Sadece LitRes`te okuyun

Kitap dosya olarak indirilemez ancak uygulamamız üzerinden veya online olarak web sitemizden okunabilir.

Kitabı oku: «Заҳарли газандалар», sayfa 2

Yazı tipi:

1.4. NEMERTINLAR (NEMERTINI) TIPI

Nemertinlar – tuban chuvalchanglar bo‘lib, asosan dengizlarda yashaydi. Bularning ko‘pchiligi bentos organizmlar, litoralining yuqori qismida bir necha yuz metr chuqurlikkacha uchraydi. Ko‘pchiligi yirtqich hayot kechiradi: annelidlar, qisqichbaqasimonlar, mollyuskalar, baliqlar bilan oziqlanadi.

O‘ziga xos xarakterli belgisi himoyalanish va o‘ljani ushlash uchun xartumchasini teskari ag‘daradi. Hujum moslamasi mavjud bo‘lgan nemertinlar xartumchasi bir yoki bir necha uch qirrali xanjar bilan ta’minlangan, xanjarlar asosida tashqariga chiqazadigan kanal bo‘lib, u bezli epiteliya bilan bog‘langan. Xartumchasining oldingi qismi tashqariga ag‘darilishi mumkin, bunda xanjar otilgan xartumning oxiriga tushib qoladi. Quroli bo‘lmagan nemertinlarning (Anopla kenla sinfi) zaharli xossasi teri bezlaridan ajralib chiqqan shilliq suyuqlik bilan bog‘liq.

Qurollangan nemertinlardan Amphiporus paranemertes zaharida ilk bor ta’sir etuvchi anabazein hamda uning derivatlari 2,3-bipiridil va nemertillenlar mavjud. Toksinlar nikotinsimon ta’sir ko‘rsatadi va polixet hamda qisqichbaqasimonlarni falaj qilib qo‘yadi. Qurolsiz nemirtinning shilliq suyuqligidan ikkita guruh toksik polipeptidlar: sitolitik (A guruh) va neyrotoksik (V guruh) ga ajratilgan. Masalan, sitotoksin A-3 M-20 000, molekulasi to‘rtta disulfid bog‘lar bilan barqarorlashtirilgan. A-3 o‘tkir gemolitik xossaga ega 10 mkg/ml nisbatda eritrotsitlarni eritib yuboradi.

Neyrotoksinlar guruhiga V-1-V-4 polipeptidlari kiradi, M-6000. Mazkur toksin qisqichbaqasimonlarni shol qilib qo‘yadi. Cerebratulus lacteus zaharidagi V-4 neyrotoksinni birlamchi strukturasi quyida keltiriladi:

A-S-A-T-W-G-A-Q-V-C–A-C-N-N-R-K-K-V-D-1-C-1-RC-Q-G-K-W-A-G-K-R-G-K-C-K-A-C-1-1-Q-K-N-G-K-K-CN-H-A-C-E-K.

1.5. HALQALI CHUVALCHANGLAR (ANNELIDA) TIPI

Mazkur tip 4 ta sinfga bo‘linadi. Jamiki turlar soni 9000 taga yaqin. Ko‘ptuklilar va kamtuklilar vakillari, ya’ni polixetlar va olegoxetlar zaharlash xususiyatiga ega. Polixetlar asosan dengizda yashasalarda birqancha vakillari chuchuk suvda yashashga moslashgan. Yirtqich polixetlar suv ostida ko‘pincha toshlar, suv o‘tlari orasida uchraydi. Pelagik organizmlar bilan oziqlanadi. Polixetlar zaharida neyrotrop komponentlar ustunlik qiladi, chaqqan joyi shishadi va og‘riq paydo bo‘ladi, hamda organizmni umumiy zaharlanishiga olib keladi, bosh qattik og‘riydi, ko‘ngil ayniydi, qayt qiladi. Polixetlarning hamma turlari bir xil darajada zaharli bo‘lmasdan zaharning kuchi uning tarkibidagi u yoki bu komponentning mavjudligiga bog‘liq.

Olegoxetlar orasida Lumbricus terrestris degan turning zaharli xususiyati faqatgina ko‘payish davrida namayon bo‘ladi, bunday holat ularning jinsiy bezlarining faoliyati bilan bog‘liq. Chuvalchang jinsiy bezining 0,2 ml ekstrakti, chumchuqni halok qiladi. Xonaki qushlar ham bunday chuvalchang bilan oziqlansa, halok bo‘ladi. Oligoxetlarning jinsiy bezlarini ajratib olib maydalagandan so‘ng, eng ta’sirchan hayvonlardan hisoblangan infuzoriya tufelkaga yuborilganda hech qanday salbiy alomatlar kuzatilmadi. Xuddi shunday tajribani iyun oyida tabiatdan ushlangan o‘sha hayvonda o‘tkazilganda, ya’ni 1:10000 nisbatda tayyorlangan eritmadan 3-5 daqiqa ichida infuzoriya halok bo‘ldi. Eritilmagan ekstrakdan sichqon va kalamushga 0,2-0,5 ml yuborilganda ular halok bo‘ladi.

Gemolimfa bilan o‘tkazilgan ana shunday tajribalar ularning zaharli ekanini ko‘rsatdi. Xulosa qilib aytganda yomg‘ir chuvalchangini mavsumiy zaharli bo‘lishi jinsiy maxsulotlarining yetilishi bilan bog‘liq ekan.

Glisera (Glycera convoluta). Tanasi yarim shaffof, uzunligi 10 sm gacha, 160-180 bo‘g‘indan iborat. Silindrik shakldagi jabralari o‘ta uzun. Gavdasining oxirgi bo‘g‘imida jabralari bo‘lmaydi. Qumda yashaydi, ko‘pincha mayda toshchalar, chig‘anoqlar orasida uchraydi. Tropik boreal tur hisoblanadi. Barens, Oxot va Yapon dengizlarida yashaydi.

Jonivorning bezidan ajratib olingan ekstrakt dafniyaning yurak urishini to‘xtatib qo‘yadi, shuningdek, proteolitik va kollagenaz aktivligiga ega. Ekstraktdan neyrotoksik oqsil – a-gliserotoksin ajratib olingan, uning molekulyar og‘irligi M-300 000, toksin prisinaptik ta’sir etadi. Prisinaptik membrana oqsillari ehtimol a-gleserotoksin uchun reseptor bo‘lib hisoblanar, chunki proteolitik ferment pronaza bilan qayta ishlanganda toksinni bog‘lanishini hamda asetilxolinni ozod bo‘lishini oldini oladi.

Lyumbrineres (Lumbrineris heteropoda). Oxot, Yapon, Cariq va Sharqiy Xitoy dengizlarida tarqalgan. Zahar tarkibida neyrotoksin mavjud, hasharotlarning asab tizimiga ta’sir etadi. Umurtqali hayvonlarga uning ta’siri sezilarli emas. Sichqonlarning vena qon tomiriga yuborilganda LD50 30 mg/kg ga, teri ostiga yuborilganda esa 1000 mg/kg ga to‘g‘ri keladi. Tajribada mazkur toksinni baliq yashaydigan akvarium suviga qo‘shilsa, undagi baliqlar halok bo‘ladi. Sintez usuli bilan olingan nereistoksin kuchli insektosid hisoblanadi va Yaponiyada sholi, choy, xurmo va boshqa ekin zararkunandalariga qarshi ishlatiladi. Nereistoksinni fosforli birikmasi (bankol) yapon olimlarining fikricha kolorada qo‘ng‘iziga qarshi ishlatilganda o‘ta yaxshi natija beradigan preparatlardan biri va amalda qush, baliq, hamda kemiruvchilarga zararli ta’sir ko‘rsatmaydi.

1.6. MOLLYUSKALAR (MOLLUSCA) TIPI

Zaharli mollyuskalar guruhiga qorinoyoqli mollyuskalarning konus urug‘iga tegishli ko‘p sonli turlari kiradi. Konus va sakkizoyoqlarning zaharli apparati tuzilishiga ko‘ra bir-biriga o‘xshash bo‘lmasa-da, ular ikkalasi ham ovqat hazm qilish a’zosi bilan o‘xshashdir. Mollyuskalarning 130 mingdan ortiq turlari fanga ma’lum.

Ular orasida eng zaharlisi qorinoyoqli mollyuska – konus hisoblanadi, uning zahari skelet muskullarini shol qilish quvvatiga ega. Zahar ishlab chiqaradigan bezning tomiri orqa tomonida osilib turgan xartumchaga ulanadi. Xartumchaning usti qirg‘ichga o‘xshash bo‘lib bir qancha uchi qayrilgan o‘tkir pixlar bilan qoplangan. Bordi-yu mollyuskani qo‘lga olsangiz u o‘zining xartumchasi bilan tez harakat qilib qo‘l terisini jarohatlaydi va yaralangan joyga zahar oqib keladi. Ba’zi bir konuslarning uzunligi 70 mm ga yetadi, zaharlangan odamda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, barmoqlari jonsiz bo‘lib qoladi, asta-sekin badanning qizarishi kattalashib boradi, nafas qisishi, yurak urishi kuchayadi odam hushidan ketadi, ba’zan zaharlangan qo‘li shol bo‘lib qoladi. Bemorlar orasida nobud bo‘lish holatlari ham uchraydi. Bunday zaharga qarshi dori darmon yo‘q.

Boshqa turlardan farqli o‘laroq konuslarda zahar ishlab chiqazadigan maxsus bezi bo‘ladi. Konuslarning har xil turlarida zaharining rangi bir xil bo‘lmaydi, zahar RN 7,8-8,1 oralig‘ida bo‘ladi. Zaharning tarkibi har xil kattalik va shakldagi donador moddalardan iborat bo‘lib, bu donalarning rangi har xil bo‘ladi. Xlorid kislotada qaynatilganda kuchini yo‘qotmaydi, 20 foizli kaliy ishqorida eriydi. Zahar tarkibida oqsil va karbogidratlar topilgan. Gistoximiya ma’lumotlariga qaraganda zahardagi donador moddalar asosan oqsillardan tashkil topgan. Baliqni halok qiladigan miqdori 0,2 ml, sichqon uchun 0,2 mg. Demak, konusning zahari haqiqiy neyrotrop zaharlar guruhiga kiradi.

Kalmar, sakkizoyoq va karakatisalar o‘ta yirtqich boshoyoqli mollyuskalar hisoblanadi. Ular yuksak darajada rivojlangani uchun ba’zi bir olimlar ularni umurtqasizlar orasidagi primatlar deb atashadi. Boshoyoqli deb atalishining sababi ularning kallasida sakkiztadan paypaslagich qo‘llari va yana ikkitadan uzun oyoqlari bor. Paypaslagichlari yordamida ular o‘ljasini tutib yeydi va dengiz ostida yuradi. Paypaslagichlarining uchlari biroz kengaygan bo‘lib, u yerda ko‘p so‘rg‘ichlar joylashgan, ana shu so‘rg‘ichlar yordamida ular yemishini tutadi va dengiz tubiga yopishib dam oladi.

Sakkizoyoqlar haqiqatdan ham kamdan-kam o‘z jag‘larini ishga soladi. To‘tiqushnikiga o‘xshash tumshuqlari bilan anchagina yirik mollyuskalarning qopqog‘ini ochib yeydi. Biroq sakkizoyoqni og‘iz bo‘shlig‘ini sinchiklab qarasangiz old va orqa so‘lak bezlarini ko‘rish mumkin. Bu bezlardan suyuqlik oqib chiqadigan tomirlar esa bir juft o‘tkir jag‘lar asosiga borib ulanadi, jonivorning og‘zi esa 8-paypaslagich asosida joylashgan bo‘ladi. So‘lak bezdan odam uchun xavfli bo‘lgan zaharli suyuqlik oqib chiqadi.

B.Xalstid sakkizoyoq bilan odam o‘rtasida ro‘y bergan qayg‘uli hodisani shunday ta’riflaydi: suvda cho‘milayotgan odam 20 sm uzunlikdagi noma’lum bir mollyuskani qo‘lida olib chiqib odamlar orasida uni ko‘z-ko‘z qilib o‘ynatdi va nihoyat uni erkin qo‘yganida u odamni yelkasiga chiqib bir zum qotib qoldi, shunda kutilmagan hodisa yuz berdi, sakkizoyoq egasini bo‘yniga og‘iz solib uni tishlab oldi. Bemor kutilmagan qattiq og‘riqdan qichqirib yubordi va bo‘yniga yopishib olgan sakkizoyoqni urib tushirdi. Odamni terisida ikkita jarohat paydo bo‘lib, undan suyuq qon oqar edi, bir daqiqadan so‘ng bemorni og‘zi quriy boshladi, so‘lagini yutishga qiynaldi, ko‘ngli aynidi, qayt qila boshladi. Bemorni belidan yuqori qismi hech narsani sezmaydigan bo‘lib qoldi, nafas olishga qiynalardi, gapira olmas edi. Bechorani zudlik bilan kasalxonaga olib bordilar, ikki soatdan so‘ng u hayotdan ko‘z yumdi.

Boshoyoqli mollyuskalarning so‘lak bezlari nihoyatda zaharli komponentlarga boy. Ko‘p miqdordagi zaharli moddalar orqa tamonidagi bezlarda joylashgan triptomin, oktopin, agmatin, adrenalin, gistamin, dopomin triptofan gidroksisteroidlar, polifenollar, fenolaminlar, indolaminlar va guanidin kabilar topilgan. Shuningdek, sakkizoyoqlarning bir necha turida hamda Evropa suvlaridagi ba’zi bir karakatisa kyp zaharida biogen aminlar (tiramin, dofamin, noradrenalin, gistamin) va toksik oqsillar topilgan. 100 g vazindagi so‘lak bezida 0,5-0,6 g sefolotoksin bor, toksin tarkibida xolinesteraza va aminopeptidaza fermentlari uchramaydi, ammo qisqichbaqasimonlarni shol qilib qo‘yadi. Octopus. dofleini degan sakkizoyoqning orqa so‘lak bezlaridan ajratib olingan sefalatoksin M-23000, glikoproteindan iborat, tarkibida 18 ta aminokislota qoldig‘i, shuningdek, karbon suvlari hamda 5,8 foizli geksozamin bor.

Boshoyoqli mollyuskalarning reaktiv motori o‘ta qiziq ahamiyatga ega. Insoniyat reaktiv hodisalar sirini oshkor etishdan oldin tabiat mazkur jonivorlarga harakat qilishning o‘ta qiziq usulini in’om etgan. Kalmarlar suv osti zulmat qorong‘iligida soatiga 30-40, ba’zi bir turlari esa xatto 55 km tezlikda go‘yo tirik torpedo singari suzishi mumkin. Ba’zi bir turlari esa uchuvchi baliqlar singari parvoz qilish xususiyatiga ega. 16 sm uzunlikdagi stenogeutis degan kalmar shunchalik tez, baland va uzoqqa uchadiki, suv yuzasidan yetti metr balandlikda joylashgan kema saxniga borib tushadi.

Boshoyoqli mollyuskalar tuzi 30 foizdan kam bo‘lmagan suvlarda yashaydi. Mazkur mollyuskalarning sirli tomoni shundaki, ular hatto o‘lim talvasasiga tushganda ham rangini o‘zgartiraveradi. Kalmarlar tanasidagi yorug berib turadigan a’zolarining vazifasi hozircha aniqlanmagan. Ko‘pchilik olimlarning fikricha ana shunday a’zolar yordamida jonivorlar okean zulmatida harakat qiladi. Ikkinchi guruh olimlarning fikricha bunday yorug‘ beruvchi a’zolar planktonlarni o‘ziga jalb etadi, chunki ular ana shu giyohlar bilan oziqlanadi, yoki urchish davrida bunday chiroqlar bir-birini izlab topishga yordam beradi.

Boshoyoqli mollyuskalarning o‘ziga xos tomonlaridan yana biri ularning tanasida siyoh bilan to‘ldirilgan xaltachaning bo‘lishidir, bu siyoh tim qoradan jigarranggacha o‘zgarib turadi. 2000 yildan beri dunyo musavirlari ana shunday rangdan foydalanib kelmoqdalar.

Dushmandan cho‘chib ketgan kalmar unga qarab qora siyoh suyuqligini fauvora qilib otadi, o‘zi esa qora rangini yo‘qotib suv rangiga kiradi va o‘zini xavfsizroq joyga oladi. Kalmarlarning ko‘zi ancha murrakkab tuzilishga ega. Ko‘p jihatlari bilan baliq ko‘zidan ustun turadi. Qizig‘i shundaki, kalmar ko‘zi bilan odam ko‘zi tuzilishida ancha o‘xshashlik bor. Ko‘zining bir mm kvadratida ming donaga yaqin reseptorlar joylashgan, demak, ular odamlar singari mayda narsalarni ko‘rishga moslashgan, shuningdek, ko‘zlari qavoqlar bilan qoplangan. Lekin bitta muhim farqi bor, kalmar ko‘zining qorachig‘i harakat qiladi, hatto aylanishi mumkin. Bu esa jonivorga ko‘z kosasini qimirlatmasdan narsalarni ko‘rish imkonini beradi. Mollyuskalarning ko‘zlari har xil: 3 dan 30 sm kattalikda bo‘ladi. Hayvonot olami vakillari orasida eng katta ko‘z gigant kalmar va sakkizoyoqlarga mansub.

1.7. NINATANLILAR (ECHINODERMATA) TIPI

Hozirgi ninatanlilar 5 ta asosiy sinfdan iborat: dengiz nilufarlari, dengiz yulduzlari, afiuralar, dengiz kirpilari va goloturiyalar. Ular orasida dengiz kirpisi, dengiz yulduzi va goloturiyalar u yoki bu darajada zaharli hisoblanadi. Ular dengiz ostida yashaydigan hayvonlar bo‘lib suvning tuzidan o‘ta ta’sirchan bo‘ladilar. Masalan, ular Kaspiy dengizida uchramaydi, qisman Qora va Boltiq dengizlarida va ko‘p miqdorda shimoliy dengizlarda yashaydi. Ko‘pchilik turlari 7 ming metrgacha chuqurlikda uchraydi.

Ninatanlilarning issiq mamlakatlarda tarqalgan ko‘pchilik yirik turlarining ninasi 30 santimetrdan ham uzunroq bo‘ladi. Hamma tomonga qarab dikkayib turgan ohakli ninalari suvda yaxshi ko‘rinmaydi. Odam badaniga sanchilgan ninani ba’zan chiqazib olish amri mahol. Shuni ham hisobga olish kerakki, ninalarga yaqin joylashgan moslamalar jarohatlangan joyga zahar yuborish qobilyatiga ega.

Diadema setosum degan kirpining ninasi juda xavfli. Exinotriks kalmarining zahari undan ham kuchli hisoblanadi. Uning ninalari egiluvchan, ingichka va mo‘rt bo‘ladi. Odam taniga kirgan nina maydalanib ketishi natijasida chidab bo‘lmaydigan darajada og‘riq kuzatiladi.

O‘ziga xos zaharlash qobilyatini tropik dengizlarda yashaydigan toksapneyste degan jonivorda ko‘rish mumkin. Uning uzun shisha singari mo‘rt ninalari nashtar urganida ancha chuqurga – muskullar orasiga botib ko‘pincha u yerda sinib qoladi. Nina sanchilganda zahar ham yuboradi. Yapon olimi Fudjivara mazkur kirpini o‘rganayotganida uning barmog‘iga nashtar uradi, shu onda qattiq og‘riq paydo bo‘lib u butun badanga tarqaydi, so‘ngra odamning labi, tili va butun beti shol bo‘ladi, keyinroq oyoqlari karaxt bo‘lib qoladi. Olti soatdan so‘ng barcha noxush holatlar o‘tib ketadi.

Oddiy dengiz kirpisi (Strongylocentrotus droebachiensis). Ohakli plastinkalarning o‘zaro mahkam jipslashganligi tufayli qopqoq hosil bo‘ladi. Kirpining tanasi tashqi tomonidan qimirlab turadigan ninalar bilan qoplangan. Ularning bo‘yi bir necha santimetrga yetadi. Bundan tashqari uning tanida mo‘ychinakka o‘xshash moslamalari bo‘lib u kirpining tanasini yot narsalardan ozod qilishga xizmat qiladi. O‘sha moslamalarning ba’zi birlari zaharli bez bilan taminlangan bo‘lib. himoya vazifasini bajaradi. Dengiz kirpilarining yiriklari eniga 200 mm ga yetadi. Exinus degan turi ovqatga ishlatiladi, uning eni 170 mm ga teng.

Ninatanlilarning skelet tarkibi kalsiydan tashkil topgani bois ularning o‘lib ketgan formalari yaxshi saqlangan. Bunday jarayonga 50 million yil bo‘lgan, hozir ana shunday qazilmalardan 20 mingta turi tavsiflangan.

Zaharining kuchini barcha hayvonlarda: qorinoyoqli va boshoyoqli mollyuskalar, qisqichbaqasimonlar, baliqlar, kaltakesak va quyonlarda sinab ko‘rilganda ularning katta miqdordagi zahardan halok bo‘lishi aniqlandi. Zahar qaynatilganda o‘z kuchini yo‘qotadi. Kirpi ninalarini maydalab, undan tayyorlangan eritmani sigir, ot, cho‘chqa va qo‘y qoni eritrosidlariga ta’sir etdirganda ular hammasi gemolizga uchraydi. Elektroforez usuli bilan zaharni tarkibiy qisimlarga ajratganda 6-7 fraksiya borligi aniqlandi. Odam qonidagi A va O guruhi eritrotsitlarini eritib yuboradi, quyon, dengiz cho‘chqasi, ho‘kiz, qo‘y va baliq eritrotsitlariga ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsatadi.

Dengiz kirpilarining zaharli apparati ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi: qisqichlar bilan ta’minlangan pedisellar va zaharli bezlar hamda qisqichlari bo‘lmagan ninalar toksik modda ishlab chiqaradigan hujayralari bo‘ladi. Birinchi ko‘rinishdagi zaharli apparatga ega bo‘lgan kirpilar juda xavfli hisoblanadi, chunki bir yo‘la ko‘p miqdorda nashtar uradi. Demak, dengiz kirpilari zahari tarkibida gemolitik aktiv moddalar, xolinegrik ta’sir ko‘rsatadigan noradrinalin, gistamin kabilar ham uchraydi.

Ana shu komponentlar miqdori barcha kirpi turlarida har xil nisbatda bo‘ladi.

Amur dengiz yulduzi (Asterias amurensis). Yirtqich bo‘lib, dengiz kirpilari, mollyuska va boshqa umurtqasizlarni ovlaydi. Amur oddiy dengiz yulduzi 300 mm gacha kattalikda bo‘ladi, Yapon dengizida, Tatar bo‘g‘ozida, janubiy Saxalin qirg‘oqlarida 50-60 m chuqurlikda keng tarqalgan. Qurib qolgan dengiz yulduzini yegan it va mushuklar halok bo‘ladi, jo‘jalarga berganda ular o‘sishdan to‘xtab qoladi, quyonlarga ukol qilganda ular zaharlanadi. Kalamushlar esa banday zahardan mutlaqo ta’sirlanmaydi.

Umuman olganda, ninatanlilar tarkibidagi biologik aktiv moddalardan dengiz yulduzi va dengiz bodringi tarkibidagi keng spektrli fiziologik aktiv saponinlar birmuncha yaxshi o‘rganilgan.

Yapon dengiz bodringi (Cucumaria japonica). Uzunchoq yoki chuvalchang shakliga ega, Yapon dengiz bodringi yaxshi o‘rganilgan, bo‘yi 50 sm, qoramtir yoki noparmon rangda bo‘ladi. Yapon va Oxot dengizlarining uncha chuqur bo‘lmagan va o‘rtacha chuqurliklardan ovlanadi. Qopqonsimon paypaslagichli turida maxsus a’zolari bo‘lib, ular ko‘p miqdordagi bezli yopishqoq naychalardan iborat hamda kengaygan ichakning orqa qismida kloakada joylashadi. Bezovta bo‘lganida orqa chiqaruv teshigidan ana shu a’zolarini tashqariga chiqazib tashlaydi va ular yopishqoq oq mayda tolalar singari dushmanni o‘rab oladi, ba’zan uni qimirlatmay ham qo‘yadi. Zaharli modda ana shu tolalardagina emas, balki hayvonning tana devorlarida ham bo‘ladi. Odamni jarohatlangan terisiga tushgan ana shunday moddalar og‘riq va yallig‘lanish reaksiyasini chaqiradi.

II BOB. ZAHARLI BO‘G‘IMOYOQLILAR

2.1. O‘RGIMCHAKSIMONLAR (ARACHNIDA) SINFI

O‘rgimchaksimonlar sinfining vakillari o‘rgimchak va chayonlar asosan tirik jonivorlar, hasharotlar bilan oziqlanadi. O‘ljani xitin qobig‘ini teshib, uning ichiga ovqat hazm qilish so‘lagini yuboradi. Ana shu suyuqlik tarkibidagi proteolitik fermentlar ta’siridan o‘ljaning ichidagi a’zolarining so‘rilishi va hazm bo‘lishi yengillashadi. O‘rgimchaklar o‘z o‘ljasini xeliserlari yordamida nafaqat ushlab turadi, balki xeliserni tirnoqsimon uchi bilan o‘ljani falaj qilib qo‘yadigan zahar yuboradi. O‘rgimchak va chayonning zaharli bezlari morfologik jihatidan farq qilsa-da, kelib chiqishi bilan birbiriga o‘xshashdir.

2.2. CHAYONLAR (SCORPIONES) TURKUMI

Hozirgi vaqtda chayonlarning 750 ga yaqin ziyodroq turlari mavjud bo‘lib, ular dunyoning barcha issiq mintaqalarida tarqalgan.

Chayon zahari rangsiz cho‘ziluvchan suyuqlik, kislotali reaksiyaga ega, solishtirma og‘irligi 1092. Osh tuzida yaxshi eriydi, kislota va ishqorda o‘z kuchini yo‘qotadi.

Chayonlar yerda yashovchi bo‘g‘imoyoqlilarning o‘ta qadimiy turkumi hisoblanadi. Ularning o‘rtacha o‘lchami 50-100 mm, yiriklari 200 mm ga yetadi, nashtar uradigan quroli dumining uchida qappayib turgan dum bo‘g‘inida joylashgan. Bir juft zahar ishlab chiqaradigan bezi naycha tomir bilan ta’minlangan bo‘lib, zahar soladigan nishga ulanadi. O‘lja qarshilik ko‘rsatadigan bo‘lsa, chayon unga bir necha bor nashtar uradi va uni falaj qilib qo‘yadi.

Ko‘krak, bosh qismi bir butun kosacha bilan qoplangan, o‘rtasida bir juft yon tomonlarida bir necha juft ko‘zlari joylashgan, kutikula esa mum qavati bilan qoplangan, bu esa o‘z navbatida suvni kam miqdorda bug‘lanishini ta’minlaydi.

Tutqinlikda chayonlar bir necha oylab och yashashlari mumkin, bir yarim yilgacha oziqlanmasdan yashagan holatlar qayd etilgan. Necha yil umr ko‘rishi haqida aniq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, u bir necha yil yashasa kerak. Chayon pushtining rivojlanish jarayonida qiziq anamaliya hodisalari qayd etilgan. Masalan, pushtning dumini ikkita bo‘lib o‘sishi. Bunday chayonlar odatdagidek voyaga yetganicha yashaydi. Odam uchun chayoning zahri xavfli bo‘lmasa-da, ba’zan fojeali yakunlanish holatlari uchrab turadi. Odatda bunday hodisalar issiq mamlakatlarda yashaydigan bolalar orasida qayd etilgan. Chayon odamni chaqqanda odatda o‘sha joyda qattiq og‘riq va shish paydo bo‘ladi, kishini uyqu bosadi, sovuq qotadi, ba’zan harorat ko‘tariladi. Odatda 1-2 kundan keyin alomatlar o‘tib ketadi.

Chayonning o‘zini-o‘zi o‘ldirishi haqida uncha to‘g‘ri bo‘lmagan fikrlar ham uchrab turadi. Odatda bunday hodisani asoslab berish uchun quyidagicha tajriba o‘tkazildi. Yonib turgan ko‘mir cho‘g‘ini aylana qilib terib chiqiladi va uning o‘rtasiga chayon qo‘yib yuboriladi. Otash halqasidan chiqib ketishga bir necha bor muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng u halok bo‘ladi. U o‘ziga nish urgani yo‘q. Chayonning zaharli nishi uning ustidagi kosachasini teshib o‘ta olmaydi. Bundan tashqari boshqa zaharli hayvonlar singari chayonlarda ham o‘z zahariga qarshi immunitet borligi aniqlangan. Aslida otash halqasiga tushgan chayon olov alangasidan halok bo‘ladi.

Chayonlar asosan tunda faol hayot kechiradi, kunduz kunlari qorong‘i joyda bekinib yotadi. Urg‘ochi chayon tirik bola tug‘adi va bolani erkak chayon ikki hafta davomida yelkasida olib yuradi, lekin ularni oziqlantirmaydi, keyin bolalari mustaqil hayot kechirishga o‘tadi. Chayonlarning yirik turlarining uzunligi 17 sm ga yetadi, ular asosan tropiklarda tarqalgan. Chayonlar hamisha hujumga tayyor holda dumlarini gajak qilib yuradi. Chayon o‘z g‘animini panjalari bilan qisib olib, nashtar uradi. Uning zahari tarkibiga ko‘ra kobra zahariga o‘xshash bo‘lib, asabga ta’sir etadigan komponentlari bor. Chayonlar kechqurunlari chiroq yoki gulxan yorug‘iga kelgan hasharotlarni tutib olish uchun bu yerga keladi. Bitta chayon hayoti davomida 60 tagacha bola tug‘adi.

Chayon zahrida ilk bor ta’sir etuvchi modda neyrotoksik polipeptidlar bo‘lib, o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ulardan biri tanlab hasharotlarni shol qilib qo‘yadi (insektotoksinlar), boshqalari asosan sut emizuvchilarga ta’sir etadi (sutemizuvchilar toksini).

Chipor chayon (Buthus eupeus) zaharidan ajratib olingan qisqa zanjirli polipeptid insektotoksin 33-36 aminokislota qoldig‘idan tashkil topgan, molekula og‘irligi M-4000. To‘rtta molekula ichi disulfid bog‘lar bilan barqarorlashgan. Sutemizuvchilar uchun mo‘ljallangan neyrotoksin 65-67 aminokislota qoldiqlaridan iborat, ularning M-7000, to‘rtta disulfid bog‘lardan iborat.

Suvaraklar (Nauphoeta cinerea) uchun I 1 insektotoksinni shol qilish kuchi 3 mkg dayoq namoyon bo‘ladi, bu esa toza zaharga qaraganda 10-30 karra faolroqdir. Chipor chayonning toza zahari (LD50) sichqonlar uchun 3 mg/kg, zahardan ajratib olingan neyrotoksinlar ancha faolroq, uning kuchi M 9 va M 10, toksinlar uchun 0,7 mg/kg, M 14 toksini uchun 0,9 mg/kg. Qora chayonning 0s-3 zahari yanada faolroq, uning kuchi (LD50) sichqonlar uchun 1 mg/kg, o‘ta aktiv neyrotoksinning kuchi 0,239 mg/kg.

O‘rta Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham sariq va qora rangli turlari uchraydi. Qora ranglisi Orol dengizi atrofida va Ustyurt cho‘llarida yashaydi.

Chipor chayonning (Buthus eupeus) zaharidan ajratib olingan ba’zi bir toksinlarning birlamchi strukturasi quyida keltiriladi:

M-C-M-R-S-F-T-T-R-P-D-M-A-Q-Q-C-R-A-C-C-K-G-RG-K-C-F-G-P-Q-C-L-C-G-Y-D insektotoksin I 1;

M-S-M-P-C-F-T-T-D-P-N-M-A-K-K-C-R-D-C-C-G-G-NG-K-C-F-G-P-Q-C-L-C-N-R-NH2 insektotoksin I 5;

V-R-D-G-Y-1-A-D-D-K-D-C-A-Y-F-C-G-R-N-A-Y-C-DE-E-C-K-K-G-A-E-S-G-K-C-W-Y-A-G-Q-Y-G-N-A-C-W-CY-K-L-P-D-W-V-P-I-K-Q-K-V-S-G-K-C-N neyrotoksin M 10;

A-R-D-A-Y-I-A-K-P-H-N-C-V-Y-E-C-Y-N-P-K-G-S-Y-CN-D-L-C-T-E-N-G-A-E-S-G-Y-C-Q-I-L-G-K-Y-G-N-A-C-WC-I-Q-L-P-D-N-V-P-I-R-I-P-G-K-C neyrotoksin M 9;

A-R-D-A-Y-I-A-D-D-R-N-C-V-Y-T-C-A-L-N-P-Y-C-D-ST-C-K-K-N-G-A-D-G-S-Y-C-Q-W-L-G-R-F-G-N-A-C-W-CK-N-L-P-D-D-V-P-I-R-K-I-P-G-E-E-C-R neyrotoksin M 14.

Qora chayonning (Buteolus melanupus) zahari yanada kuchliroq bo‘lib, sichqonlar uchun uning LD50 1 mg/kg, yanada aktivroq neyrotoksinning kuchi esa 0,239 mg/kg, birlamchi strukturasi quyidagicha: G-V-R-D-G-Y-I-A-Q-P-H-N-C-VY-H-C-F-P-G-S-G-G-C-D-IL-C-K-E-N-G-A-T-Q-G-S-S-C-F-I-L-G-R-G-T-A-C-W-C-KD-L-P-D-R-V-G-V-I-V-D-G-E-K-C-H.

Yaş sınırı:
0+
Litres'teki yayın tarihi:
25 ekim 2023
Hacim:
5 s. 9 illüstrasyon
ISBN:
978-9943-4113-6-4
Telif hakkı:
Kitobxon
Metin
Ortalama puan 0, 0 oylamaya göre