Kitabı oku: «Заҳарли газандалар», sayfa 4
2.4. KO‘POYOQLILAR (MYRIAPODA) SINFI
Ikkijuftoyoqlilar va laboyoqlilar mazkur sinfning zaharli vakillari hisoblanadi. Barcha ko‘poyoqlilar odam ko‘ziga ko‘rinmay hayot kechiradi. Kunduz kunlari har xil narsalar ostida yorig‘dan bekinib yotadida, tunda faol bo‘ladi. Juda keng tarqalgan bo‘lib, tundradan tashqari barcha joylarda uchraydi. Laboyoqlilarning zaharli a’zosi oyoq jag‘lar shaklida bo‘lib, har bir oyoq jag‘ oltita bo‘g‘imdan iborat. Eng oxirgi bo‘g‘ini uchlik tirnoq shaklida ichkariga qayrilgan. Uning yuzasida uzunchoq ariqchalar mavjud. Ana shu bo‘g‘in ichida zaharli bezning ingichka kanali joylashgan. Shu kanal tirnoqsimon bo‘g‘inning oxirida kichkinagina teshik bilan ochiladi. Zaharli bez oq qopchiqchalar shaklida, alveolalardan tuzilgan. Zaharni olishda elektrostimulyatsiya yoki gomogenatni ekstratsiya qilish usulidan foydalaniladi.
Halqali skolopendralarning chaqishi ancha og‘riq bilan boshlanadi. Tishlagan joyda achituvchi og‘riq paydo bo‘ladi, shishadi, sovuq qotish kabi alomatlar paydo bo‘ladi. Odatda bir necha kundan so‘ng bemor o‘z holiga qaytadi.
Zahar tarkibida asetilxolin, gistamin, serotonin, gialorunidaza, xolinesteraza, kininaza kabilar mavjud. Zahari barcha umurtqasiz va umurtqali hayvonlarga ta’sir etadi. Sichqonlar uchun LD50 22,5 mg/kg. O‘rta Osiyoda yashaydigan skolopendra zahri esa 300 mg/kg. Zaharlangan hayvonlarda harakatsizlik, depressiya, solivatsiya (ko‘z qorachig‘ining torayishi), barcha muskullarning tortilishi kuzatiladi. nafas olish qiyinlashadi, natijada hayvon halok bo‘ladi. Umurtqasizlar ham uning zaharidan kuchli ta’sirlanadi. Chigirtka, qo‘ng‘iz, kanalar va o‘rgimchaksimonlar tabiiy sharoitda chaqqanida tez halok bo‘ladi. Ana shu ko‘p oyoqli zaharini suvaraklarga ukol qilganda (0–100 mkg/250 mg) uning harakat muvozanati buziladi. Oyoqlari yaxshi ishlamaydi. Natijada shol bo‘lish alomatlari kuzatiladi.
2.5. HASHAROTLAR (INSECTA) SINFI
Hasharotlarning fanga ma’lum bo‘lgan turlari barcha o‘simlik va hayvon turlari miqdoridan ancha ko‘p bo‘lib, 1 million 300 mingdan ham ortadi. Bu ko‘rsatkich kun sayin, hatto soat sayin ko‘payib bormoqda. Hasharotlarning ba’zi bir turkumlariga kelsak: qo‘ng‘izlar 360 mingta turdan iborat, kapalaklar – 160000, pardaqanotlilar – 150000, luyt qanotlilar – 90000, to‘g‘riqanotlilar – 30000, patxo‘rlar – 3000, burgalar – 2000, bitlar – 250 turdan iborat.
Hasharotlar va ko‘poyoqlilar orasida aktiv va bo‘shang zaharli turlari mavjud. Tuxum qo‘yadigan yoki nish shaklidagi zaharli apparat bilan qurollangan pardaqanotlilar vakillariga chavandozlar, asalarilar, arilar kiradi. Ko‘pchilik qo‘ng‘izlar gemolimfasida zaharli moddalar mavjud bo‘lib, uni dushmanga purkash bilan himoyalanadi. Tangachaqanotlilar yoki kapalaklar orasida jarohatlovchi oddiy apparati mavjud turlari bor, bular asosan kapalaklarning qurti bo‘lib, ular o‘lja taniga aktiv ravishda zahar yubora olmaydi. Tangachaqanotlilarning imagosi odatda bo‘shang zaharli hisoblanadi. Ikki qanotlilar orasida so‘na kabilarni og‘zida zaharli apparati bo‘ladi. Ko‘poyoqlilar orasida zaharli apparat bilan ta’minlanganlardan laboyoqlilar sinfi vakillari bo‘lsa, ikki juftoyoqlilar sinfiga kiruvchi zaharli turlar bo‘shang zaharli hisoblanadi.
Hasharotlar ustida odamni hayratda qoldiradigan kuzatishlar o‘tkazilgan. Ba’zi bir kapalaklarni qurti daraxt po‘stlog‘i ustida yashab turganida g‘umbakka aylansa, jigarrangga bo‘yalib qishlaydi, kapalaklar esa kelgusi yili bahorda chiqaboshlaydi. Agarda g‘umbakka aylanish davri daraxt yaprog‘i ustida o‘tsa, unda g‘umbak yashil rangga, bo‘yaladi, bunda rivojlanish tez amalga oshadi, kapalak kuz boshlanguncha uchib ketadi.
Shunday qilib yashash muhiti jonivorni ma’lum bir rivojlanish yo‘lidan ikkinchi bir taraqqiyot yo‘liga soluvchi o‘ziga xos kalit sifatida xizmat qiladi. Bir butun organizm darajasida ham yana o‘sha qonun – irsiy axborotni keragidan ortiqcha qonuni ishlaydi. Demak, aytishimiz mumkinki, axborotni ana shunday keragidan ziyod bo‘lishi organizm hayotini boshqaradigan qonunlar bilangina emas, balki populyatsion mexanizmlar bilan belgilanadi.
Kapalaklarni sanoat melanizmi degan iborani so‘ngi yillarda tez-tez eshitish mumkin. Qayin daraxtida yashaydigan odimchi degan hasharot o‘sha daraxt rangiga o‘xshash bo‘ladi. So‘ngi yuz yildan ziyodroq vaqt ichida Angliya sanoati shunchalik tutun chiqaradigan bo‘ldiki qayin daraxti po‘stloqlari qorayib ketdi. Nihoyat inson ko‘z oldida kapalaklarning rangi o‘zgara boshladi, ular qora rangga ya’ni daraxt rangiga bo‘yala boshladi.
Zoolog va genetik olimlarning aniqlashlaricha, kapalak rangini o‘zgarishi darvinizm qonuniga asoslangandir. Qora rangdagi kapalaklarni tanlanishi och rangdagi kapalaklarni siqib chiqazish yo‘li bilan amalga oshdi va kapalaklarning yangi formasi paydo bo‘ldi, bu yangi xususiyat kapalak irsiyatiga yaxshigina o‘rnashib oldi, shunday qilib inson birinchi marta evolyutsiya yo‘nalishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, bu esa fan zafari sifatida atom fizikasi bilan bir qatorga qo‘yib namoyish etildi. O‘n yillarcha vaqt o‘tgach ushbu ma’lumotlar qo‘shimcha kuzatishlar bilan jiddiy ravishdi to‘ldirildi.
Xon qizi populyatsiyalari haqida ham shunga o‘xshash ma’lumotlar to‘plandi. Yuqoridagi misollar ko‘rsatadiki, darvincha tabiiy tanlanish bu faraz emas, hattoki nazariya ham emas, u fakt bo‘lib qoldi.
Chavandozlarning urg‘ochisi tuxum qo‘yadigan ingichka va uzunchoq a’zosi bilan o‘ljasini halok etadi va unga tuxum qo‘yadi. Chavandozlarning Rissa degan urug‘i daraxtda hayot kechiradi, urg‘ochisi eski daraxt po‘stlog‘i bo‘ylab tinimsiz harakat qiladi, ya’ni uzun mo‘ylovi bilan daraxt po‘stlog‘ini paypaslab chiqadi, ma’lum bir joyga kelib u to‘xtab qoladi va o‘sha joyga tuxum qo‘yadi, aniqroq qilib aytganda shox dumli yog‘och qirquvchi jonivor g‘umbogini aniq nishonga oladi. Qanday qilib g‘umbakni topishi hali fanga ma’lum emas.
O‘simlik yaproqlarida izg‘ib yurgan jajji hasharotlar – shiralar o‘simlik bargini teshib uning sharbatini so‘rib oladi. Ana shu yerda chavandozlarning urg‘ochisi ham paydo bo‘ladi, shirani tutib olgan chavandoz uni qorin tomonini paypaslab qulay nuqtani topganda tuxum qo‘yadi. Tuxumdan lichinka paydo bo‘lganga qadar shirani hisobiga oziqlanib voyaga yetadi.
Karam zararkunandasi kapalak tuxumdan chiqishi bilan oziqlana boshlaydi, me’yorida rivojlangach, chavandoz kelib uning ustiga chiqib oladi-da, tuxum qo‘yadigan a’zosi bilan g‘umbak tanini parmalaydi, hosil bo‘lgan teshikchalarning har biriga bittadan tuxum qo‘yadi. Har bir g‘umbakka 20–30 dona tuxum joylashadi, keyin ikkinchi, uchinchi g‘umbakni izlaydi. Bechora g‘umbaklarni taqdiri nima bo‘lganini tasavvur etish qiyin emas – g‘umbakning ilma-teshikdan iborat terisi qoladi xolos.
Asalarilar (Apis mellifera). Xasharotlarning xulq-atvori, ya’ni jamoa bo‘lib yashashi munosabati bilan organizmdan yuqori daraja degan tushuncha diqqatga sazovordir. Masalan, asalari oilasi barcha individlar jamoasi emas, balki bitta organizmdir, unda barcha individlar organizm a’zolari vazifasini bajaradi. Mazkur nazariyani yuzaga kelishida dastlabki kuzatishlar o‘ta qiziq. Gap jamoadan ajratib olingan ayrim hasharotlar ustida boradi. Ularga o‘ta yaxshi sharoit yaratib berilsa-da, ular tez orada halok bo‘ladi. Bunday qonuniyat chumoli, termit va ba’zi baliqlarga ham taalluqli ekan. Keyinchalik mazkur nazariya umum biologik qonuniyat ekanligi ayon bo‘lib qoldi.
Asalari organizmini tekshirganda shu narsa aniq bo‘ldiki, yosh asalari tanida qancha B darmondori bo‘lsa, katta arida ham uning miqdori shuncha ekan. Buning sababi arilarning ozuqa almashinishi bilan bog‘liq ekan. Alohida ajratib boqilgan arilar bunday ozuqa ayirboshlash imkoniyatidan mahrumdirlar. Radioaktiv fosfor bilan olib borilgan tajribalar natijasi ham ana shunday xulosaga olib keldi.
Shuningdek, arilarning barcha instinktlari faqatgina jamoada namoyon bo‘ladi. Masalan, himoya instinkti arilarning soni o‘ntadan kam bo‘lmagandagina amalga oshadi. Ari tuxumining so‘ngi stadiyasi rivojlanishi uchun guruh tarkibidagi arilar soni 20 va undan ziyod bo‘lmog‘i kerak, uyada tegishli haroratni yaratish uchun esa arilar soni 30 tadan kam bo‘lmasligi kerak, aks holda uyani isitish refleksi namoyon bo‘lmaydi.
Asalari odamni chaqqanidan keyin uning o‘zi ko‘pincha halok bo‘ladi, sababi shundaki, odamning terisi yumshoq va cho‘ziluvchan bo‘lgani bois asalari nashtarini qisib oladi va ari ko‘pincha nashtarini sug‘irib ololmaydi, buning ustiga nashtarning ikki yon tomonida orqaga qayrilgan arra tishlari bor, bu esa nashtarni sug‘irib olishni yanada qiyinlashtiradi. Demak, odam terisida nashtar bilan birga uning zaharli bezi va qisman ichaklari ham qolib ketadi, natijada asalari halok bo‘ladi.
Umuman asalarining umri qisqa bo‘lib, ikki oydan oshmaydi, faqat ona ari bir necha yil yashaydi. Asalari o‘sib ulg‘aygan sari uning bajaradigan yumushi ham o‘zgarib boradi. Masalan, endigina dunyoga kelgan ari bolasi inining kataklarini tozalaydi. To‘rt kunlik bo‘lgach, uyadagi lichinkalarga qaraydi, 8 kundan so‘ng enagalik qiladi.
Asal nektardan tayyorlanadi, arilar gullarning nektarini yig‘ib uyadagi mumkataklarni to‘ldiradi, so‘ngra uni qanotlari bilan yelpib nektar tarkibidagi namni qochiradi. Nektarga dastlab arining asal qorinchasida ishlov beriladi, lekin nima bilan ta’sir ko‘rsatilishi hozircha aniq emas. Ari qorinchasidan bir tomchi nektarni xartumchasi yordamida chiqazadi va yana yutadi, keyin yana chiqazadi, bunday jarayon 240 martagacha takrorlanadi, shundan keyingina nimfabrikat shirin mum kataklarga joylanadi. Ish bu bilan tugamaydi. Nektarni asalga aylantirish jarayonini boshqa asalarilar davom etdiradi. Ular chala asal va chala nektarni mum katakning bir ko‘zidan ikkinchi ko‘ziga joylaydilar. Arilar nektar nami qochirish uchun tinimsiz mehnat qiladilar, ya’ni qanot qoqib uni yelpiganlarida bir daqiqa ichida 26 ming 400 marta qanot qoqadilar.
Hisob-kitoblarga ko‘ra 100 gramm asal tayyorlash uchun bir asalari bir million gulning nektarini yig‘ishi kerak. Ana shuncha nektarni uyiga tashish uchun asalari 15 ming marta qatnaydi. Propolis asalari yelimi bo‘lib, asalarilar ana shu elim bilan uyalarining teshik-tirqishlarini berkitadi. Propolisni nimadan va qanday tayyorlanish sirlari haligacha noma’lum. Ma’lum bo‘lishicha, propolis asosan ikkita manbadan: biri o‘simlik changi, ikkinchisi oq va qora qarag‘ay, qayin daraxtining po‘stlog‘i va kurtagidan iborat bo‘lsa kerak.
Ma’lumki, qovoqari asalari zotiga qiron keltiradi. Qovoqarini yaqinlashib kelayotganini payqab qolgan asalarilar guruhi g‘animiga yopriladi, uni o‘rab oladi, ana shunday jonli zoldir ichida qolgan qovoqari bir necha daqiqadan so‘ng yuqori haroratga bardosh beraolmasdan jon taslim qiladi.
Asalarining o‘lchami 20 mm, erkagi bilan urg‘ochisining tuzilishi va katta-kichikligida deyarli farqi yo‘q, urg‘ochidagi uzun nishi bir yo‘la tuxum qo‘yish a’zosi hisoblanadi hamda hujum va himoyalanish vazifasini o‘taydi. Bahor, yoz mavsumida 150 000 dona tuxum qo‘yadi. Yosh urg‘ochi asalari urchish uchun inidan uchib ketadi, juftlashish havoda yuz beradi.
Ishchi arilar erkak va urg‘ochi arilarga qaraganda anchagina kichik bo‘ladi. Ularning bo‘yi 13-15 mm dan oshmaydi. Nishi bor.
Asalning tarkibida 34,8 foiz glyukoza, 39,6 foiz fruktoza, 4,8 foiz saxaroza, 0,19 foiz dekstrinlar, 0,1 foiz minerallar, 0,45 foiz organik kislotalar, 20 foizcha o‘simlik oqsillari, B-2, B-6, H, C, K hamda foli va pantoten kislotalar mavjud.
Asalning xushbo‘y hidi efir yog‘lariga, uning rangi esa rangli moddalarga bog‘liq. U bakterisid xususiyatiga egaligi bois malham sifatida qo‘llaniladi.
Kavkaz orti, kichik Osiyo, Uzoq Sharq va boshqa rayonlardagi asalarilar azalin, rododendron, akonit, bogulnik va boshqa zaharli gullarni changidan mas asal tayyorlaydi. Mazkur asal vaqt o‘tishi bilan o‘zining zaharli xususiyatini yo‘qotadi, bu esa bug‘lanib ketadigan zararli efir moylari bilan bog‘liq deb tushuniladi. Ana shundan kelib chiqib mas asalni tezroq zararsizlantirish maqsadida 67 mm doimiy bosim ostida uni 46 darajagacha qizdiriladi. Aytish kerakki, mas asal odatdagi asaldan hech qanday farq qilmaydi. Odamni ana shu asaldan zaharlanish alomatlari xuddi araqdan qattiq mast bo‘lgan odamga o‘xshaydi, uning nomi ham ana shundan olingan. Shu asaldan yegan odamni boshi og‘riydi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi, ichi ketadi va holsizlanadi. Og‘ir hollarda esa hushini yo‘qotishi mumkin. Bir kecha-kundan keyin bemor o‘ziga keladi.
Asalari zaharining tarkibiga quyidagi fermentlar kiradi: fosfolipaza A-2, gialuronidaza, toksik polipeptidlar – metilin, anamin MCD peptid, tertianin, sekapin; biogen aminlar – serotonin, gistamin, katexolaminlar. Asalarining yoshiga qarab zaharning tarkibi ham o‘zgarib boradi. Masalan, mellitinning eng ko‘paygan davri 10 kunga, gistaminniki esa 35-40 kunga to‘g‘ri keladi. Ishchi asalarilar hayotining dastlabki kunlarida millitin ajratib chiqazish mexanizmi uning biologik maxsuslanishiga – uyasini umurtqasizlardan himoya qilishga qaratilgan, chunki ari chaqqanida uning nishi dushman tanida qolib ketmaydi, binobarin asalari halok bo‘lmaydi. Furajir asalarilar hayotining oxirida umurtqalilarga qarshi ko‘p miqdorda og‘riq chaqiradigan gistamin ishlab chiqaradi.
Fosfolipaza A-2 129 aminokislota qoldig‘idan iborat, massasi 14629, fermentining zahar tarkibidagi ulushi 12 foiz, fosfolipidlarni parchalab ferment lezolesitin hosil qiladi. Fosfolipaza A-2 neyrotrop ta’sir ko‘rsatadi va nerv uchlaridagi mediatorlarning ajralib chiqishini izdan chiqaradi. Gialuronidaza massasi 35000-53000, kislotali fosfotaza (M-49000) fosfolipaza gialuronidaza bilan asalari zahrining asosiy antigenlari hisoblanadi. Millitin zaharning asosiy komponenti bo‘lib, uning miqdori 50 foizga yetadi. Bu kuchli sitolitik polipeptid bo‘lib 26 aminokislota qoldig‘idan iborat, uning molekula og‘irligi – 2840, strukturasi: H2N-G-I-G-A-V-L-K-V-L-T-T-G-L-P-A-L-I-S-W-IK-R-K-R-Q-Q-CONH2.
Asalari zahari ishchi ari tanida maxsus bezlarda ishlab chiqariladi va zaharli pufakda to‘planadi. Ari bolasi dunyoga kelgan kunning ertasiga uning bezida 0,04 mg zahar bo‘ladi. Asalari zahari tiniq, rangsiz suyuqlik, taxir tamli, xushbo‘y hidi bor; kislotali xossaga ega, solishtirma og‘irligi 1:1313; suvda, kislotada va spirtda yaxshi eriydi, turib qolgan suvli eritmasi 3-4 soatdan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotadi. Sterillangan sharoitda kavsharlangan idishlarda qorong‘ida 7 oy davomida asalari zahari o‘z kuchini yo‘qota boradi. Ishqor va kislota ta’siriga chidamli, pepsin va tripsin ta’siriga chidamsiz. Sovuq yoki muzlatish hamda yuqori harorat ta’siridan zaharli xossasi kamaymaydi. Quriq holdagi asalari zahari bir necha yilgacha o‘z kuchini yo‘qotmaydi. 1950-yildan e’tiboran asalari zaharini o‘rganish ishlari boshlanib ketdi. Elektroforez usuli bilan mazkur zahar 3 ta fraksiyaga ajratildi. Birinchi fraksiya tarkibidagi modda melittin deb ataldi.
Melittin mazkur zaharning asosiy zaharli komponenti hisoblanadi, u polipeptid bo‘lib, molekula og‘irligi 12000 dan 24000 gacha va 26 aminokislota qoldig‘idan iborat.
Melittin tarkibi bir qancha farmakologik xossalarga ega. U eritrotsitlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eritadi, qon bosimini vaqtinchalik pasaytirib qo‘yadi. Alohidalangan ingichka va ko‘ndalang yo‘lli muskullarni qisqartiradi, qonning ivish muddatini uzaytiradi, qon hosil qiladigan a’zolar faoliyatiga salbiy ta’sir etmaydi.
MCD-peptid 22 ta aminokislota qoldig‘idan iborat bo‘lib, uning molekulasi 2 ta disulfid bog‘ bilan ta’minlangan: H2N-I-K-C-N-CK-R-H-V-I-K-R-H-I-C-R-K-I-C-G-K-N-CONH2.
MCD-peptid melittinga qaraganda 10-100 karra aktivroq bo‘lib,bulutsimon hujayralardan gistaminni chiqazib oladi. Shuningdek, mazkur peptid yallig‘lanish xastaligiga qarshi ta’sir ko‘rsatadi,uning aktivligi gidrokartizonga qaraganda 100 barobar kuchliroqdir.
Apamin – oktadekapeptid, neyratrop ta’sir ko‘rsatadi. 18 ta aminokislota qoldig‘idan tashkil topgan: H2N-C-N-C-K-A-P-E-N-A-KC-A-R-R-C-Q-Q-H-CONH2.
Apaminni sichqon qon tomiriga yuborilganda (LD50) ko‘rsatgichlar birmuncha past – 4 mg/kg. Biroq miya qorinchasiga yuborilganda qoning zaharli xossasi 1000-10 000 karra ortadi.
Tertiapin va sekapin zaharning minor komponentlari: tertiapin 21 ta aminokislota qoldig‘idan iborat: H-A-L-C-N-C-N-R-I-I-I-P-H-M-C-K-K-W-K-K-C-G-K-K-NH2.
Nemis olimi E.Xaberman va boshqalar melittinni sintiz qilishga erishdilar. U barcha xossalari bilan tabiiy melittindan qolishmas edi. Shuningdek, melittinni nurlanish kasaliga qarshi xossasi ham aniqlangan.
Zaharning ikkinchi fraksiyasi kamida ikkita komponent aralashmasidan iborat bo‘lsa kerak. Unda gialuronidaza va fosfolipaza A va B fermentlari topilgan. Gialuronidaza biriktiruvchi to‘qimaning asosiy moddasini parchalab organizmda zaharning tarqalishini ta’minlaydi. Fosfolipaza A ning 2-fraksiyasida topilgan ikkinchi ferment to‘yinmagan yog‘ kislotasini ajratib tashlab, lizolesitinni hosil qiladi, ya’ni zararsiz birikma bo‘lmish lesitinni biologik aktiv modda – lizolesitinga aylantiradi.
So‘ngi yillarda asalari zaharining ayrim komponentlarining kimyoviy tarkibi va biologik aktivligi haqida yangi ma’lumotlar olindi. Asalari zaharidan apamin degan peptid ajratib olindi. O‘ziga xos ravishda ta’sir etadigan apamin 18 ta aminokislota qoldig‘idan iborat. Ma’lum bo‘lishicha, quruq zaharda 2-3 foiz apamin mavjud, melitinning miqdori esa 20 barobar ziyodroqdir. Qiltomirlarning o‘tkazuvchanligini kuchli ravishda oshirish bilan birga bu peptid qon tomiriga yuborilganda markaziy asab tizimiga qo‘zg‘atuvchi ta’sir etadi.
Shuningdek, bir guruh nemis olimlari asalari zaharida MCD-peptid topdilar, u 22 aminokislota qoldig‘idan iborat peptid alohidalangan bulutsimon hujayralardan gistaminni ajratish xususiyatiga ega. Bu borada u melittinga qaraganda 100 karra faolroq ekan.
Ana shu zahardan boshqa bir peptid – minimin ajratildi, uning miqdori 3 foizga yaqin, molekula og‘irligi 6000, tarkibida odatdagi barcha aminokislotalar mavjud.
Paxmoq arilar (Bombus). Asalarilar bilan bitta oilaga kiradi, bir yillik oila tuzib yashaydi, urg‘ochi ona ari uya quradi va mayda uncha rivojlanmagan urg‘ochilar bilan ana shu oilani tashkil etadi. Yoz faslining ikkinchi yarmida erkaklari va yosh urg‘ochilar – uya asoschilari qishlaydilar, ya’ni daraxtda in qurib yashaydilar. Ular qishloq xo‘jaligi va o‘rmon o‘simliklarini yaxshigina changlatuvchilari hisoblanadi. Yevroosiyo hududida 125 ta turi uchraydi.
Paxmoq arilar asalari yoki qovoqariga qaraganda anchagina yovvosh hisoblanadi. Uning chaqishi va organizmning zaharlanish belgilari asalari zahariga o‘xshaydi. Ari yakka holda chaqqanda odam uchun unchalik xavfli emas, chaqqan joyi shishadi va og‘riq paydo bo‘ladi va tez kunda o‘tib ketadi.
Paxmoq arilar barcha hududlarda son jihatidan juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, zaharining kimyoviy tarkibi yetarli darajada o‘rganilmagan. Zaharda fosfolipaza A va B, gistamin, asetilxolin va serotoninlar mavjud.
Tajribalarda zaharini hayvon qon tomiriga yuborganda (100 mg/ kg) gepotenziv reaksiya chaqiradi, atropin va demidrollar bilan u qurshab olinadi. Kattaroq doza (500 mkg/kg) yuborganda esa zaharning kardiotrop ta’siri alohidalangan yurakka past konsentratsiya (10-8-10-7 g/ml) da sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Filant yoki asalari bo‘risi (Philantus triangulum). O‘rtacha kattalikdagi ari, bo‘yi 17 sm gacha. Yerda bir metrcha chuqurlikda in quradi, urg‘ochisi kattaroq, tanasi tuklar bilan qoplangan, qorin tomoni sariq rangda. Asalarilarni ovlaydi, ba’zan xo‘jalikka katta ziyon yetkazadi. Filant asalariga aniq nashtar uradi va uni shol qilib qo‘yadi. So‘ngra o‘lja tanidagi asalni siqib chiqaradi va mayda-mayda asal tomchilarini yalab chiqadi. Bolalarining ozuqasi asosan oqsildan iborat, ularga asal bermaydi, chunki asal zaharli ta’sir etib halok qilib qo‘yadi. Gap shundaki, filant bolalarida asal tarkibidagi karbon suvlarini parchalaydigan fermentlar shakillanib bo‘lmagan, shuning uchun ham filant g‘umbaklari asalni hazm qila olmasdan halok bo‘ladi.
Filantni chaqishi tasodifan ro‘y beradi, masalan, asalari boquvchilarni ko‘pincha qo‘lini chaqadi. Arining nishi botgan joyda ozgina og‘riq paydo bo‘ladi. Asalari chaqishiga qaraganda anchagina yengil o‘tadi. Asalarichilar qo‘rqmasdan filantni qo‘li bilan ushlaydi, chunki arining nozik nishi odam qo‘li kafti terisini tesha olmaydi.
Filant zahari tarkibida asetilxolin, glutomat va uchta toksin – filantotoksinlar A, Б, В mavjud. A va Б filontotoksinlarning molekula og‘irligi 243 va 435. Filantning toza zahri presinaptik hamda postsinaptik darajada bo‘g‘ib qo‘yish xususiyatiga ega. Zaharning postsenaptik ta’siri Б-felantoksin bilan bog‘liq. A-filantoksin ishchi asalarini shol etmaydi, lekin Б va В toksinlarning faoliyatini kuchaytiradi. В-filantoksin umurtqali va umurtqasizlar ion kanallarining xolinergik sinapslariga ham blok ta’sir ko‘rsatadi.
Qovoqari (Vespa o‘rientalis). Arilar orasida eng yirigi qovoqari – shershen, urg‘ochisining bo‘yi 3,5 sm. Shershen asosan hasharotlar bilan shuningdek, daraxtlar yaralangan joyidan oqadigan shira bilan oziqlanadi. Shershen nashtar urganda yaxshigina og‘riq beradi, nafas qisadi. Turkmanistonda tarvuz yeb turgan bolani tilidan ari chaqqan, tili shu qadar shishib ketadiki u og‘iz bo‘shlig‘iga sig‘may qoldi. Qattiq og‘riq, bosh aylanish, nafas qisish, xushidan ketish kabilar yuz berdi, bolaning baxti bor ekan, tuzalib ketdi. Amerikaning Raybich degan kurort zonasida shershen 50 yoshlar chamasidagi ayolni bo‘ynidan chaqib oladi. Qattiq og‘riq, bosh aylanish alomatlari paydo bo‘ladi, bo‘yni tez shishib ketadi. Tez yordam mashinasi kelib ulgurmasdan 30 daqiqadan so‘ng ayol hayotdan ko‘z yumadi. Arining bunday zahar solishidan halok bo‘lganlar tez-tez uchrab turadi.
Arilarning zaharli apparatining tuzilishi umuman olganda asalarilarnikiga o‘xshash bo‘lsa-da, lekin nishining va zaharli bezining tuzilishiga ko‘ra anchagina farq qiladi. Nishi asalarinikiga qaraganda uzunroq, yirikroq, qilichsimon shaklda va ikki yonboshida arra tishlari bo‘lmaydi. Demak, ari odamni chaqqanda ham halok bo‘lmaydi. Zaharli apparati kislotali va ishqorli bezlardan iborat. Zaharli bezlar barcha ari turlarida deyarli o‘xshash, faqatgina uzunligi va rivojlanish darajasi bilan farq qiladi.
Qovoqari zahari tashqi ko‘rinishidan asalari zahariga o‘xshasa-da, kimyoviy jixatdan farq qiladi. Qovoqari zahari tiniq och sarg‘ish rangli suyuqlik, uncha yopishqoq emas, ta’mi achchiq. Zahari kislotali reaksiyaga ega, tarkibida 80 foizgacha suv bo‘ladi. Zahar tarkibiga gistamin 5 gidrooksitriptamin, erkin aminokislotalar va turli oqsillar kiradi. Qovoqari zahrida xususan asetilxolin fermentlaridan gialuronidaza, xolinesteraza va fosfolipaza uchraydi. Barcha ari turlari zaharini 100 darajada qizdirilganda aktivligini to‘la-to‘kis yo‘qotadi. Quritilgan zahar uzoq vaqtgacha o‘z aktivligini saqlab qoladi.
Xususan ari yurakka yaqin joydan chaqsa u juda xavfli va ko‘pincha ko‘ngilsiz natijaga olib keladi. Shunga o‘xshash ma’lumotlar tez-tez uchrab turadi. Zaharga qarshi ishlatiladigan barcha dori-darmonlar orasida ari chaqqan joyga muz qo‘yish eng yaxshi natija beradi. Muz shishni qaytaradi zaharlanish jarayonini birmuncha barqarorlashtiradi, ya’ni zaharning organizmga tarqalishini juda ham sekinlashtiradi yoki to‘xtatib qo‘yadi.
Qovoqari zaharining tarkibiga fosfolipaza A-2, lizofosfolipaza gialuronidaza DNK-aza, proteaza zaharli polipeptidlar asetilxolin, gistamin va katexolaminlar kiradi. Fosfolipaza M-16000 teng.
Zaharda presinaptik neyrotoksin – orientotoksin mavjud bo‘lib (M-18 000), lizofosfolipaza aktivligiga ega. Ari zaharida gistamin va asetilxolinni bo‘lishi chaqqan joyida qattiq og‘riq paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Qon tomiriga yuborilganda zahar gipotenziv ta’sir ko‘rsatadi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Bunday holatni qisman zahardagi biogen aminlar va asetilxolin ta’siri bilan izohlash mumkin.
Qovoqari (V.arientalis) zaharidan ajratib olingan fosfolipaza (A2 M-16000), o‘zining N uchini ketma-ket kelishi bo‘yicha asalari zaharidagi fosfolipazadan ancha farq qiladi. Zahardagi keng spektrli gidrolitik fermentlar uning sitotoksik xossasini belgilaydi. Bunday holat sklet muskullarida, buyrak hamda gipotositlarda, eritrotsitlarda va mitaxondriyada kuzatiladi. Qovoqari zaharida gistamin bilan asetilxolinni birga bo‘lishi zahar kirgan joyda qattiq og‘riq paydo bo‘lishiga olib keladi.
Qovoqari zaharida, shuningdek, giperglikemiya omili mavjud bo‘lib, qizdirilganda inaktivatsiyaga uchraydi va qonda qandni ko‘payishiga olib keladi. Qon tomiriga yuborilgan zahar gipotenziv ta’sir ko‘rsatadi, periferik qarshilikni pasaytiradi, yurak tepishi va nafas olishni kuchaytiradi. Bunday holatni qisman zahar tarkibidagi biogen aminlar va asetilxolinnig mavjudligi bilan izohlash mumkin.
Qovoqari zaharidagi peptidlar bulutsimon hujayralarga ta’sir etib, u yerdan gistaminni bo‘shatadi. Ana shu peptidlar mastoparanlar deb nomlanib, ta’siriga ko‘ra asalari zaharidagi MCD-peptidiga o‘xshaydi. Mastoparanlarning V.orientalis va V.crabro zaharida mavjudligi aniqlangan, oxirgisida esa boshqa bir peptid – krabralin topilgan: I-N-LK-A-I-A-A-L-V-K-K-V-L-NH2 qovoqari (Vespa orientalis) zaharidagi mastaparan; L-N-L-K-A-L-L-A-V-A-K-K-I-L-NH2 qovoqari (V. crabro) zaharidagi C mastaparan; F-L-P-L-I-L-R-K-I-V-T-A-LNH2 qovoqari (V. crabro) zaharidagi krabrolin.
Mastoparinlar gemolitik xossaga ega va mitaxondriyada oksidlovchi fosforlanish jarayonini uzib qo‘yadi.
Yaydoqchi gabrobrakon (Habrobracon hebetor). Brakonidalar oilasi vakili hasharotlar lichinkalarida parazit hayot kechiradi, ko‘pincha tangachaqanotlilar qurtida ana shunday parazitlik qiladi. Endofag brokonidlar erkin harakat qiladigan yoki vaqtinchalik falaj bo‘lgan xo‘jayinlarda yashaydi, egzofaglar esa aksincha o‘ljasini to‘laligicha yoki uzoq muddatga shol qilib qo‘yadi. Gabrobrakon urug‘i esa ikkinchi guruhga taalluqli bo‘lib, qishloq xo‘jaligi bosh zararkunandasi hisoblangan paxta qurti lichinkasiga qiron keltiradi. Shuning uchun ham hozirgi vaqtda u o‘simliklarni himoya qilish bobida biologik qarshi kurash metodi hisoblanadi. Gabrobrakon, shuningdek, tangachaqanotlilarning boshqa turlarida, jumladan, zararkunanda parvona kapalagida ham parazitlik qiladi, gabrobrakonni ko‘p miqdorda ko‘paytirganda ana shundan foydalanadilar. Yaydoqchi odatda tirik qurtlarga hamla qiladi, laboratoriya sharoitida aniqlanishicha, gabrobrakon boshqa yaydoqchilar tuxum qo‘ygan qurtlarga ham o‘zi tuxum qo‘yadi.
Zaharning aktiv komponenti oqsil M-41 000 (komponent A) va 87 000 (komponent V), bular o‘ljani shol qilish aktivligini 85 foiz ta’minlaydi. Zahar oqsillari o‘ta beqaror va tez denaturatsiyaga uchrashi mumkin. Zahar va uning komponentlari presinaptik ta’sir ko‘rsatadi. Zahar, shuningdek umurtqalilarning xolinergik sinapslariga o‘rgimchak va qisqichbaqasimonlarning glutamatergik sinapslariga ta’sir etmaydi.
Zaharning ta’sir etishida biologik turlar aro o‘ziga xoslik mavjud, masalan, parvona kapalagining lichinkasi E.kuchniella zaharlangandan so‘ng bir necha xafta davomida shol bo‘lib yotadi, E.figulilella zahar ta’siridan tez oyoqqa turib ketadi. Ostrnia nubalis esa zahardan mutloqo ta’sirlanmaydi.
Zaharli chumolilar. Chumolilar jamoa bo‘lib yashaydigan pardaqanotlilar oilasiga kiradi, 10 000 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Chumolilarda ham xuddi asalarilar oilasidagi kabi urg‘ochis,i erkagi va ishchilari bo‘ladi. Boshi juda yirik, jag‘lari baquvvat bo‘ladi. Erkak va urg‘ochi chumolilar faqat ko‘payish uchun parvoz qilgan davrida qanoti bo‘ladi. Ishchi chumolilarning qanoti bo‘lmaydi. Ular ko‘payish qobilyatini yo‘qotgan bo‘lib, faqat uya qurish, ozuqa yig‘ish, qurtlarini boqish bilan band bo‘ladi.
Ishchi chumolilar orasida eng yiriklari himoya qilish vazifasini bajaradi. Ishchilari jig‘ildonida chala hazm bo‘lgan ozuqa bilan qurtlar, navkarlar va ona chumolini oziqlantiradi. Bundan tashqari, ishchi chumolilar o‘zaro oziq almashinib turadi. Shuning uchun bitta chumoli topgan oziq barcha oila a’zolari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Ko‘pchilik chumolilarning chaquvchi nayzasi ham bo‘ladi.
O‘rmon sariq chumolilari oilasi qulay sharoitda 90-100 yil yashaydi. Lekin bu davrda oilada urg‘ochi va ishchi chumolilar ko‘p marta almashinadi, ona chumolilar 15-20 yil, ishchi chumolilar 3 yil umr ko‘radi. Har qaysi chumoli oilasida bir necha million chumoli bo‘ladi. Bahorda tuxumdan chiqqan birinchi avlod lichinkalaridan faqat qanotli urg‘ochi va erkak chumolilar yetishib chiqadi. Ular 2-3 haftadan keyin uyadan bir vaqtda uchib chiqadi, havoda quyiqlashadi va yangi oilaga asos solishadi. Bundan keyingi tuxumlardan esa faqat ishchi chumolilar yetishib chiqadi.
Chumolilarning zaharli quroli har xil bo‘ladi, ba’zilarida nishi bo‘lsa, boshqalarida hech qanday sanchadigan yoki chaqadigan moslamasi bo‘lmaydi. Nishi mavjud bo‘lganlari qovoqari yoki asalari kabi nashtar uradi. Nishi bo‘lmagan chumolilar bezidagi zaharni dushmaniga purkaydi. Chumoli zaharining tarkibi asosan suv va chumoli kislotasi (CH2O2) dan iborat, uning miqdori 1,25 foiz (63-65 foiz suv bilan birga), shuningdek efir moyi (1 foiz), 20 dan 5 foizgacha NH2 va 17 foizgacha aminokislotalar tashkil etadi.
Chumolilarning ko‘pchilik turlari odamlarga foyda keltirgani uchun ham ayrim mamlakatlarda ularni qo‘riqlash haqida qonun chiqarilgan, shunga qaramasdan ba’zi bir turlari xonadonlarga bostirib kirib ancha ziyon yetkazadi. Bular asosan tropikada tarqalgan bo‘lib, ko‘chmanchi odamlar bilan birgalikda yangi yerlarga tarqaladi. Va nihoyat ba’zi birlari ya’ni nashtar bilan ta’minlangan vakillari J. Amerika va Avstraliyada yashaydi. Ularning zahari qovoqari va asalarilar kabi yaxshigina og‘riq chaqiradi. Poliarktikaga tarqalganlarining chaqishi unchalik xavfli emas.
Furmosidlar oilasiga mansub chumolilarning chaqishidan ilgari zamonlarda revmatizm kabi xastalikni davolashda foydalanganlar.
Biroq ana shunday chumolilar himoyasiz odamga xujum qilganida va butun badanini tishlab tashlaganda va zaharlaganda bemorning ahvoli og‘ir bo‘lishi mumkin. Masalan, J. Amerikada shunday voqea sodir bo‘lgan. Dala sharoitida besh haftalik chaqaloqni onasi chumoli ini yaqinida uxlatib utni ustiga yotqizib ketgan. Himoyasiz chaqaloqqa son-sanoqsiz chumolilar galasi hujum qilib uni talagan, ko‘z, og‘iz, burun, quloqlariga kirib chaqib tashlagan. Organizmning umumiy zaharlanishi oqibatida go‘dak halok bo‘lgan.
Ücretsiz ön izlemeyi tamamladınız.