loyiq, katta-katta ziyofatlar o‘tkazilib turar edi. Uzoq yerdan shu joyga yaqinda kelgan, aslida o‘zi aristokratlardan bo‘lgan sud amaldori Riverson va shu yerning atoqli go‘zal xonimi, bu xonimning ketidan batis ko‘ylaklar kiygan, lentalar taqqan birmuncha yosh-yosh qizlar, idoralarda xizmat qiluvchi yosh-yosh yigitlar, xullas, shahardagi yoshlarning hammasi keldilar; ular bezatilgan uyda yarim doira yasab, hamma qizlar o‘tib ketguncha qo‘llaridagi konfetlarni shimgan holda kulishib turar edilar. Nihoyat, hammadan keyin Villi Makferson degan odobli bola ham keldi; u o‘z onasini shunchalik qo‘riqlar ediki, unga go‘yo onasi shishadan ishlangan bo‘lib, sinib ketayotgandek ko‘rinar edi. U hamma vaqt – onasini shu tartibda cherkovga olib kelar va boshqa onalar buni juda ma’qul ko‘rar edilar. Bolalarning hammasi ham uni juda yomon ko‘rishar, ayniqsa onalari, uning odobliligini misolga keltirishib, har doim ta’na qilishlarini yoqtirmas edilar. Uning orqa cho‘ntagidan har qachon, go‘yo tasodifiy bo‘lgandek, ro‘molchaning uchi chiqib turar edi. Tomda esa ro‘molcha degan narsa mutlaqo bo‘lmas va ro‘molchasi bor bolani u olifta, deb hisoblar edi. Cherkov xalq bilan liq to‘lgandan keyin, kechikkanlarni ogohlantirish uchun yana qo‘ng‘iroq chaldilar; so‘ngra cherkovda ulug‘vor sukunat hukm sura boshladi, bu sukunatni xor aytuvchilarning qiqillash va pichirlashlarigina buzar edi. Cherkovdagi ibodat vaqtida xor aytuvchilar hamisha pichirlashadilar. Men bir cherkovda o‘zlarini yaxshi tutadigan xorchilarni ko‘rganman, ammo qayerdaligi yodimda yo‘q. Bunga ko‘p yil bo‘ldi, yodimda qolmagan, bu hodisa qayerdadir boshqa mamlakatda bo‘lgan edi.
Domla duo kitoblarini ochishni taklif qildi va o‘zining shu yerlik odamlarga ma’qul bo‘lib qolgan ingichka ohangi bilan duo o‘qiy boshladi. U dastlab tovushini o‘rtaroq olib, sekin-asta yuqori ko‘tara borar, so‘nggi so‘zini esa qattiqroq tovush bilan aytar edi-da, keyin xuddi mum tishlagandek, tovushini pasaytirardi.
Yaqin do‘stim kurash va jafo
Qo‘ynida bo‘lsa,
Nahotki, yastansam men
Gul to‘shaklarda!
Domla juda yaxshi kitobxonlardan hisoblanar edi. Cherkovda o‘tkaziladigan kechalarda uning so‘zga chiqishini hamisha talab qilar va u so‘zlagan vaqtda hamma xotinlar hayajonlanishib, qo‘llarini yuqoriga ko‘tarishar, keyin esa qo‘llarini tizzalari ustiga tushirishib, ko‘zlarini yuqoriga qaratishar, boshlarini liqillatishar va shu bilan ularning ajablanishlarini hech bir so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmasligini bildirishar edilar. Bu biz uchun, bizning mamlakat uchun – juda go‘zallik.
Munojot aytilib bo‘lgandan keyin, hurmatli mister Spreg mahalliy gazetaga aylanib, kelgusi mitinglar, majlislar, suhbatlar va boshqalar haqida juda ko‘p narsalar o‘qidiki, ibodat qilish uchun kelganlar uning munojotlarini qiyomatga qadar cho‘zilar, deb o‘yladilar…
So‘ngra domla ibodat qilishga kirishdi. Bu ibodat yaxshi, keng ma’noli, saxiy, har bir mayda narsani o‘z ichiga sig‘diruvchi ibodat edi: chunonchi, u shu yerdagi cherkov, uning mayda bolalari, shu shaharchadagi boshqa cherkovlar to‘g‘risida, shaharchaning o‘zi, bizning butun okrug, bizning shtat to‘g‘risida, shtatimizdagi chinovniklar to‘g‘risida, Qo‘shma Shtatlar to‘g‘risida, Qo‘shma Shtatlardagi cherkovlar to‘g‘risida, kongress8 to‘g‘risida, prezident to‘g‘risida, ministrlar to‘g‘risida, dahshatli bo‘ronlarda ishlovchi qashshoq dengizchilar to‘g‘risida, Yevropa monarxiyasi va Sharq despotiyasi zulmi ostida ezilgan million-million qullar to‘g‘risida, Tavrot haqiqati yorug‘i bilan oqartirilganlar to‘g‘risida, ko‘rishga ko‘zlari, eshitishga quloqlari yo‘qlar to‘g‘risida, uzoq dengiz orollaridagi majusiylar to‘g‘risida aytilgan bir ibodat edi. Bu duolarning hammasi hozir aytmoqchi bo‘lgan so‘zlar har narsadan oliy bo‘lgan dargohga yetib, unumdor yerga tushgan dondek yaxshi hosildor bo‘lg‘ay. Omin! – degan duolar bilan tamomlanardi.
Shu yerda xotin-qizlar kiyimlarining shaldiragan ovozi eshitildi, cherkovga kelganlar esa o‘tirishdi. Kitobimizning shu sahifalarida hayoti tasvir etilayotgan bola, qilinayotgan ibodatlardan juda mamnun emas edi. U qattiq chidash berib, ibodat tamom bo‘lishini sabrsizlik bilan kutib o‘ltirdi. U joyida o‘tirolmas edi: u duoning ayrim so‘zlariga e’tibor bermasdan, ba’zi bir yerlariga ixtiyorsiz ravishda quloq solib qolardi. Chunki u, bu duolarga ko‘pdan odatlanib qolgan. Ammo domla, ibodatga biror yangilik kirgizib qolsa, Tomning quloqlari buni darhol sezib olar va uning butun vujudi nafratlanar edi. U ibodatning uzilishini vijdonsizlik va noinsoflik deb hisoblar edi.
Domlaning shunday duo munojotlari o‘rtasida Tomning diqqatini uning oldidagi kursiga qo‘nib o‘tirgan bir pashsha o‘ziga tortdi. Bu pashsha o‘zining harakatlari bilan Tomni og‘ir qiynoqqa solar, u tinch va osoyishtalik bilan o‘zining ingichka oyoqlarini bir-biriga suykar, o‘sha oyoqlari bilan boshini ishqar, ishqagandayam shunday g‘ayrat va jasorat bilan ishqar ediki, go‘yo boshi tanasidan ajralib chiqqandek bo‘lar, bo‘ynining ingichka ipi ko‘rinar edi. Keyingi oyoqlari bilan qanotlarini silar va o‘zining butun shu tariqa bezanishlarini hech bir shoshmasdan tinchgina, go‘yo o‘zi uchun qo‘rqinchli hech bir narsa yo‘qligiga ishongandek, bemalollik bilan bajarar edi. Chindan ham, uning uchun qo‘rqinchli hech narsa yo‘q edi, garchi bu pashshani tutib olish uchun Tomning qo‘li qichisa ham, lekin u hozir, ibodat vaqtida bunday ishga jur’at qilolmas edi, basharti u bu ishni qilsa, abadiy gunohkor bo‘lib, o‘z joniga jabr qilgan bo‘lar edi. Biroq, domla duosini o‘qib bo‘layozgan vaqtda Tomning qo‘li o‘z-o‘zidan oldinga cho‘zildi-da, domla «omin» deyishi bilan, pashsha uning qo‘liga ilindi. Biroq, xolasi uning bu qilig‘ini payqab qolib, tezdan pashshani qo‘yib yuborishga majbur etdi.
Domla Tavrotdan bir parchani o‘qib bo‘lib, gulduragan va bir tekis tovushi bilan va’z boshladi. Uning ovozi shunday zeriktirarli ediki, hademay ko‘p kishi mudray boshladi. Va’zchi esa gunohkorlarga berilajak azoblarni so‘zlab qo‘rqitar, abadiy rohat o‘rinlari tayyorlanib qo‘yilgan gunohsiz kishilarning sonlarini esa juda kam ko‘rsatar ediki, uning so‘zicha, bir hovuchgina keladigan gunohsiz kishilarni qutqarish uchun ovora bo‘lish ham arzimaydi, degan natijani chiqarish mumkin edi.
Tom, va’z kitobining sahifalarini sanab chiqdi; u va’z kitobining betlarini doim sanab chiqishga ulgura olsa ham, va’zning o‘zini yodida saqlab qololmas edi. Biroq bu safar uning ma’nolaridan ham ba’zi narsalar uni qiziqtira boshladi. Domla, odamni larzaga keltiradigan buyuk bir manzarani – dunyodan o‘tgan barcha kishilar mahshargohga yig‘ilajagini, yo‘lbars esa qo‘zichoqning oldiga borib yotajagini va go‘dak bir bola ularni olg‘a yetaklab ketishini tasvir qildi. Bu manzaraning jonlanishi va axloqi Tomni hech bir hayajonlantirmas edi. Tomni faqat butun yer yuzi xalqi oldida o‘sha bolaning hissasiga tushgan muhim rol hayron qoldirardi: uning ko‘zlari chaqnab ketdi va bu yo‘lbars qo‘lga o‘rgangan bo‘lsa, o‘sha bola rolini o‘ynashga tayyorligini bildirar edi. Biroq bu yerda safsatalar ko‘payib, Tomning qayg‘usi yana yangilandi.
Birdan u, o‘z cho‘ntagida qandaydir bir xazina borligini esiga tushirdi-da, darrov uni cho‘ntagidan olishga shoshildi. Bu – katta, jag‘lari baquvvat, Tomning aytishicha «chaqag‘on qora qo‘ng‘iz» edi. Qo‘ng‘iz bir piston qutichasiga berkitib qo‘yilgan. Tom qutichani ochishi bilanoq qo‘ng‘iz daf’atan uning qo‘lini chaqib oldi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bola darrov qo‘ng‘izni bir tomonga irg‘itib, u chaqib olgan barmog‘ini og‘ziga soldi. Qo‘ng‘iz chalqanchasiga yerga tushib qolib, ag‘darilolmay, tipirchilab yotar edi. Tom unga tikilib qarab turar va uni qaytib olgisi kelar edi. Lekin qo‘ng‘iz ancha olis yerda bo‘lib, unga bo‘yi yetmas edi. Bu qo‘ng‘iz ibodat so‘zlari va nasihatlarga qiziqmagan ko‘pgina kishilar uchun ancha ermak bo‘ldi; ular, qo‘ng‘izning yotgan joydan turib olish uchun ag‘darilishga urinayotganini butun diqqatlari bilan kuzatib turar edilar.
Shu vaqt cherkov ichiga tasodifiy ravishda kichkina it – pudel adashib kirib qoldi. U yozning issiq havosidan entikib yolg‘iz o‘zi qamoqda yotaberganidan zerikib, har xil qiziq narsalarni ko‘rgisi va yangi taassurotlarni olgisi kelar edi. Uning ko‘zi qo‘ng‘izga tushdi. Xafachiligidan osiltirib, sudrab yurgan dumini tezda ko‘tarib, likillata boshladi. U o‘z oldidagi bu o‘ljaning atrofida aylanib, olisdan iskab, uzoq vaqt tekshirib turdi; keyin dadillik bilan yaqinroq keldi-da, og‘zini ochib qo‘ng‘izni tishlab olmoqchi bo‘ldi, uddasidan chiqolmadi, yana ikkinchi marta, uchinchi marta ham shunday bo‘ldi. Bu ish, aftidan, unga ma’qul bo‘lib qoldi shekilli, qorni bilan yerga yotib oldi. Qo‘ng‘iz uning oyoqlari oralarida qoldi; it boyagiday harakatlarini davom ettirdi, bo‘lmadi. Keyin u, o‘zining bu ishidan zerikdi-da, erinchakligi tutib, mudray boshladi. Uning boshi sekin-asta yerga engashib, iyagi qo‘ng‘izga tegib ketdi, qo‘ng‘iz uni chaqib oldi. Pudel angillab, boshini silkitgan edi, qo‘ng‘iz undan ikki qadam nariroqqa borib yana chalqanchasiga tushib qoldi. Yaqin o‘rtada o‘tirganlar buni ko‘rib, kulgilarini ichlariga sig‘dirolmay o‘tirar edilar. Ko‘plari esa iljaygan yuzlarini yelpig‘ich va ro‘molcha bilan bekitib olgan edilar. Tom bundan benihoyat mamnun va xursand edi.
Pudelning ko‘rinishi anqovroq edi, – aftidan, u o‘zining ahmoq bo‘lib qolganini o‘zi ham sezgan bo‘lsa kerak, – shunday bo‘lsa ham uning yuragida keki bor va o‘ch olishni istar edi. Shuning uchun u sekin-asta qo‘ng‘izning yoniga kelib, ehtiyotlik bilan unga hamla qila boshladi. Goh u, goh bu tomondan qo‘ng‘izning ustiga tashlanar, shunda uning oldingi oyoqlari qo‘ng‘izga tegay-tegay der, ba’zan uning atrofida yurib tishlarini shaqillatar, boshini qimirlatganida, quloqlari shalpillar edi. Nihoyat, uni bu ish ham zeriktirdi; u, oldida uchib yurgan pashshalar bilan shug‘ullanib ko‘rmoqchi bo‘lgan edi, lekin bu ham uni uncha qiziqtirmadi. Tumshug‘ini yerga tegizay-tegizay deb, birdan yurib ko‘rdi, lekin ko‘p o‘tmay bundan ham zerikdi; bir-ikki marta esnab, ijirg‘anib, og‘ir nafas oldi-da, qo‘ng‘izni butunlay esdan chiqarib yuborib, uning ustiga o‘tirib oldi. Shu vaqt ajoyib bir hodisa yuz berdi. Pudel jonining boricha akillab cherkov ichida yugura boshladi. Xuddi mehrobning oldidan yugurib o‘tib, eshikka chopdi, akillab vovullashdan bir nafas to‘xtamay, eshik oldidan yana orqasiga yugurdi. Chunki, qo‘ng‘iz uning qornidan mahkam tishlab olganicha, jag‘larini bo‘shatmay yopishib yotar edi. U qancha ko‘p urinib yugursa, qornining og‘rig‘i shuncha kuchayar edi, natijada it hech tinmay aylana berishidan junlari hurpayib, misli ko‘rilmagan sur’at bilan uchib yuruvchi bir quyruqli yulduzga aylangan edi. Ish shuning bilan tugadiki, aqldan ozgan it, jon achchig‘ida o‘zini bir tomonga tashlab, o‘z xo‘jayinining tizzasiga borib yiqildi, xo‘jayini bo‘lsa, uni derazadan tashqariga otib yuborgan edi, uning angillagan ovozi sekin-asta uzoqlashib borib, keyin o‘chdi.
Cherkovdagilarning hammasi qizarishib, o‘zlarini qahqahlashdan zo‘rg‘a tiyib qolgan edilar. Hatto domla ham, o‘qiyotgan duolaridan yanglishib ketgan; garchi, u o‘z so‘zlarini o‘sha ondayoq tuzatib olgan bo‘lsa ham, endi uning so‘zlari avvalgidek silliq eshitilmas, dam-badam tutilib qolar, o‘z so‘zlarining kishilarga ta’sir etishiga ishonchsizlik sezib turar edi. Tinglovchilar bo‘lsa uning eng jiddiy va ta’sirli so‘zlarini ham kursi orqasidan turib, biror qiziqchilik so‘z eshitayotgandek kulimsirab tinglab o‘tirar edilar.
Nihoyat, shunday qiyin holatlar tamom bo‘lib, va’z so‘zlari tugab, «omin» deyilar ekan, o‘tirganlarning hammasi, bir og‘ir ishdan qutulgandek, chehralari ochilib, bir xo‘rsinib qo‘ydilar.
Tom Soyer shod va mamnun holda uyiga qaytib kelar ekan: «Agar ibodat vaqtida biror qiziq yangilik kirgizib turilsa, ba’zan cherkov ibodati ham uncha ko‘ngilsiz bo‘lmas ekan» deb o‘ylar edi. Faqat uning shodligi orasida bir narsa qora dog‘dek bo‘lib, uni xafa qilib turar, u ham bo‘lsa qo‘ng‘izning yo‘qolishi edi. Itning «chaqag‘on qo‘ng‘iz» bilan o‘ynashganiga qarshiligi yo‘q, lekin qo‘ng‘izni o‘zi bilan birga olib ketgani nimasi? Itning bu ishi albatta insofdan emas edi.
Oltinchi bob
TOM BEKKI BILAN TANISHADI
Tom Soyer, dushanba kuni ertalab uyqudan uyg‘onarkan, o‘zini juda baxtsiz his qildi. Har bir dushanba kuni erta bilan uning ahvoli hamisha shunday bo‘lar, chunki uning maktabda kechiradigan azob-uqubatlari haftasi shu dushanba kunidan boshlanar edi. U hatto kechagi kunning bayram bo‘lganligi uchun ham achinar, chunki ozodlikda yurgandan keyin, yana erksizlikka duchor bo‘lish undan ham og‘irroq edi.
Tom o‘ylanib yotardi. Birdan unga o‘zini kasallikka solish va shuning bilan maktabga bormay, uyda qolish istagi ma’qul tushdi. Chindan ham bu oliyjanob ish bo‘lar edi-da! U o‘z vujudini tekshirib ko‘rdi. Hech bir yeri og‘rimaydi va u, o‘z tanasining turli yerlarini yana bir qayta qo‘li bilan ushlab ko‘rdi.
Unga qorni sanchib og‘riyotgandek tuyuldi va keyinroq bu og‘riq kuchayib ketar degan umid bilan juda sevingan edi. Biroq, aksincha, qornining og‘rig‘i pasayib, sekin-asta butunlay yo‘qolib ketdi. Tom yana o‘yga botib turar ekan, birdan tishining qimirlab qolgani esiga tushdi. Bu uning uchun juda qulay bir narsa bo‘lib chiqdi, va u, endi ingramoqchi bo‘lgan edi. Birdan esiga shunday narsa kelib qoldi, agar tishim, deb og‘zimni ochdim degunimcha, xolam darhol tishimni sug‘urib olib tashlaydi, bu esa juda alamli bo‘lar, deb o‘yladi. Shuning uchun u, tish og‘rig‘ini bir tomonga qo‘yib turib, boshqa biror hiyla topishga urinmoqchi bo‘ldi. Biroz vaqt hech narsa o‘ylab topolmay turdi. Keyin u, bir kishining ikki-uch hafta kasal bo‘lib yotgani va unda barmog‘idan ajralish xavfi tug‘ilgani to‘g‘risida bir doktorning qilgan hikoyasini esladi. Bola darhol ko‘rpaning ostidan oyog‘ini chiqarib, bosh barmog‘ini tekshirib ko‘ra boshladi. Lekin u o‘sha kasalning qanday belgilari bo‘lishini bilmas edi. Shunday bo‘lsa ham bir sinab ko‘rsam zarar qilmas, deb o‘zidan o‘zi ingray boshladi.
Sid uyg‘onmay yotar edi.
Tom qattiqroq baqirishga tutindi va unga endi chindan ham barmog‘i og‘riy boshlagandek tuyuldi.
Sid esa hech qimirlamay, uxlab yotardi.
Tom baqiraverib, hansirab qoldi. U, biroz damini olib nafasini rostlagandan keyin, bir necha marta juda g‘alati qilib baqirdi.
Sid xurrak otishdan to‘xtamasdi.
Sidning uyg‘onmay yotishi Tomning jahlini chiqardi. U, bir-ikki marta «Sid! Sid!» deb chaqirib, ukasining yelkasidan ushlab silkib qo‘ydi. Tom yana qattiqroq ingray boshladi. Sid bir esnadi, kerishib olgandan keyin tirsagi bilan suyanib turdi-da, burnini torta-torta Tomga tikilib qarab qoldi. Tom ingrashida davom etar edi. Sid unga qarab:
– Tom! Menga qara! Tom! – dedi.
Javob bo‘lmadi.
– Eshitayapsanmi, Tom? Tom Senga nima bo‘ldi, Tom?
Sid ham akasining yuziga tikilib qarab, uning yelkasidan ushlab silkib qo‘ydi.
Tom qattiq ingrab:
– Qo‘y, Sid! Menga tegma! – dedi.
– Senga nima bo‘ldi, Tom? Men hozir xolamni chaqiraman.
– Yo‘q, kerak emas, chaqirma. Balki bu kasal o‘zidan o‘zi tuzalib ketar. Hech kimni chaqirma, kerak emas.
– Yo‘q, yo‘q, albatta chaqirishim kerak. Buncha ingramasang-chi! Qanday yomon bu! Ko‘pdan beri og‘riydimi?
– Bir necha soat bo‘ldi. Voy! Xudo xayr bersin, Sid, menga ko‘p qattiq tegma! Sen meni o‘ldirib qo‘yasan.
– Nega meni oldinroq uyg‘otmading, Tom? Unday ingrama, jonim! Sening ingrashingdan badanlarim muz bo‘lib ketayotir. Qayering og‘riydi?
– Sid, men barcha gunohlaringni kechirdim!… (Ingraydi). Sen mening oldimda har qanday ishga aybli bo‘lsang ham, men hammasini kechirdim. Men o‘lganimdan keyin…
– Hoy, Tom, nahotki, sen o‘lib ketsang? Tom jonim, o‘lma… Qo‘y, kerak emas, balki…
– Sid, men hammaning gunohini kechirdim. (Ingraydi). Sen shuni ularga yetkiz. Mening deraza ramkam bilan bir ko‘zlik mushuk bolamni bo‘lsa, ana shu shaharga yaqinda kelgan qizga ber va unga aytginki…
Biroq, Sid shu vaqt chalvorini qo‘liga olib yugurganicha ketdi: Tom endi chinakamiga kasal bo‘lgan, uning kallasi astoydil ishlar va uning ingrashlari ham juda tabiiy, kasal kishining tovushidek eshitilar edi.
Sid zinapoyadan yugurib tushib borar ekan:
– Xola, Polli xola, tezroq keling! Tom o‘lay deb yotipti, – deb baqirdi.
– O‘lay deb yotipti, deysanmi?
– Ha, ha, nimaga qarab turasiz? Tezroq yursangiz-chi!
– Behuda gap! Ishonmayman!
Ammo shunday bo‘lsa ham, u shoshilganicha yuqoriga qarab yugura boshladi, Sid bilan Meri esa uning orqasidan chopishib bordilar. Polli xolaning ranglari o‘chib ketgan, lablari qaltirab turar edi. U, Tomning to‘shagi yoniga yetib borar ekan:
– Tom bolam, senga nima bo‘ldi? – degan so‘zlar og‘zidan zo‘rg‘a chiqdi.
– Oh, xola, men…
– Nima bo‘ldi, nima bo‘ldi, bolam?
– Oh, xola, barmog‘imning ichi o‘t bo‘lib yonayotir!
Polli xola stulga o‘zini tashlab kulib yubordi, keyin yig‘ladi, keyin yana kulib, yana yig‘ladi. Kampirning bu qilgani uning yuragini ancha bo‘shashtirdi, keyin u:
– Tom, meni juda ham qo‘rqitib yubording-ku! Qani, endi bunday jinniliklaringni yig‘ishtirib qo‘yib, o‘rningdan tur! – dedi.
Tomning ingragan tovushlari bir damda jimib, barmog‘ining og‘rig‘i ham o‘sha ondayoq to‘xtadi. Bola biroz xijolat bo‘lib:
– Polli xola, bu barmog‘im butunlay jonsizlanib qolgandek bo‘ldi, u shunday og‘ridiki, hatto tishimning og‘rig‘ini ham unutib yubordim, – dedi.
– Ana, buni ko‘ringlar-a! Xo‘sh, sening tishingga nima bo‘ldi?
– Tishimning bittasi qimirlab qolgan va shunday og‘riydiki, chidab bo‘lmaydi.
– Ha, bas endi, bo‘lmasa yana ingray boshlarsan. Qani, og‘zingni och-chi! Ha, tishing chindan ham qimirlab qolgan ekan, biroq bu bilan odam o‘lmaydi-ku. Meri, menga bir qatim ipak bilan oshxonadan chala yongan kosovni keltirib ber.
– Jon xola, qo‘ying, kerak emas, u endi og‘rimaydi. Agar yana og‘risa ham men hech ingramayman, hatto og‘riganini ham bildirmayman, xolajon, qo‘ying, unday qilmang, men uyda qamalib o‘tirishni xohlamayman, men maktabga boraman…
– Ha, ha, shunday degin! Sen bu hiylalaringning hammasini, maktabga bormay, o‘qish o‘rniga baliq ovlab yurish uchun o‘ylab chiqargan ekansan-da! oh, Tom, men seni shuncha yaxshi ko‘raman-u, sen bo‘lsang doim shunday yaramas ishlarni qilib, meni ranjitib yurasan.
Shu orada tish sug‘urish asboblarini ham olib keldilar. Polli xola ipning bir uchini sirtmoq qilib bog‘ladi-da, uni Tomning og‘rigan tishiga solib, ipning bir uchini bo‘lsa karavotning temiriga bog‘lab qo‘ydi. Keyin, yonib turgan kosovni olib, uni Tomning basharasiga qarab turtmoqchi bo‘lganda, Tom boshini bir silkib, tortib yuborgan edi, uning tishi sug‘urilib chiqib, karavotga bog‘langan ipda osilib qoldi.
Kishining har bir tortgan qiyinchiligi qanday bo‘lsa ham mukofotlanmay qolmaydi. Tom nonushtani qilib maktabga kelganida hamma o‘rtoqlari unga suqlanib qaray boshladilar, chunki uning yuqoridagi qator tishlari orasida bo‘sh qolgan yeri unga juda yangi va bugungacha hech ko‘rilmagan usulda tupurishga imkoniyat berardi. Uning bu ahvoliga qiziqqan bolalar, orqasidan talashib ergashib yurar edilar. Bundan ilgari bolalardan biri barmog‘ini pichoq bilan kesib olib, uning bilan barcha bolalarning hurmat va diqqatini o‘ziga tortib yurar edi, bolalar Tomning tishini ko‘rganlaridan keyin, unga qaramay qo‘ydilar. Bu bilan u, o‘z ixlosmandlarini yo‘qotdi, uning shuhrati so‘ndi. Shu sababli u ancha xafa bo‘ldi va Tomga istehzo bilan qarab: «Tom Soyerning bunday tupirishi hech gap emas, uni har kim ham qila oladi» – dedi; boshqa bir bola esa «Yoshsiz, halig‘o‘rasiz!» deb qo‘ydi. Shundan keyin bolaning ancha shaxdi qaytib, bularning oldidan nari ketdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Tom, shaharda hammaga mashhur bo‘lgan bir araqxo‘rning o‘g‘li – Geklberri Fin degan bola bilan uchrashdi. Shahardagi hamma bolalarning onalari Geklberrini chin ko‘ngillaridan yomon ko‘rar, lekin shu bilan birga, undan juda qo‘rqar edilar, chunki u juda yalqov, yaramas, axloqsiz bola bo‘lib, hech qanday tartib va qonunlarga bo‘ysunmas edi. Yana shuning uchun qo‘rqar edilarki, bolalarning hammasi ham undan o‘zlarini olib qochmas, garchi taqiq qilingan bo‘lsa-da, u bilan o‘ynashni, birga bo‘lishni sevar va hamma narsada unga ergashmoqchi bo‘lar edilar. Tom, «yaxshi xonadonlardan» chiqqan bolalardek, kuni bo‘yi hech bir ish qilmay yuradigan bu bolaga qiziqib qarar edi. Bu chuvrindi bola bilan o‘ynash Tomga ham qattiq man qilingan edi. Albatta, xuddi shuning uchun, Tom ham bu bola bilan biroz o‘ynab olish yo‘lida har bir to‘g‘ri kelgan paytdan foydalanib qolishga tirishar edi. Geklberri kattalarning egnidan tushgan eski-tuski uvadalarni kiyib yurar edi. Yilning har qanday mavsumida ham uning kiyimi har xil dog‘lar bilan qoplanib, uvadalari osilib yurar, boshidagi qalpog‘i ham go‘yo nuragan chordevorga o‘xshar, qalpog‘ining bir parcha yirtiq yeri xuddi yarim oy singari pastki tomonga cho‘zilib tushgan edi. Ustidagi kamzuli birovning eskisi bo‘lgani uchun, etagi tovonlariga tegib yurar, uning orqa tomondagi, beldan yuqori yerdagi tugmalari esa belidan ancha pastda turar, chalvori bittagina ip bilan yelkasiga tortib qo‘yilgan, orqa tomoni esa halpillab osilib yotar, pastki pochalari titilib ketgan va loyda sudralib yurar edi. Geklberri qayerni xohlasa shu yerda daydib yuruvchi erkin bir qushcha edi. Havo ochiq vaqtlarda u harqayerda, eshik ostonalarida tunab qolar, yog‘ingarlik vaqtlarda esa bo‘sh bochkalar ichiga kirib yotardi. Uni hech kim maktabga va cherkovga borishga majbur etmasdi. Uning bo‘ysunadigan kishisi, ya’ni tepasidan xo‘jayinlik qiluvchi kishisi yo‘q.U, xohlagan vaqtida va xohlagan yerida baliq ovlab yoki cho‘milib yurar va suv ichida ham xohlaganicha o‘tira berar edi. Birov bilan mushtlashishni ham unga hech kim man qilmasdi. Uxlashga ham xohlagan vaqtida, hatto yarim kechadan keyin ham borib yota berardi. Ko‘klam bo‘lsa, u boshqa bolalarning hammasidan oldin yalangoyoq yura boshlar, kuzda esa oyoqlariga hammadan keyin etik kiyar edi. U yuz-qo‘llarini yuvishni va toza kiyim-bosh kiyishni hech o‘ylamasdi. So‘kishishga kelganda esa, juda usta edi. Xullas, bu bola, hayotga shodlik kiritadigan xususiyatlarning hammasini egallagan edi… Sankt-Peterburgning «yaxshi uylari»da «yaxshi tarbiya» olgan va o‘z erklari bilan yura olmaydigan bolalarning hammasi shunday deb o‘ylar edilar. Tom haligi romantik daydi bolaga salom berib:
– Hoy, Geklberri! Beri kel! – deb chaqirdi.
– Ishing bo‘lsa o‘zing kelaqol…
– Qo‘lingdagi nima?
– O‘lgan mushuk.
– Qani, Gek, menga ber, bir ko‘ray! Juda qotirib qo‘yibsan-ku. Qayerdan topding buni?
– Bir boladan sotib oldim…
– Nima berding?
– Bitta ko‘k bilet bilan kushxonadan o‘g‘irlab olgan ho‘kizning pufagini berib oldim…
– Ko‘k biletni qayerdan olding?
– Bundan ikki hafta ilgari Ben Rojersdan bir qamchi berib olganman.
– Menga qara, Gek, bu o‘lgan mushuging nimaga yaraydi?
– Nimaga yaraydi, deysanmi? So‘galni yo‘qotadi.
– Rostdanmi? Men uning bundan ko‘ra yaxshiroq dorisini bilaman.
– Bundan yaxshi dorisi yo‘qligiga garov bog‘lashaman, sening aytganing qanday narsa?
– Sasigan suv.
– Sasigan suvmi? Sen aytgan sasigan suv hech narsaga yaramaydi.
– Hech narsaga yaramaydi? Sen uni so‘gallarni yo‘qotish yo‘lida ishlatib ko‘rganmisan?
– Ishlatib ko‘rgan emasman. Bob Tanner buni sinab ko‘rgan.